2015-yilda Bashar Asad rejimini mustahkamlash uchun Suriyadagi urushga harbiy aralashuvidan ancha oldin Rossiya Suriyani “bosib olish” va madaniy jihatdan qayta yoʻnaltirish orqali uning iqtisodiyotini “sogʻish” uchun yumshoq kuch siyosatini amalga oshira boshlagan edi.
Suriyaning rejim nazorati ostidagi hududlarda joylashgan maktablarida rus tilini oʻqitishni keng miqyosda targʻib qilish bu rejaning muhim qismi boʻlgan.
Suriyaning qator universitetlarida rus tili va adabiyoti kafedralari ochildi, rus tili xorijiy til variantlaridan biri sifatida boshlangʻich va oʻrta maktablar oʻquv dasturlariga kiritildi. Ilgari faqat ingliz va frantsuz tillari oʻqitilgan.
Suriyada rus tilini oʻrganish faol targʻib qilinmoqda, deydi Halab universitetining sobiq professori Haydar Zaydan. Uning taʼkidlashicha, yuqori sinf oʻquvchilari buni urush tufayli vayron boʻlgan mamlakatni tark etish va Rossiyada oʻqish uchun chipta deb biladilar va shu orqali harbiy xizmatdan qochadilar.
Bunday ragʻbat ayrimlarni til oʻrganishga undasa-da, rus tilining keng miqyosda oʻqitilishi “Suriya mehnat bozori uchun salbiy oqibatlarga olib keladi”, deb qoʻshimcha qildi u. Bu bitiruvchilarning ish topish imkoniyatlariga taʼsir qilishi mumkin.
Uning soʻzlariga koʻra, rus tili mahalliy yoki xalqaro kompaniyalarga kerakli til emas, shu bois ishga joylashish imkoniyatlari “Rossiya kompaniyalari yoki ularga aloqador shirkatlar bilangina cheklanadi”.
Suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdullohning soʻzlariga koʻra, Damashqdagi Rossiya madaniyat markazi bevosita va u bilan hamkorlik qilayotgan institutlar orqali til kurslarini tashkil etib, nazorat qilib kelmoqda.
Oʻrganish uchun xorijiy til tanlayotgan talabalar endi haqiqiy dilemmaga duch kelishmoqda, deydi u, chunki rus tilini oʻrganish bilan ular faqat Rossiyada tahsil olishlari mumkin.
“Rossiya Suriyani yoki kamida uning bir qismini Suriya va unga qoʻshni davlatlar atrofidagi muhitga mos boʻlmagan Rossiya mustamlakasiga aylantirmoqchi”, dedi u.
Bu siyosat oʻz navbatida Rossiyaning Suriyadagi manfaatlarini, birinchi navbatda Yaqin Sharq mamlakatining tabiiy resurslari va urush tufayli paydo boʻlgan qayta qurish loyihalari himoyasini taʼminlaydi.
Suriyaning tabiiy resurslarini asosiy mukofot deb biluvchi Rossiya qayta qurishga oid yirik shartnomalarni imzolashga intilmoqda.
Hayratlanarli emas
Moskvaning rus tili va madaniyatini targʻib qilishga urinishi Markaziy Osiyoliklarni ajablantiradigan narsa emas.
Bu yil Sovet Ittifoqi parchalanganiga 30 yil toʻladi, shunga qaramay, Rossiya oʻz manfaatlari va taʼsirini rivojlantirish yoʻlida butun mintaqada madaniy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishni davom ettirmoqda.
Ushbu “yumshoq kuch” siyosati – madaniyat va siyosiy gʻoyalardan taʼsir oʻtkazish vositasi sifatida foydalanish – Markaziy Osiyoda rus tili va madaniyatini ommalashtirishni oʻz ichiga oluvchi 2016-yilda qabul qilingan tashqi siyosat strategiyasining muhim qismidir .
Soʻnggi vaqtlarda Moskvaning “yumshoq kuch” siyosati doirasida Qirgʻizistonda bir qator taʼlim loyihalarini amalga oshirishga intilishi mahalliy aholi va kuzatuvchilar orasida xavotirga sabab boʻlmoqda.
Moskva postsovet hududda Rossiyaning maqomini saqlab qolish uchun turli xil, jumladan, iqtisodiy bosimlar qoʻllab keladi. U oʻtgan yili mahbuslikdan prezidentlikkacha koʻtarilgan Sadir Japarovga bir necha bor oʻz istaklarini bayon qilgan edi.
Fevral oyida Japarov prezident sifatidagi ilk xorijiy safarini Rossiyadan boshladi. Buning natijasida Qirgʻizistonda rus tilidagi taʼlimni kuchaytirish boʻyicha bir qancha majburiyatlar olindi.
Keyinchalik ikkala hukumat Qirgʻiziston boʻylab, jumladan Bishkek va Oʻsh shaharlarida 44 ta rus maktabini ochishga kelishib oldilar, deb xabar bergan edi qirgʻiz ommaviy axborot vositalari mart oyida.
Qirgʻizistonlik ota-onalar Moskvaning saʼy-harakatlari qirgʻiz tili va milliy oʻzligiga putur yetkazayotganidan xavotir bildirishgan.
“Hukumatimiz kelajak avlodga qadriyatlarimizni singdirish uchun yoshlar orasida milliy oʻzlikni anglash siyosatini olib borishi kerak”, deydi bishkeklik Nazira Kuluyeva.
Kuzatuvchilar, shuningdek, rus maktablari koʻpincha boshqa oʻquv muassasalariga muvofiq emasligini taʼkidlaydilar.
“Ota-onam QRSU (Qirgʻiziston Rossiya slavyan universiteti) 1990-yillarda nufuzli boʻlgan deyishadi, ammo keyinchalik universitetning taʼlim darajasi pasayib ketgan”, deydi Markaziy Osiyo Amerika universiteti (MOAU) talabasi Azamat Asakeyev. “Oʻqituvchilar orasida korrupsiya kuchaygan. Keyinroq u yerda oʻqituvchilardan birining jinsiy tegajoqligi bilan bogʻliq mojaro kelib chiqqan.”
“Oʻsha universitet diplomiga ega boʻlganimda, yetakchi xalqaro korporatsiyalarning menga talabi yuqori boʻlardi, deb oʻylamayman”, deb qoʻshimcha qildi u.