OSTONA – Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, qozoqlarni mamlakat janubidan shimolga ixtiyoriy ravishda ko‘chirish dasturi o‘z samarasini bera boshlagan.
2017-2021-yillar uchun samarali bandlik va ommaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturining bir qismi bo‘lgan hukumat rejasi aholi zichligi hamda ishsizlik va ishchi kuchi taqchilligi muammolarini hal etishga qaratilgan.
Dastur yordamida Qozog‘iston eski demografik muammoni bartaraf etishga urinmoqda – agar u hozir hal etilmasa, 2050-yilga borib janubda yashovchi aholi sonining ulushi 55 foizga yetadi. Bu haqda 2016-yilda sog‘liqni saqlash vaziri Tamara Duseynova ogohlantirgan edi. Janubiy viloyatlar maydoni nisbatan ancha kichik ekani hisobga olinsa, janubdagi aholi zichligi shimoldagidan 4 marta kattaroq bo‘lishi anglashiladi.
Ushbu chora qisman Rossiya tarafidan yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy agressiya bilan ham bog‘liq. Kreml Gruziya va Ukrainada urush olib borishi natijasida so‘nggi yillarda Ostonada shunday gap-so‘zlar tarqalgan edi.
Kreml xorijdagi etnik ruslardan iborat milliy ozchiliklarni himoya qilishni bostirib kirish uchun bahona sifatida qo‘llagan.
Press-unity.com nashrining yozishicha, aholini shimolga ko‘chirish o‘sha viloyatlardagi etnik qozoqlar sonini oshirish maqsadiga xizmat qilishini 2017-yilda Ostonada PaperLab muhokama guruhining majlisida qatnashgan sotsiolog va siyosatshunoslar bir necha bor ta’kidlagan edilar.
O‘tgan yili dastur doirasida 1600 qozoq yoki 408 oila shimolga ko‘chib o‘tdi. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil 9 mingdan ziyod qozog‘istonlik allaqachon shimol tarafga otlangan.
Dasturga muvofiq, aholi Janubiy Qozog‘iston, Olmaota, Jomboy, Qizilo‘rda va Mang‘istov viloyatlaridan Sharqiy Qozog‘iston, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar va Qustanay viloyatlariga ko‘chirilmoqda.
Yangi hayotga yo‘llanma
Shimolga ko‘chib boruvchilarga ish, “oyoqqa turib olish uchun” mablag‘, turarjoy ijarasi uchun subsidiya, yer uchastkalari taklif etilmoqda, yangi kasblar o‘rgatilmoqda va hatto, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kichik grantlar taqdim etilmoqda.
“Biz oilaning mehnatga layoqaytli barcha a’zolarini ish bilan ta’minlay olamiz,” deydi Shimoliy Qozog‘iston viloyati bandlik markazining xodimi Anvar Ilyosov Karvonsaroyga. “Ko‘chib kelgan har bir kishiga 84 ming tenge (255 dollar) miqdorida moddiy yordam beriladi.”.
“Ko‘chib kelgan oila turarjoy ijarasini to‘lash uchun bir yil davomida yordam puli olib turadi”, deydi u. “Agar birato‘la uy sotib olmoqchi bo‘lsalar, ularga shu zahotiyoq bir yillik subsidiya to‘lanadi”.
“Oila a’zolarining soniga qarab, ijara haqi yiliga 860 ming tenge (2600 dollar) bo‘lishi mumkin”, dedi u. “Bu pul bitta kvartira yoki uyni ijaraga olish uchun yetarli”.
Hukumat tomonidan, shuningdek, 240 ming tenge (730 AQSH dollari) miqdorida grant olish huquqiga ega bo‘lgan yangi ish boshlovchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash siyosati ishlab chiqilmoqda.
“Ushbu grantlar tadbirkor bo‘lishni istaganlarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan”, dedi Ilyasov. “Chorvachilik bilan shug‘ullanib, qishloq joylarda oziq-ovqat do‘koni ochayotgan va sutni qayta ishlayotgan tadbirkorlar shular jumlasidandir.”
Ish beruvchilar uchun subsidiyalar
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shimoldagi ish beruvchilar janubdan kelgan kamida besh nafar yangi ishchini yollash uchun uch yil davomida subsidiya oladi.
Ish beruvchilarga har bir xodim uchun 1 mln. tenge (3000 AQSH dollari) beriladi.
Petropavlovskdan bo‘lgan tadbirkor Valeriy Kurpatov o‘zining mebel ustaxonasi uchun bir nechta ishchini yollashga tayyor ekanini aytadi.
“Bizga tajribali ishchilar kerak”, dedi u Karvonsaroyga. “Shunday bo‘lsa-da, biz ish o‘rganuvchilarni ham qabul qilamiz va ularga ish o‘rgatamiz”.
“Men Jambil va Janubiy Qozog‘istondan bo‘lgan ikkita nomzod bilan telefon orqali gaplashishga ulgurdim”, dedi u.
Ko‘chirish dasturi ish beruvchilarga ma’qul kelmoqda, chunki bu yerda “ishchi kuchi yetishmasligi yaqqol seziladi”, dedi u.
Ko‘chirish dasturi barcha uchun foydali
“Janubiy viloyatlarda aholi haddan tashqari ko‘p, shimolda esa juda siyrak”, deydi chimkentlik siyosatshunos Rauan Dautaliev Karvonsaroyga. “Dastur ushbu muammolarni hal qilishi mumkin. Bu ixtiyoriy ravishda ko‘chib borishni rag‘batlantiruvchi omildir.”
Hukumat, eng avvalo, yoshlarni, kasb-hunar bilim yurtlari bitiruvchilarini va oralmanlarni (Qozog‘istonga yaqin mamlakatlardan ko‘chib kelgan etnik qozoqlarni) rag‘batlantirishga intilmoqda, dedi u.
“Ko‘chirish dasturi endigina to‘liq hajmda ish boshlamoqda”, dedi u. “Ayni paytda rasmiylar viloyatlarda jamoatchilikni xabardor etish ishlari bilan bandlar”.
“Mablag‘ yetishmovchiligi va turarjoy muammosiga duch kelgan oilani olaylik. “Ular ishchi kuchiga talab bo‘lgan joyga ko‘chib, bu muammolariga yechim topishlari mumkin. Shu bois dastur ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.”
Shimolga ko‘chishdan “davlat ham, ko‘chib boruvchilar ham, aholining ko‘chirilishidan dividend oluvchi ish beruvchilar ham birdek manfaatdor ”, dedi u.
“Biroq ko‘chib o‘tuvchi oilalar vaziyatga real ko‘z bilan qarashlari kerak”, deb ogohlantirdi Dautaliev. “Muammolar oson hal bo‘lmaydi. Ishlash kerak. Shunda davlat ham yordam beradi”.
Yaxshiroq hayot umidi
Aholini ko‘chirish dasturining ishtirokchilaridan bo‘lgan chimkentlik Darxan Amirxanov xotini hamda 2, 4 va 7 yashar uchta farzandi bilan Shimoliy Qozog‘iston viloyatining Akjar tumaniga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda.
“Janubda ish topish mushkul, buning ustiga, o‘z uyimiz ham yo‘q,” dedi u Karvonsaroyga. “Biroq, jamg‘argan pullarimiz bor, qo‘shimchasiga “oyoqqa turib olish” uchun davlat mablag‘ini olamiz. Biz tog‘li qishloqda o‘zimiz uchun uy sotib olmoqchimiz. Chorvachilik bilan shug‘ullanish niyatidamiz”.
Amirxanov avtomexanik yoki haydovchi bo‘lib ishlamoqchi ekanini aytdi. U Chimkentdaligidayoq Akjar tumanidan ish bo‘yicha bir nechta takliflar olgan.
“Tanishlarimizdan ayrimlari allaqachon ushbu dastur doirasida yangi joylarga ko‘chib o‘tdilar”, deydi Amirxonov. “Mening do‘stim ish topdi va va’da qilingan barcha pullarni oldi. Uning hayoti yaxshilandi. Umid qilamanki, bizda ham hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Bu juda ijobiy qadam!
Javob berishFikrlar 2
Qanday qilish ish topishim mumkin?
Javob berishFikrlar 2