Karvonsaroy
Xavfsizlik

Nima sababdan Rossiya Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini kuchaytirmoqda?

Arman Kaliyev

Rossiya qo‘shinlari o‘tgan yil oktabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan tungi mashqlar chog‘ida quroldan o‘q uzmoqdalar. (Rossiya Mudofaa vazirligi)

Rossiya qo‘shinlari o‘tgan yil oktabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan tungi mashqlar chog‘ida quroldan o‘q uzmoqdalar. (Rossiya Mudofaa vazirligi)

OSTONA – Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini kuchaytirish yo‘lidagi yangilangan sa’y-harakatlari sobiq sovet davlatlarida o‘z ta’sirni oshirish va ularning Moskvaga qaramligini kuchaytirishga qaratilgan, deb ogohlantirmoqda mustaqil kuzatuvchilar.

SSSR parchalanib ketganidan so‘ng 26 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Rossiya askarlari hamon Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda joylashtirilgan, bu bilan ular atrof-muhit va suverenitetga oid xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Aprel oyida Pekinda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari anjumanida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu zamonaviy qurol-aslaha hamda harbiy texnika yetkazib berish bilan Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazalarining jangovar tayyorgarligini oshirish maqsadlarini e’lon qildi.

Shu bilan birga, Rossiya mart oyida Tojikiston va Qirg‘izistonda qo‘shma aksilterror mashqlarida ishtirok etdi, dedi Shoygu. U joriy yilning kuz oylarida bu kabi mashg‘ulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham o‘tkazilishi rejalashtirilganini qo‘shimcha qilgan.

2018-yilning mart oyida Qirg‘izistonning Kant shahri tashqarisidagi turli ehtimoliy nishonlarga qarata Rossiya raketalari uchirilgan. (Rossiya mudofaa vazirligi)

2018-yilning mart oyida Qirg‘izistonning Kant shahri tashqarisidagi turli ehtimoliy nishonlarga qarata Rossiya raketalari uchirilgan. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Aprel oyida Rossiyaning mobil raketa qurilmalari Tojikistonda ishga tushirilgan. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Aprel oyida Rossiyaning mobil raketa qurilmalari Tojikistonda ishga tushirilgan. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Tojikistonda Rossiya askarlari uchun odatiy harbiy mashqlardan biri shahar ichidagi janglarga tayyorgarlikdir. Rossiya askari mashg‘ulot vaqtida qurolini nishonga yo‘naltimoqda, Tojikiston, 2017-yil. (Rossiya Mudofaa vazirligi)

Tojikistonda Rossiya askarlari uchun odatiy harbiy mashqlardan biri shahar ichidagi janglarga tayyorgarlikdir. Rossiya askari mashg‘ulot vaqtida qurolini nishonga yo‘naltimoqda, Tojikiston, 2017-yil. (Rossiya Mudofaa vazirligi)

Suratda Rossiyaning turli tanklari va zirhli harbiy mashinalari Tojikiston hududida mashg‘ulot o‘tayotgani aks etgan, Harbmaydon, 2017-yil. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Suratda Rossiyaning turli tanklari va zirhli harbiy mashinalari Tojikiston hududida mashg‘ulot o‘tayotgani aks etgan, Harbmaydon, 2017-yil. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Uning ta’kidlashicha, Afg‘oniston shimolida joylashgan jangarilarning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo Markaziy Osiyodagi davlatlar hududiga bostirib kirmasligi uchun Rossiya tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida, Kreml Afg‘oniston va Tojikistonning 1344 kilometrlik chegarasida jangarilar to‘planayotgani haqida xabar bergan, Kremlning da’volariga ko‘ra, ularning soni tobora oshib bormoqda.

2017-yilning oxirlarida Rossiya ushbu jangarilar sonini 3500 nafar “Islom Davlati” a’zolari bilan birgalikda 10 mingga yaqin deb ko‘rsatgan. 2015-yilda Moskva ularning umumiy sonini 4500 ta deb aytgandi.

Terrorga qarshi kurash bahonasi

Rossiyaning o‘z rejasiga ko‘ra Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini kuchaytirishi Moskvaning “do‘stlarini dushmandan himoya qilish”dan ko‘ra, yo‘qotilgan sovet hududlari ustidan nazoratni qayta qo‘lga olish maqsadlarini ochiqlamoqda, deydi mustaqil tahlilchilar.

Moskvaning tayyorgarlikni kuchaytirish haqidagi da’volarida jon bor, deydi tbilisilik siyosatshunos va Gruziya Strategik tahlil markazi asoschisi Nodar Xarshiladze.

Bunday sa’y-harakatlar radikal terrorchilar va Afg‘onistondan kelayotgan noqonuniy narkotrafikka qarshi kurashga qaratilgan, dedi u Karvonsaroy nashriga. Kreml iloji boricha bunday tahdidlarni Rossiya chegarasidan uzoqroqda bartaraf etishdan qonunan manfaatdor.

Ammo Moskva, ayniqsa Xitoy borgan sari kuchli raqib sifatida shakllanib borayotgan bu hududda o‘z mavqeini oshirish kabi yashirin maqsadlarga ham ega, deb ogohlantirdi u. Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritishdan tashqari “Xitoy o‘z qo‘shnilari bilan harbiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazib turadi”, deydi Xarshiladze.

Bir vaqtning o‘zida, Markaziy Osiyo, hatto geografik jihatdan uzoq bo‘lgan G‘arbning ham e’tiborini tortgan, dedi u. Rossiyaning azaliy ittifoqchisi bo‘lgan Qozog‘iston yaqinda hatto harbiy masalalarda ham AQSH bilan hamkorlikni kuchaytirdi.

Xarshiladzening fikricha, Xitoy va Qo‘shma Shtatlar bilan raqobatlashish Rossiyani asabiylashtirmoqda.

Boshqa kuzatuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini yo‘qotishdan norozi ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Rossiyaning “qo‘g‘irchoq ommaviy axborot vositalari” so‘nggi vaqtlarda Ostona Moskva istaklaridan uzoqlashgani sabab “muntazam noroziligini” bildirmoqda, degan edi aprel oyida olmaotalik siyosatshunos Marat Shibutov Rezonans.kz nashriga. Bu bilan u Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar tomonga yuzlanayotganini nazarda tutgan.

Masalan, Qozog‘iston deputatlari 6-mart kuni Kaspiybo‘yidagi ikkita portni noharbiy yuklarni Qo‘shma Shtatlardan Afg‘onistonga Rossiyani chetlab o‘tib tashishga ruxsat beradigan hujjatni ma’qullaganlar.

Rossiya Qozog‘istonga qarshi “dezinformatsiya va soxta xabarlarni” ishga solishdan qo‘rqmaydi, dedi Shibutov.

Rossiya bilan hamkorlik qilish xatarlari

Rossiya va Qozog‘iston avval hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, bunday shubhali sherikka ko‘r-ko‘rona ishonish xavfli, deydi bir qator qozog‘istonlik kuzatuvchilar.

Masalan, bu ikki mamlakat Rossiya texnologiyalariga asoslangan havo mudofaasi tizimidan birgalikda foydalanadi. Rossiya ishlab chiqqan bunday tizimlar Qozog‘iston uchun geosiyosiy muammolarni keltirib chiqaradi, deydi olmotalik siyosatshunos Ruslan Jang‘azi.

Mamlakat mudofaasini “boshqa davlat, hatto ittifoqchi davlatga ham ishonib bo‘lmaydi”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

Rossiya Budapesht Xavfsizlikni ta’minlash memorandumini ochiqchasiga buzgan vaqtida ishonchsiz ekanini isbotlab bo‘lgan, dedi u. 1994-yildagi shartnoma asosida Ukraina, Belarus va Qozog‘iston sovet davri yadro qurollarini topshirishi evaziga Rossiya ularga nisbatan tajovuz qilmasligi kerak edi.

2014-yilda ushbu paktni inkor etgan holda Rossiya Qrimni Ukrainadan tortib oldi va Rossiya harbiylari va ko‘ngilli “jangarilarni” u yerdagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun sharqiy Ukrainaga yubordi. Urush shu kungacha davom etmoqda.

Bu hatti-harakati bilan Rossiya “xalqaro bitimlarni oddiy qog‘oz parchasidek” ko‘rishini namoyish etdi, dedi Jang‘azi. “Biz esa soddalik bilan bu memorandumlarni xavflarga qarshi kafolat sifatida qabul qilmoqdamiz.”

Markaziy Osiyoning “zaifligi”

Nisbatan yosh bo‘lgan Markaziy Osiyo qurolli kuchlarining Rossiyaga tobeligi bu mamlakatlar zaifligining ortishiga yana bir sababdir, dedi Xarshiladze.

Rossiyada sovet davrida uzoq yillar davomida Markaziy osiyolik son-sanoqsiz askarlar va xavfsizlik xizmatlari xodimlarining tayyorlangani Markaziy Osiyo mamlakatlarining mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish tizimlariga Rossiya agentlarining sizib kirishini ancha osonlashtiradi.

Qolaversa, qo‘shma harbiy o‘quv mashqlarini o‘tkazish orqali Kreml “mahalliy qurolli kuchlarning jangovar va operativ imkoniyatlari haqidagi qimmatli axborotni qo‘lga kiritishi mumkin”, dedi u. “Bunday axborot nizo vaqtida katta ustunlik beradi”.

Xarshiladzening fikricha, Rossiya o‘z manfaatlariga qarshi biror tahdidni sezadigan bo‘lsa, Markaziy Osiyodagi ta’sirini saqlab qolish uchun o‘zidagi barcha vositalar, jumladan harbiy vositalarni ishga solishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xavotirlar bevosita tajovuz bilan bog‘liq emas.

"Katta ehtimol bilan, Rossiyaning harbiy bazalari noan’anaviy va gibrid taktikalar - yashirin amaliyotlar, etnik tanglikni keltirib chiqarish maqsadida turli fitna va ig‘volarni amalga oshirish uchun ishlatiladi", dedi u Karvonsaroyga.

“Ushbu harakatlar Rossiya hududidan turib amalga oshiriladigan kiberhujumlar va axborot xurujlari bilan birga olib boriladi”, dedi u. “1991-1993 yillar va 2008-yilda Gruziya (undan ajralib chiqqan Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlaridagi), 2014-yilda Ukrainadagi (Qrim) Rossiya bazalari ham xuddi shunday vazifani bajargan edi”.

Qozog‘iston “har narsaga tayyor”

Kremlning Gruziya, Ukraina, Moldova va Boltiqbo‘yidagi hatti-harakatlariga guvoh bo‘lgan Qozog‘iston rasmiylari o‘zlarining “strategik sheriklari” borasida xomxayollarga berilmayapti.

Prezident Nursulton Nazarboyev o‘tgan yilning noyabr oyida Qozog‘istonning yangi harbiy doktrinasini tasdiqlagan edi. Hujjatda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushdan chiqarilgan xulosalar ham inobatga olingan.

Finprom tahliliy saytiga ko‘ra, Qozog‘iston mudofaa maqsadlari uchun ko‘proq mablag‘ sarflay boshlagan. 2018-yilning dastlabki ikki oyi davomida mudofaa xarajatlari 2017-yilning xuddi shu davriga nisbatan 7,7 foizga o‘sgan.

7-may kuni Qozog‘iston janubida o‘tkazilgan harbiy parad chog‘ida Nazarboyev yangi tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurasha oladigan maxsus tezkor kuchlar tashkil etilganini e’lon qildi.

“Bugungi kundagi geosiyosiy voqelik har qanday vaziyatga tayyor turishni taqozo etmoqda”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 16

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya oldingiday koʻrinishi mumkin lekin unday emas. Chunki Rossiya Sovet parchalanishidan ancha dars oldi. Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi deganlariday Rossiya avvalgidek bosim emas tinch yoʻl bilan kirishga harakat qilyabti. Agar Rossiya bu ishni qilmasa unda bilinki MOda yo YSh yo ShT ssenariysi takrorlanadi.

Javob berish

Bir tarafdan qo'shilsa bo'ladi lekin bu maqola Rossiyani bizning ko'zimizga yomon ko'rsata olmaydi. Qrim u yerdagi tub aholi hohishi bilan Rossiyaga qo'shib olingan

Javob berish

Maqolada yozilgan narsalar ayni haqiqat.

Javob berish

Bu sayt g‘irt tashviqotchi.

Javob berish

Bu sayt bizga "hey ko'zingni och" demoqda. Propagandachi emas, ogohlik qo'ng'irog'i

Javob berish

Hoy yankilar 1945-yildan beri mashg‘ulot o‘tkazgan yerlaringni bir yodga olsakchi: Yaponiya, Vyetnam, Yugoslaviya, Iroq? Eron va Korea navbatda. Ichidan chirib bitgansizlar.

Javob berish

Rosa rossiyaparast trollar bu saytni bosib ketbti.

Javob berish

"Аляска бизники" эканлигини ёдимиздан чиқармаслигимиз керак (Қрим аннексия қилинганидан кейин машҳур бўлган "Қрим бизники" шиори каби)

Javob berish

Bo‘lmagan gaplar, ertaklar, yankilar va ularning ittifoqchilaridan qo‘rqish kerak. Iroq, Liviya, Misrda nimalar bo‘lganini ko‘ring. Amerika yovuzlik imperiyasi, ularda axloq va insof yo‘q, ularning ma’budi – dollar. Rossiya Markaziy Osiyodagi sobiq ittifoq respublikalarining azaliy va ishonchli ittifoqdoshi. Ukrainaga esa achinish kerak, ular YI va amerikoslarga ishondilar, natijasi esa ayanchli bo‘ldi. Bandera qahramon deb hisoblanadigan yerda SS faxriylariga ta’zim qilinadi, afsus. Ukraina bu Shevchenko, Lermontov, Buzina

Javob berish

Hammasi uydirma, Rossiya MDH mamlakatlariga bemalol nafas olishga bermaydi, hukumatlarimizga ochiqdan-ochiq tahdiq qilmoqda, bularning hammasi tushunarli-ku.

Javob berish

Oilangizni boqish uchun millionlab Rossiyaga kelishga majbur qilayotgan hukumatning nima keragi bor? Hukumatni tepib chiqarib, qaytib imperiya yarating, unda tolibonlar, xitoylar va boshqa axlatlar keragi yo‘q!

Javob berish

Taxt qulagan bo‘lsa ham, Rutiniyada dunyoga hokim bo‘lishga intilish yo‘qolgani yo‘q.

Javob berish

Xitoyning Rossiyadan yoki ingliz va amerikashkalardan nimasi yaxshi?

Javob berish

Xullas, bu sayt bir pulga qimmat, AQSH ta’siri ostidagi sayt ekani ma’lum bo‘ldi xolos, Rossiyani qoralashdan boshqa ishi yo‘q

Javob berish

Ukraina va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashgan AQSH u yerlardagi holatlarni keltirib chiqargan. Rossiya bunga javob qaytarishi kerak edi.

Javob berish

G‘irt safsata. Muallif, ayniqsa, qo‘shni Afg‘oniston hududidan terrorizm xavfining jiddiy ekanligiga shubha qilyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, kasbini o‘zgartirsin.

Javob berish