CHOʻLPON-OTA, Qirgʻiziston – “Qirgʻiziston durdonasi” nomi bilan tanilgan Issiqkoʻl mamlakatning asosiy sayyohlik maskani sifatidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda.
Oʻtgan yili Issiqkoʻlga 900 ming sayyoh tashrif buyurdi. Qirgʻiziston turizm vazirligi maʼlumotlariga koʻra, koʻl hududi har yili 1,5 millionga yaqin sayyohni jalb qilishi mumkin.
Tabiiy resurslari kam boʻlgan mamlakat uchun turizm sanoati ekstremizm taʼsirini kamaytiradigan iqtisodiy imkoniyatlarni taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
Samolyotlar, poyezdlar va avtobuslar
Koʻlga eltuvchi transport vositalarining koʻpaygani turizmni kuchaytirgan. 1-iyuldan boshlab, Qozogʻistonning Olmaota shahridan Issiqkoʻl xalqaro aeroportiga har dushanba va juma kunlari charter aviareyslar yoʻlga qoʻyildi. Dam olish maskani joylashgan Choʻlpon-ota shahri aeroportdan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Issiqkoʻlning shimoliy sohili, 2-iyul. “Qirgʻiziston durdonasi” deb ataluvchi, baland togʻlarda joylashgan Issiqkoʻl mamlakatning asosiy sayyohlik maskani hisoblanadi. (Aydar Ashimov)
Endi esa olmaotaliklar togʻ koʻlida dam olish uchun bor-yoʻgʻi 40 daqiqalik parvoz bilan manzilga yetib olishlari mumkin.
Bu orada, Toshkentdan Issiqkoʻlga charter aviareyslar 27-iyundan 6-sentyabrga qadar amalga oshiriladi. AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi bu yoʻnalishni ommalashtirish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatayotgan sayyohlik agentliklari xodimlarini xalqaro sayyohlik standartlariga mos ravishda oʻqitishga koʻmaklashdi.
Toshkent-Issiqkoʻl poyezdi yozda payshanba kunlari qatnaydi. Issiqkoʻldan Toshkentga esa shanba kuni qaytib keladi.
Joriy yildagi ilk qatnov 6-iyun kuni amalga oshirildi.
Qozogʻiston va Oʻzbekistondan Issiqkoʻlgacha shaharlararo avtobus qatnaydi, ular yordamida Issiqkoʻlgacha 10-16 soatda yetib borish mumkin.
Qoʻshni mamlakatlarda yashovchilar Issiqkoʻlga turli yoʻllar bilan yetib olishlari mumkin. Masalan, Qirgʻiziston poytaxti Bishkekkacha borib, u yerdan avtobus yoki poyezd orqali uch-toʻrt soat ichida manzilga yetib oladilar.
Yaxshilangan xizmatlar
Toshkentlik Murod Nabiyev Issiqkoʻlga turmush oʻrtogʻi va uch farzandi bilan kelganini aytadi. Ular koʻlga tashrifdan bahra olmoqdalar.
“Bu yerga avtobusda keldik, 10 kun shu yerda boʻlamiz”, dedi u.
“Bu yerga bundan besh yil avval ham kelgandik”, deydi u. “Ijobiy oʻzgarishlarga guvoh boʻlyapmiz. Turli toifadagi oddiy va hashamatli mehmonxonalar, shuningdek, qahvaxonalar, doʻkonlar va suvli attraksionlar ochilgan.”
“Oʻtgan galgi safarimizga qaraganda odam ancha koʻp. Bu yerda bir hafta boʻldik, juda mamnunmiz”, dedi Nabiyev. Dam oluvchilar sayyohlarni himoya qilish uchun xizmat qilayotgan politsiya xodimlari soniga ahamiyat berayotgan boʻlishlari ham mumkin.