https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/11/19/feature-01
| Terrorizm

Markaziy Osiyo tahlilchilari “Malhama Tactical” yollanma guruhi borasida oʻz xavotirlarini bildirdi

Maksim Yeniseyev

image

“Malhama Tactical” guruhi rahbari Abu Salmon Belarus al-Qoida bo‘linmasi bo‘lgan Tahrir ash-Shom a’zolari bilan Suriyaning Idlib shahri yaqinida o‘tgan mashqlar chogʻida, 14-noyabr kuni olingan surat. (File)

TOSHKENT – O‘zbekistonga aloqador xususiy harbiy pudratchining Suriyadagi ekstremistlar bilan birga ishlayotgani Markaziy Osiyoda xavotirlarni keltirib chiqargan, sababi guruh oʻz saflarini va mashg‘ulot bazalarini moliyalashtirishni kengaytirmoqda.

“Malhama Tactical” 2013-yildan beri Suriyada faoliyat olib borgan, u yerdagi ekstremist guruhlar a’zolarini qurollardan foydalanish, harbiy taktika va favqulodda tibbiy yordam koʻrsatish bo‘yicha tayyorgarlikdan oʻtkazgan.

Guruh ikki yoʻnalishning eng yomon jihatlarini – yollanma jangarilik va ekstremizmni oʻzida birlashtirgan.

“Malhama Tactical”ning mijozlari qatorida Jabhat Fatah ash-Shom (avvalgi nomi al-Nusra jabhasi), al-Qoidaning Suriyadagi boʻlinmasi, Ajnad al-Kavkaz – chechenlar boshqaruvidagi Suriyaning radikal jangari guruhi, Jaysh al-Muhojiriyn val-Ansar, al-Nusra jabhasiga aloqador yana bir suriyalik guruh va Turkiston Islom harakati, avvallari Sharqiy Turkiston Islom harakati (STIH) nomi bilan tanilgan Xitoyning Shinjon muxtor viloyatidan chiqqan uyg‘ur jangari guruhlari bor.

image

Suriyadagi “Malhama Tactical” lagerida uyg‘ur ekstremistlari mashq qilmoqda. Mashq jarayoni aks etgan video 4-noyabr kuni guruhning Telegram kanalida chop etilgan. (File)

image

Maldiv orollaridan kelgan yollanma jangarilar Suriyadagi “Malhama Tactical” lagerida o‘tgan mashgʻulotlardan soʻng dam olishmoqda, surat 10-noyabr kuni Twitter sahifasida joylashtirilgan.

image

“Malhama Tactical” guruhining oʻldirilgan asoschisi Abu Rofiqning fotosurati guruhning VKontakte sahifasida.

Ayni damda “Malhama Tactical” Jabhat al-Nusra guruhining so‘nggi ko‘rinishi - Hayat Tahrir ash-Shom bilan yaqindan bog‘liq, degan edi “Malhama Tactical”ning hozirgi rahbari Abu Salmon Belarus avgust oyida “European Eye on Radicalisation” saytiga bergan intervyusida.

“Biz deyarli doim ular bilan birgamiz, ularga yordam beramiz va ular bilan birga jang qilamiz”, dedi u.

Markaziy Osiyo va Rossiyaga aloqadorlik

“Malhama Tactical”ning Markaziy Osiyoga aloqadorligi ayniqsa mintaqa kuzatuvchilarini xavotirga solmoqda.

Guruhga Abu Rofiq nomi bilan tanilgan o‘zbek asos solgan. U 2017-yil fevral oyida o‘ldirilgan. Uning haqiqiy shaxsi hamon noma’lum.

Rofiq o‘limidan avval, 2017-yil fevral oyida AQSHining “Foreign Policy” nashriga bergan intervyusida kompaniya O‘zbekiston va shimoliy Kavkazdan bo‘lgan 10 kishidan iborat ekanini aytib o‘tgan.

Ayni damda guruh aʼzolarining aniq soni nomaʼlum.

Rofiq O‘zbekistondan Rossiya ko‘chib o‘tgan, u yerda Rossiya harbiy desant kuchlari safiga qo‘shilgan. 2013-yilda Suriya ketgan.

Uning vorisi Abu Salmon Belarus esa asli belaruslik ekanligi aytiladi.

“Go‘yoki “olijanob jihodchi” Abu Salmon Belarus ijtimoiy tarmoqlarda va intervyularda uning guruhi fuqarolar, ayollar va bolalarga qarshi urushmasligini, faqat noma’lum “urush jinoyatchilariga” va harbiy obyektlarga qarshi jang qilishini aytib o‘tgan”, dedi toshkentlik siyosiy tahlilchi Umid Asatullayev. U Karvonsaroy iltimosiga ko‘ra, Abu Salmon Belarusning Twitter sahifasini tahlil qilib chiqdi.

“Hammasi yo‘lg‘on”, dedi u. “Uning eʼtiqodi haqiqiy terrorchilik guruhlari bilan hamkorlik qilishdan yoki tinch aholiga qarshi terrorchilik hujumlarini uyushtiradigan jangarilarni tayyorlashdan to‘smaydi.”

“Malhama Tactical” guruhi postsovet, jumladan, “o‘zbekcha” ildizlarga ega ekanligi ayniqsa xavotirli”, dedi Asatullayev.

Markaziy Osiyo tomon kengayish va tahdid

“Malhama Tactical” o‘z faoliyatini kengaytirishni rejalagan koʻrinadi.

“Malhama Tactical”ning Twitter sahifasida joylashtirilgan eng so‘nggi postlarning birida “Maldivlik birodarlar” deya taʼriflangan jangarilarining harbiy tayyorgarlikdan oʻtayotgan aks ettirilgan.

Belarus Twitterda 800dan ortiq “birodarlar” “Malhama Tactical” lagerida mashg‘ulot o‘tishni istayotganini va ular bilan yanada yaxshiroq muloqot qilish uchun fransuz tilini o‘rganishni rejalashtirayotgani haqida yozgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ular rus tilida juda yaxshi yozadilar va qurollar uchun rus tilidagi yo‘riqnomalardan foydalanadilar”, dedi Asatullayev. “Suriyadagi terrorchilar butunlay yo‘q qilinganidan soʻng, “Malhama Tactical” o‘z diqqatini Markaziy Osiyoga qaratishi mumkin, degan xavotirdaman.”

Twitterda Belarus tomonidan chop etilgan videoda Turkiston Islom harakatining uyg‘ur a’zolari deb taxmin qilinganlarning lagerda mashg‘ulot olib borayotgani ko‘rsatilgan. Twitterdagi boshqa suratlarda uyg‘urlarning taomi bo‘lgan lag‘mon tayyorlayotganlar tasvirlangan.

“Sharqiy Turkistonlik birodarlar va opa-singillarimiz tantana bilan mashg‘ulotlarni tamomladilar”, deb yozgan Belarus. “Yana uchta mashg‘ulotni boshlab yubordik va ishlashda davom etmoqdamiz.”

STIHga aloqador jangarilar Markaziy Osiyoda teraktlar uyushtirishga ulgurganlar.

2016-yilning 30-may kuni Bishkekda guruhning ikki a’zosi Xitoy elchixonasi yonida mashinani portlatib yuborishgan. Jinoyatchilardan biri Suriyada tayyorgarlikdan oʻtgan, deb xabar bergan edi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.

“Malhama Tactical” gurihiga o‘tkazilgan pullar – noqonuniy

17-oktabr kuni “Malhama Tactical” Suriyaning Hama viloyatida yangi mashg‘ulot lagerini qurib bitirganini e’lon qildi. Bundan avval Belarus Twitter sahifasida lager qurililshi uchun xayriya kampaniyasini e’lon qilgan edi.

12-noyabr kuni u o‘z Twitter sahifasida turk tilida odamlarni xayriyaga chaqirishda davom etdi, unda u yangi lager uchun chodirlar, ko‘rpalar, choyshablar, generatorlar va boshqa jihozlar kerakligini aytib o‘tgan. Guruh zamonaviy usullar, masalan, bitkoinlarda ham xayriyalarni qabul qiladi, degan u.

Toshkentlik huquqshunos Muslima Hakimova o‘zbekistonliklarni “Malhama Tactical” guruhi bilan munosabatlardan tiyilishga va ularga hech qanday pul, hatto kriptovalyuta ham yubormaslikka chaqirdi.

“2016-yilda O‘zbekiston qonunchiligiga terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishda ishtirok etganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi modda kiritilgan”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“Terrorchilik faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita moliyalashtirish yoxud mablag‘ yig‘ish bilan bogʻliq har qanday hatti-harakat uchun 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan”, dedi u. “Agar mablag‘ yig‘ish uyushgan guruh tomonidan amalga oshirilsa, 10 dan 15 yilgacha qamoq jazosi beriladi.”

Sizga maqola yoqdimi?
33
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha

Uygʻurlarning bunga nima daxli bor? Summadagi qatliomni oqlaydigan qandaydir bahona qidirishyaptimi?

Javob berish