HAAGA – Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) dushanba (29-noyabr) kuni Gaagada majlis oʻtkazar ekan, Suriya va Rossiya kimyoviy quroldan foydalanish ehtimoli borasida yangi bosimga duch kelmoqda.
KQTT rahbari Fernando Ariasga koʻra, Suriya rejimi kimyoviy qurollar haqida bayonot bermagan va inspektorlarni mamlakatga kiritmagan.
Rossiyada hibsga olingan Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyni zaharlash uchun ishlatilgan asabni falajlovchi modda dunyoda kimyoviy qurollanishga qarshi choralar uchun “jiddiy xavf” tugʻdiradi, deb aytgan Arias.
Zaharli gaz hujumlarida aybdor deb topilgan Suriya aprel oyida KQTTda ovoz berish huquqidan mahrum qilingan edi. Mamlakat kimyoviy qurollari va qurol ishlab chiqarish inshootlari haqida toʻliq maʼlumot bermagunicha, bu taqiq olib tashlanmaydi.
“Hozirga qadar Suriya bu talablarning bittasini ham bajarmagan”, deydi Arias. Uning bayonotlarini “aniq va toʻliq deb boʻlmaydi”, deb qoʻshimcha qilgan u.
Bashar Asadning Suriya rejimi KQTTning qurol boʻyicha inspektorlariga viza bermadi, oqibatda tashkilot u yerga oʻz jamoasini joylashtirishdan bosh tortdi, deydi Arias.
AQSHning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Suriya rejimini “mustaqil tergovga toʻsqinlik qilish va KQTTning roli hamda ishlariga putur yetkazishda” ayblagan.
Shuningdek, u rejim ittifoqchilari, ayniqsa Rossiyani javobgarlikka tortish choralariga qarshilik qilish yoʻllarini izlashda ayblab chiqdi.
Javobsiz qolgan savollar
Rossiya 2020-yilda Navalniyning “Novichok” moddasi bilan zaharlanishi holati boʻyicha savollarga javob bermagan, ushbu hodisada Kreml aybdor deb koʻriladi.
“Rossiya federatsiyasi hududida kimyoviy qurollarning qoʻllanilishi bu konvensiyaga jiddiy xavf soladi”, deydi Arias.
Moskva KQTT inspektorlarini tergov uchun Rossiyaga taklif qilgan, ammo Ariasga koʻra, tashrif Rossiya rasmiylari boshqa mamlakatlardagiga nisbatan qatʼiyroq shartlar qoʻygani sababli amalga oshmagan.
Qurol-yarogʻ nazorati va xalqaro xavfsizlik masalalari boʻyicha AQSH Davlat kotibining oʻrinbosari Bonni Jenkins yigʻilishda bergan bayonotida “Biz Rossiya va Asad rejimini yana bir bor oʻz majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz”, deb aytgan.
Britaniyaning mudofaa masalalari boʻyicha vaziri Annabel Goldining aytishicha, Rossiya nafaqat Navalniy, balki 2018-yilda Solsberida sobiq KGB agenti Sergey Skripalning “Novichok” bilan zaharlanishi haqidagi savollarga ham javob berishi kerak.
“Bu zaharlash amaliyotlari uchun Rossiyaning ishtiroki va javobgarligidan boshqa ishonarli izoh yoʻq”, dedi Goldi.
Moskva bu ikki hodisaga aloqadorligini rad etib keladi.