OLMAOTA – Rossiya prezidenti Vladimir Putin ekologik, iqtisodiy va mintaqa xavfsizligi oqibatlariga bepisandlik bilan oʻz qudratini koʻz-koʻz qilishda davom etar ekan, Rossiya mezbonligidagi keng miqyosli harbiy mashgʻulotlar Markaziy Osiyoda tashvishga sabab boʻlmoqda, deydi kuzatuvchilar.
Dushanbadan (21-sentabr) shanbaga (26 sentabr) qadar Rossiya janubida boʻlib oʻtadigan “Kavkaz-2020” mashqlarida 12 mingdan ortiq askar ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri oʻrinbosari Aleksandr Fomin matbuot brifingida aytib oʻtdi.
Mashgʻulotlarda ishtirok etishga Armaniston, Ozarbayjon, Belarus kabi postsovet davlatlar qatori Xitoy, Eron, Pokiston va Myanma ham taklif etilgan, deyiladi vazirlikning 11-sentyabr kungi bayonotida.
Bayonotga koʻra, quruqlik va dengiz mashgʻulotlaridan iborat tadbirga 250 dan ortiq tank, 450 ta jangovar mashina va zirhli texnika jalb qilinadi.
Mashgʻulotlarda 80 mingga yaqin harbiy xizmatchi, jumladan yordamchi xodimlar ham qatnashadi.
Asosiy mashgʻulotlar Rossiyaning janubiy harbiy okrugida, jumladan havo poligonlarida oʻtishi kutilmoqda, deya xabar bergan mahalliy OAV.
Mashgʻulotlar Eron harbiy dengiz kuchlari jalb qilinadigan Qora va Kaspiy dengizlaridagi qoʻshma amaliyotlarni ham oʻz ichiga oladi.
Xorijiy ishtirokchilar orasida Rossiyaga birinchi boʻlib Xitoy harbiy samolyotida 100 ga yaqin xitoylik askarlar yetib kelishdi, deb xabar bergan 14-sentabr kuni Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy nashri “Krasnaya Zvezda”. Undan avval tashrif buyurgan xitoylik zobitlar soni ochiqlanmagan.
Ammo Moskva taklif qilgan mehmonlarning hammasi ham Rossiya uchun strategik ahamiyatga ega harbiy mashgʻulotlarda ishtirok etish ishtiyoqini namoyish qilmagan.
Rossiya mudofaa vazirligiga koʻra, Ozarbayjon, Indoneziya, Eron, Qozogʻiston, Tojikiston va Shri-Lanka shunchaki kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
Rossiyaning “Nezavisimaya gazeta” nashri “Kavkaz-2020 boshlanmay turib yoʻqotishlarga uchramoqda” sarlavhali maqola chop etgan boʻlib, unda Moskva uchun kutilmaganda ayrim davlatlarning turli sabablar bilan “Kavkaz-2020” mashgʻulotlarida ishtirok etishdan bosh tortgani bayon qilingan.
Misol uchun, avgust oyi oxirida mashgʻulotlarda ishtirok etmaslikka qaror qilgan Hindiston Moskva bilan muhim harbiy-texnik shartnomalarni imzolashga shoshilmayapti, deb yozadi nashr.
Putinning “militaristik siyosati” borasidagi xavotirlar
“Kavkaz-2020” mashqlarining Qozogʻiston chegarasiga yaqin hududda boʻlib oʻtayotgani Nur.kz nashrining qozogʻistonlik mushtariylari tanqidi va tashvishiga sabab boʻlgan.
“Qurollanish poygasi, maqtanchoqlik va oʻz qudratini koʻz-koʻz qilish Putinning militaristik siyosatidir”, deb fikr-mulohaza qoldirgan Astana2018. “Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatidagi Kapyarda oʻtgan sinovlar qanchadan-qancha nogiron bolalar, onalarning koʻz yoshlari va ofatlarga sababchi boʻldi!”
Mushtariy Qozogʻiston chegarasi yaqinida, Rossiya janubida joylashgan Kapustin Yar raketa poligonini nazarda tutgan.
“Putin bu pullarga urush faxriylari uchun kvartira olib berganida yaxshiroq boʻlardi”, deb yozadi Nur.kz nashrining yana bir mushtariysi SB. “Ular sharoiti yoʻq, gazsiz, vayrona uylarda yashayapti. Pensionerlar axlat qutilaridan ovqat terib yuribdi, ammo bu militarist harbiy oʻyinlarga toʻymayapti.”
Soʻnggi vaqtlarda Rossiya Qozogʻistonni oʻzining geosiyosiy oʻyinlariga jalb qilishga urinib kelmoqda, deydi Nur-Sultonlik siyosiy tahlilchi Urazgali Selteyev.
“Davlatimiz qatʼiyan neytral mavqeini saqlab qolishi va Gʻarb bilan qarama-qarshilikka aralashmasligi kerak”, dedi u. “Qozogʻiston fuqarolari Rossiya va uning harbiy ittifoqchilarining xatti-harakatlaridan zarar koʻrmasliklari lozim.”
Kreml oʻzining provokatsion harbiy mashqlari va boshqa yoʻllar bilan Markaziy Osiyoda keskinlikka sabab boʻlmoqda, deydi bishkeklik qirgʻiz diplomati Murat Konokbayev.
“Yaqinda ular axborot makonimizda qirgʻizlar Qirgʻizistonning Rossiyaga qoʻshilishini muhokama qilayotgani haqidagi soxta xabarlarni tarqatdilar”, dedi u. “Moskvaning bu jirkanch provokatsiyasi qirgʻizistonliklarni gʻazablantirdi. Markaziy Osiyo respublikasidagi reaksiya bu kabi bayonotlarning haqiqatdan yiroq ekanligini koʻrsatdi.”
Markaziy Osiyo mamlakatlari Moskvadan yuz oʻgirib, mintaqaviy xavfsizlikni ichkaridan, mustaqil ravishda tiklashga diqqat qaratishlari kerak, deydi baʼzi tahlilchilar.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston bu jarayonga bosh-qosh boʻla oladi, deydi Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahlil markazi rahbari Farhod Tolipov.
Mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash va barcha sohalarda, jumladan mintaqaviy xavfsizlikka oid siyosatlarni uygʻunlashtirish uchun Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro hamjihatligini kuchaytirish zarur, deydi u.
“Toshkent va Nur-Sulton birgalikda besh davlat formatida Markaziy Osiyoda oʻzining mintaqaviy kollektiv xavfsizlik tizimini yaratishi mumkin”, deydi Tolipov.
Rossiya-Belarus mashqlari xavotirga sabab boʻlmoqda
Ayni paytda Rossiyaning Belarusda yuz berayotgan siyosiy tartibsizliklardagi ishtiroki mintaqada oʻtishi rejalashtirilgan boshqa harbiy mashgʻulotlarga tahdid solmoqda.
14-25-sentabr kunlari Belarusning Brest poligonida “Slavyan birodarligi-2020” mashgʻulotlari boʻlib oʻtmoqda, deb xabar berdi Rossiya mudofaa vazirligi.
9-avgust kungi Aleksandr Lukashenkoning qayta saylanishi bilan bogʻliq bahsli prezident saylovlari ortidan norozilik namoyishlari iskanjasida qolgan Belarus xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida boʻlib turibdi.
Dushanba (14-sentabr) kuni Putin qiyin ahvolda qolgan Belarus liderini qoʻllab-quvvatlab, 1,5 milliard dollarlik kredit vaʼda qilar ekan, Lukashenko ham Moskva bilan aloqalarni mustahkamlashga vaʼda bergan.
Tojikistonning ASIA-Plus va Deutsche Welle nemis nashrlarida ishlagan, Yevropada yashovchi tojik jurnalisti Xayrullo Mirsaidovga koʻra, iqtidorda qolishga urinayotgan Lukashenko Rossiyaning yordamiga umid qilmoqda.
Lukashenko Rossiya qoʻshinlarining Belarusga kiritilishi ehtimolini oqlashga harakat qildi, ammo Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) shartlariga koʻra, bu faqat Belarusga tashqi kuchlar tahdid solgan taqdirdagina yuz berishi mumkin.
“Bu shartlarga mos kelish uchun, Lukashenko goʻyoki Litva-Belarus chegarasida NATO qoʻshinlari toʻplanganini aytdi”, dedi Mirsaidov. “Biroq, NATO va Litva rasmiylari bu bayonotni rad etganlar.”
Mashgʻulotlar 2015-yildan beri har yili oʻtkazilib kelinayotganiga qaramay, Moskvaning zarariga siyosiy bosim oʻtkazish nuqtasiga aylangan.
Kreml Bolqonda Rossiya harbiylari uchun yaqin ittifoqchi va forpost deb hisoblaydigan Serbiya 9-sentabr kuni Belarus va Rossiya ishtirokidagi harbiy mashgʻulotlarda qatnashishdan rasman bosh tortdi.
“Bizdan Yevropadagi kelajagimiz evaziga Belarus bilan rejalashtirilgan harbiy mashgʻulotlardan voz kechishimizni soʻrashdi”, dedi Serbiya mudofaa vaziri Aleksandar Vulin.
Yevropa Ittifoqiga (YI) aʼzolikka nomzod Serbiya Belarusdagi vaziyat tufayli oʻz siyosiy kelajagini xavf ostiga qoʻyishni istamagan koʻrinadi.
Serbiya Lukashenko hukumati bilan yaqin aloqada boʻlsa-da, Belgrad Belarusdagi prezident saylovlarining “erkin va adolatli” oʻtmagani va hukumatning namoyishchilarga qarshi zoʻravonligini tanqid qilgan Yevropa Ittifoqi va AQSHning 11-avgust kungi qoʻshma bayonotini qoʻllab-quvvatlagan.
15-sentabr kuni Rossiya mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, 12-16-oktabr kunlari Belarusning Brest poligonida “Buzilmas birodarlik-2020” harbiy mashgʻulotlari oʻtkaziladi.
Oʻquv mashqlarida KXSHTga aʼzo Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Tojikiston ishtirok etadi.
Rossiya muvaffaqiyatsiz loyiha sifatida tugatilishi lozim.
Javob berishFikrlar 4
Rossiyaga tahdid solishmoqda va u juda jiddiy, nega endi javob bermasin? NATO mamlakatlari uni oʻrab olib, chegaralari tomon yaqinlashmoqda, inqiloblar va urushlar keltirib chiqarmoqda, NKA [?], terrorchilar, josuslar va boshqalar. NATO va AQShning maqsadi xuddi SSSR singari Rossiyani parchalash va Rossiya hududida faqat Moskva viloyatini qoldirish. Rossiya buyuk davlat va shunday boʻlib qoladi va u militaristlarning barcha bosimlariga dosh berishga tayyor...
Javob berishFikrlar 4
Rossiya zang bosgan qurollari bilan maqtanavermay, tushib ketayotgan ishtonini koʻtarib olish haqida oʻylasin.
Javob berishRossiyada anchadan beri zang bosgan qurollar yoʻq. Har qancha urinmang, shunchaki yozish va gapirish qoʻlingizdan kelmaydi
Javob berishFikrlar 4