Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ukrainada tanglik kuchayib borar ekan, Rossiya va Belarus shoshilinch harbiy mashgʻulotlar oʻtkazmoqda

Karvonsaroy va AFP

Belarusdagi rossiyalik harbiy xizmatchi, oʻtgan yilgi surat. [Rossiya mudofaa vazirligi]

Belarusdagi rossiyalik harbiy xizmatchi, oʻtgan yilgi surat. [Rossiya mudofaa vazirligi]

MOSKVA – Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi tanglik kuchayib borar ekan, seshanba (18-yanvar) kuni Belarusga shoshilinch harbiy mashgʻulotlar oʻtkazish uchun rossiyalik askarlar yetib kelgan.

Belarus mudofaa vazirligi xabariga koʻra, “jumladan, respublika gʻarbiy va janubiy chegaralarida” keskinlik kuchayib borayotgani sababli mamlakat harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlariga mezbonlik qilmoqda.

Kiyev va uning Gʻarbdagi ittifoqchilari Moskvaning Ukraina bilan chegaraga 100 ming askar yuborishini ehtimoliy bosqin deb atagan harakatiga tayyorgarlik koʻrar ekan, Gʻarb Belarusning yaqin ittifoqdoshi boʻlmish Rossiya bilan faol diplomatik muzokaralarga kirishgan.

Rossiya Ukraina yaqiniga askarlar joylashtirilganini quruqlikdan hujumga tayyorgarlik ekanini rad etdi va NATOni oʻz chegaralariga yaqinlashayotganida ayblab, Vashington yetakchiligidagi mudofaa blokiga yangi aʼzolar, xususan Ukraina va Gruziyani qabul qilmaslik talabini qoʻydi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni qarshi olmoqda, 29-dekabr kuni Sankt-Peterburg yaqinida olingan surat. [Aleksey Nikolskiy/RIA Novosti/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni qarshi olmoqda, 29-dekabr kuni Sankt-Peterburg yaqinida olingan surat. [Aleksey Nikolskiy/RIA Novosti/AFP]

Ikki qismli mashgʻulotlar

Rossiya ham, Belarus ham mashgʻulotlarda qancha askar ishtirok etishi haqida xabar bermagan. Belarusga koʻra, mashqlar ikki bosqichda boʻlib oʻtadi.

Belarus mudofaa vazirligi tomonidan eʼlon qilingan videolavhada qorga burkangan poyezdlardan bir qator harbiy texnika, jumladan tanklar tushirilayotgani aks etgan, deb xabar bergan AFP.

Mashgʻulotlarning birinchi qismi seshanba kunidan 9 fevralga qadar davom etadi, unda askarlarning tezkor hozirligi, hukumat va harbiy muassasalar xavfsizligini taʼminlash, havo kuchlarining hamkorlikdagi otishma mashqlariga eʼtibor qaratiladi, deb xabar bergan Mudofaa vazirligi.

Ikkinchi bosqich mashgʻulotlari 10-20-fevral kunlari oʻtkaziladi va chegara mudofaasini kuchaytirishga qaratiladi, deyiladi xabarda.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko joriy hafta boshida Rossiya va Belarus harbiylari qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazishini eʼlon qilar ekan, bunga Ukraina va NATOga aʼzo Polshada xorijiy harbiy hozirlik kuchayganini sabab qilib keltirgan.

“Fevralda harbiy mashqlar oʻtkazishni ancha avval rejalashtirgandik”, deb xabar bergan davlat OAV Lukashenkoning harbiy mutasaddilarga aytgan gapidan iqtibos keltirib. “Boshlang, aniq sanani belgilangki, hech kim bizni kutilmaganda askar hozirlab, deyarli urushga tayyor holatga kelishda ayblamasin.”

Lukashenko Rossiya bilan qoʻshma mashgʻulotlar dekabr oyida Belarus ittifoqchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelishilgan holda rejalashtirilgani, ammo oʻshanda eʼlon qilinmaganini aytib oʻtgan.

Unga koʻra, mashgʻulotlar “Ittifoq qarori 2022” deb nomlanadi va mamlakat harbiy kuchlarining “Gʻarbdan kelayotgan kuchlarga qarshilik koʻrsatish” ssenariysiga asoslangan boʻladi.

Minskning asoslari

Deyarli oʻttiz yildan beri iqtidorda boʻlgan Belarus lideri mashgʻulotlarning oʻtkazilishiga Polsha, Ukraina va Boltiqboʻyi mamlakatlari bilan oʻz mamlakati chegarasi yaqinidagi harbiy hozirlik sabab boʻlganini aytgan.

U oʻz daʼvolarini dalillar bilan asoslamay, Ukrainani minglab askarlarni hozirlashda ayblagan. Varshava NATOdan “koʻp bosqichli logistika, taʼminot va texnik yordam tarmogʻini” joylashtirishni talab qilgan, deydi u.

2020-yil avgust oyida Belarusdagi bahsli prezident saylovlaridan keyin Putin Lukashenkoni qoʻllab-quvvatlagan, bu uning hukmronligiga qarshi ommaviy namoyishlarga sabab boʻlgan.

Putin Belarusda saylovlardan keyingi vaziyat yomonlashadigan boʻlsa, mamlakatga Rossiya xavfsizlik kuchlarini kiritishga vaʼda bergan.

Lukashenko Moskva bilan aloqalarni kuchaytirishga soʻz berar ekan, Putin urush holatidagi Belarus yetakchisiga 1,5 milliard dollarlik kredit vaʼda qilgan.

Yanvar oyi boshlarida esa rossiyalik askarlar Qozogʻistonga kirib bordi, bunga mamlakatni larzaga solgan qonli toʻqnashuvlar sabab boʻldi.

Qozogʻiston ham, Rossiya ham oʻnlab odamlar oʻlimi va deyarli 10 ming kishining hibsga olinishiga sabab boʻlgan norozilikni xorijlik “terrorchilar”ning hokimiyatni agʻdarishga urinishi deb atagan boʻlsa-da, bu iddaoni qoʻllab-quvvatlovchi dalillarni keltirmagan.

5-yanvar kuni inqiroz avjiga chiqar ekan, mamlakatga Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining 2000 dan ortiq askardan iborat missiyasi joylashtirildi.

Keyingi bir necha kun ichida KXSHTga aʼzo boshqa davlatlar – Belarus, Tojikiston, Armaniston va keyinroq Qirgʻizistondan ham qoʻshinlar yetib keldi.

Bu Moskva tarafidan NATOning muqobili sifatida ilgari suriladigan KXSHT uchun ilk qaror boʻldi – avvallari Rossiya u bilan uzoq tarixiy aloqalarga ega Markaziy Osiyo mintaqasidagi tartibsizliklarga aralashishni unchalik istamas edi.

Askarlar Qozogʻistonni 13-yanvar kuni tark eta boshlagan boʻlsa-da, Moskva bu missiyadan Qozogʻiston va Markaziy Osiyo hududining qolgan qismida oʻz taʼsirni kuchaytirish uchun foydalanishi mumkinligi borasida xavotirlar kuchaygan.

“Ruslar uyingizga kirib olgach, ularni chiqarish juda qiyin boʻlishi mumkin”, deb ogohlantirgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken 7-yanvar kuni.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500