Karvonsaroy
Salomatlik

Qozogʻistonliklar aholini “Sputnik V” vaksinasi bilan ommaviy immunizatsiya qilish rejalaridan xavotirda

Kanat Altinbayev

5-dekabr kuni Moskvada ayolga COVIDga qarshi “Sputnik V” vaksinasini berayotgan hamshira. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

5-dekabr kuni Moskvada ayolga COVIDga qarshi “Sputnik V” vaksinasini berayotgan hamshira. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

OLMAOTA – Qozogʻistonda Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqaruvchi zavod qurish va undan aholini COVID-19ga qarshi immunizatsiya qilish uchun foydalanishga oid hukumat rejasi keng jamoatchilikning tanqidiga uchradi.

22-dekabr kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev va uning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin Qozogʻistonda Rossiya vaksinasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar. Bu haqda Toʻqayevning oʻzi 4-dekabr kuni Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin bilan uchrashuvida maʼlum qilgan.

Toʻqayevga koʻra, Qozogʻistonda aholini ixtiyoriy emlash 2021-yil avvalidan boshlanadi. Ilk bosqichda kasallikka chalinish xavfi yuqori boʻlgan guruhlar, jumladan shifokorlar, oʻqituvchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari vaksinatsiya qilinadi.

“Sputnik V” Qaragʻanda viloyatidagi korxonada ishlab chiqariladi, deb xabar berdi 10-dekabr kuni “Kursiv” biznes nashri Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiysining soʻzlariga tayanib.

COVIDga qarshi “Sputnik V” vaksinasi shishasini ushlab turgan hamshira, 5-dekabr, Moskvada. Qozogʻistonlik shifokorlar “Sputnik V”ning ishonchliligi va samaradorligiga shubha bildirmoqdalar. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

COVIDga qarshi “Sputnik V” vaksinasi shishasini ushlab turgan hamshira, 5-dekabr, Moskvada. Qozogʻistonlik shifokorlar “Sputnik V”ning ishonchliligi va samaradorligiga shubha bildirmoqdalar. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Rossiya vaksinasining ikki dozasi qozogʻistonliklarga 11000 tengedan (27 dollar) koʻproqqa tushadi, deb xabar beradi “Kursiv”. Bu “Sputnik V” veb-saytida 24-noyabr kungi bayonotda keltirilgan tashqi bozorlar uchun moʻljallagan bitta vaksina narxidan 10 dollarga (4198 tenge) qimmatroq.

Emlanuvchilar ikkita vaksina qabul qilishlari lozim.

“Ishonch yoʻq”

Xalqaro kuzatuvchilar avgust oyida eʼlon qilinganidan beri Rossiya vaksinasi borasida oʻz shubhalarini izhor qilib, Kremlning vaksina ishlab chiqarish “poygasida” birinchi boʻlishga urinishi uning samaradorligi va xavfsizligiga taʼsir qilishidan xavotir bildirganlar.

Rossiyaning aniq va tekshirilgan maʼlumotlar taqdim etmay, “Sputnik V” vaksinasini xalqaro muqobillar bilan bir xil darajada yoki undan ham faolroq reklama qilishga urinishi jamoatchilikning nomzod-vaksinaga boʻlgan ishonchiga putur yetkazgan.

“Pfizer” va “BioNTech” oʻz vaksinalarining samaradorligini 90 foizdan yuqori deb eʼlon qilganlaridan ikki kun oʻtib, 11-noyabr kuni Kreml “Sputnik V” 92 foiz samaraliekanligini taʼkidlashiga dunyo olimlari va kuzatuvchilari eʼtiroz bildirganlar.

Oradan bir hafta oʻtmay, AQSH Milliy sogʻliqni saqlash instituti bilan hamkorlikda oʻzining COVID-19ga qarshi vaksinasini ishlab chiqqan Moderna biotexnologiya kompaniyasining xabar berishicha, dastlabki natijalar nomzod-vaksinaning 94,5 foizga samarador ekanini koʻrsatgan.

Kimoʻzarga harakat qilayotgan rossiyaliklar 24-noyabr kuni “Sputnik V” vaksinasi samadorligini 95 foizga oʻzgartirishgan.

Koʻpchilik qozogʻistonliklarning Rossiya vaksinasi borasidagi fikrlari bir-biriga oʻxshash.

“Rossiya vaksinasiga ishonch yoʻq”, deydi “Tengrinews.kz” veb-saytining T. Sulton ismli mushtariysi. U rossiyalik internet-trollar tanqidiy kommentlarga “salbiy” baho berayotganini qoʻshimcha qilgan.

“Qozogʻiston Rossiyadan vaksina olishdan tiyilishi kerak, chunki rossiyalik shifokorlar emlanishdan keyin ham virus yuqtirib olishgan. Biz yana oʻsha xatoni takrorlamaslik uchun shoshilinch xulosalar qilmasligimiz kerak”, dedi Xyuvey ismli oʻquvchi qayta kasallangan shifokorlar haqidagi xabarga manba keltirmay.

“Oʻzimizning vaksina qani? Rossiya mahsuloti bizga nimaga kerak? Qozoqlarning oʻzi vaksina ishlab chiqarishini kutaylik”, deb yozgan Nazgul.

Tadqiqotchilar virusni toʻliq oʻrganmagani yoki Rossiya vaksinasi barcha sinovlardan oʻtmaganiga qaramay, Rossiya hukumati uni darhol “dunyodagi birinchi” vaksina deb roʻyxatdan oʻtkazdi, deya taʼkidlagan Amris.

“Bu kimga va nima uchun kerak?” deya savol beradi Amris va oʻzi bu savolga javob berishga urinadi: “Bu... juda katta pul”.

“Demak, vaksinani Rossiya prezidentida sinab boʻlmaydi, lekin Qozogʻiston fuqarolarida sinab koʻrsa boʻladi, shundaymi?” deya eʼtiroz bildirgan “Seriy” taxallusli tashrifchi “Sputnik V” bilan oʻzi emlanmay, uni butun dunyoga COVID-19ga qarshi ishonchli va samarali vosita deb sotayotgan Putinni nazarda tutib.

Rossiya tafsilotlarni yashirmoqda

Qozogʻistondagi koʻplab shifokorlar ham Rossiya vaksinasiga shubha bilan qaramoqda.

“Sputnik V samaradorligi shubhali maxfiylik pardasi bilan oʻralgan”, deydi Olmaotadagi birlamchi tibbiy yordam shifokori Aygerim Jakasheva.

“Rossiya “Sputnik V” sinovi bilan bogʻliq tafsilotlarni oshkor qilmayapti”, dedi Jakasheva. “U klinik protokol bilan oʻrtoqlashmayapti. Terma hajmi kichik va koʻngillilar soni yetarli emas – biz faqat loyihani moliyalashtirgan tashkilotning press-relizlarini bilamiz, xolos.”

“Rossiya oʻz vaksinasi samaradorligini qay tarzda baholagani tushunarsiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Farmatsevtika kompaniyalari xalqaro raqobat sharoitida jadal tarzda vaksinalar ishlab chiqmoqda, deydi Nur-Sultondagi COVID bemorlari uchun moʻljallangan kasalxona shifokori Asel Saliyeva.

“Rossiya boshqa qudratli davlatlar oldida oʻz yetakchiligini namoyish qilmoqchi edi, shuning uchun “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqishda samaradorlik kabi mezon ikkinchi oʻringa qoʻyilgan boʻlishi mumkin”, dedi Saliyeva.

Birinchilardan boʻlib “Sputnik V” bilan koʻngilli ravishda emlangan rossiyalik shifokorlar orasida bir necha bor nojoʻya taʼsirlar haqida xabarlar olingan, dedi u.

“Sputnik V”dan, hatto rossiyaliklarning oʻzi ham xavotirda.

Moskvadagi “Levada” markazi tomonidan oktyabr oyi oxirida oʻtkazilgan soʻrovlardan ruslarning atigi 27 foizi koronavirus haqidagi rasmiy maʼlumotlarga ishonishi maʼlum boʻlgan.

Soʻrovda qatnashganlarning 61 foizi Kreml maʼlumotlariga ishonmasligini aytgan, ularning 28 foizi raqamlarni oʻta yuqori, 33 foizi esa oʻta past deb hisoblaydi.

Bunday ishonchsizlikni koʻp yillik iqtisodiy turgʻunlikdan soʻng ruslarning prezident Vladimir Putindan hafsalasi pir boʻlgani bilan izohlash mumkin, degan edi “Levada markazi” direktorining oʻrinbosari Denis Volkov dekabr oyida New York Times nashriga.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Unda oʻlib ket... Boshqalar uchun gapirma; vaksina olishni istamas ekansan, shunday boʻla qolsin

Javob berish

Bu soxta vaksinaning bizga nima keragi bor? Putinning oʻziga qilishsin.

Javob berish