Karvonsaroy
Terrorizm

Markaziy osiyoliklarning Suriya va Iroqdan qaytarilishi yoʻlidagi muammolar saqlanib qolmoqda

Kanat Altinbayev

Suriyadagi “Islom davlati” (ID) jangarilarining yaqinlari saqlanadigan kurdlar nazoratidagi “Al-Hol” jamlogʻidan yana bir qancha oilalar qoʻyib yuborildi: 18-mart kuni vataniga qaytishni kutayotgan ayollar va bolalar. [Delil Sulaymon/AFP]

Suriyadagi “Islom davlati” (ID) jangarilarining yaqinlari saqlanadigan kurdlar nazoratidagi “Al-Hol” jamlogʻidan yana bir qancha oilalar qoʻyib yuborildi: 18-mart kuni vataniga qaytishni kutayotgan ayollar va bolalar. [Delil Sulaymon/AFP]

BISHKEK – Aida (ismi oʻzgartirilgan) – yaqinlari Suriya shimoli-sharqida, Iroq bilan chegaradagi “Al-Hol” qochqinlar jamlogʻida qolib ketgan qirgʻiz fuqarolaridan biri.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, “Al-Hol”da 62 mingga yaqin odam boʻlib, ularning 80 foidan ortigʻi 60 ga yaqin turli mamlakatlardan kelgan ayollar va bolalardir.

Ular orasida Aidaning singlisi va olti yoshli jiyani ham bor.

Oktabr oyi oxirida Aida Suriyada qolib ketgan boshqa qirgʻiz ayollari va bolalarning qarindoshlari qatorida Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovga murojaat qilib, ularni vataniga olib kelishni soʻragan.

16-mart kuni vataniga qaytarilgan qirgʻizistonlik bolani koʻtarib turgan Qirgʻiziston Qizil yarim oy jamiyatining Bishkekdagi xodimi. [Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi]

16-mart kuni vataniga qaytarilgan qirgʻizistonlik bolani koʻtarib turgan Qirgʻiziston Qizil yarim oy jamiyatining Bishkekdagi xodimi. [Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi]

30-may kuni Suriyadan Toshkent aeroportiga yetib kelgan oʻzbekistonlik ayollar va bolalar. [Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati]

30-may kuni Suriyadan Toshkent aeroportiga yetib kelgan oʻzbekistonlik ayollar va bolalar. [Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati]

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi videolavhasining kadrlarida Mangʻistov viloyatidagi reabilitatsiya markazida Suriyadan Qozogʻistonga qaytgan ayollar va bolalar aks etgan.

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi videolavhasining kadrlarida Mangʻistov viloyatidagi reabilitatsiya markazida Suriyadan Qozogʻistonga qaytgan ayollar va bolalar aks etgan.

“Bu lagerda hali ham yuzlab qirgʻizistonlik ayollar va bolalar qolmoqda”, dedi Aida dushanba (15-noyabr) kuni Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Hozir u yerdagi vaziyat mudhish tus olgan – koʻp qochqinlarning yotar joyi yoʻq, chodirlar yetishmayapti, hatto chodirlar ham ularni yaqinlashib kelayotgan sovuqdan qutqara olmaydi”, dedi u.

Japarov maʼmuriyati bu borada qandaydir qaror qabul qilganmi-yoʻqmi, bu hozircha nomaʼlum.

“Hukumatimiz Suriya va Iroqdagi koʻplab bolalarni qutqardi, biz umidimizni uzganimiz yoʻq”, dedi Aida.

Bishkeklik siyosatshunos, YXHT akademiyasining dotsenti Emil Joʻrayevning qayd etishicha, oʻz fuqarolarini repatriatsiya qilish siyosatini noldan boshlayotgan Markaziy Osiyo davlatlari bu borada tajribaga ega boʻlmagani uchun cheklangan ijtimoiy-iqtisodiy resurslar va infratuzilmaga oid muammolarga duch kelishgan.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston bu borada katta muvaffaqiyat qozongan boʻlib, ularning har biri oʻz fuqarolari, asosan, ayollar va bolalarni vataniga olib kelish uchun bir nechta reyslar tashkil qilgan, Qirgʻiziston va Tojikiston esa bittadan reys uyushtirdi, dedi u.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida birinchi boʻlib oʻz fuqarolarini qaytarishni boshlagan Qozogʻiston hukumati 2019-2021-yillar davomida “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida Suriya va Iroqdan 700 dan ortiq qozogʻistonlikni vataniga olib kelgan.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston hukumati Suriya va Iroqdan 318 nafar oʻzbekistonlik ayol va bolani uch bosqichda vataniga qaytardi.

Tojikiston va Qirgʻiziston ham xuddi shunday amaliyotlar oʻtkazdi.

“Biror muammoni ajratib koʻrsatish qiyin. Koʻp qiyinchiliklar boʻldi va ularning hammasi koʻp qirrali”, dedi Joʻrayev Karvonsaroy bilan suhbatda. “Ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat ularning eng asosiysi emas”.

Birinchi bosqichda Iroq hukumati bilan qiyin muzokaralar jarayoni kechdi, Suriya rasmiylari bilan esa umuman hech qanday muzokara olib borish imkoni yoʻqligi haqida gapirmasa ham boʻladi.

Mezbon davlatning roziligi va hamkorligisiz Markaziy Osiyo fuqarolarini vataniga qaytarish uchun aviareyslar tashkil etish imkonsiz, dedi u.

Ammo repatriantlar vataniga qaytganida ham huquqiy muammolar yuzaga keladi. Ularning koʻpchiligi, ayniqsa, bolalarning hujjatlari yoʻq, deydi Joʻrayev.

Hech qachon hujjati boʻlmaganlar uchun ularni qayta rasmiylashtirish – mushkul masala. Koʻpincha repatriantlarning farzandlari urush hududida tugʻilgani, ularning ota-onasini aniqlashning iloji boʻlmagani yoki urushda vafot etgani sababli yetimning maqomini aniqlash imkoni boʻlmaydi.

“Shu tariqa bu missiya koʻplab muassasalar, ham davlat idoralari, ham xalqaro va vakolatli nodavlat notijorat tashkilotlarining yaxshi muvofiqlashtirilgan hamkorligini taqozo etadi”, dedi Joʻrayev.

Markaziy Osiyo davlatlari saʼy-harakatlarni kuchaytirishi lozim, chunki “Suriyada yashash joyidan mahrum boʻlgan minglab odamlar, turli mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari qochqinlar uchun jamloqlar deb ataluvchi joylarda qolib ketmoqda”, dedi u.

“Suriyada halokatli gumanitar vaziyat yuzaga kelgan – biz u yerdan odamlarni oʻz yurtlariga olib kelib, reabilitatsiya qilishning ishonchli, samarali mexanizmlarini ishlab chiqishimiz kerak, bu esa yanada koʻproq vositalar talab qiladi”, dedi Joʻrayev.

Reabilitatsiya

Joʻrayev ayrim odamlarning repatriantlarni tamgʻalashini qoraladi.

Jamiyatning rad etishi hayotda ruhiy jarohatga sabab boʻlishi mumkin, ayniqsa bolalar bu borada himoyasiz, dedi u.

“Suriya va Iroqdan qaytganlarning toʻlaqonli fuqaroga aylanishini taʼminlash eng qiyin vazifadir.”

Bishkekdagi Dinshunoslik tadqiqotlari markazi rahbari Indira Aslanovaga koʻra, mojaro hududlariga borganlar OAV tarafidan diniy aqidaparastlar deb tamgʻalangan boʻlsa-da, ularning maqsadlari turlicha boʻlgan.

“Diniy omil haqiqatan ham mavjud, lekin ayrim hollarda bu faqat zohiran shunday, asl maqsadlar esa boshqacha boʻlishi mumkin”, deydi Aslanova.

Uning tashkiloti Suriya va Iroqdagi janglarda ishtirok etishda ayblangan qirgʻizistonlik mahkumlarni oʻrgangan.

Aniqlanishicha, soʻralganlarning yarmi uchun asosiy omil boshqa musulmonlar, qiyin ahvolda qolgan ayollar va bolalarga yordam berish boʻlgan.

“Bu odamlarning xalifalik barpo etish niyati boʻlmagan. Aksincha, ular insonparvarlik gʻoyalariga tayanganlar”, deydi Aslanova.

Reabilitatsiya, jumladan, jangarilik mafkurasini “fosh qilish” aks taʼsir koʻrsatishi – aksincha, mavzuga qiziqish uygʻotishi mumkin, dedi u.

“Reabilitatsiya jarayonini boshlashdan avval repatriantlarning motivlari, nima sababdan taqiqlangan guruhlarga qoʻshilgani va mafkurasini aniqlash boʻyicha jiddiy ish olib borilishi lozim”, dedi u.

Mintaqaviy anjumanda repatriantlarni jamiyatga qayta moslash muhokasi

Oʻtgan oy oxirida Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari va tahlilchilari Suriya va Iroqdagi mojaro hududlaridan qaytgan fuqarolarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish muammolarini muhokama etish maqsadida Bishkekka toʻplandilar.

Tadbir “Search for Common Ground” (SCG) xalqaro nodavlat tashkiloti tarafidan “C5+1” guruhi – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va AQSHning xavfsizlik tashabbusi doirasida tashkil etildi.

Hukumat rasmiylari, ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida oʻtgan mintaqaviy anjuman mojaroli hududlardan kelgan repatriantlarni jinoiy javobgarlikka tortish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha bilim va tajriba almashish maydoniga aylandi.

Ishtirokchilar orasida Yevropa Komissiyasi, AQSH Tinchlik instituti va Markaziy Osiyo mamlakatlari universitetlarining vakillari, shuningdek, Suriya va Iroqdan qaytganlar bilan ishlovchi amaliyotchi mutaxassislar bor edi.

Suriya va Iroqdagi qurolli mojaro va uning oqibatlari Markaziy Osiyo hukumatlari va aholisi uchun jiddiy xavfsizlik tahdidiga aylandi, deyiladi SCG bayonotida.

Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, mintaqaning 4000 dan ortiq aholisi xorijiy jangari sifatida Yaqin Sharqdagi urush hududlariga yoʻl olgan.

Markaziy Osiyodan kelgan jangarilarning aksariyati oʻldirilgan, ularning ayollari va bolalari esa qochqinlar lagerlari yoki qamoqxonalarda qolib ketgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500