Karvonsaroy
Energiya

Ikkinchi Rossiya-Xitoy gaz quvuri Turmaniston gaz sanoatiga soya solmoqda

Jumaguli Annayev

Suratda: Oʻtgan yilning 2-dekabr kuni ish boshlagan “Sibir qudrati” gaz quvuri. [Gazprom]

Suratda: Oʻtgan yilning 2-dekabr kuni ish boshlagan “Sibir qudrati” gaz quvuri. [Gazprom]

ASHXOBOD – Rossiyaning Xitoyga ikkinchi gaz quvurini barpo etishga oid rejasi Turkmanistonni Xitoyning gaz bozoridan siqib chiqarishga qaratilgan, deydi Turkmanistonning yoqilgʻi-energetika sohasi rasmiylari.

Moskva rejasi amalga oshadigan boʻlsa, bu Turkmaniston uchun halokatni boʻlishi mumkin, zero uning faqat ikki mijozi bor – Xitoy va Rossiya. Xitoy, soʻzsiz eng yirik mijozdir. Oʻtgan yili Rossiya uch yarim yildan ortiqroq davom etgan tanaffusdan soʻng, oz miqdorda yana turkman gazini sotib ola boshlagan va bu Turkmanistonni haqoratomuz past narxlarga koʻnishga majbur qilgan edi.

Rossiya 2019-yil oxiridan “Sibir qudrati” gaz quvuri orqali Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berishni boshlagan.

Bugungi kunda “Sibir qudrati-2” gaz quvurining texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.

Kuzatuvchilarga koʻra, “Sibir qudrati-2” gaz quvurining rivojlanishi Turkmanistonni Xitoyning yetakchi gaz taʼminotchisi maqomidan mahrum qilishi mumkin. [Gazprom]

Kuzatuvchilarga koʻra, “Sibir qudrati-2” gaz quvurining rivojlanishi Turkmanistonni Xitoyning yetakchi gaz taʼminotchisi maqomidan mahrum qilishi mumkin. [Gazprom]

Rossiyaning “Gazprom” energetik giganti boshqaruvi raisi Aleksey Miller mart oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvidan soʻng ikkinchi quvur qurilishini boshlashga ruxsat olgan, deyiladi “Gazprom” xabarida.

Rossiya “Sibir qudrati-2” quvuri orqali Xitoyga yiliga 50 milliard kub metr gaz yetkazib berishga qodir, dedi Miller.

Mazkur yangilikka salbiy munosabat bildirgan Turkmaniston gaz sohasi vakillari Moskvaning bu rejasini Turkmanistonni Xitoy gaz bozoridan siqib chiqarishga urinish sifatida baholamoqda.

“Birinchi quvur ishga tushganida bizga Xitoy bozorining ulkan ekanligi va unda barcha yetkazib beruvchilar uchun joy borligi aytilgan edi”, deydi Turkmaniston janubidagi “Marigazdobicha” (Mari viloyati gaz kompaniyasi) korxonasi texnologi Haqnazar B.

“Mana, birinchi qadam ortidan ikkinchisi ham tashlandi”, dedi u.

Turkmaniston oʻz gaz quvuri bilan Xitoyga Rossiyadan oʻn yil oldin kirgan.

Xitoyning gaz sohasi mutasaddilariga koʻra, 2009-2019-yillar davomida u jami 252,1 milliard kub metr gaz yetkazib bergan.

Turkmaniston gaz sanoati rasmiylarining aytishicha, “Gazprom”dek monopolchi bu kabi istiqbolli gaz bozorida begonalarning hukmronlik qilishiga yoʻl qoʻya olmagan.

Turkmaniston imkoniyatlarini yoʻqqa chiqarish

Oʻz nomini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan “Turkmangaz” davlat korxonasining yuqori lavozimli xodimi Rossiyaning bu tashabbusi xavfli ekanligini aytadi.

“Xitoyning energiya manbalariga boʻlgan ehtiyoji juda katta, shunga qaramay, aftidan Rossiya ushbu ulkan gaz bozoridan Turkmanistonni siqib chiqarishga va oʻz mavqeini yanada mustahkamlashga urinmoqda”, dedi u.

Yakunda bundan faqat Xitoy yutadi, dedi u. U yangi gaz oqimiga ega boʻladi va ayni vaqtda taʼminotchilarga narx borasida oʻz siyosatini oʻtkazishi mumkin boʻladi.

“Bu iqtisodiyot va raqobat ekanligini hamma tushunadi, lekin Rossiya turli bahonalar bilan oʻz raqobatchilarini daromadli bozorlardan toʻsishga birinchi marta urinayotgani yoʻq, dedi mansabdor. “Raqobatchilar mavjud boʻlgan joylardan esa Rossiya ularni bosqichma-bosqich siqib chiqarmoqda”.

Mansabdor bunga misol keltirar ekan, Rossiya va Eronning birgalikda Turkmanistondan Ozarbayjonga oʻtadigan Transkaspiy gaz quvuriga qarshi chiqib, turkman gazining Yevropaga yoʻlini toʻsgani bilan bogʻliq voqeani tilga oldi.

“Ozarbayjon turkman gazini Turkiya va Yevropaga uzatish uchun oʻz infratuzilmasini taqdim etishga tayyor edi. Yevropa Ittifoqi loyihani qoʻllab-quvvatladi, ammo Rossiya va Eron “Kaspiy dengizi ekotizimini vayron qiladi” degan bahona bilan unga qarshi chiqishdi”, dedi u.

“Aslida, diversifikatsiyaga oid rejalarimizga qarshi chiqqanlar ekologiyadan xavotirlanmaydi, ular turkman gazining Yevropaga chiqishini istamaydi, xolos”, deb qoʻshimcha qildi u.

Koronavirus inqirozni chuqurlashtirmoqda

Rossiyaning bu tashabbuslari haqidagi yangiliklar Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy inqiroz va koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan aziyat chekayotgan bir vaqtda paydo boʻlgan.

Mart oyida PetroChina Markaziy Osiyo mamlakatlarini (koronavirus keltirib chiqargan iqtisodiy pasayish tufayli) fors-major holatlarining yuz berishi va natijada bu mamlakatlardan gaz xarid qilish tegishli ravishda kamayishi haqida ogohlantirgan.

Xitoy Turkmaniston, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan gaz sotib oladi.

Xitoy aniq hajmlarni eʼlon qilmagan, ammo u Turkmanistondan Qozogʻiston va Oʻzbekistonga qaraganda koʻproq gaz sotib oladi. Gaz hajmlari mutanosib ravishda kamayadigan boʻlsa, turkman gazini yetkazib berish keskin qisqaradi.

Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvurining oʻtkazish quvvati yiliga 55 milliard kub metrni tashkil etadi. Shundan 2019-yilda 33,3 milliard kub metr gaz Turkmaniston hissasiga toʻgʻri kelgan.

Turkmaniston iqtisodiy inqiroz va koronavirus tufayli koʻrilgan zararni eʼlon qilmagan, ammo Xitoy Turkmanistondan import qilinadigan gaz hajmi 2020-yilning ikki oyi davomida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga kamayganini maʼlum qildi.

Turkmanistonning neft-gaz sohasi tahlilchilariga koʻra, muammo eksport hajmini qisqarishi bilan cheklanmaydi. Endilikda Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvurining toʻrtinchi tarmogʻi qurilishi ham soʻroq ostida qolgan. Bu loyiha orqali Turkmaniston Xitoyga yiliga qoʻshimcha 25 milliard kub metr gaz sotib, 4 milliard dollar (14 milliard manat) daromad qilishni rejalagan edi.

Turkmaniston turkman gazining asosiy isteʼmolchisi boʻlgan Xitoyga butunlay qaram, deydi mamlakat iqtisodchilari.

“Agar Rossiya ikkinchi quvur orqali gaz yetkazib berish hajmini oshirsa, Xitoy yana bir bor turkman gazining narxini tushirish imkoniyatiga ega boʻladi, natijada mamlakat budjetining daromadli qismini shakllantirish qiyinlashadi”, deydi ashxobodlik iqtisodchi Maysa Agayeva.

“Agar “Sibir qudrati-2” Xitoyga yiliga qoʻshimcha 50 milliard kub metr Rossiya gazini yetkazib bersa, Turkmaniston bu bozorda yetakchilik maqomidan mahrum boʻladi”, dedi Agayeva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyaga ishonadiganlarning tomi ketgan. Ruslarga ishonish oʻzing tushgan suvga siyish bilan teng

Javob berish

Rossiyada aql va malakali xodimlar yoʻq

Javob berish

Haa, bu davlatlarda uglevodorod boʻlmaganida nima qilishardi? Ularning iqtisodiyoti neft va gazga qaram ... Uglevodorodlar hech kimga kerak boʻlmay qolganda nima qilishadi? Urush, ocharchilik, vayronagarchilik ... Xudo saqlasin!

Javob berish

Oʻylaymanki, nafaqat Turkmaniston, balki boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoyning Markaziy Osiyo uchun moʻljallangan loyihalariga eʼtibor berishmasa, biz bu bozorni yoʻqotamiz. Menimcha, Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy manfaatlar yoʻlida birlashishi kerak. Bundan tashqari, biz turkiy davlatlarmiz va dinimiz bir.

Javob berish

Quvurlar-ku oʻrnatildi, gaz esa yoʻq. Gaz koni deb oʻylagan joylari boʻm-boʻsh boʻlib chiqdi. U yerda gaz yoʻq. Endi gaz bor joyga yetib borish uchun ularga yana 1000 km quvur kerak.

Javob berish

“Sibir qudrati” allaqachon toʻxtatilgan, profiklaktika bahonasi bilan, lekin aslida strategik xatolar tufayli. Bu quvurni ruslar qurgan, demak insofsizlarga oʻgʻirlashgan, yoʻq joydan har xil raqamlarni oʻylab topishgan, qurilish rejalari haqida yolgʻonlar toʻqilgan va hokazo. Ammo Turkmaniston, Oʻzbekiston va Qozogʻiston yillar davomida Xitoy bozori uchun ishonchli gaz taʼminotchisi boʻlib kelgan.

Javob berish