Karvonsaroy
Xavfsizlik

Sulaymoniyning qimmatbaho orzusi Yamanni bilvosita urush maydoniga aylantirdi

Nabil Abdulloh At-Tamimiy

Uysiz va nochorlikda qolib, boshpana izlab Taizdan gʻarb tarafdagi gʻor oldiga kelgan yamanlik oila, 2020-yilning 2-dekabri. (Ahmad Al-Basha / AFP)

Uysiz va nochorlikda qolib, boshpana izlab Taizdan gʻarb tarafdagi gʻor oldiga kelgan yamanlik oila, 2020-yilning 2-dekabri. (Ahmad Al-Basha / AFP)

ADAN – Eronlik general-mayor Qosim Sulaymoniy oʻlimidan soʻng deyarli bir yil oʻtgan boʻlsa-da, Eronning mintaqaviy bilvosita urushlarda ilgʻor mamlakatga aylanish rejasi Yaman uchun hali ham qimmatga tushmoqda.

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining “Quds” kuchlari (IIPK-QK) sobiq qoʻmondoni Sulaymoniy iqtisodiy va siyosiy inqiroz yoqasida turgan Yamanning hozirgi holatga kelishida katta rol oʻynagan.

Yaman axborot loyihasi maʼlumotlariga koʻra, Eron qoʻllovidagi xusiylar (Ansarulloh) tarafidan avj oldirilayotgan Yamandagi urush tufayli 2015-yildan beri 17500 nafar tinch fuqaro halok boʻlgan va jarohatlangan. Human Rights Watch (HRW) maʼlumotlariga koʻra, 20 mln odam oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda, 10 millionga yaqini esa ocharchilik xavfi bilan toʻqnash kelgan.

Sulaymoniy AQSH va uning ittifoqchilariga qarshi hujumlar uyushtirgan Eron va vositachilarining bir necha bor ogohlantirilishi ortidan 3-yanvar kuni Bagʻdodda AQSH hujumi bilan oʻldirilgan edi.

Suratda: Yirik kalibrli pulemyot bilan qurollangan jangari. Yaman hukumatiga sodiq kuchlar Maribdan (Markaziy Yaman) 50 km shimoli-gʻarbdagi Al-Jadan hududida xusiy jangarilari bilan toʻqnashgan payt, 22-noyabr 2020-yil. [AFP]

Suratda: Yirik kalibrli pulemyot bilan qurollangan jangari. Yaman hukumatiga sodiq kuchlar Maribdan (Markaziy Yaman) 50 km shimoli-gʻarbdagi Al-Jadan hududida xusiy jangarilari bilan toʻqnashgan payt, 22-noyabr 2020-yil. [AFP]

“Al-Quds” kuchlarining oʻldirilgan qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy, 10-sentabr kuni eronlik harbiylar tomonidan chop etilgan sanasiz arxiv fotosurati. (Eron mudofaa vazirligi)

“Al-Quds” kuchlarining oʻldirilgan qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy, 10-sentabr kuni eronlik harbiylar tomonidan chop etilgan sanasiz arxiv fotosurati. (Eron mudofaa vazirligi)

Uning oʻlimi Tehronning Yaqin Sharqda uzoq yillardan beri davom etayotgan jangovarlik va ixtiloflarni avj oldirish kampaniyasida burilish nuqtasi boʻldi.

Sulaymoniy va IIPK xusiylarni moliyaviy, harbiy va moddiy-texnikaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan, bu ularga Yamanda Eronning rejalarini amalga oshirishga imkon bergan. Natijada olti yildan beri davom etayotgan urush yamanliklarning azob-uqubatlarini yanada ogʻirlashtirdi.

Mintaqaviy kuchlar muvozanatining buzilishi

IIPK avval-boshdan xusiylarni mintaqadagi kuchlar muvozanatni buzish uchun bilvosita kuch sifatida qoʻllash niyatida boʻlgan. Bunga sabab, jangarilar Saudiya Arabistonining janubiy chegarasi va xalqaro savdo uchun darvoza boʻlib xizmat qiluvchi Bob ul-Mandab boʻgʻozidagi strategik muhim hududda joylashgan.

“Sulaymoniy mintaqa va dunyo xavfsizligiga putur yetkazish, taʼsir kuchi va nazoratni qoʻlga kiritishga imkon beruvchi muayyan vazifalarni bajarishi uchun IIPKning razvedkasi va xavfsizlikka oid tajribasini xusiylar bilan boʻlishmoqchi edi”, deydi siyosiy tahlilchi Vaddah al-Jalil.

Uning aytishicha, bu jarayon ballistik raketalar va uchuvchisiz uchar qurilmalar parvozi, xalqaro dengiz yoʻllarini minalashtirish kabi sifatli operatsiyalar orqali amalga oshirilishi kerak edi.

Oʻtgan yil boshidan beri Saudiya Arabistoni oʻnlab ballistik raketalar va dron hujumlari nishoniga aylandi, jumladan, 2019-yil 14 sentabrda “Aramco” inshootlariga halokatli va misli koʻrilmagan zarba berildi.

AQSH va Saudiya Arabistoni bu hujumlarda Eronni ayblab chiqdi.

Oʻtgan oy boshida arablar xusiylarning portlovchi moddalar ortilgan ikki kemasini qoʻlga olgach, Saudiya Arabistonining sohilboʻyi neft terminalida yongʻin chiqqan.

25-noyabrda esa Saudiyaning janubiy Shuqayq bandargohida turgan yunon neft tankeri portlagan. Dengiz razvedkasi bilan shugʻullanuvchi Londonning “Dryad Global” kompaniyasining aytishicha, portlash xusiylar tomonidan ishga tushirilgan “suzuvchi qoʻlbola portlash qurilmasi” tufayli yuz bergan.

Bu voqeadan bir necha kun oldin xusiylar Jiddadagi “Aramco” zavodiga Quds-2 raketalari bilan zarba berishgan. “Aramco” kompaniyasiga koʻra, neft tankeri teshilib, portlash va yongʻin yuz bergan.

Hizbulloh bilan mashgʻulotlar

“Qosim Sulaymoniyga mintaqada IIPKning taʼsirini kengaytirish vazifasi yuklatilgan edi”, deydi al-Jalil Iroq, Suriya va Livanda Sulaymoniy boshlagan urushlarni nazarda tutib.

“Yaman bu mamlakatlardan ancha uzoq boʻlsa-da, Sulaymoniy oʻz aloqalaridan foydalangan va bu mamlakatlarda unga bogʻliq boʻlgan jangarilarni xusiylar bilan aloqaga chiqib, tajriba almashish va sifatli qurollar yuborish uchun safarbar etgan”, dedi u.

Shu bilan birga, u xusiy jangarilari va qoʻmondonlarini mashgʻulotlar oʻtkazish va tajriba orttirish uchun Livan, Iroq va Eronga yuborgan, dedi u.

2015-yilning boshida Hizbulloh qoʻmondoni “Financial Times” nashriga xusiylar va Hizbulloh askarlari avvalgi 10 yil davomida birgalikda mashq qilishganini aytgan. “Ular Eronda biz bilan birga mashq qildilar, keyin biz ularni bu yerda (Livanda) va Yamanda tayyorgarlikdan oʻtkazdik”, deb aytgan u.

“Strategik fikr” tadqiqot markazining 2015-yil may oyidagi hisobotiga koʻra, IIPK xusiylarning elita kuchlarini tayyorlashga bevosita aloqador.

Hisobotga koʻra, mashgʻulotlar ikki bosqichda amalga oshirilgan, birinchi bosqich 2011-2012-yillarda boʻlib oʻtgan hamda yuqori va oʻrta darajadagi qoʻmondonlar uchun oʻtkazilgan. Trening Livan, Suriya va Eronda boʻlib oʻtgan.

Ikkinchi bosqich esa Saʼdadagi xusiylar lagerida boʻlib oʻtgan, unda Hizbulloh va IIPK vakillari ishtirok etgan, deyiladi hisobotda.

Noqonuniy kontrabanda operatsiyalari

“Sulaymoniyning xusiylarga koʻrsatgan quvvatlovi va eʼtibori Yamanga qattiq zarba boʻldi va mintaqadagi mamlakatlarga jiddiy ziyon yetkazdi”, deydi siyosiy tahlilchi Fayzal Ahmad.

Ahmadga koʻra, “Sulaymoniy oʻz rejalari va kontrabanda guruhlari yordamida ballistik raketalar, mutaxassislar, qurollar va moddiy yordam yetkazib turgan”.

Xusiylar urushda qoʻllagan qurollarning aksariyati Yamanda 2014-yil sentabr toʻntarilishigacha yoʻq edi.

Eron Yamanning 2500 kilometrlik sohili, Yaman orollari va kemalaridan jangarilarga qurol yetkazish uchun foydalangan.

Yaman kuchlari 2013 va 2015-yillarda Yaman hududiy suvlarida Eronning ikkita qurol bilan toʻldirilgan “Jihan-1” va “Jihan-2” kemalarini qoʻlga olgan.

Joriy yilda Arab koalitsiyasi aprel va iyun oylarida Arabiston dengizida xusiylarga olib ketilayotgan ikkita qurol-aslaha yuklarini qoʻlga kiritgan.

Yaman sohil qoʻriqlash xizmati toʻrtta turli operatsiya davomida qurol-yarogʻ, oʻq-dori yoki kokain ortilgan bir nechta kemani qoʻlga olgan.

“Sulaymoniyning oʻlimi xusiylarga uning rejalarni amalga oshirishda IIPK uchun boʻshliq hosil qildi”, deydi Ahmad.

“Buni Eronning IIPK zobiti Hasan Eyrluni xusiylarni bevosita nazorat qilish va Yamandagi shaharlar, xalqaro dengiz yoʻllari va Saudiyaning iqtisodiy obyektlariga qarshi harbiy operatsiyalarni amalga oshirish uchun oʻz elchisi sifatida yuborgani ham tasdiqlaydi”, deb qoʻshimcha qildi Ahmad.

Ahmadga koʻra, bu harakatlar “urushni choʻzib yubordi va natijada dunyodagi eng ogʻir gumanitar inqirozni keltirib chiqarib, Yamanni har bir jabhada vayron qildi”.

Mintaqaviy xavfsizlik sari yoʻl

“IIPKning maqsadi – Fors koʻrfazidagi boy mamlakatlarga yaqin boʻlish uchun Yamanni egallash, shuningdek muqaddas va neftga boy yerlarni qoʻlga kiritish uchun kelajakda armiya yaratish maqsadi bilan aholi zich joylarda oʻz hozirligini taʼminlash boʻlgan”, deydi “Abad strategik tadqiqotlar markazi” rahbari Abdul Salom Muhammad.

Xusiylar harakati bu strategiyani amalga oshirish uchun “zarur vosita” edi, dedi u.

“Homanaiy hokimiyat tepasida qolar ekan, Eron mintaqada oʻzining adovatli va buzgʻunchi siyosatini” davom ettiradi, deydi u Eronning oliy ruhoniysini tilga olib.

“Yangi poytaxtlar qulashda davom etadi. Eron qay bir hududda nazorat oʻrnatsa, u yerni tark etmaydi. Shu tariqa u yadroviy qurolga ega ekanini eʼlon qilganidan keyin oʻzi uchun xavfsiz mintaqa yaratishni maqsad qilib qoʻygan”, deydi Muhammad.

2-dekabr kuni Eron rejimi fevralga qadar sanksiyalar bekor qilinmas ekan, uranni toʻyintirishni qurol yoqilgʻisi darajasiga yetkazish va xalqaro yadroviy inspektorlarni mamlakatdan chiqarib yuborish haqidagi qonunni qabul qildi.

Bu kabi harakatlar 2015-yilda Eron rejimining dunyo mamlakatlari bilan erishilgan tarixiy yadro kelishuvidagi majburiyatlariga ziddir.

“Eronning rejalarini amalga oshirishni jadallashtirish, jumladan Sana, Damashq, Bayrut va Bagʻdodni qoʻlga olish Sulaymoniyning vazifasi edi. Uning oʻlimi bu strategiyani oʻzgartirmaydi”, dedi Muhammad.

“IIPKda u kabi kuchli boʻlmasa-da, uning oʻrnini bosa oladiganlar bor”, deb qoʻshimcha qildi u.

Al-Quds kuchlarining yangi qoʻmondoni Ismoil Qaniy bir vaqtlar Sulaymoniy ega boʻlgan taʼsir kuchiga ega emas, ammo tahlilchilar u ham xuddi shu yoʻldan ketishini bashorat qilmoqdalar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500