Karvonsaroy
Tahlil

Putinning postsovet mamlakatlarga nisbatan hududiy daʼvolari qozoqlarni gʻazabga soldi

Kanat Altinbayev

Putin “Rossiya-1” davlat telekanaliga intervyu bermoqda, 21-iyun kuni “Rossiya. Kreml. Putin” koʻrsatuvidan olingan kadr.

Putin “Rossiya-1” davlat telekanaliga intervyu bermoqda, 21-iyun kuni “Rossiya. Kreml. Putin” koʻrsatuvidan olingan kadr.

OLMAOTA – Postsovet respublikalar Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqib ketgani uchun Rossiyadan “qarzdor” ekanligi haqidagi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonoti Qozogʻistonda gʻazab bilan qarshi olindi.

Sobiq sovet davlatlari “rus xalqining hadyalarini” yer shaklida qaytarishlari kerak, deb aytgan Putin 21-iyun kuni bergan intervyusida.

Uning bu bayonoti “Rossiya-1” davlat telekanalining “Rossiya. Kreml. Putin” dasturi orqali namoyish etildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Sovet Ittifoqini taʼsis etishga oid (1922-yilgi) kelishuvda ittifoqdan chiqish huquqi eʼtirof etilgan boʻlsa-da, bu jarayon tartibi belgilanmagan.

“Anʼanaviy, qadimiy va tarixiy tuhfalarni izlab” – olmaotalik rassom Murat Dilmanovning Putinga chizilgan karikaturasi.

“Anʼanaviy, qadimiy va tarixiy tuhfalarni izlab” – olmaotalik rassom Murat Dilmanovning Putinga chizilgan karikaturasi.

“Demak, savol tugʻiladi: agar u yoki bu respublika Sovet Ittifoqiga qoʻshilgan boʻlsa-yu, tarixan, azaldan Rossiyaga tegishli yerlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, keyinroq Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqishga qaror qilgan boʻlsa-chi? U holda, nima bilan kelgan boʻlsa, shu bilan ketishi, rus xalqining hadyalarini qaytarishi kerak edi”, dedi u.

Intervyu efirga uzatilgandan bir kun oʻtib, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Putin bu gap-soʻzlari bilan “oʻtmishda Sovet Ittifoqi konstitutsiyasida yoʻl qoʻyilgan tizimli xatolarni” nazarda tutganini aytarkan, shu tariqa Rossiya konstitutsiyasini isloh qilish zaruriyatiga eʼtibor qaratgan.

Koronavirus bilan bogʻliq xavf-xatarlarga qaramay, 1-iyulga belgilangan konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha ovoz berish jarayoni Putinga Kremlda cheklanmagan muddatga qolish imkonini beradi.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, Putin 2024-yildan keyin prezident boʻlib qololmaydi, chunki u ketma-ket ikki muddatga saylanishi mumkin, xolos. Oʻzgarishlar kuchga kiradigan boʻlsa, uning barcha prezidentlik muddatlari nolga tenglashtiriladi.

Jangovar millatchilik

Putinning bu bayonoti birinchi galda Ukrainaga taalluqli ekanligini eʼtirof etgan qozoq tahlilchilari bu tahdid Qozogʻistonga ham qaratilganini aytmoqdalar.

Qozogʻiston – boshqa sobiq Sovet respublikalaridan farqli oʻlaroq, Rossiya bilan chegaradosh boʻlib, neft, gaz va boshqa tabiiy resurslarga boy.

Kreml 2014-yilda Qrimni Ukrainadan noqonuniy ravishda tortib olgan.

Qozogʻiston chegaralari muayyan kelishuvlar va xalqaro hujjatlar bilan ratifikatsiya qilingan boʻlib, hech kim ularni Rossiyaning hadyasi deb atay olmaydi, deydi olmaotalik siyosatshunos Islom Kurayev.

“Putinning bu bayonoti Qozogʻiston milliy xavfsizligiga bevosita tahdid oʻlaroq baholanishi mumkin”, dedi Kurayev.

Putinning bu soʻzlari tajovuzkor millatchilikni ifodalaydi, dedi Nur-Sulton shahar kengashi deputati Miras Shekenov.

“U oʻz xalqi orasida aynan shunday mafkurani – Sovet Ittifoqidagi hayotni ideallashtirish, Germaniyaga qarshi urushdagi gʻalabani ulugʻlash kabilarni targʻib qiladi”, dedi u.

Qozogʻistondagi “Xavf-xatarlarni baholash guruhi” tahlil markazi rahbari, olmaotalik Dosim Satpayevning aytishicha, odatda, siyosatchilar tarixni titkilay boshlaganida koʻngilsizliklar yuzaga keladi.

“Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi sababli Putinning reytingi yana tushib ketgan bir paytda, u allaqachon yoʻqotilgan va talon-taroj qilib boʻlingan “Buyuk Rossiya” rolini oʻynashga qaror qilgan koʻrinadi”, deb yozdi u Facebook sahifasida.

“Sobiq Sovet respublikalari prezidentlarini fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan paradga taklif qilish... va butun dunyoga bu respublikalar Rossiyadan qarzdor ekanligini eʼlon qilish bilan ayirmachilik kayfiyatidagi axborot toʻlqinini yuzaga keltirish – beʼmanilikning choʻqqisidir”, dedi Satpayev.

Maʼnisiz gʻoyalar

Putinning bayonoti qozogʻistonliklarning keskin qarshiligiga uchragan.

Olmaotalik OAV tahlilchisi va Jamoatchilik ishonchi milliy kengashining sobiq aʼzosi Arman Shurayev oʻzining Facebookdagi videomurojaatida “Qozogʻiston Rossiyaga doʻst boʻlgan kam sonli mamlakatlardan birini ekanligi, agar Putin “oʻz xayolidagi hududlarga daʼvogarlik qilishni” toʻxtatmasa, yaqin orada u ham Moskvadan yuz oʻgirishini” aytadi.

“Qozogʻiston Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqayotganida qurib qolgan Orol dengizi, Semipalatinsk (Semey) yadro poligoni , dashtlarimizni vayron qilgan va ayollarimizdan nogiron bolalar tugʻilishiga sabab boʻlgan oʻnlab yadroviy raketa portlashlarini “sovgʻa” sifatida qabul qilib olgan, dedi Shurayev.

“Boyqoʻngʻirdan (Rossiya foydalanuvidagi Qozogʻiston kosmodromi) chiqqan raketa yoqilgʻisi esa barcha tirik mavjudotlarni zaharlab , fuqarolarimiz va Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni oʻldirmoqda”, dedi u.

Putin “Napoleon va toʻliqsizlik kompleksi” taʼsirida doimiy ravishda bemaʼni gʻoyalarni soʻzlab keladi, deb qoʻshimcha qildi u.

Shurayev Putinni “Qariyalar non-suv bilan kun koʻrayotgan” farovon Moskva tashqarisida nimalar boʻlayotganiga eʼtibor qaratish va Rossiya ichidagi dolzarb muammolar haqida jiddiy bosh qotirishga undagan.

“Qozoqlar ham, Putin Donbass va Qrimni tortib olgan ukrainlar ham, Putin hududlarining bir qismini tortib olgan gruzinlar ham, Putin tomoqlaridan tutib turgan moldavanlar ham Rossiyaning dushmanlari emas. Rossiyaning barcha dushmanlari Kremlga oʻrnashib, hokimiyatni egallab olgan”, dedi Shurayev.

Olmaotalik rassom Murat Dilmanov esa oʻz karikaturasi bilan Putinni hajv qilgan.

Suratda ayiq mingan Putin raketa va gurzi ushlagan holda uzoqlarga qarab, ayiq esa yuzini panjasi bilan toʻsib turgan (feyspalm) holatda aks etgan.

Rasmning izohida “anʼanaviy, qadimiy va tarixiy tuhfalarni izlab” deb yozilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Tuturiqsiz maqola. Rus xalqi – Yevropadagi eng tarqoq xalq. Va biz Qrimda boʻlgani kabi birlashishimiz kerak.

Javob berish

Rossiya – natsist va fashistlar oʻzini qulay his qiladigan dunyodagi yagona mamlakat. Hatto kamera oldida men fashistman, desang ham senga hech narsa boʻlmaydi, hatto odamlar buni qoralamaydi.

Javob berish

Qoʻshni davlatlar yerlari haqida xayol qilgandan koʻra, rus xalqi bir umrlik prezidentlikni senga sovgʻa qilarmikan, shuni oʻyla...

Javob berish

Avval uning rus xalqi oʻziga tegishli boʻlmagan hamma narsani qaytarsin.

Javob berish

Bekor gaplar!!

Javob berish

Putinning reytingi quladi. U oʻz reytingini odatda urushlar orqali koʻtaradi

Javob berish

Yoki teraktlar bilan

Javob berish