TOSHKENT – Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqiqlangan tashkilotlar, jumladan “Islom davlati” (ID) ekstremistik guruhiga aʼzolikda ayblangan 79 mahkumni afv etdi.
6-dekabr kungi bu qaror 8 dekabr kuni nishonlanadigan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan insonparvarlik siyosatining ifodasi oʻlaroq qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA).
Oʻzbekiston vazirlik va idoralari ozod qilingan mahkumlarga oilalari bagʻriga qaytish, jamiyatga qayta moslashish va ish topishda yordam beradilar.
Avvalroq, 27-avgust kuni Mirziyoyev Mustaqillik kuni munosabati bilan taqiqlangan tashkilotlarning 39 aʼzosini qamoqdan ozod qilgan edi.
“Oʻzbekistonda “taqiqlangan tashkilot” atamasi ostida, asosan “Hizbut-Tahrir”, “ID” kabi ekstremistik va fundamentalistik yoʻnalishdagi radikal diniy tashkilotlar tushuniladi”, deydi oʻzbekistonlik siyosatshunos Valeriy Xon.
Afv etilganlarning aksariyati erkaklardir. Dekabrdagi amnistiyada toʻrtta, avgustdagisida esa uchta ayol afv etilgan.
“Ekstremistik tashkilotlarga aloqador ayollarning aksariyati shu yili Suriya va Iroqdan Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan. Endilikda ularga jamiyatga qayta moslashishi uchun zaruriy yordam koʻrsatilmoqda”, deb xabar bergan huquq-tartibot idoralaridagi manba.
30-may kuni Oʻzbekiston hukumati Yaqin Sharqdagi mojaroli hududlarda qolib ketgan 156 nafar fuqarosini vataniga olib kelishga qaratilgan “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi oʻtkazilganini eʼlon qildi. Ular orasida 106 bola, 48 ayol va ikki erkak bor edi.
Keyinroq, 10-oktabr kuni Oʻzbekiston hukumati “Mehr-2” operatsiyasini amalga oshirib, 64 nafar yosh bola, jumladan 3 yoshgacha boʻlgan 14 ta bolani Iroqdan Oʻzbekistonga olib keldi.
Bolalar Iroq hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) koʻmagida vataniga qaytarilgan.
Oʻz farzandlarining Oʻzbekistonga qaytishiga rozilik bergan onalar ham Oʻzbekistonga qaytarilgan, biroq ular xalqaro terrorchilik tashkilotlariga aʼzolikda ayblanib hibsxonaga joylashtirilgan. Ayrim otalar Suriya yoki Iroqda vafot etgan, ayrimlari qamoqda yoki hamon terrorchilik faoliyatini davom ettirmoqda, deyiladi OʻzA xabarida.
“Nizoli hududlarda ruhiy va jismoniy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan” bolalar reabilitatsiya markazlariga joylashtirilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak, zarur tibbiy, ruhiy va ijtimoiy yordam bilan taʼminlangan. Ularga vasiylar va homiylar biriktirilib, maktabga joylashtiriladi, deyiladi xabarda.
“Bizda qaytganlarni reabilitatsiya qilish va sogʻlom, tinch, normal hayotga qaytarish boʻyicha tajriba bor. Umid qilamanki, bunday operatsiyalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi jiddiy ijobiy taʼsirga ega boʻladi va bundan keyin boshqalar bu kabi nizo hududlariga borishga intilmaydilar”, dedi tashqi ishlar vaziri Abdullaziz Komilov 25-sentabr kuni boʻlib oʻtgan BMT xavfsizlik kengashi uchrashuvida.
Uning soʻzlariga koʻra, mamlakat yana 200 dan ortiq oʻzbekistonlikni Suriya va Iroqdan evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Operatsiyaning qachon oʻtkazilishiga aniqlik kiritilmagan.
Komilov xalqaro hamjamiyat va xalqaro tashkilotlarni Oʻzbekistonning insonparvarlik saʼy-harakatlariga koʻmaklashishga chaqirgan.
Tinch hayotga qaytish
Birinchi “Mehr” operatsiyasi davomida evakuatsiya qilingan ayollar Oʻzbekistonda osoyishta hayotga qaytib, ID bilan bogʻliq oʻtmishlarini unutishga harakat qilmoqdalar.
Vatanga qaytgan ayollar bilan ruhshunoslar va shifokorlar ish olib bordi. Ularga moliyaviy yordam berilib, ish topishlariga koʻmaklashilmoqda.
15-noyabr kuni Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xotin-qizlar qoʻmitasi 2020-yilda ham vatanga qaytgan ayollarni ish bilan taʼminlash davom ettirilishini maʼlum qilgan.
“Koʻpchilik qanday qilib aldanganini tushunmaydi”, deydi vataniga qaytgan ayollardan biri Shaxzoda Qoraboyeva 30-may kuni “Oʻzbekiston-24” kanalida efirga uzatilgan koʻrsatuvda.
Qoraboyeva ID safiga qoʻshilish uchun eri va bolalarini tashlab ketganidan afsusda ekanligini aytgan.
“Muvaffaqiyatli integratsiya asosan ayollarning tinch hayot boshlash istagiga bogʻliq. Davlat esa oʻz oʻrnida barcha kerakli yordamni bermoqda”, dedi Xotin-qizlar qoʻmitasi ishchisi Asal Xoʻjayeva.
Iyun oyida hukumat “Mehr” operatsiyasi orqali Surxondaryo viloyatiga qaytib kelgan ayolga bir xonali kvartira sovgʻa qilgandi. Bu haqda Daryo.uz nashri xabar bergan.
Ayolga ishsizlik nafaqasi, tikuv mashinasi, oziq-ovqat va boshqa sovgʻalar topshirildi, katta oʻgʻli esa bolalar bogʻchasiga joylashtirildi.
“Menga koʻrsatilgan mehr va hurmatdan hayratda qoldim... Vatandoshlarimdan men qilgan xatolarni qaytarmaslikni soʻrayman”, dedi shaxsini ochiqlamagan ayol.