Karvonsaroy
Terrorizm

Tojik oilalari oʻylamay qoʻyilgan qadamlarning oqibatlaridan hanuz aziyat chekmoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

Afgʻonistonda sovuq oldirish oqibatida oyoqsiz qolgan 13 yoshli Abdullo uy vazifasi bilan band, oʻtgan yilning 22-dekabri, Spitamen tumani. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Afgʻonistonda sovuq oldirish oqibatida oyoqsiz qolgan 13 yoshli Abdullo uy vazifasi bilan band, oʻtgan yilning 22-dekabri, Spitamen tumani. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

XOʻJAND – Chet ellarda halok boʻlgan tojik jangarilarining oila aʼzolari ekstremizm yoʻlida qoʻyilgan mudhish qadamlarning asoratlaridan hanuzgacha oʻnglana olgani yoʻq.

2019-2020-yillarda Tojikiston hukumati tarafidan Suriya, Iroq va Afgʻonistondan vataniga qaytarilgan bolalarning aksari shu yilning sentabrida ilk bor maktab ostonasiga qadam qoʻygan bir paytda Sugʻd viloyatidagi Spitamen tumanida yashovchi 13 yoshli Abdullo Hoshimov tahsilni oʻz uyida boshladi.

Abdulloning ota-onasi bundan bir necha yil oldin Afgʻoniston-Pokiston mintaqasida halok boʻlgach, u ikki singlisi bilan yetim qolgan. Bolakay Afgʻoniston togʻlarida sovuq oldirish natijasida oyoqlaridan mahrum boʻlgan.

2019-yil sentabr oyida Kobul hukumati bir necha tojikistonlik ayollar va ularning farzandlariga Afgʻoniston qamoqxonalaridan vataniga qaytishga ruxsat bergach, bolalarning bobosi Yoqubjon Hoshimov Afgʻonistonga borib, Abdullo va uning singillarini uyiga olib keldi.

Kitob oʻqiyotgan Abdullo va uning singillari, Spitamen tumani, oʻtgan yilning 22-dekabri. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Kitob oʻqiyotgan Abdullo va uning singillari, Spitamen tumani, oʻtgan yilning 22-dekabri. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Yoqubjon Hoshimov bogʻidagi pomidorlarni parvarish qilmoqda, Spitamen tumani, 2017-yilning 8-avgusti. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Yoqubjon Hoshimov bogʻidagi pomidorlarni parvarish qilmoqda, Spitamen tumani, 2017-yilning 8-avgusti. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Yoqubjon Hoshimov va uning rafiqasi, 2017-yil 8-avgustda Spitamen tumanida olingan surat. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Yoqubjon Hoshimov va uning rafiqasi, 2017-yil 8-avgustda Spitamen tumanida olingan surat. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

“[Tagʻoyak jamoatidagi] mahalliy hokimiyat moliyaviy yordam berdi”, deydi Hoshimov. “Tojikiston elchixonasi xodimlari menga hamroh boʻlib, barcha ishlarga yordam berishdi”.

Abdullo oʻzidan ancha kichik bolalar bilan birinchi sinfga borishni istamay, uyda oʻqishni afzal koʻrdi, shunga Spitamen tuman hokimligi u bilan shugʻullanadigan oʻqituvchilarni tayinladi.

Bu orada Abdullodan yoshroq, lekin Afgʻonistonda kamroq talafot koʻrgan singillari bu yil ikkinchi sinfga oʻtdilar.

“Bolaning umidlari va intilishlari kuchli, u boy berganlarini oʻzlashtirib, taʼlim yoʻnalishida tengdoshlarini ortda qoldiradi”, deydi Hoshimov. “Oʻgʻillarimga bera olmaganimni unga berishga harakat qilaman.”

Hoshimovlar oilasining tarixi

Abdulloning ota-onasi va amakisi – halok boʻlgan spitamenliklarning hikoyasi ekstremizm taʼsiriga uchragan boshqa odamlarnikidan deyarli farq qilmaydi.

2009-yilda Rossiyaga borgan Abdulloning otasi Tojiddin Hoshimov Moskvada qurilishda ishlab, muntazam ravishda uyiga – ayoli Munojot Aliyeva va ota-onasiga pul joʻnatib turgan.

2012-yil yanvar oyida u oilasiz qiynalayotganini aytib, otasidan ayoli va bolalarini Moskvaga yuborishni soʻradi. Oʻshanda uning ikki farzandi bor edi.

Oilasi bilan qovushgach, oʻgʻlim qoʻngʻiroq qilmay qoʻydi, deb eslaydi qariya Hoshimov.

“Oradan bir, ikki yil oʻtgach, biz xavotirga tusha boshladik”, dedi u.

Bu voqeadan biroz avvalroq, 2010-yilning kuzida, Yoqubjon Hoshimovning kenja oʻgʻli Akmal Hoshimov taqiqlangan tashkilotlarga aʼzolikda ayblanib, huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan edi.

Yoqubjon oʻgʻlining hibsga olinishi va ekstremistlarga aloqadorligi haqidagi mish-mishlarga ishonmay, Ichki ishlar vazirligiga (MVD) boradi.

Keyinroq, Akmal 27 yillik qamoq jazosiga hukm qilingach, Yoqubjon oʻgʻlining jinoyatlari naqadar ogʻir ekanligini tushunib yetadi.

Akmal 2018-yil noyabr oyida Xoʻjand qamoqxonasida yuz bergan gʻalayonda oʻldirilgan.

Maxsus xizmatlar xodimlariga koʻra, Tojiddinning Moskvadan qochishiga Akmalning sudlangani sabab boʻlgan. U oilasi bilan 2012-yilda Turkiya va Eron orqali Pokistonga oʻtgan.

Koʻpgina tojik va oʻzbeklar singari ular ham Pokistonning Shimoliy Vaziriston viloyatiga joylashdilar, Tojiddin esa Afgʻonistonda hukumat qoʻshinlariga qarshi janglarda qatnashish uchun chegarani kesib oʻtdi.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Tojiddin va Munojot 2014-yil iyun oyida Shimoliy Vaziristonda Pokiston armiyasining chet ellik jangarilarga qarshi oʻtkazgan amaliyoti chogʻida oʻldirilganlar.

Ularning qanday halok boʻlgani maʼlum emas. Hatto oʻsha paytda taxminan yetti yoshlarda boʻlgan Abdullo ham ota-onasining qanday oʻlganini bilmaydi yoki eslay olmaydi.

Mashaqqatli hayot

Tojiddin bilan bir tumandan boʻlgan va oilaga yaqin ikki jangari – Shakarbek Sodiqov (Abu Jafhar) va Hoshimboy Gadoyev (Zakariyo) bolalarni Afgʻonistonning Badaxshon viloyatiga olib ketishgan, deydi Shimoliy Vaziristonning Mirali qishlogʻida yashagan tojik jangarilaridan birining ayoli Shafoatxon Homidova.

Ota-onasining vafotidan keyin Abdullo uchun Afgʻonistondagi hayot ogʻir kechdi.

Abu Jafhar va Zakariyo endilikda Pokistonda tugʻilgan qizaloq bilan birga uchtaga yetgan yetim bolalarni qoʻshnilarga tashlab, jangovar topshiriqlarni bajargani ketar edilar. Abdulloning oʻzi Afgʻonistonning baland qorli togʻlarida oʻtin terishga majbur boʻlgan. U oʻshanda oyogʻini muzlatgan boʻlishi mumkin, dedi Homidova.

2015-yil noyabr oyida Afgʻoniston hukumat kuchlari AQSH harbiylari koʻmagida Badaxshonda “Islom davlati” (ID) va boshqa radikad guruhlarga qarshi maxsus amaliyotlarni boshladilar, natijada Oʻzbekiston islom harakati (OʻIH) va undan ajralib chiqqan “tojik toliboni” laqabli Ansorulloh jamoatining koʻplab jangarilari oʻldirildi.

Ayrim jangarilar va ularning ayollari taslim boʻlib, Afgʻoniston qamogʻiga tushdilar. Hoshimov Abdullo va uning singillarini oʻsha qamoqxonadan topdi.

Hozirda Hoshimov nabirasini davolash va unga protez sotib olish uchun pul yigʻmoqda.

“Kichikkina yerim bor. Oilani boqishga arang yetib turibdi”, deydi u. Xotinim bilan ozgina pensiya olamiz.

“Oilamiz har jihatdan nochor va yordamga muhtoj... Men ota-onasining xatosini takrorlamasligi uchun uch nabiramni tarbiyalab, ularga munosib taʼlim-tarbiya berishim kerak”, deydi Hoshimov.

Tojikistonning repatriatsiya choralari

Tojikiston hukumati Afgʻonistondan fuqarolarni evakuatsiya qilish bilan bir qatorda, Iroq va Suriyadagi tojik ayollari va ularning bolalarini vataniga qaytarish ustida ham ishlamoqda.

2019-yil aprel oyida Iroqdan qaytgan 84 nafar bolaning qayerda ekani haqida deyarli toʻliq maʼlumot yoʻq.

Shunisi maʼlumki, bolalar Varzob darasidagi sanatoriylarning birida reabilitatsiya jarayonidan oʻtganlar. Keyinroq ular bir nechta maktab-internatlarga yuborilgan.

Ularning kichik qismi qarindoshlariga topshirilgan.

Shuningdek, Tojikiston rasmiylari yil boshida Suriyaning al-Hasaka viloyatidagi kurdlarga qarashli ikkita lagerdan ID jangarilarining 800 ga yaqin oila aʼzolarini vataniga qaytarishga harakat qilayotganliklarini aytganlar.

“Biz Suriya tashqi ishlar vazirligi bilan doimiy aloqadamiz. Imkon tugʻilishi bilan Suriya lagerlaridan iloji boricha koʻproq ayollar va bolalarni olib kelmoqchimiz”, deydi Tojikistonning Quvaytdagi elchisi Zubaydullo Zubaydov telefon orqali bergan intervyusida.

“Oʻtgan yili biz hatto qaytishni istayotgan odamlar roʻyxatini tuzgan edik, ammo COVID-19 pandemiyasi sababli koʻp mamlakatlar chegaralarini yopdi va parvozlarni bekor qildi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500