Karvonsaroy
Inson huquqlari

“Diktatorga oʻlim”: Eronda gʻazabnok namoyishchilar rejimning tugatilishini talab qildilar

Karvonsaroy va AFP

Oʻtgan dam olish kunlari koʻchalarga chiqqan oʻn minglab eronliklar 13-yanvar kuni ham toʻxtovsiz ravishda “diktatorga oʻlim” (oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyga murojaat), “yolgʻonchilarga oʻlim” kabi rejimga qarshi shiorlarni hayqirdilar.

TEHRON – Oʻtgan hafta Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) Ukrainaning yoʻlovchi samolyotini urib tushirganini tan olganidan keyin Eronda yana hukumatga qarshi namoyishlar avjiga chiqqan.

Bu eʼtirof kattaroq miqyosdagi xalqaro nizoning oldini olgan boʻlsa-da, u mamlakat ichkarisida hukumatga qarshi norozilik namoyishlariga sabab boʻldi. Oʻtgan yilning kuzida mamlakatni larzaga keltirgan yoqilgʻi narxlarining koʻtarilishiga qarshi namoyishlar shafqatsiz tarzda bostirilgan edi.

Oʻn minglab eronliklarning dam olish kunlari boshlangan koʻcha yurishlari dushanba (13-yanvar) kuni ham davom etgan.

Namoyishchilar “diktatorga oʻlim” (oliy rahbar Oyatulloh Ali Homanaiy nazarda tutilgan), “yolgʻonchilarga oʻlim” va rejimga qarshi boshqa shiorlarni hayqirganlar.

Dam olish kunlari oʻn minglab eronliklar rejim rahbarlari isteʼfosini talab qilib koʻchalarga chiqishgan. [Fayl]

Dam olish kunlari oʻn minglab eronliklar rejim rahbarlari isteʼfosini talab qilib koʻchalarga chiqishgan. [Fayl]

Suratda: Tehrondagi Sharif universiteti oldiga toʻplangan namoyishchilar, 13-yanvar. [File]

Suratda: Tehrondagi Sharif universiteti oldiga toʻplangan namoyishchilar, 13-yanvar. [File]

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan koʻplab videolavhalarda namoyishchilar Homanaiyni isteʼfoga chiqishga va samolyotni urib tushirganlarni javobgarlikka tortishga chaqirganlar.

“Uyal, Homanaiy. Mamlakatni tark et”, deb hayqirgan namoyishchilar.

Talabalardan iborat ayrim namoyishchilar IIPKni “layoqatsiz” va “sharmandali” deb ataganlar.

Mamlakat boʻylab ayrim namoyishlarda koʻzdan yosh oqizuvchi gaz qoʻllanilgan, shuningdek, jangovar oʻqlar ham ishlatilgani aytilmoqda.

AFP xabariga koʻra, Tehron janubidagi mashhur Ozodiy maydoni atrofiga koʻplab politsiya kuchlari toʻplangan, Amir Kabir, Sharif va Tehron universitetlari hamda Inqilob maydoniga esa suv purkagichlar va toʻqmoqlar bilan qurollangan politsiyachilar yuborilgan. Amir Kabir yaqinida namoyishga chiqqanlarni nishonga olish uchun peyntbol qurollarini ushlagan ellikka yaqin Bosij jangchilari ham koʻringan.

Dunyo liderlari Eron rejimini eronliklarning norozilik bildirish huquqini hurmat qilishga va ikki oy oldin yuz bergan qonli qatagʻonni takrorlamaslikka chaqirganlar.

Yoqilgʻi narxini oshirish haqidagi kutilmagan qaror oʻtgan yilning noyabr oyida mamlakat boʻylab norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.

Eron rejimining “shafqatsiz bostirishi” tufayli namoyishlar halokatli tus oldi – minglab namoyishchilar, jurnalistlar, huquq himoyachilari va talabalar hibsga olindi.

Amnesty International maʼlumotlariga koʻra, 15-18-noyabr kunlari “norozilik namoyishlarining hukumat tarafidan qonli bostirilishi natijasida” kamida 304 kishi halok boʻldi va minglab odamlar jarohatlandi.

Tartibsizliklar avjiga chiqqan mahal, Tehron rejimning shafqatsizliklari haqidagi surat va videolavhalarning dunyo boʻylab tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida internetni oʻchirib qoʻydi.

IIPK mudhish xatoni tan oldi

8-yanvar kuni tunda Ukraina samolyoti havoga koʻtarilganidan koʻp oʻtmay halokatga uchragan – bu voqea IIPKning “Al-Quds” kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniyning oʻldirilganiga javoban Tehron Iroqdagi AQSH kuchlariga qarshi raketa hujumi boshlaganidan bir necha soat oʻtib yuz bergan. Sulaymoniy 3-yanvar kuni Bagʻdodda AQSH droni hujumi tufayli halok boʻlgan edi.

Halokat natijasida barcha 176 yoʻlovchi va ekipaj aʼzolari hayotdan koʻz yumgan, ular orasida 82 nafar Eron fuqarosi, 63 kanadalik, 11 ukrainalik, 10 shved, toʻrt afgʻon, uch nemis va uch britaniyalik boʻlgan.

Samolyot “yer-havo” toifasidagi raketa bilan urib tushirilganini isbotlovchi videolavha va bilvosita dalillarga qaramay, Tehron bir necha kun davomida “Ukraina xalqaro havo yoʻllari”ga qarashli PS752 samolyoti raketa hujumi tufayli yerga qulaganini rad etib keldi.

“Bir narsa aniq: bu samolyot raketa bilan urib tushirilmagan”, degan edi Eron fuqarolik aviatsiyasi rahbari va transport vazirining oʻrinbosari Ali Obidzoda 10-yanvar kuni Tehronda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Ammo shanba (11-yanvar) kuni tobora kuchayib borayotgan xalqaro va ichki bosimga duch kelgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy haqiqatni – samolyot Eron harbiylarining “halokatli xatosi” tufayli urib tushirilganini tan oldi.

IIPKning aerofazoviy kuchlari qoʻmondoni 8-yanvar kuni urib tushirilgan samolyot bilan bogʻliq javobgarlikni toʻliq oʻz zimmasiga olsa-da, operator yoʻlovchi samolyotni “qanotli raketa” deb oʻylab nishonga olganida mustaqil tarzda harakat qilganini aytdi.

“Qisqa masofaga uchadigan bu raketa samolyot yonida portlagan. Shu sababli samolyot bir muddat parvozni davom ettira olgan”, dedi general Amirali Hojizoda shanba kuni davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida. “U yerga qulab portlagan.”

Aloqa tizimidagi uzilishlar sababli operator oʻz rahbarlaridan tasdiq ololmagan, dedi u.

Eron Rossiyada ishlab chiqarilgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimiga egalik qiladi, ular harbiy va fuqarolik samolyotlarini farqlay olmaydigan eskirgan dasturlar asosida ishlaydi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Tehrondan aybdorlarni jazolashni, tovon toʻlashni va uzr soʻrashni talab qildi.

“Biz Erondan ... aybdorlarni sud qilishni kutamiz”, deb yozdi u Facebook sahifasida.

Eronning bayonotidan keyin masala yopilishi va javobgarlik belgilanishi lozim edi, dedi Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo.

U “qurbonlarning oilalari va yaqinlari uchun shaffoflik va adolat” talab qilgan.

Eron rejimidagi ichki ixtiloflar

Eron Ukraina samolyotini urib tushirishi ortidan jamoatchilik noroziligi kuchayib borar ekan, koʻplab kuzatuvchilar nazarida hukumatning bu voqeani yashirishga urinayotgani tufayli Eronning siyosiy va harbiy rahbariyati oʻrtasida jiddiy ixtiloflar yuzaga kelmoqda.

Erondagi bir qancha nashrlar hukumatni samolyotning urib tushirilishi va uning oqibatlari, jumladan, bildirilgan munosabat uchun tanqid qilgan.

“Etemad” islohotchi gazetasining yakshanba (12-yanvar) kungi soni “Uzr soʻra va isteʼfoga chiq” sarlavhasi bilan bosmadan chiqdi.

“Kechirilmaydigan ish”, deb yozgan Eronning rasmiy bosh nashri halok boʻlganlarning ismlari bitilgan qora qanotli samolyot suratini chop etib.

Tehronning “Hamshahri” gazetasi birinchi betida “Uyat” soʻzini qonli qizil harflar bilan bosmadan chiqardi.

Yana bir islohotchi nashr – “Arman-e Meli” gazetasining bosh sahifasida “Ishonib boʻlmaydi” degan soʻzlar bitilgan.

Oʻta tanqidiy “Kayhan” kundalik nashriga koʻra, Homanaiyning “qatʼiy buyruqlari samolyot qulashidek fojiaga sabab” boʻlan.

IIPKga aloqador “Fars” yarim rasmiy axborot agentligi Eron yetakchilarining kamchiliklarni tanqid qilib, ular samolyot portlashi bilan bogʻliq fojiani “ikki karra achchiqroq” qilganini aytgan.

“Ommadan haqiqatni yashirganlar javobgarlikka tortilishi zarur”, deyiladi unda. “Biz buni shundayligicha qoldirmaymiz.”

“Halokatli xato yuz berganidan chuqur afsusdamiz” deb yozilgan IIPKga aloqador Javan nashrining birinchi sahifasida.

Homanaiy bu kabi xato takrorlanmasligi uchun IIPKga “kamchiliklarni” bartaraf etishga buyruq bergan. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar qildi. U halok boʻlganlarning oila aʼzolariga “chuqur hamdardlik” bildirgani qoʻshimcha qilingan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500