Karvonsaroy
Terrorizm

Real voqealarga asoslangan oʻzbek filmi: “Islom davlati” ostidagi hayot va urush

Rustam Temirov

Yanvar oyidan Oʻzbekiston kinoteatrlarida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) koʻmagida “Oʻzbekkino” tomonidan suratga olingan, rejissyor Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmi namoyish etila boshlandi. Suratda film afishalari va eʼlonlari aks etgan, Toshkent, 13-yanvar. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Yanvar oyidan Oʻzbekiston kinoteatrlarida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) koʻmagida “Oʻzbekkino” tomonidan suratga olingan, rejissyor Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmi namoyish etila boshlandi. Suratda film afishalari va eʼlonlari aks etgan, Toshkent, 13-yanvar. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

TOSHKENT – Yanvar oyida Oʻzbekiston kinoteatrlarida ekstremistik harakatlar safiga yollangan oʻzbek fuqarolarining Yaqin Sharqdagi urush hududlarida kechgan hayotini aks ettiruvchi “Tutqunlik” filmi namoyish etila boshlandi.

Real voqealarga asoslangan film “Oʻzbekkino” tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) koʻmagida suratga olingan. Film rejissyori – Rashid Malikov.

Film premerasi 30-sentabr kuni Toshkent xalqaro kinofestivalida boʻlib oʻtdi. Oktabr oyida qator Oʻzbekiston telekanallari filmni efirga uzatdi, u YouTube tarmogʻiga ham joylandi va milliondan ortiq marta tomosha qilindi.

Film mamlakat kinoteatrlarida namoyish etilmoqda.

“Tutqunlik” filmini suratga olish jarayonida ishtirok etgan aktyorlar, 2021-yilning bahor-yoz oylari. [Oʻzbekkino]

“Tutqunlik” filmini suratga olish jarayonida ishtirok etgan aktyorlar, 2021-yilning bahor-yoz oylari. [Oʻzbekkino]

“Tutqunlik” filmini suratga olish jarayoni: aktyorlar va ijodiy jamoa, 2021-yilning bahor-yoz oylari. [Oʻzbekkino]

“Tutqunlik” filmini suratga olish jarayoni: aktyorlar va ijodiy jamoa, 2021-yilning bahor-yoz oylari. [Oʻzbekkino]

“Tutqunlik” filmi turli sabablar bilan Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga yoʻl olgan ikki oila va bir erkak haqida hikoya qiladi.

U yerga borgach, oilalar ajraladi.

“Islom davlati” (ID) erkaklarni jangovar tayyorgarlik lageriga yuboradi, ayollar va bolalar esa alohida lagerga joylashtiriladi.

Film davomida bosh qahramonlarning aksariyati halok boʻladi, oxirida bir ayol oʻz qizi va yetim bola bilan yolgʻiz qoladi. Erining vafotidan keyin uni boshqa jangariga turmushga berishadi.

Nihoyat, ayollar va bolalarni uylariga olib ketish uchun qochqinlar lageriga Oʻzbekiston bayrogʻi tushirilgan uchta avtobus yetib keladi.

Shundan soʻng film ayollar va bolalarni qochqinlar jamlogʻidan Toshkentga olib ketayotgan samolyot va “Mehr” insonparvarlik operatsiyasiga oid hujjatli lavhalar bilan davom etadi.

2019–2021-yillarda oʻtkazilgan insonparvarlik operatsiyasi natijasida Yaqin Sharqdagi mojaro hududlarida qolib ketgan 550 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari, asosan ayollar va bolalar vataniga olib kelingan.

Real voqealar

Film rejissyori Rashid Malikov operatsiya doirasida vataniga qaytarilgan ayollar bilan suhbatlashgan.

“Uchchala syujet chizigʻi ham real qahramonlardan olingan... ular real voqealarga asoslanadi”, deydi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

Masalan, hozirda Toshkent yaqinida yashovchi oʻzbek ayoli Nasibaning boshidan kechirganlari filmda oʻz aksini topgan.

Nasiba va uning 12 yoshli qizi turmush oʻrtogʻi va toʻngʻich qizining iltimosiga koʻra Turkiyaga 2014-yilning noyabr oyida kelishgan. Nasibaning kuyovi va ikki nabirasi bu mamlakatga avvalroq kelgan edilar.

Ammo, Turkiyada uni notanish odamlar kutib olgan, mikroavtobusga oʻtqazib, Suriyaga, u yerdan Iroqqa olib ketishgan.

U oʻz oilasini oʻsha yerga borib koʻrdi va ular jangariga aylanganini tushundi.

“Suriya va Iroqda avtomat koʻtargan erkaklarning koʻrinishi qoʻrqinchli va tahlikali edi. Erimni koʻrgan zahoti uni uyga qaytishga unday boshladim. Lekin u pasportlarimizni olib ketishganini, ortga yoʻl yoʻqligini aytdi”, dedi Nasiba.

2019-yil mart oyida Nasibaning koʻz oʻngida uning toʻngʻich qizi snayper oʻqidan halok boʻldi. Bu voqeadan ikki kun avval IDga qarshi kuchlar tashkillashtirgan bomba portlashi natijasida uning kuyovi halok boʻlgan edi.

Oradan bir oy oʻtib, aprel oyida erining boshiga ham xuddi shu kun keldi – Nasiba qizi va biri uch yarim yosh, ikkinchisi 11 oylik ikki nabirasi bilan yolgʻiz qoldi.

Xayriyatki, 2019-yilning may oyida Nasiba “Mehr” operatsiyasi doirasida Oʻzbekistonga qaytdi.

“Albatta, maqsadimiz – bu yoʻlga qadam qoʻymoqchi boʻlganlarni ogohlantirish. Odamlar filmni koʻrib, xulosa qilishlarini istayman”, deydi Malikov.

“Chunki ayrim odamlar, ayniqsa yoshlar, bularning barchasini erkinlik yoki boshqa narsa uchun kurash sifatida koʻradilar. Lekin har qanday urush oʻz haqiqatlari bilan qoʻrqinchli, ayniqsa Yaqin Sharqdagi bu urush”, dedi u.

“U yerda hech qanday ozodlik harakati yoki adolat oʻrnatish degan narsa yoʻq.”

“Bu xalqaro darajadagi inqilob emas-ku. Ularning ham qandaydir gʻoyalari bor, ular ortida esa uzoqni koʻzlovchi geosiyosiy maqsadlar yotadi.”

“Fojiali”

Malikovning filmi koʻpchilik tarafidan iliq kutib olingan.

“Tutqunlik” postanovka va stsenariysi bilan ajralib turadi, deydi toshkentlik sanʼatshunos-jurnalist Shoira Nusratova.

Filmning kuchli tarafi uning real voqealarga asoslanganidir. Bu badiiy filmlar uchun doim yutuqli jihat, deydi u.

“Shuningdek, filmda ilk bor oʻzbek jamiyatidagi mavjud muammolar: mehnat migratsiyasi va ishsizlik koʻtarib chiqilgan. Haqiqatan ham, ayrim qahramonlar Suriyaga pul uchun borganlar”, deydi Nusratova.

“Shunday boʻlsa-da, film ijodkorlarning Yaqin Sharqqa ketganlar qanday tuzoqqa tushib qolishini koʻrsatishga intilishi bilan eʼtiborga loyiq. Balki u yerdagi hayot [filmdagidan ham] qoʻrqinchliroq va fojialiroqdir, lekin kinoda hamma narsani aks ettirish imkonsiz”, dedi u.

Toshkentdagi oliy oʻquv yurtlaridan birining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan Nuriyaxonim Madaminova film unga manzur boʻlganini aytadi.

“Asosiysi, taglavhalarda koʻrsatilgandek, real hikoyalar. Bosh qahramonlarning taqdiri fojiali”, deydi u.

“Men uchun filmning mujdasi shunday: “Vataning va uying bor ekan, baxtni xorijdan izlama”, dedi Madaminova Karvonsaroyga.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500