Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Xitoy va Rossiya virusga oid dezinformatsiya “toshqinini” yuzaga keltirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Ijtimoiy tarmoqlar maʼmuriyati virusga oid aniq maʼlumotlarni tarqatish, soxta yoki chalgʻituvchi kontentni esa cheklashga harakat qilmoqda, deyiladi 9-iyun kuni YIning strategik hujjatida. (Olive Douliri/AFP)

Ijtimoiy tarmoqlar maʼmuriyati virusga oid aniq maʼlumotlarni tarqatish, soxta yoki chalgʻituvchi kontentni esa cheklashga harakat qilmoqda, deyiladi 9-iyun kuni YIning strategik hujjatida. (Olive Douliri/AFP)

BRUSSEL, Belgiya – Dunyoning eng katta savdo bloki hamda yirik ijtimoiy tarmoqlardan biri shu haftada Xitoy va Rossiyani COVID-19 koronavirus pandemiyasi haqida dezinformatsiya “toshqinini” keltirib chiqarishda aybladi.

Juma (12-iyun) kuni Twitter tarmogʻi Xitoy olib borayotgan dezinformatsiya kampaniyasiga aloqador 170 mingdan ortiq hisobni oʻchirib tashlagan. Seshanba (9-iyun) kuni esa Yevropa Ittifoqi (YI) Xitoy va Rossiyani Yevropa demokratiyasiga putur yetkazishga qaratilgan maqsadli koronavirus dezinformatsiyasida aybladi.

Pandemiya mavzusidagi chalgʻituvchi va noaniq maʼlumotlar “oqimi” deb ataluvchi YI hujjatida Pekin va Moskvaning debatlarni qutblashtirishga va oʻz imijini yuksaltirishga urinayotgani taʼkidlanadi.

“Chet ellik subyektlar va ayrim uchinchi tomonlar, xususan Rossiya va Xitoy COVID-19 atrofida taʼsir choralari va dezinformatsiya kampaniyalari olib borishda ishtirok etmoqdalar”, deyiladi 17-iyun kuni chop etilishi kutilayotgan hujjatda.

Manejnaya maydonidagi piyodalar, 9-iyundan Moskvada bir qator karantin choralari bekor qilingan. Tahlilchilarga koʻra, Rossiya koronavirus pandemiyasidan postsovet mamlakatlarda tashqi siyosatga oid dasturini amalga oshirish va oʻz taʼsirini kuchaytirishda foydalanmoqda. (Dimitar Dilkoff/AFP)

Manejnaya maydonidagi piyodalar, 9-iyundan Moskvada bir qator karantin choralari bekor qilingan. Tahlilchilarga koʻra, Rossiya koronavirus pandemiyasidan postsovet mamlakatlarda tashqi siyosatga oid dasturini amalga oshirish va oʻz taʼsirini kuchaytirishda foydalanmoqda. (Dimitar Dilkoff/AFP)

YIning qadriyatlar va shaffoflik masalalari boʻyicha vitse-prezidenti Vera Jurova tomonidan taqdim etilajak 17 sahifalik hisobotda aytilishicha, Moskva va Pekin “demokratik debatlarga putur yetkazish, ijtimoiy qutblashuvni avj oldirish va COVID-19 masalasida oʻz imijini yaxshilashga” urinmoqda.

Aprel oyida YIning dezinformatsiyaga qarshi kurash boʻyicha ishchi guruhi Xitoydan chiqqan pandemiyada aybni oʻzidan soqit qilishga urinayotgan “rasmiy Xitoy manbalarining muvofiqlashtirilgan choralari”ga oid tafsilotlarni oshkor qilgandi.

Ammo komissiyaning aʼzo davlatlar va Yevropa parlamentiga yoʻllagan murojaatidagi baho ayblovga diplomatik nuqtai nazardan koʻra, koʻproq rasmiy tus beradi.

YIning tashqi siyosat mahkamasi rahbari Jozep Borrell seshanba kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan oʻtkazgan video-anjumanidan soʻng, Yevropada dezinformatsiyaga qarshi kurash uchun koʻproq mablagʻ ajratilishi kerakligini taʼkidlagan.

“Faktlarni tekshiruvchilar, tadqiqotchilar va jamoat birlashmalari bu jarayonda muhim rol oʻynashi lozim, ammo sogʻliqni saqlash sohasidagi joriy inqiroz sharoitida platformalar ularga yetarlicha imkoniyat bermagan”, deyiladi hujjatda.

“Shu sababli qoʻshimcha choralar koʻrilishi va ijtimoiy tarmoq platformalari oʻrtasida maʼlumot almashish, shuningdek shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish talab etiladi”, deyiladi hisobotda.

Internetdagi chalgʻituvchi xabarlarni tahlil va fosh qiluvchi YI ishchi guruhi uncha katta emas va asosan Rossiyadan tarqatilayotgan dezinformatsiyaga eʼtibor qaratadi.

“Dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun koʻproq mablagʻ ajratishimiz kerakligi aniq”, dedi YIning tashqi siyosat masalalari boʻyicha rahbari Borell.

“Biz bu yoʻnalishda koʻproq ishlashimiz, dezinformatsiya va soxta xabarlarga qarshi kurashibgina qolmay, balki pozitiv xabarlarni ham tarqatishimiz kerak”, dedi u.

Gibrid urush

Bishkeklik siyosatshunos Askat Dukenbayevga koʻra, Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyalari Vladimir Putin rejimining Gʻarb mamlakatlariga qarshi yangi “gibrid” harbiy doktrinasining bir qismidir.

Moskva “Sovuq urushdagi magʻlubiyat uchun ulardan qasos olishga harakat qilmoqda. Bu siyosat, shuningdek sobiq mustamlakachi taʼsiridan chiqishga urinayotgan postsovet mamlakatlarga qarshi qaratilgan”, dedi u.

“Markaziy Osiyodagi rusiyzabon aholiga ega mamlakatlar Sovet Ittifoqidan mustaqil boʻlganidan beri Rossiyaning dezinformatsion xurujlariga uchrab kelmoqda. 2014-yilda Putinning Ukrainaga qarshi tajovuzi ortidan bu holatlar yanada avj oldi”, dedi Dukenbayev.

“Masalan, Qirgʻizistondagi liberal va demokratiyani qoʻllab-quvvatlovchi fuqarolik jamiyati faollari mamlakatda keng tarqalgan kremlparast va hukumatga qarashli gazetalar va internet-nashrlari sahifalarida “chet el agentlari”, “dushman unsurlar” sifatida doimiy ravishda hujumga uchrab keladi”, dedi u.

U “Gʻarb va xalqaro hamjamiyat Rossiya tahdidining jiddiyligi va unga qarshi chora koʻrish zarurligini anglab yetganidan” mamnun ekanligini bildirdi.

Rossiya rejimi pandemiya vaqtida oʻz sheriklari va ittifoqchilariga yordam bera olmagan boʻlsa-da, “oʻzini (goʻyoki foydasiz) YIdan farqli oʻlaroq, Italiya kabi COVID-19dan eng koʻp jabrlangan mamlakatlarga yordam beruvchi kuchli davlat qilib koʻrsatish” maqsadida postsovet hududdagi tashviqotini kuchaytirdi”, deydi xalqaro masalalar boʻyicha Nur-sultonlik olim Ruslan Nazarov.

Shunday boʻlsa-da, Rossiya Qirgʻizistonga rus-qirgʻiz taraqqiyot jamgʻarmasidan (RQTJ) 260 million dollar (19,9 milliard qirgʻiz soʻmi) ajratishdan bosh tortmoqda. Bu Qirgʻiziston iqtisodiyotining asosiy sektorini xavf ostiga qoʻymoqda.

Chegaralarning yopilishi va parvozlarning bekor qilinishi ortidan Rossiyada qolib ketgan Markaziy Osiyolik himoyasiz mehnat migrantlari firibgarlik va politsiya zoʻravonligidan aziyat chekmoqdalar.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda kremlparast bloggerlar tarafidan soxta videolavhalar tarqatilayotgan boʻlib, ularning birida YI bayrogʻini tashlab, Rossiya bayrogʻini koʻtargan italiyalik aks etgan.

“Rossiyalik bloggerlar “Rossiya – qardosh mamlakat va Gʻarbdan farqli oʻlaroq, ogʻir kunda yordam beradi” degan gʻoyani faol ravishda ilgari surmoqdalar”, dedi Nazarov.

“Biroq, kundalik munosabatlar – siyosiy, iqtisodiy va ayniqsa [Rossiya hukmronlik qiladigan] Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi munosabatlarda Rossiya bir necha bor buning aksini namoyish etgan. Tashqi siyosatda, jumladan Markaziy Osiyoda ham Moskva mutlaqo gʻarazli manfaatlarga ega va shunga muvofiq harakat qiladi.”

Kreml oʻz targʻibotida barcha vositalar: oʻz nazorati ostidagi OAV, trollar fabrikasi va hatto tahlilchilarni ham ishga soladi, deydi Ukrainaning Kiyev shahridagi Armiya, konversiya va qurolsizlanish boʻyicha tadqiqotlar markazining Osiyo-Tinch okeani hududi boʻyicha rahbari Yuriy Poyta.

“Rossiya, shuningdek tashqi siyosat dasturini amalga oshirishda koronavirus infeksiyasidan foydalanmoqda”, dedi u. “Moskva manfaatdor boʻlgan postsovet mamlakatlar, masalan, YOII (Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi) aʼzolari oʻta ogʻir iqtisodiy sharoitda qolishdi. Rossiya esa ularning zaifliklaridan oʻz taʼsirini kuchaytirish va postsovet hududi ustidan nazorat oʻrnatish uchun foydalanishi mumkin.

[Ushbu maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev koʻmaklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qiziq, “Russkaya Vesna” saytida ruslar gʻazabdan diqqinafas boʻlib, Floyd oʻldirilganidan keyin isyon koʻtargan qora tanlilarni tanqid qilishmoqda... goʻyo ruslar oq tanlidek...

Javob berish

Ular endi amerikaliklarni qoʻllab-quvvatlayaptimi? Ruslar yurib ketayotib oyoq kiyim almashtirishni biladi

Javob berish

Rossiya faqat yomonlik qilishni biladi

Javob berish

«Ushbu maqolani tayyorlashga USCENTCOM yordamida Olmaotadan Kanat Altinbayev ko‘maklashdi» deb yozishingiz kerak. To‘g‘irlab qo‘ying!

Javob berish

Rossiyadagi irqchilik: Rossiyaning Vkontakte ijtimoiy tarmog‘ida dahanaki ksenofobik haqoratlar https://www.youtube.com/watch?v=9a_yC_aAxdk

Javob berish