QUNDUZ – Infratuzilmalarni yakson qilayotgan Tolibon isyonchilarining butun mamlakat boʻylab davom etayotgan hujumlari tufayli mahalliy aholi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlayotgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda Tolibon afgʻon kuchlarini qoʻllab-quvvatlagani uchun qasos sifatida hukumat binolari va doʻkonlarini yoqib yuborgani koʻrsatilgan.
Tojikiston bilan chegaradosh Qunduz viloyati hokimligining maʼlum qilishicha, oʻtgan oy Gultepa tumani Bogʻi Sherkat hududidagi Afgʻoniston milliy armiyasining (AMA) bazasi isyonchilar tarafidan egallab olingach, Tolibon 400 dan ortiq oilani oʻz uyini tark etishga majbur qilgan.
Bogʻi Sherkatda yashovchilardan biri Qori Sirojiddinning aytishicha, ayrim oilalar Qunduz viloyatining boshqa hududlariga qochib oʻtgan.
Baʼzilar Afgʻoniston milliy va mudofaa va xavfsizlik kuchlarida (ANDSF) xizmat qilayotgan qarindoshlari boʻlgani uchun bosimdan qoʻrqib, Badaxshon viloyati markazi Fayzoboddan boshpana izlaganlar.
Badaxshon Tojikiston bilan ham chegaradosh boʻlib, bu hududda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 6-iyul kuni chegarani yanada mustahkamlash uchun 20 ming zaxira qoʻshinini safarbar etishga buyruq bergan edi.
Toliblar 29-iyun kuni tuman markaziga kirar ekan, karnay orqali aholiga “xavfsizlik maqsadidagi” evakuatsiya uchun ikki soat vaqt borligini aytdilar, deydi Sirojiddin.
Ayrim guvohlar toliblarning bir qancha qishloq oqsoqollarini kaltaklab, ikki tinch aholi vakilini (doʻkonchi va mahalliy safarbarlik kuchlarining sobiq aʼzosini) hukumat bilan aloqalari sababli otib oʻldirganini aytgan, deyiladi xabarda.
“Biz oila aʼzolarimiz hayotidan xavotirlanib, uylarimizni tark etdik va Fayzobod shahriga keldik”, dedi Sirojiddin.
“Oilam bilan uyimizni tashlab chiqdik. [Tolibonlar] undagi hamma narsalari bilan birga yoqib yuborishdi”, deb aytgan u.
“Qarindoshlarimdan koʻpchilik AMA [Afgʻoniston milliy armiyasi] bazasida askar boʻlib xizmat qilar va biz ularni doim qoʻllab-quvvatlar edik, chunki ular hududimiz xavfsizligini taʼminlagan”, dedi Bogʻi Sherkatdan qochib, Qunduzdagi Shohid Zarifiy maktabidan vaqtincha boshpana topgan koʻchirilgan Abdul Xanan.
Uning aytishicha, oilalar hududdan chiqib ketganidan keyin tolibonlar bir nechta uylarni yoqib yuborgan, ammo qancha uyga oʻt qoʻyilgani aniq emas.
Bogʻi Sherkatni tark etib, Shohid Zarifiy maktabida qoʻnim topganlardan yana biri – Hamida oʻzi va olti nafar oila aʼzosining nochorlik va mavhumlikda kun kechirayotganini aytadi.
“Bogʻi Sherkatdan koʻchib kelgan oilalarning aksariyati tiriklik vositalaridan mahrum”, dedi u.
“Qochqinlar oziq-ovqat va ichimlik suvi yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda”, dedi u hukumatni ularning oʻz uylariga xavfsiz qaytishini taʼminlashga chaqirib.
Qunduz viloyat kengashi kotibi Favziya Yaftali Bogʻi Sherkatdagi yuzlab oilalarining evakuatsiyasi va Tolibonning talon-taroji bilan bogʻliq holatlarni tasdiqlagan.
“Tolibonning bu xatti-harakatlari harbiy jinoyat ekanligi aniq” dedi u. “Biz urushayotgan tomonlarni jangovar amaliyotlar va toʻqnashuvlar chogʻida tinch aholiga zarar yetkazmaslikka chaqiramiz.”
Human Rights Watch (HRW) tashkiloti iyul oyi boshida bir nechta qochqin bilan suhbatlashgan, ular ham toliblarning ANDSF kuchlariga qarshi hujumi chogʻida uylarga oʻt qoʻyganini aytgan.
“Tolibonning hukumatni qoʻllab-quvvatlagan tinch aholiga qarshi javob hujumlari kelajakdagi zoʻravonliklar xavfi haqida ogohlantirishdir”, degan edi tashkilotning Osiyo boʻyicha direktori oʻrinbosari Patrisiya Gossman 7-iyul kuni.
“Tolibon rahbariyati oʻz kuchlari suiisteʼmolini toʻxtata olsa-da, bunga tayyor ekanini namoyish etgani yoʻq”, deb qoʻshimcha qildi u.
Tolibon jangarilari tintuv maqsadida uyma-uy yurdilar, deb aytgan 45 yashar beva ayol HRW bilan suhbatda.
“Menga “kofirlarga” yordam berganim uchun ketishim kerakligi aytishdi”, dedi u. “Men bu qishloqda 20 yil yashaganman. Endi esa Fayzoboddagi chodirda yashayapman.”
Tolibonning davomli hujumlari Markaziy Osiyoning Afgʻoniston bilan chegaradosh uch davlati – Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmanistonni bir qator qoʻshimcha xavfsizlik choralarini koʻrishga majbur qilgan.
Qochqinlikdagi oilalarga yordam
Qunduz rasmiylariga koʻra, shiddatli janglar tufayli 22-iyundan 5-iyulgacha boʻlgan oraliqda 12 mingdan ortiq oila qoʻshni viloyatlarga va Kobulga qochib oʻtgan.
Ular asosan Qunduz shahri chekkalari va Imom Sohib, Aliobod va Chahar Dara tumanlarida yashovchi aholi boʻlgan.
Qunduz viloyatining qochqinlar va repatriatsiya masalalari boʻyicha boshqarmasi rahbari Gʻulom Saxi Rasuliyning aytishicha, evakuatsiya qilingan oilalarning ehtiyojlarini oʻrganish va aniqlash maqsadida 30 kishidan iborat ishchi guruh tashkil etilgan.
Uning aytishicha, shu paytgacha Qunduz shahrida kamida 7000 ta oilaga boshpana berilgan va 3000 dan ortiq oila yordam paketlari, jumladan oziq-ovqat va eng zarur ashyolarni olishgan.
Chodirlar, oziq-ovqat va eng zaruriy ashyolarni qochqinlar orasida taqsimlagan mahalliy hukumat tez orada ularga tegishli boshpana taqdim etadi, dedi Badaxshon hokimining matbuot kotibi Naik Muhammad Nazari.
Viloyat hokimi barcha insonparvarlik va yordam tashkilotlarini mojarodan zarar koʻrgan, ayniqsa yaqinda Qunduz viloyatida boʻlib oʻtgan janglar natijasida oʻz uyini tark etgan fuqarolarga zudlik bilan yordam berishga chaqirgan.
“Butunjahon oziq-ovqat dasturining Badaxshondagi vakolatxonasi ham koʻchib kelganlarga yordam berishiga ishontirdi”, dedi Nazari.
AQSH harbiylarining chiqib ketishi fonida toliblarning keng qamrovli hujumlari avj olar ekan, juma (9-iyul) kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Afgʻonistondagi sogʻliqni saqlash tizimining holati yuzasidan xavotir bildirgan.
“Vaziyat xavotirli va oʻta beqaror”, dedi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Sharqiy Oʻrtayer dengizi mintaqasidagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha direktori Rik Brennan.
“Biz sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining pasayganidan tashvishdamiz”, deb qoʻshimcha qildi u Qohiradan turib Jenevadagi jurnalistlar bilan qilgan videosuhbatida.
Tolibonning qatʼiy cheklovlari
Toliblar bir qator tumanlarni egallab olganidan soʻng, oʻsha hududlar aholisi bunday 20-yil avvalgi holatni eslatuvchi qatʼiy cheklovlar bilan yuzma-yuz kelayotganliklarini aytishgan.
Tolibon fuqarolarga oʻz aʼzolari uchun kuniga uch mahal ovqat tayyorlashni yoki buning oʻrniga naqd pul toʻlashni buyurdi, dedi Qunduzning Xonobod tumanida yashovchi Muhammad Xaris Faqiri.
Odamlar juda xavotirda, deydi u. “Mahalliy hukumat amaldorlari va ayollar tashqariga chiqishga qoʻrqmoqdalar.”
Qunduz viloyatining Imom Sohib tumanida yashovchi Abdul Karim Latifiyning aytishicha, toliblar tumanni oʻz nazoratiga olishi ortidan odamlar kuchli xavotir va qoʻrquvda qolishgan.
“Toliblar ayollarning erkak mahramisiz jamoat joylariga chiqishini taqiqlaydi”, dedi u.
“Ular, shuningdek musiqa tinglashni ham qoralaydilar”, deb qoʻshimcha qildi u.
Badaxshon mutasaddilariga koʻra, Bogʻi Sherkatda yashovchi 200 ga yaqin oila oʻz uyini tashlab, viloyatga qochib oʻtgan. Ayrimlar Badaxshondagi qarindoshlarining uylarida boshpana topgan, boshqalari esa Fayzobod shahridagi bogʻda kun kechirmoqda.
Bechora odamlar, karta raqami bormikin pul oʻtkazib berishga. Bu Tolibon tinch yashay olmas ekanda, qanday ona tuqqanikin ularni?
Javob berishFikrlar 1