NUR-SULTON – 2020-yilda Qozogʻiston harbiy sohadagi sarf-xarajatlarni optimallashtirish maqsadida Qurolli kuchlarning qurol-aslahalarini modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar bergan mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, seshanba (11-fevral) kuni Nur-Sultonda Qozogʻiston davlat rahbari Qosim-Joʻmart Toʻqayev bilan uchrashgan Yermekbayev mazkur reja haqida soʻzlab bergan.
Mudofaa vazirligi sarf-xarajatlarni “funksional tahlil” qilish va xodimlar sonini qisqartirish orqali joriy yilda 10 milliard tenge (26,5 million AQSH dollari) tejashni rejalashtirmoqda, dedi Yermekbayev.
Yermekbayev oʻtgan yil noyabr oyida prezident bilan uchrashuvda “vazirlik, bosh shtab va joylardagi harbiy boshqarmalarning 300 nafar xodimini ishdan boʻshatish hisobiga 2020-yildan boshlab har yili 450 million tenge (1,2 million AQSH dollari) tejashni rejalashtirgani” haqida gapirganida aynan mana shu qisqartirishni nazarda tutgan boʻlishi mumkin.
Shtatni qisqartirish natijasida tejalgan mablagʻlar harbiy xizmatchilarni moliyaviy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi, degan edi oʻshanda Yermekbayev prezident matbuot xizmati xabariga koʻra.
Modernizatsiya boʻyicha ulkan rejalar
11-fevral kungi uchrashuvda Yermekbayev harbiylarni zamonaviyroq qurol-yarogʻ bilan taʼminlash, avtotransport vositalarini yangilash va modernizatsiya qilish, xizmatga chaqiriluvchilarning tegishli idoralar bilan onlayn muloqoti uchun virtual chaqiruv qoʻmitasini tashkil etish rejalari haqida soʻzlagan.
Tomonlar oʻtgan yil iyun oyida janubiy Qozogʻistondagi qurol-aslaha omborida yuz bergan yongʻin tufayli ikki kishining hayotiga zomin boʻlgan portlash oqibatlarini bartaraf etish choralarini muhokama qilganlar.
Halokatdan soʻng mamlakatdagi barcha oʻq-dori omborlari tekshirib chiqilib, ularning infratuzilmasini takomillashtirish choralari amalga oshirildi.
Uchrashuv davomida Toʻqayev Yermekbayevga harbiy va texnikaviy sohadagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, armiyani samarali qurol-aslahalar bilan taʼminlash hamda harbiy taʼlim va jangovar tayyorgarlik sifatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
28-31-may kunlari Nur-Sultonda KADEX-2020 xalqaro qurol-yarogʻ koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi, unda 30 dan ortiq mamlakatning mudofaa pudratchilari oʻz mahsulotlarini namoyish etadilar.
Bu juda muhim ehtiyoj!
Javob berishFikrlar 2
Qurolli kuchlarga pul tejash oqibatida tajovuzkorning askarlarini boqadigan boʻlib qolasiz.
Javob berishFikrlar 2