https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2020/06/08/feature-01
| Siyosat

Putinning pandemiya vaqtida parad va referendum oʻtkazish rejasi odamlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda

Karvonsaroy va AFP

image

Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan havoga koʻtarilgan Rossiya harbiy samolyotlari, Moskva. Kreml har yilgi Gʻalaba kuni paradini 24-iyunda oʻtkazmoqchi. (Rossiya mudofaa vazirligi)

MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda COVID-19 koronavirusi bilan bogʻliq murakkab sharoit rossiyaliklar uchun xatarli boʻlishi mumkinligiga qaramay, siyosiy jihatdan manfaatli ommaviy tadbirlarni rejalamoqda.

Putin Rossiyada koronavirusga oid inqiroz kuchaygani haqida xabar berganidan bir hafta oʻtmay, konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha saylovlarni tezlashtirishga qaror qilgan. 1-iyulga belgilangan saylov unga cheklanmagan muddatga Kremlda qolish imkonini beradi.

Rossiyada har kuni minglab kasallanish holatlari qayd etilayotganiga qaramay, Putin tanqidchilar nazdida yomon boshqarilgan va uning reytingiga salbiy taʼsir koʻrsatgan, ammo bir vaqtning oʻzida noroziliklarga yoʻl bermagan inqirozni oʻzgartirmoqchi.

Ammo, bu bilan saylovlarning legitimligiga putur yetishi xavfi bor.

image

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati va konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish boʻyicha ishchi guruh aʼzolari bilan uchrashdi. (Kreml)

Kreml “odamlar epidemiya oqibatlarini toʻliq anglamagan va hayot iziga tushayotganidan mamnun ekanligidan foydalanib qolmoqchi”, dedi Rossiyaning “Siyosiy mutaxassislar guruhi” ilmiy markazi rahbari Konstantin Kalachev AFP nashriga.

“Odamlar yomon kayfiyatdan xalos boʻlmoqchi va oqibatlarni hali toʻla anglab yetmayapti”, deydi Moskvadagi Karnegi markazi xodimi Aleksandr Baunov.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, Putin ketma-ket ikki muddat xizmat qila olmasligi sababli 2024-yildan keyin prezident boʻlib qola olmaydi.

Agar oʻzgarishlar maʼqullansa, Rossiya Bosh qonuni uning avvalgi prezidentlik muddatlarini “nolga tenglashtiradi”.

Putin joriy yil boshida oʻzgarishlarni eʼlon qilgan paytda konstitutsiyaviy saylov dastavval 22-aprel kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan va Rossiya parlamentining ikkala palatasida ham tezda maʼqullangan edi.

Aholi orasida oʻtkazilgan soʻrovga koʻra, koronavirus dolzarb muammoga aylanganidan soʻng ommaning saylovga qiziqishi kamaygan.

Ortiqcha kechikish rossiyaliklar virusning iqtisodga, jumladan ishsizlikka taʼsirini chuqurroq his qilishini anglatadi, deydi tahlilchilar.

Xatarli saylov

Ammo shunga qaramay, saylovni 1-iyulga belgilash qaltis qaror, chunki Rossiyada epidemiya tugashiga hali ancha bor.

Kunlik kasallanish holatlari barqarorlashgan boʻlsa-da, ular 9 ming atrofida. Ayni vaqtida, xuddi shunday kasallanish holatlari qayd etilgan mamlakatlarda oʻlim koʻrsatkichlari past ekanligiga qaramay, Rossiyadagi rasmiy oʻlim holatlari soni oshib bormoqda.

Ammo, qirgʻizistonlik sobiq diplomat Murat Konokbayevga koʻra, Rossiya hukumati mamlakatdagi pandemiyaga oid holatni toʻliq oshkor qilmayapti. Xususan, unga koʻra, oʻlim statistikasi sezilarli kamaytirib eʼlon qilinmoqda.

Ovoz berish “doʻkonga chiqib kelishdan ham xavfsizroq boʻladi”, deb vaʼda bergan Rossiya saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilova.

Saylov jarayonini kuzatuvchi “Golos” guruhiga koʻra, saylovchilarning tana haroratini oʻlchash va saylovlarni ochiq havoda oʻtkazish rejalari rasmiylarning “pandemiya vaqtida saylov jarayonini oʻtkazish naqadar xavfli” ekanligini anglayotganidan darak beradi.

Muxolifat siyosatchisi Lyubov Sobol oʻzining Twitter sahifasida shunday deb yozgan: “Vaqtni ortga qaytarish uchun Putin odamlar hayoti va salomatligini xavf ostiga qoʻyishga ham tayyor”.

Ayrim hududlarda iyun oyida ham davom etayotgan karantin sharoitida saylov qanday oʻtkazilishi nomaʼlum.

Putin bungacha koronavirus tarqalishiga qarshi choralar samarasizligini tan olgan edi. Aprelda oʻtkazilgan soʻrovlardan biri uning reytingi eng quyi tarixiy koʻrsatkich – 59 foizga tushganini koʻrsatgan.

Putinga nisbatan “jamoatchilik xayrihohligi susaygan”, dedi Baunov. “Endi esa u rahbariyat, yaʼni oʻzi uchun rasman referendum oʻtkazishni taklif qilmoqda.”

Koronavirus cheklovlari sharoitida saylov uchastkalariga borish soxtalashtirish xavfini yanada kuchaytiradi.

“Yagona muammo natijalarni legitimlashtirishdir”, dedi Kalachev yoqlab berilgan ovozlar soni juda koʻp boʻlsa, ishonchsizlik va norozilik kuchayishini bashorat qilar ekan.

Saylov komissiyasi rahbari Pamfilova ehtimoliy “mojarolar” va natijalardan “shubhalanish” xavfini inobatga olgan holda pochta orqali ovoz berish ehtimolini rad etgan.

Unga koʻra, ayrim hududlarda ovoz berish jarayoni onlayn tarzda oʻtkazilishi mumkin.

“Golos” tashkilotiga koʻra esa, virusga qarshi choralar “saylovda ovoz berishni soxtalashtirish uchun cheklanmagan imkoniyatlar yaratadi”

Niqob taqib olganlar bir necha marta qayta ovoz berishlari, saylov budkalarini muntazam ravishda dezinfeksiya qilish esa byulletenlarni ommaviy toʻldirish uchun keng yoʻl ochadi.

Saylov arafasida politsiya referendumga qarshilarning yakka tartibdagi namoyishlarini toʻxtatish uchun ham karantin choralari qoʻllanilishini aytib ogohlantirgan.

Gʻalaba kuniga bagʻishlangan parad boshqa kunga koʻchirildi

Saylov – Putinning virusdan oldingi kun tartibiga qaytishga shoshilayotgani va pandemiyani orqaga tashlashga urinayotgani bilan bogʻliq yagona holat emas.

Kunlik kasallanish holatlari kamayishni boshlar ekan, uning birinchi qilgan ishi Qizil maydonda 9-may kuni oʻtishi kerak boʻlgan harbiy paradni boshqa kunga koʻchirish boʻldi. U konstitutsiyaviy islohotlarga oid saylovdan bir hafta avval, 24-iyun kuni boʻlib oʻtadi.

Putin rejimi tadbirda qator davlat rahbarlarining ishtirokini taʼminlashga harakat qilmoqda va oliy darajadagi tashriflarni muvofiqlashtirish ustida ishlamoqda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “davlatlar rahbarlari grafigini tuzib chiqish uchun vaqt kam” ekanligini tan olar ekan, bu jarayon “har bir mamlakat bilan individual ravishda” muvofiqlashtirilayotganini aytdi.

Putinning minglab askarlar ishtirokidagi tantanali yurish bilan oʻtadigan ommaviy tadbir oʻtkazish rejasi Markaziy Osiyo mamlakatlarida hayrat va xavotir bilan qarshi olinmoqda. Hozircha mintaqada Qirgʻizistondan tashqari hech bir davlat bu tadbirda ishtirok etishini tasdiqlamagan.

“Koronavirus Putinning asosiy rejalarini – uning prezidentlik muddatlarini nolga aylantiradigan konstitutsiyaviy islohotlar referendumi va Gʻalaba kuni paradini barbod qildi”, deydi qirgʻizistonlik sobiq diplomat Murat Konokbayev.

Lekin, u tabiiyki, vaziyatdan foydalanib, qurollarini koʻz-koʻz qilishdan oʻzini tiya olmadi”, dedi u.

“Bu Putin uchun shuhratparastlik paradi va u odamlar sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyishga tayyor”, deydi Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti oʻqituvchisi Gulmira Suleyeva.

Kremldagilar Yevropada Ikkinchi jahon urushi tugaganining 75 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtadigan tadbir jamoatchilik kayfiyatini koʻtarishiga va referendumdagi ishtirokini taʼminlashiga ishonmoqda.

“Ular gʻalaba paradining safarbarlik taʼsiriga umid bogʻlamoqda”, deb xabar beradi “Vedomosti” gazetasi Kremlga yaqin manbaga tayanib.

“Buning uchun hozirgidan qulayroq vaqt boʻlishi mumkin emas”, dedi siyosiy ekspertlar guruhi aʼzosi Kalachev.

[Maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev koʻmaklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

3
Fikrlar 5
Siyosat
Captcha *

Nimaga Putin hukumatda qolish uchun saylov o‘tkazilyapti??? Hammasi hal qilib bo‘lingan, odamlar xohlasa-xohlamasa ularda tanlov yo‘q.

Javob berish

Maqola muallifiga: Siz Markaziy Osiyodasiz. Putin, Rossiya bilan nima ishingiz bor? O‘zingizdagi muammolarni hal qiling; Sizsiz ham rossiyaliklar hammasini ko‘rib turishibdi. Yoki sizga to‘langan pulni halollash uchun akillayapsizmi?

Javob berish

Rossiya muhim qo‘shni va uning ishlari Markaziy Osiyo uchun manfaatli

Javob berish

Rossiyadagi irqchilik https://www.youtube.com/watch?v=jDe349HICOE

Javob berish

Unda “Oʻlmas polk”ni Yuqumli polk deb nomlash kerak))

Javob berish