Karvonsaroy
Inson huquqlari

“Novichok”ning qoʻllanishi Navalniy hayotiga suiqasd ortida Kreml turganini koʻrsatmoqda

Karvonsaroy va AFP

Moskvada huquq-tartibot xodimlari yonida turgan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy, oʻtgan yilning 26-dekabrida olingan surat. [Dimitar DILKOFF/AFP]

Moskvada huquq-tartibot xodimlari yonida turgan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy, oʻtgan yilning 26-dekabrida olingan surat. [Dimitar DILKOFF/AFP]

BERLIN – Germaniya Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning faqat Rossiya maxsus xizmatlari ishlatadigan, asab tizimini falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanganini tasdiqlar ekan, dunyo davlatlari yetakchilari Moskvadan izoh talab qilmoqdalar.

44 yoshli erkak avgust oyida Rossiyaga muxolif boʻlgan va prezident Vladimir Putinning shubhali tarzda zaharlangan tanqidchilari roʻyxatidagi oxirgi odam boʻldi va hozir Berlin kasalxonadasida yotibdi.

Chorshanba (2-sentabr) kuni Germaniya harbiy laboratoriyasida oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlar Navalniyning harbiy darajadagi “Novichok” kimyoviy moddasi bilan zaharlanganiga oid “aniq dalillarni” ochiqladi.

Sovet Ittifoqi ushbu zaharli moddani Sovuq urush davri yakuniga kelib ishlab chiqqan.

Yuz niqobini taqib Kreml yaqinida sayr qilib yurgan ayol, 24-avgust, Moskva. [Yuriy KADOBNOV/AFP]

Yuz niqobini taqib Kreml yaqinida sayr qilib yurgan ayol, 24-avgust, Moskva. [Yuriy KADOBNOV/AFP]

Bu xulosalar “faqat Rossiya javob bera oladigan va javob berishi shart boʻlgan juda jiddiy savollarni” keltirib chiqardi, dedi Germaniya kansleri Angela Merkel.

“Aleksey Navalniy jinoyat qurboni boʻlgani aniq”, dedi u. “Uning ovozini oʻchirmoqchi boʻlishdi, men buni qatʼiyan qoralayman.”

Bu xabar dunyo rahbarlarining qoraloviga sabab boʻldi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Navalniyning zaharlanishini “jirkanch”, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian esa “shokka soluvchi va masʼuliyatsiz” xatti-harakat deb atagan.

Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayyen bu holatni yana bir bor “razil va qoʻrqoqlarcha amalga oshirilgan harakat” deya qoraladi.

“Rossiya xalqi oʻz nuqtai nazarini jazolanishdan, boʻlib ham kimyoviy moddalar qoʻllanishidan qoʻrqmay, tinch yoʻl bilan ochiq ifodalashga haqli”, deb yozgan AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Ulliot.

NATO rahbari Yens Stoltenberg Rossiya tomonidan “toʻliq va oshkora” tergov oʻtkazilishini kechiktirib boʻlmas holga keltirgan asabni falajlovchi jangovar kimyoviy modda qoʻllash bilan bogʻliq “mudhish” holatni keskin qoralagan.

Italiya tashqi ishlari vazirligi va Kanada tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan ham Navalniyning zaharlanishini qoraladi.

Koʻp sonli ilmiy va kontekstual dalillarga qaramay, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov payshanba (3-sentabr) kuni suiqasd ortida Rossiya rejimi turganiga “hech qanday asos yoʻqligini” aytgan.

Koʻpchilik Navalniyning zaharlanishi va Belarusdagi tartibsizliklar oʻrtasida bogʻliq bor deb hisoblamoqda.

Jangovar kimyoviy modda

Rus tilida “yangi” yoki “yangi kelgan” degan maʼnoni anglatuvchi asab tizimini falajlovchi modda oʻta mayda kukun, suyuqlik yoki bugʻ koʻrinishida ishlatilishi mumkin.

Avgust oyida Sibirda samolyotga chiqqanidan soʻng ahvoli ogʻirlashgan Navalniyning yordamchilari uning aeroportda ichgan bir finjon aralashmali choyidan shubhada ekanliklarini aytishgan.

Unga Sibir kasalxonasida birlamchi tibbiy yordam berilgan, u yerdagi shifokorlar uning qonidan hech qanday zaharli modda topilmaganini aytishgan, shundan soʻng Germaniyadagi nodavlat tashkiloti 22 avgust kuni uni maxsus muolaja uchun Berlinga olib ketgandi.

“Novichokni faqat davlat (FSB, GRU) qoʻllay oladi. Bunga hech qanday shubha yoʻq”, deb yozdi Tvitterda Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi rahbari Ivan Jdanov Federal xavfsizlik xizmati va Bosh razvedka boshqarmasini nazarda tutib.

“Jangovar kimyoviy moddaning” qoʻllanilgani hujum ortida davlatning oʻzi turganini koʻrsatmoqda, dedi Jdanov “Exo Moskvy” radiostansiyasiga bergan izohida.

“Demak, u jamoat arbobining hayotiga qilingan suiqasd uchun javobgar. Shu bois biz tabiiy ravishda jinoiy ish qoʻzgʻatilishini va zaharlanish bilan bogʻliq barcha holatlarning tekshirilishini talab qilamiz”.

Kremlning navbatdagi zaharlash amaliyoti

Tarixda Kremlning Rossiya ichida va undan tashqaridagi muxolifat arboblarini zaharlashi hamda ichki va tashqi manfaatlar yoʻlida gibrid urush taktikasidan foydalanishiga oid misollar talaygina.

2018-yilning mart oyida Britaniyaning Solsberi shahrida asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanish tufayli sobiq rossiyalik ikki taraflama josus Sergey Skripal va uning qizi hushsiz holatda topilgan edi.

Kremlga qarshi boʻlgan faollardan biri Petr Verzilov 2018-yil sentabr oyida tibbiy preparatdan zaharlanish ortidan kasalxonaga yotqizilgan.

2006-yil noyabr oyida Kremlga qarshi soʻzlagan sobiq rossiyalik josus Aleksandr Litvinenko Londondagi mehmonxonalarning birida yuqori radioaktiv Poloniy-210 moddasi qoʻshilgan choy ichishi ortidan vafot etgan.

Shuningdek, 2004-yil sentyabr oyida prezidentlik uchun Rossiya qoʻllovidagi nomzodga qarshi kampaniya olib borgan ukrainalik siyosatchi Viktor Yushchenko katta miqdordagi dioksin moddasidan zaharlanish tufayli halok boʻlayozgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Boʻlmasam-chi ))) Oʻrganing qanday ishlashni !! )))

Javob berish

Rossiya – terrorizm degani. Terrorchilarni esa hojatxonada oʻldirish kerak :))

Javob berish

Nimani o‘rganaylik? Ishni qanday rasvo qilishnimi? )))

Javob berish

Rossiya qanday holatga kelib qoldiki, kuppa-kunduzi muxolif siyosatchilarni oʻldirishmoqda. Bu endi mamlakat emas, qandaydir Somali

Javob berish