Karvonsaroy
Energiya

Tahlilchilar: Xitoyning sof energiyaga oʻtishi shunchaki quruq gap boʻlib qolmoqda

Karvonsaroy va AFP

image

Xitoyning Shansi viloyati, Datun shahri yaqinidagi koʻmir elektrostantsiyasidan chiqayotgan tutun, 2015-yilning 19-noyabri. [Greg Beyker/AFP]

PEKIN – Xitoy 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishish vadasini bajarish yoʻlida qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtayotganini daʼvo qilsa-da, uning harakatlari soʻzlariga toʻgʻri kelmayapti, zero u “iflos turdagi yoqilgʻiga” katta mablagʻ ajratishda davom etmoqda.

Xitoy rejimi oʻnlab xorijiy koʻmir zavodlarini moliyalashtirishni rejalashtirmoqda va mahalliy ishlab chiqarish borasida notoʻgʻri yoʻldan ketmoqda, deb ogohlantiradi energetik tahlilchilar va ekologlar.

Mamlakat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining 5-yanvar kuni maʼlum qilishicha, havoga chiqindilarni kamaytirish maqsadida Xitoy fevral oyidan boshlab uglerod savdosi tizimini qoʻllay boshlaydi.

Vazirlik ilk marta mahalliy hokimliklarga yirik energetik korxonalar uchun havoni ifloslantirish limitlarini belgilashga imkon beruvchi yangi qoidalar chiqargan.

image

2018-yil 23-may kuni olingan bu suratda Pokistonning Sind viloyati, Tarparkar tumani Islomqut shahrida qurilayotgan Xitoy elektrostantsiyasining umumiy koʻrinishini aks etgan. [Rizvan Tabassum/AFP]

Kompaniyalar kamroq “uglerod iziga” ega boshqa kompaniyalardan atrof-muhitni ifloslantirish huquqini sotib olishi mumkin, ammo dastur bu jarayonni qimmatlashtirish orqali umumiy chiqindilar miqdorini kamaytirishi kutilmoqda.

Biroq, Xitoyda energiyaning 60 foizi hali ham koʻmirdan olinadi va tahlilchilarning ogohlantirishicha, kuchli koʻmir lobbisi qulay uglerod cheklovlariga erishish payida boʻladi.

Erishish qiyin boʻlgan maqsadlar

Shubhasiz, dunyodagi eng yirik havoni ifloslantiruvchi va eng koʻp koʻmir isteʼmol qiluvchi boʻlgan Xitoy koʻzboʻyamachilik bilan shugʻullanmoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar.

22-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotida chiqish qilgan prezident Si Tszinpin voqelikka zid ravishda oʻz mamlakatining global isishga qarshi kurashda yetakchi ekanligini daʼvo qilar ekan, Xitoy 2030-yilgacha emissiyaning choʻqqisiga yetib, yana 30 yildan keyin uglerod neytralligiga erishishini aytgan.

Bu Xitoyning oʻzini yaxshi qilib koʻrsatishga urinish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi, zero Xitoy hukumati Kreml qoʻllab kelgan ishonchli taktikani oʻzlashtirib, unga fitna nazariyalarini tarqatish hamda bir qator bahsli mavzularda aybni oʻzidan soqit qilish maqsadida oʻzining yangi hiylalarini qoʻshish bilan axborot urushini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Ammo Xitoy 2060-yilga kelib, uglerod neytralligiga erishish uchun yangi koʻmir elektrostantsiyalari qurishni toʻxtatishi hamda shamol va quyosh inshootlari quvvatini oshirishi kerak, deyiladi Xelsinkidagi Energetika va toza havo tadqiqotlari markazining (CREA) 20-noyabr kungi hisobotida.

Mavjud va barpo etilayotgan yangi stansiyalarning ortiqcha quvvatlari Pekinga oʻz maqsadiga erishish qiyin boʻlishini anglatadi, deyiladi hisobotda.

Unda Xitoy hukumati 2020-yildan beri qurilgan koʻmir elektrostansiyalarini yopishi va kelasi oʻn yil ichida shamol va quyosh energiyasi hajmini ikki baravar oshirishi kerakligi bayon qilingan.

Bundan tashqari, Xitoy 2030-yilga qadar koʻmirga asoslangan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini taxminan 1380 GVt gacha kengaytirish rejalari oʻrniga ularni 680 GVtgacha kamaytirish kerak, deyiladi unda.

Tadqiqotchilarga koʻra, ushbu ortiqcha elektrostansiyalarni muddatidan avval foydalanishdan chiqarish va yangilarining qurilishini toʻxtatishga qaratilgan tegishli siyosiy aralashuvlarsiz, Xitoyda havoga chiqariladigan karbonat angidrid hajmi 2020-yilgi koʻrsatkichga nisbatan deyarli kamaymaydi.

2019-yilda Xitoydagi parnik gazlari chiqindilari 13,9 milliard tonnani tashkil etgan - bu butun dunyoda iqlimning qizishi bilan bogʻliq yalpi koʻrsatkichning 29 foizi demakdir.

Iqtisodiyotni koʻmirga qaramlikdan xalos etish vadalariga qaramay, Xitoyning ekologik xavfli yoqilgʻini isteʼmol qilish hajmlari iyun oyida 2013-yilda kuzatilgan eng yuqori darajaga koʻtarilgan.

Pandemiyadan keyingi tiklanish chiqindilarni koʻpaytirgan

Koronavirus pandemiyasidan ziyon koʻrgan viloyatlar iqtisodiyotini tiklash uchun Pekin davlat kreditorlariga yangi koʻmir elektr stantsiyalarini qurishga ruxsat bergan.

2020-yilning birinchi yarmida Xitoy rejimi avvalgi ikki yilni qoʻshib hisoblaganda 23 GVtga koʻproq koʻmir bilan bogʻliq energetika loyihalarini maʼqullagan. Bu haqda San-Fransiskoda joylashgan Global Energy Monitor (GEM) nodavlat ekologik tashkiloti xabar bergan.

Xitoy qurilish, elektr tarmoqlari va koʻmir yetkazib berish kabi koʻp energiya talab qiladigan tarmoqlar hisobiga global koronavirus inqirozidan oʻnglana oldi, deydi CREA markazining yetakchi tahlilchisi Lauri Myullyuvirta.

“Qoʻrqamanki, agar hukumatlar yangi jiddiy choralar koʻrmasa, biz bu yil kuzatayotgan chiqindilar miqdorining pasayishi eski holatga qaytishi mumkin”, deydi Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birol.

“Hukumatlar iqtisodni tiklashga oid chora-tadbirlar dasturiga toza energiya siyosatini kiritmas ekan, biz pandemiyaga qadar boʻlgan holatimizga qaytamiz”, dedi u.

Xitoy boshqa davlatlarning koronavirus pandemiyasidan qutulishi uchun “muhim sinov” maydoni hisoblanadi, dedi Birol.

“Barchamizga maʼlumki, Xitoy – koronavirus ilk bor qayd etilgan, birinchi boʻlib karantin joriy qilingan va iqtisodi pasaygan mamlakat boʻldi”, dedi u.

“Ammo Xitoy, shuningdek iqtisodi tiklangan birinchi mamlakat hamdir. Bugungi kunda Xitoyning havoga chiqarayotgan uglevodorod chiqindilari inqirozdan avvalgi koʻrsatkichlardan ancha yuqori.”

Koʻmir sanoatiga investitsiyalar

Xitoyning davlatga qarashli kompaniyalari xorijda koʻmir energetikasiga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda.

Xitoy trillion dollarlik “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi doirasida Zimbabvedan to Indoneziyagacha oʻnlab koʻmir elektrostantsiyalarini moliyalashtirishni rejalashtirmoqda. Ekologlarning ogohlantirishlaricha, bu stantsiyalar rivojlangan mamlakatlardagidan koʻproq zararli chiqindilar chiqaradi.

Bu chiqindilar mahalliy uglerod chiqindilari statistikasiga kiritimaydi.

“2030-yildan keyin ham koʻp yillar davomida faoliyat yuritadigan yangi stantsiyalar iqlim oʻzgarishini toʻxtatishga oid saʼy-harakatlarga umuman mos kelmaydi”, deydi GEMning koʻmir tadqiqotlari boʻyicha rahbari Kristin Shirer.

Ayni damda barpo etilayotgan koʻmir elektr stansiyalari yiliga 19 GVt elektr energiyasi va 115 million tonna zararli modda ishlab chiqaradi, deb xabar beradi Boston universitetining global rivojlanish siyosati markazi.

British Petroleum maʼlumotiga koʻra, Xitoyning xorijdagi quvurlari soni uch marta koʻp, bu uning xorijdagi elektrostantsiyalari hozirda Britaniya, Turkiya va Italiyadan koʻra havoni koʻproq ifloslantiradi deganidir.

Oʻnlab elektrostansiyalarning har biri oʻnlab yillar davomida ishlashi koʻzda tutilgan.

Qurib bitirilgan va 30 yil davomida faoliyat olib borgan taqdirda, bu stansiyalar butun Xitoydagi barcha koʻmir elektrostantsiyalarning uch yil davomida ishlab chiqarganiga teng darajada havoni ifloslantiradi, deb aytgan CREA vakili Myullyuvirta.

Chet elda koʻmirni ilgari surish

Si “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi doirasida “ochiq, ekologik va sof hamkorlik olib borishni” vaʼda qilgan boʻlsa-da, Xitoy banklari koʻmir loyihalarini moliyalashtirishni davom ettirmoqda.

Boston universiteti maʼlumotlarga koʻra, 2000-2018-yillarda Xitoyning eng yirik ikki siyosiy banki tomonidan investitsiya qilingan 251 milliard AQSH dollarining 23,1 foizi koʻmir loyihalariga yoʻnaltirilgan.

Afrikadagi eng yirik loyihalardan biri – Zimbabvedagi 3 mlrd dollarlik “Sengwa” elektrostansiyasi Xitoy kompaniyalari qurayotgan xorijiy inshootlar jumlasidan. Pokistonning oʻzida kamida sakkizta loyiha, jumladan Balujistonda 2 mlrd AQSH dollariga teng stansiya qurilishi amalga oshirilmoqda.

Yangi loyihalarning bari “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusiga qoʻshilgan mamlakatlarda boʻlib, bu ularni koʻmir energetikasiga qaram qilib qoʻyadi.

Koʻmirdan olingan mablagʻlar oqimi “rivojlanayotgan mamlakatlarning yanada sof muqobil energetika manbalariga oʻtish choralariga toʻsqinlik qiladi”, deydi Xitoydagi “Grinpis” tashkiloti vakili Li Shuo.

Xitoyning oʻzida 96 milliard tonnaga yaqin foydalanilmayotgan koʻmir zahirasi bor – bu kattaligi boʻyicha dunyodagi toʻrtinchi eng yirik zaxiradir.

Ortiqcha zahiralarning mavjudligi Xitoy energetika kompaniyalarini Janubiy, janubi-sharqiy Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi energiyaga chanqoq mamlakatlarga kirib borishga undadi.

“Bu mamlakatning ehtiyoji boʻlmagan kompaniya va xizmatlarga bozor yaratib berishning bir usulidir”, deb aytgan Myullyuvirta.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

RRN-KES-UMM texnologiyasi asosidagi karbid elektr stansiyalari - Xitoy, Bangladesh, Vyetnam, Turkiya, Janubiy Afrika va Rossiyaning elektr stansiyalarida foydalaniladi. Karbonat angidrid - koʻmir [inshootlari] tomonidan chiqariladigan muqobil yoqilgʻi. Xitoyda buni patentlash mumkin. 18-iyun, 2021-yil. Vladimir Komarov.

Javob berish