NUR-SULTON – Mamlakat xavfsizlik kuchlarida xizmat qilgan faxriylardan iborat jamoatchilik birlashmasi Qozogʻistondagi maktab oʻquvchilariga ehtimoliy terror tahdidlariga qarshi qanday choralar koʻrishni oʻrgatmoqda.
2019-yil iyun oyida tashkil etilgan “URAN” nodavlat tashkiloti shu yil oxiriga qadar mamlakatdagi maktab oʻquvchilari uchun oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazishni rejalagan.
Tashkilot direktori – Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) maxsus kuchlari jangovar zobiti, zaxiradagi polkovnik Fayzulla Kamenov. Tashkilot taʼsischilari orasida Qozogʻistonning “Aksilterror qoʻmita” jamoatchilik birlashmasi (KTK) raisi Amanjol Oʻrazbayev ham bor.
Aksilterror operatsiyalarida qatnashgan URAN xodimlari tomonidan 26-yanvar kuni Qustanay shahridagi 1-litseyda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi, deb xabar beradi Tobolinfo.
Treningni zaxiradagi podpolkovnik, KNB maxsus kuchlari zobiti Sergey Reshetnikov olib bordi. 6-7-sinf oʻquvchilariga bir necha soat davomida terror xuruji vaqtida amalga oshiriladigan choralar oʻrgatildi.
Maktab oʻquvchilari uchun moʻljallangan shunday trening dekabr oyida Nur-Sultondagi maktablarning birida ham boʻlib oʻtgan edi.
“URAN” tashkiloti ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifalariga ega va terakt sodir boʻlgan taqdirda maktab oʻquvchilari va maʼmurlari qanday choralar koʻrishi kerakligi haqida maʼlumotlar berib boradi.
“Agar maktabga qurollangan odam bostirib kirsa, undan maksimal darajada xavfsiz masofaga uzoqlashish lozim. Tekis liniya boʻylab yugurmaslik kerak. Hujum chogʻida maktab oʻquvchilari yopiq hududda boʻlsa, binoga kirishni yopish, kirish joyidan uzoqlashish va eʼtiborni jalb qilmaslikka urinib, hujum haqida favqulodda xizmatlarga xabar berish lozim”, deyiladi “URAN”ning Facebook sahifasida.
Xavf yuqoriligicha qolmoqda
KNB vakillariga koʻra, oʻquv dasturi mamlakatda terrorchilik hujumlari xavfining kuchayib borayotgani hamda oʻnlab qozoq fuqarolari Suriya, Iroq va Afgʻonistondagi terrorchilik tashkilotlari safida qolayotgani sababli amalga oshirilmoqda.
27-yanvar kuni MXQ Taraz va Qaragʻandada odamlar bilan gavjum jamoat joylarida terakt uyushtirishni rejalagan besh kishini hibsga oldi.
Shu bilan birga, oʻtgan yil dekabr oyida eʼlon qilingan hisobotda Qozogʻistondagi minglab binolar, jumladan, taʼlim muassasalari va madaniy obʼektlar terror tahdididan yetarli darajada himoyalanmagani aniqlangan.
Qozogʻistonlik tahlilchilarning fikricha, bunday sharoitda butun mamlakat boʻylab yoshlar radikallashuvining oldini olish uchun maktab oʻquvchilari bilan ishlash juda muhim.
“Yoshlar hali yetarlicha hayotiy tajribaga ega boʻlmagani uchun faxriylar yordamiga muhtoj”, deydi Qurolli kuchlar faxriysi, chimkentlik Aleksey Juravov. “Qurolli kuchlar, huquq-tartibot idoralari va maxsus kuchlar safida xizmat qilgan faxriylar yoshlar uchun ana shunday obroʻ-eʼtiborli shaxslar boʻlishi mumkin.”
“Biz maktab oʻquvchilari va talabalar bilan suhbatlashishimiz kerak. Bu ularda radikallashuvga qarshi immunitetni shakllantirishga yordam beradi”, deb qoʻshimcha qildi u.
Uning qayd etishicha, Qozogʻistonda xavfsizlik kuchlari safida ishlagan koʻpchilik faxriylar nafaqaga chiqqach, jamiyatga yordam berish bilan shugʻullanmoqda.
Masalan, “URAN” xodimlari oʻtgan yilning dekabr oyidan beri ayollar uchun oʻzini oʻzi himoya qilish kurslarini oʻtkazmoqda.
“Vatanga yordam berish va jamiyat hayotida oʻrin egallash – faxriylar uchun sharafli ishdir”, deydi Juravov.