Karvonsaroy
Salomatlik

“25 million bemor”: COVID-19 boʻyicha shubhali raqamlar Eronda vahima keltirib chiqardi

Karvonsaroy va AFP

Tehron koʻchalarining biridan ketayotgan yuz niqobidagi eronlik ayol, 2020-yil, 22-iyul. [Atta Kenare/AFP]

Tehron koʻchalarining biridan ketayotgan yuz niqobidagi eronlik ayol, 2020-yil, 22-iyul. [Atta Kenare/AFP]

TEHRON – Prezident Hasan Ruhoniy mamlakat aholisining yarmidan koʻpi oxir-oqibat COVID-19 koronavirusini yuqtirishi mumkinligi haqida bayonot berar ekan, eronliklar qoʻrquv, gʻazab va sarosima ichida qolishgan.

“Hisob-kitoblarimizga koʻra, hozirgi kunga qadar 25 million eronlik ushbu virusni yuqtirib olgan”, dedi Ruhoniy 18-iyul kuni virusga qarshi kurash boʻyicha ishchi guruh majlisida.

Ruhoniy Tehronning Yaqin Sharqdagi eng mudhish epidemiyani jamoaviy immunitet bilan yengishga umid qilayotganini aytar ekan, fuqarolar va sogʻliqni saqlash mutasaddilarini sarosimaga solib qoʻygan.

Ruhoniy sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga tayanib, kelajakda yana “30-35 million kishi infeksiyaga chalinishi mumkinligi” haqida ogohlantirgan va Eronda “hali jamoaviy immunitet shakllanmaganini” aytgan.

11-yanvar kuni Tehrondagi Amir Kabir universiteti oldidagi namoyish chogʻida maxsus qoʻshinlar bilan toʻqnashgan eronlik erkak. [AFP]

11-yanvar kuni Tehrondagi Amir Kabir universiteti oldidagi namoyish chogʻida maxsus qoʻshinlar bilan toʻqnashgan eronlik erkak. [AFP]

Bu raqam mamlakatning rasmiy statistikasi (COVID-19 bilan kasallangan 291000 dan ortiq kishi) va dunyo boʻyicha qayd etilgan 16 million holatdan ancha yuqori.

Seshanba (28-iyun) kuni Eronda koronavirusga oid 235 ta yangi oʻlim holati qayd etilgan boʻlib, bu mamlakatdagi kunlik rekord natija hisoblanadi. Oʻlganlarning umumiy soni 16147 taga yetgan.

Ruhoniy bunday boʻrttirilgan raqamlarni eʼlon qilganidan keyin, ularni boshqa tilga olmagan, asoslab ham bermagan.

“Biroz qoʻrqinchli”

Prezidentning bunday statistikasi Tehrondagilarning koʻpchiligini xavotir va sarosimaga solgan koʻrinadi.

“Janob Ruhoniyning soʻzlariga koʻra, bu deyarli butun Eron aholisi virusga chalingan yoki chalinishini anglatadi”, deydi oʻzini Ashrafiy deb tanishtirgan 50 yoshli tadbirkor.

Eron aholisi 80 million kishini tashkil qiladi.

“Tibbiy koʻrsatmalarga rioya qilganimiz befoyda boʻldimi endi?” dedi Ashrafiy raqamlarni “qoʻrqinchli” deb atab.

Rizoiy ismli tasviriy sanʼat oʻqituvchisi raqamlar bu qadar katta ekaniga shubha bildirgan.

“Shunday boʻlgan taqdirda ham, prezident oʻzining avvalgi bayonotlarini qanday rad etgani hisobga olinsa, bunga ishonish qiyin”, dedi u.

U fevral oyida Eronda pandemiya avj olgan ilk kunlarda Ruhoniyning “hammasi bir necha kun ichida normal holatga qaytadi” degan gaplarini nazarda tutgan.

20 yashar sartarosh Ashkan Daliriy raqamlarni real deb hisoblashi va bundan “biroz qoʻrquvda” ekanini aytadi.

Uning aytishicha, “odamlar haqiqatga tik qarashi va qoʻrqqanlaridan tibbiy koʻrsatmalarga kuchliroq rioya qilishlari uchun” shunday bayonot berilgan.

Ishonchsizlik kuchaymoqda

Eronliklarning hukumat idoralariga nisbatan ishonchsizligi kuchayib borayotgan bir paytda, Ruhoniyning kutilmagan bayonoti va undan keyingi sukuti Eron rasmiylarini izoh berishga majbur qilgan.

25 millionlik raqam mart oyida “13-14 viloyatdagi 10 ming kishi orasida” oʻtkazilgan tadqiqotga asoslangan taxmin edi, dedi Eron sogʻliqni saqlash vazirining tadqiqot va texnologiyalar boʻyicha oʻrinbosari Rizo Malakzoda.

“Shu kunga qadar bu odamlarning immuniteti barqaror ekanligi isbotlangan, yaʼni ular emlangan odamlar kabidir”, dedi u 20-iyul kuni IRNA davlat axborot agentligiga.

21-iyul kuni sogʻliqni saqlash vazirining boshqa bir oʻrinbosari Alirizo Raisiyning aytishicha, bu raqam odamda antitanachalar bor-yoʻqligini va uning nafaqat COVID-19, balki koronavirusning har qanday turiga chalingan-chalinmaganini aniqlaydigan serologik testlarga asoslangan.

Bu raqamlar va jamoaviy immunitet haqidagi gap-soʻzlar odamlarni tashvishga solishi mumkin degan taxminga yashirin tanqid bilan javob bergan Raisiy “bunday raqamlarni keltirish strategik xato” deb aytgan.

Ruhoniyning bayonoti turli manbalardan pandemiyaga oid dezinformatsiya oqimi kelayotgan vaqtda yangradi.

Faollarning aytishicha, Tehron, Moskva va Pekin mamlakat ichida yirik epidemiyalar haqidagi xabarlarni senzura qilib, soxta yangiliklar yoyinlagan va Gʻarb hukumatlarining pandemiyaga qarshi choralarini tanqid ostiga olgan.

Bu uch hukumat COVID-19 pandemiyasining kelib chiqishi haqida muqobil gap-soʻzlarni faol ravishda ilgari surmoqda.

Koronavirus inqirozi avjiga chiqqan mahal Eron islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) niqoblar, test toʻplamlari va koronavirus dorilarini ishlab chiqarishga oid bir nechta shubhali daʼvolarni ilgari surgan edi – ularning bari samarasiz boʻlib chiqqan.

Aprel oyida COVID-19 koronavirusini aniqlovchi qurilmani namoyish etgan IIPK uni “ajoyib” va “yangi, noyob ilmiy yutuq” deb atab, Eron rasmiylari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga masxara boʻlgan edi.

Ommaviy tartibsizliklar

Soʻnggi bir necha hafta ichida Eronda yuz bergan norozilik namoyishlaridan shuni anglash mumkinki, ogʻir iqtisodiy vaziyatda hukumatning pandemiyaga qarshi yetarlicha kurasha olmayotgani fuqarolarning gʻazabini kuchaytirgan.

Namoyishchilarga koʻra, rejim oʻz mamlakatiga sarmoya kiritish oʻrniga mintaqa boʻylab, xususan, Suriya, Iroq va Yamanda davom etayotgan bilvosita urushlarni qoʻllab-quvvatlash bilan eronliklarning iqtisodiy holatini yanada ogʻirlashtirmoqda.

COVID-19 koronavirus epidemiyasi iqtisodiyotning vaqtincha toʻxtab qolishi tufayli qator muammolar keltirib chiqardi, eksport hajmining qisqarishi esa milliy valyuta – riyolning keskin qadrsizlanishi va inflatsiyaning kuchayishiga olib keldi.

16-iyul kuni politsiya Xuziston viloyatining Behbahon shahrida shunday norozilik namoyishlaridan birini bostirishga uringan, namoyishchilar yanvar oyida butun mamlakatda boʻlgani kabi rejimga qarshi shiorlarni koʻtarib chiqib, oliy ruhoniy Ali Xomanaiyga qarata “diktatorga oʻlim” deya hayqirganlar.

Soʻnggi norozilik namoyishlari Eronda oʻtgan yilning noyabr oyida benzin narxining oshgani tufayli yuz bergan qonli norozilik namoyishlarida qoʻlga olingan uch nafar erkakka nisbatan oʻlim hukmi oʻz kuchida qoldirilganidan bir necha kun oʻtib boshlangan.

19-iyul kuni rejim jamoatchilik bosimi tufayli hukm ijrosini keyinga qoldirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500