Eron prezidenti Ibrohim Raisining Moskvaga payshanba (20-yanvar) kungi rasmiy tashrifi Eronda koʻpchilikning eʼtiroziga sabab boʻldi – ularning aytishicha, Islom respublikasi Xitoy bilan imzolangan kelishuvlardan qolgan narsalarni Rossiyaning qoʻliga topshirmoqda.
Raisiyning Moskvaga safari haqida tinimsiz xabarlar berayotgan Eron ommaviy axborot vositalari mutaxassislardan intervyu olib, bu hodisani “Eron tashqi siyosatidagi ijobiy oʻzgarish” va “Eron diplomatiyasida oldinga qoʻyilgan qadam” deb taʼriflamoqda.
Raisiyning oʻzi Eronda “Rossiya bilan aloqalarni kengaytirish uchun cheklovlar yoʻqligini” aytdi, deb yozadi AFP.
Xabar qilinishicha, uchrashuv chogʻida Eron va Rossiya prezidentlari “20 yillik qamrovga ega uzoq muddatli hamkorlik”ni muhokama qilganlar.
Davlat rahbarlari tashqi ishlar vazirlariga 20 yillik kelishuvning yoʻl xaritasini ishlab chiqish vazifasini topshirdi, dedi Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahyon va “qamrovni belgilash uchun tomonlar oʻrtasida bir qator mavzularni shoshilinch muhokama qilish kerakligini” taʼkidladi.
Sharq tomon burilish
Safarda Raisiyga hamrohlik qilgan Eron tashqi ishlar vaziri “yoʻl xaritasi” tafsilotlarini ochiqlamagan boʻlsa-da, ikki prezident oʻrtasidagi uchrashuvni “iliq va samimiy” deb taʼriflab, “COVID-19 cheklovlariga” qaramay, Kremldagi uch soatlik uchrashuv qanday oʻtganiga batafsil toʻxtalgan.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlardagi koʻplab kuzatuvchilar prezidentlar oʻtirgan stolning ikki chekkasi orasidagi masofa ancha yiroq ekanini taʼkidlamoqda.
20 yilga moʻljallangan bitim tafsilotlari hali rasman eʼlon qilinmagan – u Eronning Xitoy bilan 25 yillik kelishuvi kabi mavhumligicha qolmoqda.
2021-yilning mart oyida Tehronda Eron-Xitoy “strategik hamkorlik shartnomasi” imzolanganida koʻplab eronliklar rejimni “Eronni sotishda” ayblagan edilar.
Endi esa koʻpchilik rejimni mamlakatning qolgan qismini – bu safar Rossiyaga sotganlikda ayblamoqda.
Turli OAV xabarlarga koʻra, Eron Rossiyadan 200 ta temiryoʻl lokomotivini sotib olishni rejalashtirmoqda – mamlakat yangi transport infratuzilmasiga muhtoj ekaniga qaramay, ayrimlar buni sovuqqonlik bilan qarshi olganlar.
Bu shubha avvalgi tajribadan kelib chiqqan: ilgariroq Moskva Tehronga dunyodagi eng eski atom reaktorlaridan birini oʻta qimmat narxda sotgan va koʻpchilik lokomotivlar bilan ham xuddi shunday boʻladi deb gumon qilmoqda.
Payshanba kuni Kremlda soʻzlagan Putin 2020-yilda Eron va Rossiya oʻrtasidagi tijoriy bitimlar hajmi 2019-yilga nisbatan 38 foizga oshganini aytdi.
Sentabr oyida Tehron Pekin va Moskva boshchiligidagi Markaziy Osiyo xavfsizlik organi – Shanxay hamkorlik tashkilotiga qoʻshildi.
Eron mustaqilligining tobora zaiflashib, uning yadro muzokaralari fonida Gʻarbdan uzoqlashayotgani hamda Xitoy va Rossiyaga tobora yaqinlashayotgani bilan bogʻliq voqelik payshanba kuni Eron bozorlarida ham oʻz aksini topgan.
Milliy valyuta qadri qariyb 8 foizga pasaygan, fond bozori indeksi keskin tushib ketgan.
Tanqidchilarga koʻra, Xitoy va Rossiya bilan uzoq muddatli, keng qamrovli kelishuvlar Eronning “Sharq ham emas, Gʻarb ham emas, faqat Islom Respublikasi” degan rasmiy shioriga asoslangan siyosatga ziddir.
Koʻplab siyosiy va iqtisodiy tahlilchilar Eronning Rossiya bilan imzolagan mavhum kelishuvini uning Sharqqa burilayotganidan dalolat beruvchi navbatdagi belgi deb atagan.
Ammo Eron rejimi bu kelishuvlar mamlakatning “siyosiy va iqtisodiy manfaatlariga” mos kelishini taʼkidlashda davom etyapti.
Sovuq qabul
Eron tashrifni boshqacha qilib koʻrsatishga urinsa-da, Raisiy Moskvaga yetib kelgan vaqtda diplomatik protokol bekor qilingan koʻrinadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron prezidentini aeroportda kutib olmagan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham eronlik hamkasbini kutib olish uchun aeroportga kelmagan.
Raisiy va Eron delegatsiyasini aeroportda Rossiya energetika vaziri va tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari qarshi olgan.
Kremlda diplomatik protokol boʻyicha rasmiy kutib olish marosimi oʻtkazilmagan, bu Tehronning zaiflashgan maqomi va Moskvaning qudrat namoyishidan darak boʻldi.
Ushbu nomutanosiblik IRNA tomonidan eʼlon qilingan videolavhada ham oʻz aksini topgan, unda Putin Raisiydan “Eron rahbari Ali Homanaiyga salom yoʻllashni” soʻragan.
Raisiy va tashqi ishlar vazirining Moskvaga tashrifi Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish ehtimoliga oid xavotirlar kuchaygan bir paytda amalga oshirilgan boʻlib, kuzatuvchilar buni “oʻta xavfli” deb taʼriflaganlar.
Bu hodisa shuningdek, Eronning ISNA axborot agentligi Xitoy, Rossiya va Eron juma (21-yanvar) kuni qoʻshma dengiz mashgʻulotlarini oʻtkazishi haqida xabar bergan paytga toʻgʻri keldi.
Hind okeani shimolida oʻtkaziladigan “Dengiz xavfsizlik kamari 2022” mashqlari uch mamlakat oʻrtasidagi uchinchi qoʻshma dengiz mashgʻulotlari boʻlib, bundan avvalgisi 2019-yil oxirida Hind okeanida Fors koʻrfazi davlatlari bilan keskinlik sharoitida oʻtkazilgan.
Mashqlar boʻyicha matbuot vakili, admiral Mustafo Tojiddiniyning davlat televideniyesiga maʼlum qilishicha, tadbirda Eron qurolli kuchlarining 11 ta harbiy-dengiz boʻlinmasi va Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) harbiy-dengiz kuchlarining uch boʻlinmasi ishtirok etadi.
Shuningdek, ularda Rossiyadan 3 ta, Xitoydan esa 2 ta boʻlinma qatnashadi, dedi u.
Toʻgʻri. Rossiyaga Xitoyning dasturxonidan qolgan-qutgan narsalargina tegadi.
Javob berishFikrlar 1