PEKIN – Dunyo mamlakatlari yetakchilari bu hafta Glazgoda (Shotlandiya) iqlim oʻzgarishini toʻxtatish choralarini muhokama qilish uchun yigʻilgan bir paytda, Xitoy oʻzining atrof-muhitga taʼsirini inobatga olmay, energiya ehtiyojlarini qondirish yoʻlida koʻmir ishlab chiqarishni oshirmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, XXR raisi Si Szinpin Xitoyda qolib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) iqlim oʻzgarishi boʻyicha (COP26) sammitida ishtirok etmaslikka qaror qilgan.
Dunyoning eng yirik koʻmir importchisi soʻnggi oylarda qatʼiy havo chiqindilari koʻrsatkichlari va qazib olinadigan yoqilgʻining qimmatlashuvi tufayli taʼminot zanjirlarini toʻxtatib qoʻygan yalpi elektr uzilishlari bilan kurashdi.
Mahalliy koʻmir qazib olish hajmining oshirilishi energiya inqiroziga barham bera boshlagan.
Biroq, yopilgan koʻmir konlarini qayta ochish va ishlab chiqarish hajmini oshirish atrof-muhitning ifloslanishi, global isish va Xitoydagi 2,6 million nafar konchilarining salomatligi va xavfsizligiga halokatli taʼsir koʻrsatadi, deb ogohlantiradi ekspertlar.
Koʻmir bilan bogʻliq iqlim oʻzgarishlari
Tadqiqotlarga koʻra, koʻmir yoqish inson faoliyati taʼsiridagi iqlim oʻzgarishining eng asosiy sababidir.
Global Carbon Project konsorsiumining payshanba (4-noyabr) kuni eʼlon qilingan yillik hisobotiga koʻra, Xitoyda hukumat tomonidan ragʻbatlantirilgan iqtisodiy oʻsish oqibatida bu yil havo chiqindilari hajmi bir yil avvalgi pandemiyadan taʼsirlanmagan 2019-yilga nisbatan 5,5 foizga oʻsadi.
Bu yilgi global havo chiqindilarning 31 foizi Xitoy ulushiga toʻgʻri kelmoqda.
2021-yilda Qoʻshma Shtatlar va Yevropa Ittifoqining emissiyasi mos ravishda 3,7% va 4,2% ga kamayadi va ularning global emissiyadagi ulushi 14% va 7% ni tashkil qiladi.
Hisobotda taʼkidlanishicha, koʻmir – dunyo miqyosida havo chiqindilarini qanchalik tez kamaytirish mumkinligini aniqlaydigan noaniq omil boʻlib qolmoqda.
Butun dunyoda dekarbonizatsiya – asosan qazib olinadigan yoqilgʻidan qayta tiklanadigan turlariga oʻtish – energiyaga boʻlgan talabdan yuqori boʻlib, chiqindilar hajmini oshirishda davom etyapti.
“Gap asosan koʻmir haqida ketmoqda”, deydi hisobot hammuallifi, Britaniyadagi Sharqiy Angliya universitetining iqlim oʻzgarishi fani professori Korrin Le Kerr. “Katta noaniqliklar aynan shu yerda.”
Ammo hisobotda ijobiy signallar ham yoʻq emas.
Soʻnggi oʻn yil ichida global emissiyaning chorak ulushiga ega yigirma uch mamlakat – jumladan AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya bir vaqtning oʻzida kuchli iqtisodiy oʻsish va emissiyaning sezilarli darajada pasayishini qayd etib, bu ikkovini bir-biridan ajratish mumkinligini namoyish qilgan.
“Bundan koʻrinib turibdiki, mazkur mamlakatlar buning yoʻlini biladilar va buni amalga oshirish mumkinligini koʻrsatmoqdalar”, dedi Le Kerr.
Ammo Xitoy koʻmirdan toʻlaqonli foydalanishda davom etmoqda.
Mamlakatning iqtisodiy rejalashtirish boʻyicha oliy organi boʻlgan Taraqqiyot va islohotlar milliy komissiyasi (MTIK) maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi bir necha hafta ichida Xitoy kunlik koʻmir qazib olishni bir million tonnadan koʻproqqa oshirgan.
MTIKning 31-oktabr kungi xabariga koʻra, oʻrtacha kunlik koʻmir qazib olish hajmi oktabr oyi oʻrtalaridan beri 11,5 million tonnadan oshgan – bu sentabr oyi oxiriga nisbatan 1,1 million tonnaga koʻp.
Yetakchilik mavjud emas
Ishlab chiqarish hajmining oʻsishi 200 ga yaqin dunyo liderlari Si ishtirokisiz COP26 sammitida global issiqxona gazlari emissiyasini hal qilish uchun toʻplanishi ortidan kuzatilgan.
Sayyorani qizdiruvchi gazlar miqdori boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadigan Si rahbarligidagi mamlakat sammitda ishtirok etish oʻringa yozma bayonot taqdim etib, boshqa jahon yetakchilarining noroziligini keltirib chiqargan.
“Ochigʻini aytganda, Xitoyning kelmagani katta xato boʻldi”, dedi AQSH prezidenti Jo Bayden Glazgodan joʻnab ketish arafasida jurnalistlarga. “Butun dunyo Xitoyga qarab, “ular qanday foyda keltiryapti?” degan savolni berdi.”
“Bu juda katta muammo, ular esa bundan qochishdi”, dedi u. “Shunday qila turib, yana yetakchilikka daʼvo qilasizmi?”
Si 2020-yil boshida COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri Xitoydan tashqariga chiqmagan.
COP26 sammiti 2015-yilda imzolangan Parij kelishuvi uchun muhim hisoblanadi, unga koʻra davlatlar global haroratni 2°C darajadan “sezilarli pasaytirish” va xavfsiz chegarada ushlab turishga kelishib olganlar.
Iqlimga oid 13 kelishuv imzolangan seshanba kungi sammitda 100 ga yaqin davlat AQSH va Yevropa ittifoqi bilan birgalikda joriy oʻn yillikda kuchli issiqxona gazi hisoblangan metan emissiyasini kamida 30 foizga kamaytirishga oid tashabbusga qoʻshilgan.
Ammo, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Avstraliya kabi asosiy emitentlar bu hujjatni imzolamagan.
Rossiya emissiya boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda esa-da, sayohatlarga chiqib turadigan Rossiya prezidenti Vladimir Putin COP26 sammitida ishtirok etmagan.
“Uning tundralari yonyapti, tom maʼnoda tundra yonyapti”, deb aytgan Bayden Putin haqida. “Uning iqlimga oid oʻta jiddiy muammolari bor, u esa nimadir qilish borasida sukut saqlayapti.”
Bajarilishi qiyin vaʼdalar
Xitoy tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Van Venbin Sining sammitda ishtirok etmaslik qarorini qoʻllab-quvvatladi.
“Amallar soʻzlardan balandroq jaranglaydi”, deb aytgan u chorshanba kuni.
Sammitdan bir necha kun avval Pekin 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishish va emissiya shiddati – iqtisodiy mahsulot birligiga emissiya miqdorini 65 foizga kamaytirish maqsadini tasdiqlovchi iqlim boʻyicha yangi rejani BMTga taqdim etgan.
Si 2026-yildan boshlab koʻmirdan foydalanishni “kamaytirishga” va 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishishga vaʼda bergan edi.
Ulkan vaʼdalarga qaramay, Xitoy mamlakat boʻylab 60 dan ortiq joyda koʻmir elektrostansiyalari barpo etmoqda, oʻnlab toʻxtab qolgan zavodlar esa qayta ochilgan yoki ishlab chiqarishni kengaytirgan.
Xitoy 60 foiz energiyani koʻmirdan oladi. Qoʻshma Shtatlarda esa bu koʻrsatkich 19 foizni tashkil etadi, deb xabar bergan AQSH energetika vazirligi.
Oʻtgan yili Xitoyda koʻmir inshootlari quvvati 38,4 Gigavattga oshdi, bu dunyoning boshqa joylarida barpo etilganidan uch marta koʻp, deb xabar beradi dunyo boʻylab qazib olinadigan yoqilgʻi loyihalarini kuzatib boruvchi AQSHdagi Global energetika monitoringi (GEM) tashkiloti.
“Koʻmir isteʼmolining yangilanishi iqlimga oid qisqa va uzoq muddatli maqsadlarga putur yetkazadi”, deydi GEM koʻmir dasturi rahbari Kristin Shirer.
Kuchayib borayotgan bosim
Pekinga nisbatan bosim kuchayib bormoqda.
Avgust oyi boshlarida BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hukumatlararo kengashi (IPCC) 2030-yillarga borib, global isish koʻrsatkichi sanoatlashtirish davridagidan 1,5 darajaga oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Global isishning bunday darajada yuqorilashi insoniyat uchun yongʻinlar, toʻfonlar, qurgʻoqchilik va toshqinlar kabi tahdidlarni paydo qiladi.
195 mamlakat tomonidan tasdiqlangan hushyor torttiruvchi hisobot yillar davomida iqlim oʻzgarishi hayotga tahdid ekaniga oid juda koʻp dalillarga qarshi kurashayotgan davlatlarni yuzaga chiqargan.
Bu roʻyxatda eng yuqori pogʻona Xitoyga tegishli.
Xitoy emissiya boʻyicha maqsadlarga erishishi uchun, 2050-yilgacha energiyaning 90 foizi yadroviy va qayta tiklanuvchi manbalardan olinishi kerak, deb aytgan Pekindagi Sinxua universiteti tadqiqotchilari.
Ayni vaqtda bu raqam 15 foizni tashkil qiladi.
Dunyoda oʻrnatilgan shamol va quyosh energetikasi inshootlarining uchdan bir qismidan koʻprogʻi Xitoyda joylashgan, qayta tiklanadigan energiya manbalari ishlab chiqargan elektr quvvati esa koʻmirnikiga nisbatan arzonroq.
“Koʻmir lobbisining bosimi tufayli kommunal xizmat koʻrsatish kompaniyalari sotib olinadigan yashil energiya ulushini oshirishga shoshilmayapti”, deydi Amerikaning iqlimni himoya qilish guruhi, Resurslarni himoya qilish milliy kengashining Xitoy energetika siyosati tadqiqotchisi Xan Chen.
“Shu bois sanoatga kirib kelayotgan barcha investitsiyalarga qaramay, qayta tiklanadigan energiya manbalari Xitoy energetika balansining 15 foizini tashkil etmoqda.”
“Yangi IPCC hisoboti oʻquv mashgʻuloti emas, balki boʻsh vaʼdalardan iborat pufak yorilishiga oz qolgani haqida ogohlantirish”, deydi Dakkadagi Iqlim oʻzgarishi va taraqqiyot xalqaro markazi rahbari Salimul Huq.
“Ishni ortga surish oʻz joniga qasd qilish bilan teng va iqtisodiy jihatdan noratsional.”