Karvonsaroy
Xavfsizlik

Kreml Putinning harbiy jinoyatlarini yashirish uchun “maxfiy armiyadan” foydalanmoqda

Karvonsaroy va AFP

Notanish shaxslar Ukraina harbiy bazasi oldida soqchilik qilmoqda, Perevalnoye, Qrim, 2014-yil, 16-mart. “Wagner Group” Ukrainada paydo bo‘lgan, guruhning yollanma askarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin buyrug‘i asosida ishlashadi. (Dimitar Dilkoff/AFP)

Notanish shaxslar Ukraina harbiy bazasi oldida soqchilik qilmoqda, Perevalnoye, Qrim, 2014-yil, 16-mart. “Wagner Group” Ukrainada paydo bo‘lgan, guruhning yollanma askarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin buyrug‘i asosida ishlashadi. (Dimitar Dilkoff/AFP)

MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putinning kallakesar hamda sobiq mahbuslardan tashkil topgan “maxfiy armiya”dan foydalanishi uning rejimi boshqa davlatlar siyosatiga aralashishda qanchalik uzoqqa borishiga aniqlik kiritadi.

Rossiyaning Ukraina siyosatiga aralashib, beqarorlik keltirib chiqarish uchun niqob taqqan yollanma “ko‘ngillilar”dan foydalanish orqali Qrimni tortib olishidan, to Suriya rejimining davomli harbiy jinoyatlarini qo‘llab-quvvatlashigacha– ushbu guruh bir necha nizoli hududlarda Putinning iflos ishlarini bajarish uchun ishga solingan.

Suriyada “Wagner Group”ning ishtiroki haqidagi savollar 7-8-fevral kuni AQSH va uning ittifoqchi askarlari Dayr az-Zorda Suriya rejimiga sodiq bo‘lgan yuzlab jangchilar bilan to‘qnash kelganidan so‘ng kuchaydi.

Turli ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, AQSH harbiy kuchlari “Wagner Group”ning 200 tacha a’zosini o‘ldirish bilan javob qaytargan.

Yevgeniy Prigojin (markazda) Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev (o‘ngda) bilan suhbatlashmoqda. Surat sanasi noma’lum. Prigojin keng ommaga dunyoning turli burchaklaridagi urush zonalarida faoliyat yurituvchi maxfiy armiyaga ega “Wagner Group”ning homiysi sifatida tanilgan. [Fayl]

Yevgeniy Prigojin (markazda) Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev (o‘ngda) bilan suhbatlashmoqda. Surat sanasi noma’lum. Prigojin keng ommaga dunyoning turli burchaklaridagi urush zonalarida faoliyat yurituvchi maxfiy armiyaga ega “Wagner Group”ning homiysi sifatida tanilgan. [Fayl]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (markazda) Wagner xususiy harbiy kompaniyasining Dmitriy Utkin (o‘ngdan oxirgisi) va boshqa qo‘mondonlari bilan suratga tushmoqda. Ushbu fotosurat 2016-yil dekabr oyida olingan deb taxmin qilinadi. (Fayl)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (markazda) Wagner xususiy harbiy kompaniyasining Dmitriy Utkin (o‘ngdan oxirgisi) va boshqa qo‘mondonlari bilan suratga tushmoqda. Ushbu fotosurat 2016-yil dekabr oyida olingan deb taxmin qilinadi. (Fayl)

17-mart kuni olingan suratda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Suriya prezidenti Bashar Asadning Aleppo shahridagi portretlari tasvirlangan. (Jorj Urfalyan/AFP)

17-mart kuni olingan suratda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Suriya prezidenti Bashar Asadning Aleppo shahridagi portretlari tasvirlangan. (Jorj Urfalyan/AFP)

Bir necha kunlik sukutdan so‘ng, Moskva o‘ldirilganlar qatorida besh nafar Rossiya fuqarosi bo‘lganini va ularning “bir necha o‘n nafari” jarohat olganini, shu bilan birga, ularning barchasi Suriyaga “o‘z ixtiyori bilan borganligini” tan olgan.

Shunga qaramay, Conflict Intelligence Team (CIT) nomi bilan tanilgan rossiyalik tergovchi-bloggerlar guruhi o‘nlab halok bo‘lganlarning barchasi “Wagner Group” a’zolari ekanligini aniqlagan.

“Wagner Suriyada Rossiyaning maxfiy armiyasi sifatida baholanishi kerak, chunki u Latakiya va Sharqiy Suriyada Rossiyaning harbiy operatsiyalari uchun frontdagi muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi”, deydi CIT jamoasi vakili Kirill Mixailov AFP nashriga.

Kreml Rossiya yollanma askarlarining mavjudligini tan olmay, ularning Suriyadagi rolini inkor etishga uringan.

“Biz faqat Rossiya harbiylariga aloqador ma’lumotlarga egamiz”, dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 13-fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda. “Suriyada bo‘lgan boshqa rus fuqarolari haqida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q.”

Suriyada Rossiya fuqarolarining o‘limi sababli g‘azabga tushgan siyosatchi Grigoriy Yavlinskiy shunday dedi: “Rossiya armiyasining Suriyadan olib chiqilishi haqida prezident va mudofaa vaziri bergan bayonotlarga qaramay, Suriyadagi harbiy operatsiyalarda Rossiya fuqarolarining ishtirok etgani yuzasidan izoh berilishini talab qilaman.”

Siyosatga aralashish tarixi

Wagner sobiq Rossiya harbiy razvedkasi zobiti Dmitriy Utkin tomonidan tashkil etilgan. U 2013-yil kuzida Suriyaga yuborilgan birinchi harbiy konvoy safida bo‘lgan.

Ammo, ularning uncha yaxshi qurollanmagan missiyalari muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi. Guruh bir nechta janglarda qatnashib, tezda Rossiyaga qaytdi, u yerda mazkur rejani qo‘llab-quvvatlagan ikki shaxs yollanma askarlik qilishda ayblanib, uch yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

2014-yil, iyun oyida Utkin “Wagner Group” asos solingan joy – sharqiy Ukrainada Rossiyaparast ayirmachi kuchlar safiga qo‘shilgan, deyiladi Ukrainadan olingan rasmiy xabarlarda.

Shu yilning o‘zida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va minglab Rossiya askarlari joylashgan Qrimni o‘z hududiga qo‘shib oldi.

Kreml Kiyev va Garb tomonidan sharqiy Ukrainada uning armiyasi joylashgani haqidagi ayblovlarni – u yerdagi ruslarni “ko‘ngillilar” deb atab – doimiy ravishda rad etib kelmoqda.

Kreml sobiq Sovet davlatlari va boshqa mamlakatlarning ichki siyosatga aralashganini rad etib keladi ammo, uning hatti-harakatlari mustaqil davlatlar suverenitetiga rahna solish va qo‘shnilarini qo‘rqitish niyatida ekanini yaqqol namoyon etadi.

2015-yilning kuz oyida Rossiya Kremlning ittifoqdoshi va Suriya prezidenti Bashar Asadning rejimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Suriya siyosatiga aralashuv operatsiyasini boshlagan paytda Utkin yana yuzaga chiqdi.

U 2016-yil dekabrda Kremlda “Vatan qahramonlari” xotirasiga bag‘ishlangan telemarosimda qatnashgan va shu kuni Putin bilan birga suratga tushgan.

Neftni sotishdan tushgan dollarlarga kun ko‘rish

Wagner sankt-peterburglik biznesmen va Putinning ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtiriladi. U Rossiya armiyasi va hukumati bilan serdaromad shartnomalar tuzishdan avval umumiy ovqatlanish sohasida juda katta mablag‘ga ega biznesmen bo‘lgan, deb xabar beradi bir nechta Rossiya va AQSH ommaviy vositalari.

2016-yilning boshlarida, “Wagner Group” moliyalashtirish manbalarini yo‘qotishni boshladi, buning natijasida “Prigojin boshqa shartnomalar tuzish yo‘llarini izlagan, shulardan biri qazilmalardan 25 foizlik ulush evaziga Damashqdagi neft-gaz konlari va infratuzilmalarini ozod qilish bo‘lgan”, deb xabar berdi guruhning sobiq a’zosi rus tilidagi “Sovershenno Sekretno” haftalik nashriga.

Shu maqsadda u “Evro Polis” kompaniyasiga asos soldi, bu kompaniya 2016-yil dekabr oyida Asad hukumati bilan shartnoma tuzdi va ayni damda Wagner yollanma askarlariga oylik maosh to‘lashga mas’ul. Ularning oylik maoshi 3500 AQSH dollaridan 5000 AQSH dollarigacha.

“Katta ehtimol bilan, Prigojinning kompaniyalari boshqa manbalardan, jumladan, Suriya hukumatidan keladigan mablag‘larni kerakli joylarga yo‘naltiradigan markaz bo‘lib xizmat qiladi”, dedi Frantsiyaning Xalqaro aloqalar instituti tadqiqotchisi Pavel Baev.

Rossiyaning maxfiy armiyasi “muvaffaqqiyatsiz”

Suriyada “Wagner” jangchilarining soni tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Republic.ru onlayn nashrining xabar berishicha, 2016-yilning mart oyida askarlarning soni 2500 ga yaqin bo‘lgan.

Harbiy operatsiya boshlanganidan beri yollanma askarlarni joylashtirish 350 million AQSH dollariga tushgan, deb xabar beradi nashr.

Puldor ittifoqdoshlari borligiga qaramay, “Wagner”ning harbiy missiyasi “aslida muvaffaqiyatsiz”, dedi sobiq “Wagner” xodimi.

“Wagner” safiga qo‘shilishdan avval, 40 foiz yollanma askarlar jiddiy jinoyatlar uchun qamalgan va uning a’zolari bir-birlarini “omadsiz” deb atar edilar, dedi u.

“Sifati past” yollanma askarlar, “Wagner” avtonom armiya sifatida faoliyat yuritishi va Rossiyaga tegishli bo‘lmagan guruhlardan harbiy missiyalarni qabul qilib olishi haqidagi fikrlar, Suriyaning o‘zida ham, Moskvadagi hukmron doiralar ichida ham qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ldi.

Rossiyaning “maxfiy armiyalar” xizmatidan foydalanishi yo‘qotishlarni inkor etish va hisobga olmaslik kabi ikki foydaga ega, deydi tahlilchi Baev.

“Wagner Group” kabi resurslarning muammosi shundaki, ular hech qachon to‘liq nazorat qilinmaydi va keyinchalik jilovdan chiqib ketishi mumkin.

Keyingi manzil qayer bo‘ladi?

Putinga qarashli “maxfiy armiya”ning keyingi ehtimoliy nishoni haqida juda ko‘p taxminlar bildirilgan.

Markaziy Osiyo liderlarining yaqinda Ostonada o‘tkazgan uchrashuvi mintaqaning siyosiy va iqtisodiy kelajagidagi muhim o‘zgarish va sobiq Sovet davlatlari o‘rtasida Rossiya ta’sirisiz yaqin hamkorlik o‘rnatish tomon tashlangan qadam sifatida baholanmoqda.

Kuzatuvchilar bunday mustaqillikka Kreml qanday javob berishi mumkinligi haqida fikr yuritmoqdalar, zero, Putin va uning rejimi Markaziy Osiyoni “Buyuk Rossiya”ning bir qismi sifatida ko‘radi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya bilan kelishuv u yozilgan qogʻozga ham arzimaydi.

Javob berish

Insof bilan gapiring, Rossiyaga Osiyo respublikalari nega kerak? Sizlardan zoʻrgʻa qutuldik-ku oʻzi. Ishoning, eng dahshatli tushda ham sizni Buyuk Rossiya tarkibida koʻrishni istamaymiz. Yashang, boy boʻling, nima qilsangiz qiling. Ammo bizsiz. Nari borsa bizga qoʻshnisiz, undan ortigʻi emas.

Javob berish

“Rossiyaning bir qismi”, nima degani? Kreml bu davlatlar bilan qabul qilingan bitimlarni mensimaydi deganimi? Bunga Ukraina yaqqol misol boʻla oladi!

Javob berish

Qaddini rostladi va cho‘kib qoldi. Lekin Melaniyaning oyoqlari jozibaliroq. (“Chirog‘im, ko‘zguyim ayt, so‘yla bor haqiqatni...” – Pushkin ertaklaridan)

Javob berish

Yashiradigan nima bor? Hammasi kundek ravshan va (jinoyat) jazosiz qolayotgani ham aniq. U tuyaqushning ustiga minib, uning boshini qumdan chiqarishi va majburlashi kerak!

Javob berish