https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/10/02/feature-01
| Terrorizm

Suriya jamlogʻida ID jangarilaridan qolgan yetim bolalarning kelajagi mavhum qolmoqda

AFP va Karvonsaroy

image

Suriya shimoli-sharqida joylashgan Al-Hol jamlogʻidagi bolalardan biri, 2019-yil 8-avgust. (Delil Sulaymon/AFP)

AYN-ISSA, Suriya – Suriya shimolidagi jamloqning temir panjarasi yonida nogironlar aravachasida oʻtirgan toʻqqiz yoshli Ruqayya Muhammad jurnalistlardan berkinish uchun roʻmolini yuziga tortadi.

Misrlik qiz mart oyida Suriyadagi “Islomiy davlat” (ID) guruhiga qarshi uning soʻnggi istehkomida boʻlib oʻtgan janglar chogʻidachap koʻzi, oyoqlari va ota-onasidan judo boʻlgan.

Ayni paytda u ID jangarilaridan qolgan boshqa 23 nafar yetim bola bilan Ayn-Issaga koʻchirilganlar jamlogʻidagi ulkan chodirda, kattalar qaramogʻida kun kechirmoqda.

Bu yerda 18 oylikdan 13 yoshgacha boʻlgan bolalar bor. Ular Rossiya, Oʻzbekiston, Indoneziya, Tojikiston, Misr va iroqlik ota-onalardan dunyoga kelganlar.

image

Al-Hol jamlogʻidagi yetim bolalarning ayrimlari ularni oʻrab olgan ID ekstremistik mafkurasidan boshqa deyarli hech narsa bilmaydilar. “Xalifalik” qulashidan oldin suratga olingan ID videolavhasi kadrlarida ikki bolakay aks etgan. [Fayl]

image

Suriyaning Al-Hol jamlogʻidagi ID jangarilaridan qolgan yetim bolalarning taqdiri koʻpchilikni xavotirga solib kelmoqda. “Xalifalik” qulashidan avval tasvirga olingan ID videolavhasi kadrlarida ana shunday bolakaylarning bir guruhi aks etgan. [Fayl]

“Bolalarning ichida Ruqayya meni eng koʻp tashvishga soladi”, deydi yetimlarga qarashga koʻmaklashadigan 37 yashar Sora al-Abdulloh.

“U doim odamovi, uyatchan va gʻamgin koʻrinadi”, deydi uch farzandning beva onasi Sora. U Ayn-Issa jamlogʻida kichik haq evaziga bolalarga qaraydigan toʻqqiz ayoldan biridir.

Chodirning tashqarisida bolalarning jajjigina kiyimlari quritish uchun temir panjaraga ilib qoʻyilgan. Ichkarida esa bolalar pomidor bilan dudlangan yumshoq baqlajonga non botirib yeyishmoqda.

Koʻngillilardan biri yosh bolaning ogʻzini ochishga koʻndirib turgan bir vaqtda, boshqasi qoʻlidagi sutli idish bilan goʻdakni oziqlantirmoqda.

Bolakaylardan biri chodir boʻylab yugurib oʻtib, hayajon bilan oʻzini bir uyum koʻrpa-toʻshak ustida tashlaydi.

Nursiz bolalik

Koʻngillilarning aytishicha, ayrim bolalarda ID hukmronligi ostida marhum ota-onalari bilan kechirgan hayotlaridan ruhiy tushkunlik asoratlari koʻrinib turadi.

“Ular otishmachoq yoki yerga mina koʻmib, bir-birlari bilan urush-urush oʻynaydilar” deydi Sora Al-Abdulloh.

Yogʻoch boʻlaklaridan oʻyinchoq qurol qilib olgan bolakaylar ID jangarilarining qichqiriqlariga taqlid qilib, xayolan jang qiladilar, deydi u.

“Bularning bari bolalar ongiga oʻrnashib qolgan. Ular buni unuta olmaydilar”, dedi u. “Ular oʻqimaydilar, kichkina bolalar bilan oʻynamaydilar. Ular bunday narsalardan mahrum.”

2014-yilda ID Suriya va qoʻshni Iroqning katta qismini egallab olib, “xalifalik” eʼlon qilar ekan, Islomni shafqatsizlarcha talqin qilib, millionlab odamlarga oʻz hukmini oʻtkazishga urindi.

Mart oyida AQSH qoʻllovidagi suriyalik jangchilar ularni Bogʻuz qishlogʻidagi oxirgi manzilidan quvib chiqardi.

Isyonchilarga qarshi bir necha yillar davomida kurash olib borgan suriyalik kurdlar ixtiyoridagi hibsxona va jamloqlarda ID jangarilari deb gumon qilingan minglab erkak va ayollar, shuningdek, 8000 ga yaqin bola saqlanmoqda – ularning yarmidan koʻpi besh yoshgacha boʻlgan bolalardir.

BMTga koʻra, ular orasida yuzlab bolalar qarovchisiz qolgan.

Bir necha oyga choʻzilgan oziq-ovqat taqchilligi va shiddatli bomba hujumlaridan soʻng, jangning soʻnggi haftalarida Bogʻuzdan chiqib ketgan oʻn minglab aholi orasida Ayn-Issadagi 24 nafar yetim bola ham bor edi.

“Ularning ahvollari ayanchli edi. Kasalxonada yotib, davolanishdi”, deydi Ayn-Issa jamlogʻining boshqaruvchisi Jalol Iyaf.

Ammo jamloqqa yetimlar uchun hech qanday yordam berilmadi va hozirda ularni taʼminlashga qiynalyapmiz, deydi u AFP muxbiri bilan suhbatda.

“Biz ular uchun kiyim-kechak, oziq-ovqat, ichimlik soʻrayapmiz, shuningdek, ularni reabilitatsiya qilishga, ID mafkurasidan xalos etishga yordam beryapmiz”, dedi u.

Ogʻriqni yengillatish

Chodirga qaytar ekan, 20 yashar Suad Muhammad Amin endigina yurishni boshlagan bolaning boshiga futbolka kiygizadi.

Qizning aytishicha, bu bolalar nafaqat oziq-ovqat va kiyim-kechak, balki psixologik yordamga ham muhtoj.

“Men uchun eng ogʻir narsa – ota-onalari ularning koʻz oʻngida oʻldirilgani yoki aka-uka va opa-singillaridan qanday qilib judo boʻlganliklarini eshitish”, deydi u.

U musibatni yengillatish uchun bolalarga ertak aytib berishni va hatto qizlarga toʻqishni oʻrgatishga vaʼda berdi.

“Men hayotda koʻp narsani boy bergan bu bolalarga oʻqish va yozishni oʻrgataman, deb vaʼda berdim”, deydi u.

Ammo, jamloq boshqaruvchisi Iyafning taʼkidlashicha, ularni vataniga qaytarish eng yaxshi yechimdir.

Suriya shimoli-sharqidagi kurd rasmiylari bir necha bor jamloqda saqlanayotgan xorij fuqarolari, shu jumladan yetim bolalarni ham vataniga qaytarishga chaqirgan va bu chaqiriq jiddiy qarshiliklarga uchragan edi.

Boshqa bir tarbiyachi – 19 yashar Alaa Sulaymon as-Solih ham bolalarning uyga qaytishlariga umid qilmoqda.

“Chodirdagi vaziyat haqiqatan ham ogʻir”, deydi qizlarning ayrimlariga ilgak bilan toʻqishni oʻrgatayotgan yosh ayol.

“Umid qilamanki, bu bolalar boy berilgan bolalik va taʼlimni tiklash uchun oʻz yurtlariga qaytadilar”, dedi u.

Markaziy Osiyodagi repatriatsiya choralari

Oʻz navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari radikallashgan fuqarolarini Yaqin Sharqdan oʻz vataniga qaytarib, ularni jamiyatga moslashga harakat qilmoqdalar.

Bundan bir oycha oldin Qirgʻiziston rasmiylari jangariga aylanib, Suriya va Iroqda qoʻlga olingan yoki oʻldirilgan fuqarolarning oilalarini vataniga qaytarish ustida ish olib borilayotganini maʼlum qilgan edilar.

Hukumat maʼlumotlariga koʻra, ushbu operatsiyani muvofiqlashtirish bilan bosh vazir oʻrinbosari Jenish Razakov boshchiligidagi Qirgʻiziston idoralararo ishchi guruhi shugʻullangan boʻlib, uning tarkibiga Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (GKNB), Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari va Davlat roʻyxatga olish xizmati vakillari kirgan.

Rasmiy statistikaga koʻra, Suriya va Iroqdagi jangovar harakatlar hududlarida 850 nafar Qirgʻiziston fuqarosi, shu jumladan ayollar va yosh bolalar bor.

Shu bilan birga, yil boshida Suriyadan qaytgan qozoq ayollarini reabilitatsiya qilish ustida psixologlar, shifokorlar, diniy mutaxassislar va tergovchilar jiddiy ishlamoqda.

28-31-may kunlari Qozogʻiston hukumati Suriyadan 67 ayol va 171 bolani evakuatsiya qilib, “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasiga yakun yasadi. Evakuatsiya yil boshidan beri uchinchisi boʻldi. Operatsiya davomida jami 524 qozoq fuqarosi – 137 ayol, 357 bola va 30 erkak vataniga qaytarilgan.

30-may kuni Oʻzbekiston hukumati 156 nafar Oʻzbekiston fuqarosi, jumladan 106 nafar yosh bola va 48 ayolni vataniga qaytarish boʻyicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi oʻtkazilganini eʼlon qildi. Operatsiya doirasida ikki nafar erkak ham olib kelingan.

Bu orada, Tojikiston 1-avgust kuni Suriya va Iroqda hibsga olingan 48 nafar tojik ayolini vataniga qaytarish boʻyicha komissiya tuzilgani haqida maʼlum qilgan, deb xabar beradi Asia-Plus.

Avvalroq, tojik hukumati 30-aprel kuni Iroqdan 84 nafar tojikistonlik bolani vataniga qaytargan. Ularning onalari qamoqda yoxud mahkama jarayonini kutayotgan boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?
2
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha