MOSKVA – Seshanba (31-mart) kuni Rossiya deputatlari mamlakatda yangi koronavirus haqida yolgʻon maʼlumot tarqatishda ayblanganlar uchun jazoni qatʼiylashtiruvchi qonunni maʼqulladilar. Shunday boʻlsa-da, Kremlparast ommaviy axborot vositalari Gʻarbdagi inqirozni kuchaytirishga qaratilgan dezinformatsion kampaniyalar orqali odamlar hayotini xavf ostiga qoʻyishda davom etmoqda.
Insonlar hayotiga xavf soluvchi holatlar toʻgʻrisida “bilaturib yolgʻon maʼlumot” tarqatish orqali kimningdir oʻlimiga sabab boʻlgan yoki boshqa ogʻir oqibatlarni keltirib chiqargan shaxsga 2 million rubl (25000 AQSH dollari) miqdoridagi jarima yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qoʻllanishi mumkin.
Shu jumladan, yolgʻon maʼlumot tarqatish orqali birovning salomatligiga zarar yetkazganlik uchun 1,5 million rubl (19000 AQSH dollari) miqdoridagi jarima va uch yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.
Qonunda koronavirus bilan bogʻliq karantinni buzganlar uchun juda qattiq – yetti yilgacha qamoq jazosi koʻzda tutilgan.
Qonun loyihasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolanishi kutilmoqda.
144 millionlik aholiga ega Rossiyada shu paytgacha koronavirusga chalinish bilan bogʻliq 2777 ta holat qayd etilgan boʻlib, ulardan 24 tasi oʻlim bilan yakunlangan, kasallanganlar soni esa koʻproq ekani taxmin qilinmoqda.
12 milliondan ortiq aholiga ega Moskvada dushanba (30-mart) kunidan karantin joriy qilindi. Rossiyaning oʻndan ortiq viloyatlari ham koronavirus tarqalishining oldini olish uchun shu kabi choralar qoʻllashni boshladilar.
Xorijda soxta xabarlar tarqatish
Kreml COVID-19 haqida dezinformatsiyani tarqatish qilish bilan Gʻarb davlatlarining sogʻliqni saqlash tizimini obroʻʼsizlantirib, inqirozni kuchaytirishga urinayotganiga qaramay, mamlakat ichida shunday jazo choralarini joriy qildi, deydi Gʻarb rasmiylari va kuzatuvchilar.
AQSH rasmiylariga koʻra, ijtimoiy tarmoqlardagi Rossiyaga aloqador minglab akkauntlar virus atrofidagi vahimani kuchaytirish uchun uyushgan xatti-harakatlarni amalga oshirganlar.
Maqsad – sarosima va qoʻrquv paydo qilishga qaratilgan oʻnlab, ayrim hollarda bir-biriga zid gap-soʻzlarni tarqatishdan iborat.
“Biz Kremlning oqibatlarni oʻylamay dezinformatsiya tarqatishga urinayotganini koʻrib turibmiz”, dedi 27-mart kuni Global hamjihatlik markazi muvofiqlashtiruvchisi Lia Gabriel, deb xabar beradi AFP.
Bunga “koronavirus Xitoy, AQSH yoki Buyuk Britaniya tomonidan ishlab chiqilgan biologik qurol boʻlib, u dastlab Xitoyda emas, balki AQSHda paydo boʻlgan yoki virus totalitar hukmronlik oʻrnatish vositasidir” degan iddaolarni misol oʻlaroq keltirish mumkin.
Kremlparast manbalar bu nazariyalarni oʻzi oʻylab topmayapti, balki ular Xitoy va Erondan chiqqan fitna nazariyalarini terib olib, ularni yanada kuchaytirmoqda, deydi ishchi guruh bilan ishlayotgan tadqiqotchilar.
YIdan tashqarida, jumladan “Rossiyadan, Rossiyada joylashgan yoki qaysidir yoʻl bilan kremlparast manbalarga bogʻliq shaxslar” tomonidan tarqatilayotgan dezinformatsiya kuchaygan, dedi YeI vakili Piter Stano.
YI dezinformatsiyaga barham berish uchun ittifoqqa aʼzo davlatlar, NATO va G7 bilan yaqindan ishlamoqda, dedi Stano.
Jamoatchilik asosli va ishonchga sazovor axborot manbalariga murojaat qilishi lozim, dedi Stano.
“Dezinformatsiya tarqatayotgan har qanday kimsa aslida odamlarning hayoti bilan oʻynashmoqda”, dedi u.
Putin kasallanganmi?
Koronavirus Rossiya rahbariyatining eng yuqori tabaqasini ham zararlagan boʻlishi mumkin.
Kremlning chorshanba (1-aprel) kungi xabariga koʻra, mamlakatda koronavirusga chalinganlarni davolayotgan eng asosiy shifoxona rahbarida prezident bilan uchrashuvdan keyin kasallik aniqlangach, Putin oʻz vazifalarini masofadan turib bajarishga qaror qilgan.
Oʻtgan hafta Moskvadagi “Kommunarka” kasalxonasiga tashrif buyurgan Putin bilan uchrashgan Denis Protsenko seshanba kuni koronavirusga chalinganini, ammo oʻzini yaxshi his qilayotganini aytdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga “shu kunlarda prezident hamma ishlarni masofadan turish bajarishni maʼqul koʻrmoqda” deb aytgan. Bungacha Putin videokonferentsiya orqali hukumat majlisi oʻtkazishni rejalashtirgan edi.
Tubanlik va qabihlik Rossiyaning mohiyati
Javob berishFikrlar 1