Karvonsaroy
Tahlil

Sulaymoniyning Eronga qoldirgan “merosi” – xalq pulini qimmat proksi-urushlarga yoʻnaltirish

Karvonsaroy

“Al-Quds” kuchlarining oʻldirilgan qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy va Eron ruhoniy lideri Ali Homanaiy, 2018-yil.

“Al-Quds” kuchlarining oʻldirilgan qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy va Eron ruhoniy lideri Ali Homanaiy, 2018-yil.

Eron rejimining Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) “Al-Quds” kuchlarining sobiq qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy qoldirgan “meros”ni saqlab qolishga intilayotgani Eron xalqiga qimmatga tushmoqda, deydi tahlilchilar.

3-yanvar kuni Bagʻdodda AQSH hujumi natijasida oʻldirilguniga qadar, Sulaymoniy butun mintaqa, xususan Iroq, Suriya, Livan, Yaman va Afgʻonistondagi bilvosita urushlar yordamida IIPKning ekspansiyaviy dasturini amalga oshirgan.

Qimmatga tushgan bu tashabbuslar Tehron tanlagan ustuvorliklarning nooʻrin ekanini yana bir karra isbotlar ekan, eronliklarning hukumat va qulab borayotgan iqtisodiyotdan noroziligi kuchaygan.

“IIPK koʻp yillardan beri Eronning mintaqadagi faol ishtiroki dinga va Eronning oliy ruhoniy rahbari Ali Homanaiyning maʼnaviy taʼsiriga asoslanganini daʼvo qilib kelgan”, deydi siyosiy ekspert Karim Samadiyon.

Eron madaniyat vaziri Abbos Solihiy 2020-yil may oyida Qozim Sulaymoniyning qizi Zaynabga otasining tasviri aks etgan suratni hadya qilmoqda. [Jamaran.ir]

Eron madaniyat vaziri Abbos Solihiy 2020-yil may oyida Qozim Sulaymoniyning qizi Zaynabga otasining tasviri aks etgan suratni hadya qilmoqda. [Jamaran.ir]

Chuqur maʼnoli surat: 2020-yil yanvarda Eron rejimining iqtisodiyotni yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida nutq soʻzlayotgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy orqasidan nochorlikdagi ikki qizaloq yugurib oʻtgan. (Fayl)

Chuqur maʼnoli surat: 2020-yil yanvarda Eron rejimining iqtisodiyotni yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida nutq soʻzlayotgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy orqasidan nochorlikdagi ikki qizaloq yugurib oʻtgan. (Fayl)

Aslida esa IIPK “moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda va unda qoʻmondonlar va mintaqadagi ittifoqchilarining choʻntagini qappaytiradigan darajada pul yoʻq”, dedi u.

Uning aytishicha, qisman AQSH hukumatining Eronga va xususan IIPKga qarshi sanksiyalari tufayli yuzaga kelgan mablagʻ yetishmovchiligi soʻnggi vaytlarda Eronning yollanma guruhlari orasida ixtilof va noroziliklarni avj oldirgan.

Bu shuncha paytdan beri IIPK mafkurasi din emas, pulga asoslanib kelganini isbotlaydi, dedi Samadiyon.

Suriya sharqida, asosan iroqlik yollanma askarlardan iborat “Kataib Hizbulloh” guruhi va IIPK qoʻmondonlari hamda mintaqada hokimiyat va taʼsir uchun kurashayotgan boshqa vositachi guruhlar oʻrtasida ixtilof kuchaymoqda.

Suriya qabilalari kengashining aʼzosi, shayx Mudar al-Asadning aytishicha, bu kelishmovchiliklar, asosan, hukmron qurolli kuchlar orasida yetakchilik, mol-mulk manbalari va taʼsir uchun kechayotgan qizgʻin kurash bilan bogʻliq. Ularning oylik maoshi 1500 dollardan 300 dollargacha tushib ketgan.

Soʻnggi oylarda Yamanda Eron qoʻllovidagi xusiylar (“Ansorulloh”) nazorati ostidagi hududlarga noqonuniy tarzda giyohvand moddalar olib oʻtish hajmi sezilarli darajada oshgan.

Bu holat qisman xusiylarning muqobil daromad manbalarini topish zarurati bilan izohlanmoqda, zero Eron oʻz vositachilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni qisqartirgan.

Oʻrinsiz ustuvorliklar

Mablagʻi kamayib borayotganiga qaramay, Tehron terrorizm, mazhabparastlik va dezinformatsiya eksporti yoʻlidagi sarf-xarajatlarni Eron xalqining kundalik ehtiyojlaridan ustun qoʻyishda davom etmoqda.

2-dekabr kuni Eron hukumati parlamentga 21-mart kuni boshlanadigan yangi moliyaviy yil uchun 33,7 milliard AQSH dollariga teng davlat budjeti loyihasini taqdim etdi, deb xabar bergan Eron OAV.

Budjet loyihasi 8413 trillion riyolni tashkil qilgan, bu riyol hisobida oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 74 foizga koʻp, lekin Eron valyutasining qadrsizlangani hisobga olinsa, 5 milliard AQSH dollariga kam.

Budjetga generalning oʻlimidan keyin asos solingan Qosim Sulaymoniyning asarlarini chop etish va saqlash jamgʻarmasi (“Qosim Sulaymoniy fondi” nomi bilan tanilgan) uchun ajratilgan 80,5 milliard riyol (327 ming AQSH dollari) ham kiritilgan.

Bu muassasaga Sulaymoniyning 29 yoshli qizi Zaynab Sulaymoniy rahbarlik qiladi.

5-dekabr kuni Zaynab bu mablagʻni qabul qilmasligini, ularni aholi ehtiyojlari uchun yoʻnaltirish maqsadga muvofiq boʻlishi haqida bayonot bergan edi.

Shunday boʻlsa-da, keyingi hisobotlardan fond joriy yilda hukumatdan 400 ming AQSH dollari olgani oydinlashgan. Bu pullar IIPK budjetining bir qismi sifatida Qosim Sulaymoniy fondiga ajratilgan.

IIPKning oʻzi esa yetarli darajada moliyalashtirilgan.

Mart oyida Homanaiy IIPKni moliyalashtirishni hukumatning kelasi yil uchun taklifidan 33 foiz koʻproqqa oshirgan edi.

Nooʻrin sarf-xarajatlarning yana biri IIPK qoʻmondonlarining haykallari va suratlariga sarflangan mablagʻ boʻlib, ulardan biri 19-iyun kuni Bagʻdod aeroportiga kiraverishda Iroq xalq safarbarligi kuchlari (ХSK) tomonidan ochilgan “Gʻalaba goʻzalligi” suratidir.

Suratda aeroport yaqinida AQSH hujumi natijasida halok boʻlgan Sulaymoniy va ХSK rahbari oʻrinbosari Abu Mahdiy al-Muhandisning iroqliklarni olqishlayotgani aks etgan.

Koronavirus inqirozi vaqtida Sulaymoniy tugʻilib oʻsgan Kerman viloyatidagi Jiroft shahrida uning haykali oʻrnatildi. Eron rejimining nooʻrin sarf-xarajati ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bor keng ommaning tanqidiga uchradi.

Bu orada Eron qoʻllab-quvvatlaydigan va moliyalashtiradigan “Hizbulloh” Livan janubidagi Marun ar-Ras shahrida Sulaymoniyning haykalini barpo etgan.

Eron xalqidan pul shilish

Eronliklar tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy inqiroz bilan kurashayotgan bir vaqtda, Homanaiy IIPK nazorati ostida boʻlgan va mahalliy noroziliklarni bostirish uchun qoʻllaniladigan “Bosij” safarbarlik kuchlariga ikki karra koʻproq mablagʻ ajratgan.

“Bosij” harbiylashgan boʻlinmalari noyabr oyida benzin narxining 200 foizga oshirilishi ortidan yuzaga kelgan namoyishlarni bostirishga safarbar etilgan.

Noroziliklarni bostirish chogʻida Eron xavfsizlik kuchlari tomonidan 304 erkak, ayol va bolalar oʻldirilgan, deb xabar beradi Amnesty International.

Tehron IIPKning namoyishlarga aralashuvi va ularni bostirishini dori-darmon yoki oziq-ovqatdan muhimroq deb koʻradi.

Mart oyida Homanaiy COVID-19 virusiga qarshi kurashish uchun Eronning milliy taraqqiyot jamgʻarmasidan 1 milliard yevro (1,2 milliard AQShH dollari) ajratishga vaʼda bergan, ammo bu mablagʻning bor-yoʻgʻi 27 foizini olgan Eron sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlarga oylik maosh toʻlay olmayapti, deb xabar bergan Eron OAV.

“Fonddan milliardlab dollarlar olingan, ammo boshqa maqsadlar uchun sarflangan”, dedi parlamentning sogʻliqni-saqlash qoʻmitasi raisi Husayn Ali Shahriyoriy mahalliy OAVga. “Hukumat sogʻliqni saqlash xodimlarining adolatli talablariga ochiqchasiga javob berishi kerak.”

Mamlakatda pandemiya tarqagan payt Eron shifokorlarini zarur vositalar, dori-darmonlar bilan taʼminlash oʻrniga, IIPK aprel oyida COVID-19 virusini aniqlaydigan bemaʼni qurilmani taqdim etdi.

Bu Sulaymoniyning oʻlimidan avval va keyingi halokatli xatolaridan soʻng, Eron rejimi IIPKning imijini yaxshilash uchun misli koʻrilmagan mablagʻ va qimmatli vaqtni sarflagani bilan bogʻliq koʻplab misollardan biridir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500