Karvonsaroy
Energiya

Turkmaniston Xitoyning gaz sohasidagi makkorliklari bilan bogʻliq noxush voqelikni anglab yetmoqda

Jumaguli Annayev

Turkmanistonning Somontepa neftni qayta ishlash zavodining ochilish marosimi oldidan Xitoy va Oʻrta Osiyo bayroqlarini koʻtarib turgan ishchilar, 2009-yil. Bu voqea Pekinning Markaziy Osiyodagi resurslarni qoʻlga kiritish yoʻlidagi gʻalabasidan darakdir. [STR/AFP]

Turkmanistonning Somontepa neftni qayta ishlash zavodining ochilish marosimi oldidan Xitoy va Oʻrta Osiyo bayroqlarini koʻtarib turgan ishchilar, 2009-yil. Bu voqea Pekinning Markaziy Osiyodagi resurslarni qoʻlga kiritish yoʻlidagi gʻalabasidan darakdir. [STR/AFP]

ASHXOBOD – Ashxobod rasmiylariga koʻra, Turkmaniston hukumati Xitoyga foyda keltiradigan iqtisodiy korxonalar uchun koʻrinishidan jozibali kreditlar taklif qilib, Turkmaniston boʻyniga nihoyatda ogʻir qarzlarni yuklayotgan “xitoylik oʻrtoqlar”ning nayranglarini anglab yetmoqda.

Turkmanistonliklar orasida norozilik kuchaymoqda, zero “Xitoyga sotilayotgan milliardlab kub metr turkman gazining foydasi umuman sezilmayapti”, deydi Karvonsaroyga Turkmanistonning neft-gaz va moliya sohasidagi manbalari.

“Hozir gazimizdan tushgan pul bizga koʻrinmayapti, lekin Xitoy oʻz kreditlari yordamida Turkmaniston sanoatining boshqa sohalari, xususan toʻqimachilik va neft-kimyo sanoati, transport, qurilish va telekommunikatsiyalar sohasiga kirib borayotganini koʻrib turibmiz”, deydi Moliya vazirligida auditor boʻlib ishlaydigan Maysa H.

Turkmaniston uglevodorod resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish boʻyicha davlat agentligining rasmiysi Dovran I. jazodan qoʻrqishini aytib, Turkmanistonning Xitoydan olgan avvalgi kreditlarining umumiy qiymati toʻgʻrisida maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilishni istamadi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi kelishuvga binoan, Turkmaniston qarzni gaz bilan toʻlashi kerak.

2014-yil 3-may kuni olingan surat: Turkmanistonning Qoraqum choʻli markazidagi “Jahannam darvozasi” nomini olgan ulkan gaz krateriga tashrif buyurgan sayyohlar. Chuqurdagi alanga 40 yildirki oʻchmaydi – bu Turkmanistonning ulkan gaz zaxiralariga ega ekanligidan dalolat beradi. [Igor Sasin/AFP]

2014-yil 3-may kuni olingan surat: Turkmanistonning Qoraqum choʻli markazidagi “Jahannam darvozasi” nomini olgan ulkan gaz krateriga tashrif buyurgan sayyohlar. Chuqurdagi alanga 40 yildirki oʻchmaydi – bu Turkmanistonning ulkan gaz zaxiralariga ega ekanligidan dalolat beradi. [Igor Sasin/AFP]

Galkinish gaz koni umumiy gaz zaxiralari boʻyicha Eron va Qatarga tegishli Shimoliy gumbaz/Janubiy Pars konidan keyin dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. [Turkmaniston hukumati]

Galkinish gaz koni umumiy gaz zaxiralari boʻyicha Eron va Qatarga tegishli Shimoliy gumbaz/Janubiy Pars konidan keyin dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. [Turkmaniston hukumati]

Uning aytishicha, kredit miqdori hatto moliyaviy va iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlar uchun ham kattalik qiladi.

Galkinish gaz koni

“Xitoydan kelgan mablagʻlarning katta qismi Mari viloyatidagi Galkinish gaz konini oʻzlashtirishga sarflandi”, dedi Dovran I.

Galkinish gaz koni umumiy gaz zaxiralari boʻyicha Eron va Qatarga tegishli Shimoliy gumbaz/Janubiy Pars konidan keyin dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi.

Galkinish konida 21,2 trillion kub metr gaz zaxirasi bor, buni 2011-yilda Angliyaning neft sohasidagi “Gaffney, Cline & Associates” konsalting kompaniyasi hisoblab chiqqan.

Ulkan gaz zaxiralarining tasdiqlanishi ortidan Turkmaniston gazni barcha yoʻnalishlar: Rossiya, Yevropaning qolgan qismi, Xitoy, Afgʻoniston, Pokiston va Hindistonga sotishi mumkinligini eʼlon qilgandi.

Lekin, hozirda Turkmanistonning faqat ikki mijozi bor: Xitoy va Rossiya. Xitoy Rossiyaga nisbatan koʻproq gaz sotib oladi.

Aynan shu auditorlik tekshiruvidan soʻng, anchadan beri Markaziy Osiyoda iqtisodiy jihatdan hukmronlik qilishni koʻzlab yurgan Xitoy Galkinish gaz konida dastlabki oʻzlashtirishni amalga oshirish hamda gaz qazib olish, qayta ishlash va tashish infratuzilmasini yaratish uchun Turkmanistonga 8 milliard dollar kredit taklif qildi.

“2010-yilda prezident [Gurbanguli] Berdimuhamedov qoʻl ostidagilariga Xitoy taraqqiyot banki bilan yana 4,1 milliard dollar miqdorida kredit olish toʻgʻrisida muzokara olib borish vazifasini topshirdi”, dedi Dovran I. “Xitoyning koʻrsatmasi bilan hukumat keyingi kreditlar hajmini oshkor qilmay qoʻydi”.

Xitoy oʻn yildan oshibdiki, avval berilgan kreditlar uchun turkman gazini chegirmali narxlarda qabul qilmoqda, ammo Turkmanistonning qarzi kamaymayapti, dedi u.

Xitoy va Turkmaniston oʻrtasidagi gaz bitimlarining shaffof emasligi turkmanlarni Xitoyga eksport qilinayotgan gaz nima sababdan Turkmaniston gʻaznasiga daromad keltirmayotgani haqida fikr yuritishga undamoqda, deydi tahlilchilar.

Qattiq qoʻriqlanadigan sir

Xitoy bilan gaz bitimlarining shartlari nafaqat keng jamoatchilik, balki Turkmaniston moliya va neft-gaz muassasalari rahbarlaridan ham sir tutiladi, dedi Maysa H.

“Xitoy ham toʻlov shartlarini belgilagan, ham shartnomalar maxfiyligini taʼminlashni talab qilgan”, dedi u.

Shu sababli, Turkmaniston ommaviy axborot vositalari Xitoyga yetkazib beriladigan gaz hajmi, Xitoy toʻlaydigan stavkalar yoki ayirboshlash orqali olingan Xitoy tovarlari yoki texnologiyalari haqida xabar bermaydilar, deb qoʻshimcha qildi u.

Aniq maʼlumotlarning yetishmasligi tufayli, xitoyliklar Turkmanistondan Xitoygacha choʻzilgan quvur xarajatlarini qoplamagunicha yoki Turkmaniston Xitoy oldidagi qarzlarini toʻliq uzmagunicha, ular turkman gazini tekinga olib turadi, degan mish-mishlar paydo boʻlgan.

Turkmaniston rahbariyati xitoyliklarga gaz konlariga kirish huquqini berib xato qildi, deydi Mari viloyatining Yoʻlotan tumanilik Ismoil Resulov.

“Biz milliardlab kub metr gaz yetkazib beryapmiz, ammo oddiy odamlar hayoti yaxshilanmayapti – hali ham un, non, paxta yogʻi va shakar uchun navbatlarda turib umrimiz oʻtmoqda”, dedi u.

“Bu yerda uchta variant bor: yoki Xitoy bizga gaz uchun pul toʻlamayapti, yoki kam toʻlayapti yoki toʻlayotgan puli talon-taroj qilinyapti”, deb qoʻshimcha qildi Resulov.

Xitoy milliy neft korporatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yil oktabr oyiga qadar Turkmaniston Xitoyga oʻn yil ichida 252,1 milliard kubometr gaz yetkazib bergan.

Gazning xalqaro bozordagi minimal narxi ming kub metr uchun 150 dollar boʻlgan taqdirda ham, soʻnggi 10 yil ichida Turkmaniston Xitoydan olgan kreditlarini allaqachon soʻndirgan boʻlishi kerak edi, dedi Maysa H.

Xitoy bojxona xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil aprel oyida Xitoy ming kub metr gaz uchun 227 dollar toʻlagan.

Turkmaniston haqiqatan ham shuncha pul olganida, Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri qurilishiga mustaqil ravishda sarmoya kiritishi va gaz eksportining diversifikatsiyasiga toʻsqinlik qilayotgan boshqa muammolarni hal qilishi mumkin edi, dedi Maysa H.

“Ammo... negadir davlat gʻaznasida pul yoʻq, gaz esa goʻyoki mashʼum kreditlarni qoplash uchun Xitoyga ketishda davom etyapti”, deydi u.

“Biz iqtisodiy tarafdan Xitoyga mutlaqo qaram boʻlib qoldik”, deb qoʻshimcha qildi u.

Xitoy ekspluatatsiyasi

Aslida hammasi teskari boʻlishi va Xitoy Turkmanistonga qaram boʻlishi kerak, deydi Maysa H.

Garchi Xitoyga gaz yetkazib beradigan eng yirik eksportchi – Turkmaniston gazidan 500 milliondan ortiq xitoyliklar foydalanayotgan boʻlsa-da, Xitoy ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo shartlarini suiisteʼmol qilmoqda.

Xitoyning ekspluatatsiyasi amaldagi gaz bitimi shartlarining oʻzgartirilishi, koronavirus pandemiyasi sabab gaz sotib olish hajmining kamayishi toʻgʻrisidagi kutilmagan bayonotlar, gaz narxini yanada pasaytirish talablari yoki pul oʻrniga Xitoyning sifatsiz va nokerak tovarlarini taklif qilish, yangi kreditlarni olishga majburlash va Turkmanistonni qarzdorlik holatida ushlab turishga urinishlarda namoyon boʻlmoqda, dedi Maysa H.

Dovran I. Pekinning takabburligidan ajablanmasligini aytadi.

“Xitoyliklar ayyor. Hozirgi paytda ular turkman gazining asosiy xaridori boʻlganidan foydalanib, oʻz shartlarini belgilayapti, bu shartlar har doim ham Turkmaniston uchun manfaatli emas”, dedi u.

“Ammo Xitoyning hukmronligi abadiy boʻlmaydi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Turkmaniston gaz zaxiralari boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egallaydi va har kimga istaganicha gaz yetkazib berishi mumkin, dedi u.

“Turkmanistonni Xitoyga iqtisodiy va moliyaviy qaramlikdan xalos qilishning yagona yoʻli – gaz yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish”, deb xulosa qildi u kelajakda Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga kiruvchi gaz quvurlari barpo etish muhimligiga ishora qilib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, sotqin prezidentlar

Javob berish

Turkmaniston Xitoydan olgan qarzlaridan tezroq qutulish yoʻllarini axtarishi kerak. Aks holda, bu iflos Xitoylar Turkmanistonni yamlamay yutib yuboradi. Anavi ahmoq kuchukka haykal qoʻyguncha, xalqining farovonligini, Xitoydan uzoqlashish chora-tadbirlarini koʻrsa yaxshi boʻlardi

Javob berish