Karvonsaroy
Ta’lim

Qirgʻiziston taʼlim tizimidagi Rossiyaning “yumshoq kuch” siyosati mahalliy aholini xavotirga solmoqda

Kanat Altinbayev

Chuy viloyati, Panfilov tumani, Kurpuldoʻk qishlogʻi, K. Ibraimaliyev nomidagi maktabning “1-B” sinfi oʻqituvchisi Zarina Kaparova 1-sentabr kungi darsni Qirgʻiziston haqida koʻrgazmali materiallar namoyishi bilan boshladi. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Chuy viloyati, Panfilov tumani, Kurpuldoʻk qishlogʻi, K. Ibraimaliyev nomidagi maktabning “1-B” sinfi oʻqituvchisi Zarina Kaparova 1-sentabr kungi darsni Qirgʻiziston haqida koʻrgazmali materiallar namoyishi bilan boshladi. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

BISHKEK – Moskvaning Qirgʻizistonda “yumshoq kuch” siyosatiga oid bir qator taʼlim loyihalarini amalga oshirishga intilishi mahalliy aholi va kuzatuvchilar orasida xavotirga sabab boʻlmoqda.

Bu yil Sovet Ittifoqi parchalanganiga 30 yil toʻladi, ammo Rossiya oʻz manfaatlarini ilgari surish va taʼsirini kuchaytirish maqsadida butun mintaqa boʻylab madaniy va maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishda davom etyapti.

Ushbu “yumshoq kuch” siyosati – madaniyat va siyosiy gʻoyalardan taʼsir oʻtkazish vositasi sifatida foydalanish Rossiyaning Markaziy Osiyoda rus tili va madaniyatini ommalashtirishni oʻz ichiga oluvchi 2016-yilda qabul qilingan tashqi siyosat strategiyasining muhim qismidir.

Bosim oʻtkazish

Tahlilchilarga koʻra, Rossiyaning Qirgʻizistonda yangi maktablar qurish rejalari ushbu strategiyaning bir qismidir.

Rossiya taʼlim vaziri Sergey Kravtsov (oʻngda) 15-mart kuni Bishkekda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov (suratda koʻrsatilmagan) bilan uchrashuvda yangi maktablar qurilishini muhokama qildi. [Qirgʻiziston prezidentining matbuot xizmati]

Rossiya taʼlim vaziri Sergey Kravtsov (oʻngda) 15-mart kuni Bishkekda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov (suratda koʻrsatilmagan) bilan uchrashuvda yangi maktablar qurilishini muhokama qildi. [Qirgʻiziston prezidentining matbuot xizmati]

2018-yil iyun oyida Bishkekdagi maktablarning birida taniqli rus shoiriga bagʻishlangan “Mening Pushkinim” tadbirida ishtirok etayotgan oʻquvchilar. [Bishkekdagi Rossiya fan va madaniyat markazi]

2018-yil iyun oyida Bishkekdagi maktablarning birida taniqli rus shoiriga bagʻishlangan “Mening Pushkinim” tadbirida ishtirok etayotgan oʻquvchilar. [Bishkekdagi Rossiya fan va madaniyat markazi]

Qirgʻizistonda 2000-yildan beri qirgʻiz tili – davlat tili, rus tili esa rasmiy til sifatida belgilangan. Mazkur qonun ikkala tildan barcha ijtimoiy-huquqiy sohalarda va millatlararo muloqotda foydalanishga ruxsat beradi, ammo qirgʻiz tili texnik jihatdan rus tilidan ustunroq.

Moskva postsovet hududda Rossiyaning maqomini saqlab qolish uchun turlicha, jumladan, iqtisodiy bosimlar qoʻllab keladi. U oʻtgan yili mahbuslikdan prezidentlikkacha koʻtarilgan Sadir Japarovga bir necha bor oʻz istaklarini bayon qilgan edi.

Oʻtgan yili oktabrda Japarov ham bosh vazir, ham muvaqqat prezident vazifasini oʻtayotganida Bishkekda Rossiyaning Qirgʻizistondagi elchisi Nikolay Udovichenko bilan muzokara oʻtkazib, rus tili Qirgʻizistonda rasmiy til boʻlib qolishini aytgan edi.

Fevral oyida u prezident sifatidagi ilk xorijiy safarini Rossiyadan boshladi. Buning natijasida Qirgʻizistonda rus tilidagi taʼlimni kuchaytirish boʻyicha bir qancha majburiyatlar olindi.

Keyinchalik ikkala hukumat Qirgʻiziston boʻylab, jumladan Bishkek va Oʻsh shaharlarida 44 ta rus maktabini ochishga kelishib oldilar, deb xabar bergan qirgʻiz ommaviy axborot vositalari.

“Maktablar Rossiya koʻmagida barpo etiladi. Rossiyalik oʻqituvchilar ishga yollanadi”, deb yozadi 5-mart kuni “Vecherniy Bishkek” nashri.

Kreml bu borada ikkilangani yoʻq – Rossiya taʼlim vaziri Sergey Kravtsov 15-mart kuniyoq Bishkekka yetib keldi. Kravtsov Japarov bilan muzokara oʻtkazib, “bu sohada tajriba almashuvini kuchaytirish uchun” rossiyalik oʻqituvchilarni Qirgʻiziston maktablaridagi taʼlimga jalb etish taklifini bildirdi.

Qirgʻizistondagi rossiyalik oʻqituvchilar

Qirgʻiziston hukumati maʼlumotlariga koʻra, ayni vaqtda Oʻshning 23 maktabida 29 nafar rossiyalik oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda.

“Xorijdagi Rossiya oʻqituvchisi” loyihasiga koʻra, Rossiya taʼlim vazirligidan tashrif buyurgan oʻqituvchilar delegatsiyasi 16-18-fevral kunlari Oʻshga yetib kelgan, deb xabar beradi Japarovning matbuot xizmati.

Janubiy Qirgʻizistondagi rossiyalik oʻqituvchilar maoshining bir qismi qirgʻizistonlik soliq toʻlovchilar hisobidan toʻlab beriladi. Mamlakat budjeti oʻqituvchilarning safar, uy-joy xarajatlari, kommunal toʻlovlari va tibbiy sugʻurtasini qoplaydi. Shu bilan birga, rossiyalik oʻqituvchilarga bir martalik “koʻchib oʻtish xarajatlari” toʻlab beriladi, ammo bu bandning aniq maʼnosi jamoatchilikka maʼlum emas.

Bu loyiha Qirgʻizistonda 2019-yilda – Rossiyadan 17 nafar matematika, rus tili va adabiyoti hamda boshlangʻich sinf oʻqituvchisining Oʻshga tashrifidan soʻng boshlangan edi, deb yozadi “Vecherniy Bishkek”.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) hududida yordam loyihalarini amalga oshiruvchi Rossiyaning “Rossotrudnichestvo” agentligi oʻtgan yili Issiqkoʻl viloyatidagi maktablarga rus tili va adabiyoti, tarix darsliklari va rus grammatikasi qoʻllanmalarini tarqatgan.

Shuningdek, mahalliy bogʻchalarga nutqni rivojlantiruvchi oʻquv qoʻllanmalari va bolalar adabiyotlari taqdim etilgan.

“Rossotrudnichestvo” – postsovet hududda Rossiyaning yumshoq kuch siyosati vositalaridan biri sifatida tanilgan. Shunday boʻlsa-da, agentlik geosiyosiy jihatdan manfaatli mamlakatlarda Rossiya taʼsirini kuchaytirishga oid missiyasini yashirmaydi.

Kuzatuvchilar va ota-onalar xavotirda

Yillar oʻtishi bilan Markaziy Osiyoda rus tilida soʻzlashuvchilar soni tobora kamayib borayotganiga qaramay, yoshi katta avlod orasida va yirik shaharlarda rus tili hamon oʻz kuchini yoʻqotmagan.

Qirgʻizistonda Rossiya madaniyatining taʼsiri keragidan ortiq, deydi bishkeklik Nazira Kuluyeva.

U hatto hozir ham Bishkekda yashovchi mahalliy qirgʻizlarning aksari qirgʻiz tilida gaplasha olmasligini aytadi.

“Koʻpchilik qirgʻizlar, SSSRda tugʻilib oʻsganlargina emas, balki sovet maktablarida oʻqimagan yoshlar ham oʻz ona tilini bilmaydi. Ular faqat rus tilida soʻzlashadilar”, deydi Kuluyeva.

“Ular qirgʻizcha urf-odatlarimizga amal qilishmaydi. Bu normal holatmi?”

“Hukumatimiz kelajak avlodga qadriyatlarimizni singdirish uchun yoshlar orasida milliy oʻzlikni anglash siyosatini olib borishi kerak”, deb qoʻshimcha qildi u.

Buning ustiga, Rossiya taqdim etayotgan taʼlim jarayoni talabga javob bermaydi, deydi kuzatuvchilar.

Qirgʻizistondagi Rossiya taʼlimi Turkiya va Amerikaniki bilan tenglasha olmaydi, deydi Bishkek strategik tahlil va prognoz instituti siyosatshunosi, tahlilchi Zamira Murataliyeva 2015-yilda Markaziy Osiyo tahlil va hisobot byurosi uchun yozgan maqolasida.

Turk litseylari va Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti (MOAU) innovatsion taʼlim uslublarini qoʻllaydi, chinakam bilim beradi va yuqori darajadagi ilmiy anjumanlar oʻtkazadi, Rossiya taʼlim muassasalari rahbariyati esa bunday tadbirlar oʻtkazish imkoniyatiga ega emas, deb yozgan u.

“Koʻp hollarda Rossiya ilmiy anjumanlari tashkilotchilarining oʻzi pul oʻmarish bilan band boʻlib, tadbirning maqsadini anglamaydi”, deb taʼkidlagan u.

Bishkekdagi Qirgʻiziston Rossiya slavyan universiteti (QRSU) abituriyentlar orasida unchalik mashhur emas, deydi MOAU talabasi, bishkeklik Azamat Asakeyev.

“Ota-onam QRSU 1990-yillarda nufuzli boʻlgan deyishadi, ammo keyinchalik universitetning taʼlim darajasi pasayib ketgan”, deydi Asakeyev. “Oʻqituvchilar orasida korrupsiya kuchaygan. Keyinroq u yerda oʻqituvchilardan birining jinsiy tegajoqligi bilan bogʻliq mojaro kelib chiqqan.”

“Oʻsha universitet diplomiga ega boʻlganimda, yetakchi xalqaro korporatsiyalarning menga talabi yuqori boʻlardi, deb oʻylamayman”, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiya taʼlim loyihalari “talabalarga vaqt bilan hamnafas va muvaffaqiyatli boʻlishga yordam bermaydigan anʼanaviy, juda eskirgan bilimni taklif etadi”, deydi Jaloloboddagi huquqshunoslik, biznes va taʼlim akademiyasining iqtisodiy nazariya boʻyicha maʼruzachisi Mirlan Qudaybergenov.

“Hozirgi kunda bu kabi taʼlimga qiziquvchilar juda kam”, deydi u.

Qirgʻizistondagi rus taʼlimi cheklovlarga ega va boshqa xorijiy davlatlar taklif qiluvchi taʼlim bilan tenglasha olmaydi, deydi Rossiyaning yangi maktablar qurishga oid rejalarini kuzatib borayotgan mutaxassislar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Moskvada qirgʻiz maktablarini ochish kerak

Javob berish

U yerga Rossiya maktablari nega kerak?

Javob berish