Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻiston “Jusan” operatsiyasi yordamida qaytarilgan ayollardan saboq chiqarmoqda

Kseniya Bondal

Suriyada ID nazorati ostidagi hududdan qaytarilgan qozogʻistonlik ayollardan biri Roza shunday deydi: “Hozir xavfsiz joyda boʻlsam-da, portlashlar, odamlarning qichqiriqlari va faryodlari tushlarimga kirib chiqadi”. [Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi/YouTube]

Suriyada ID nazorati ostidagi hududdan qaytarilgan qozogʻistonlik ayollardan biri Roza shunday deydi: “Hozir xavfsiz joyda boʻlsam-da, portlashlar, odamlarning qichqiriqlari va faryodlari tushlarimga kirib chiqadi”. [Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi/YouTube]

OLMAOTA – Qozogʻistonda Iroq va Suriyadagi “Islom davlati” (ID) hukmronligi ostida yashab, dahshatli voqealarni boshdan kechirgan 10 nafar ayol haqida hikoya qiluvchi “Jusandan olingan 10 saboq” yangi videoloyihasi taqdim etildi.

2013-yilda ID nazorati ostidagi hududga borib qolgan ayollar u yer ular izlayotgan islomiy davlat emasligini anglab yetganlar.

Davomiyligi taxminan 1-2 daqiqalik videolavhalarda har bir ayolning hikoyasi bayon qilinadi.

Ilk videolavha 1-aprel kuni Instagramda eʼlon qilingan, qolganlari esa birin-ketin joylashtirilmoqda. Shuningdek, ular boshqa ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlarda, jumladan Kazislam.kz va Mazhab.kz saytlarida ham chop etib borilmoqda.

“Jusandan olingan 10 saboq” videolavhasi kadrlaridan birida Suriyadagi kurdlar jamlogʻi aks etgan. “Islom davlati” (ID) magʻlubiyatidan soʻng Markaziy osiyolik ayollarning aksariyati shu jamloqqa tushib qolganlar.

“Jusandan olingan 10 saboq” videolavhasi kadrlaridan birida Suriyadagi kurdlar jamlogʻi aks etgan. “Islom davlati” (ID) magʻlubiyatidan soʻng Markaziy osiyolik ayollarning aksariyati shu jamloqqa tushib qolganlar.

Terrorchilikka yollovchi shaxsning jabrdiyda ayol bilan yozishmasi, “Jusandan olingan 10 saboq” videolavhalarining biridan olingan kadr.

Terrorchilikka yollovchi shaxsning jabrdiyda ayol bilan yozishmasi, “Jusandan olingan 10 saboq” videolavhalarining biridan olingan kadr.

Yakunda barcha videolavhalarni rus, qozoq va ingliz tillarida tomosha qilish mumkin boʻladi.

Loyiha boʻyicha ishlar oʻtgan yilning dekabr oyida boshlangan edi. Videolavhalar Qozogʻiston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligining Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi ekspertizasidan oʻtgan.

Ushbu loyihani Yevropa Ittifoqi “Internews” tashkiloti orqali moliyalashtirmoqda.

Noyob taʼsirli hikoyalar

Terrorchilik faoliyati oʻchoqlaridan qaytarilgan fuqarolar soni boʻyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qozogʻiston yetakchilik qiladi, deydi Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi (SARMO) direktori Gulnaz Razdikova.

Kasbi reabilitolog boʻlgan Razdikova 2019-yilda Suriyadan Oqtovga qaytarib olib kelingan ayollar bilan ishlay boshlagan. Ayollarning hikoyalarini jamoatchilikka yetkazishda u “Internews” bilan hamkorlik qilgan.

“Endi bu ayollar ilk marta ochiq gapirishga tayyor. Bir-ikki yil avval bu loyihani amalga oshirish imkonsiz edi, chunki bu bechora onalar kamera oldiga oʻtirib, oʻz dardlarini koʻpchilikka bayon qilishga tayyor emasdilar”, dedi Razdikova.

“Vataniga qaytarilgan bu ayollar yollovchilar ishga soladigan ruhiy va eʼtiqodiy strategiyalar haqida soʻzlab berdilar”, dedi u.

ID bilan bogʻliq dahshatlarni oʻz boshidan oʻtkazganlarning hikoyalari juda taʼsirli, deydi Razdikova.

“Olim yoki jurnalist ekstremizm xavfi haqida gapirganida, uning soʻzi radikallar va terrorchilar qurbonlarining oʻz koʻzi bilan koʻrgan dahshatlarni aytib berganichalik taʼsirga ega boʻlmaydi”, deydi u.

Bu ayollarning hikoyalari “hozirda radikal qarashga ega yoshlarni bu yoʻldan qaytarishga yordam beradi”, deydi u.

Oʻlim, shafqatsizlik va nomus

Videoda ishtirok etgan ayollardan biri Nurayimga koʻra, uning eri ID gʻoyalari taʼsiriga tushib, 2013-yilda ayoli va 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan olti farzandini Suriyaga olib ketgan.

“Birinchi boʻlib toʻngʻich oʻgʻlimni oʻldirishdi”, deydi u videoda. “Keyin esa erimni.”

“Kechalarning birida yosh bolalarim turgan uyga bomba tushgan”, deydi u. “Hozirda yolgʻizman.”

Nurayimning Suriyada tugʻilgan va tirik qolgan bir nabirasi bor. U oʻsha qizcha bilan birga 2019-yilda Jusan operatsiyasi doirasida Qozogʻistonga qaytib kelgan.

Roza ismli yana bir ayol radikallashgan qizi – Gulsumni uyiga qaytarish uchun Suriyaga borgani haqidagi hikoyasini soʻzlab bergan.

Gulsum bilan uning yangi tugʻilgan chaqalogʻi ular yashayotgan uyga bomba tushganida halok boʻlishgan. Shundan keyin Roza vataniga qaytarilgunicha ikki yil ID nazoratidagi hududda qolib ketgan.

“Oʻzing omon qolishing mumkin, ammo oilani yoʻqotishga chidab boʻlmaydi”, deydi u. “U yaralarni vaqt tuzatmaydi.”

Videoloyihaning yana bir ishtirokchisi Asel Igubayeva hozir Pavlodarda yashaydi.

U 2013-yilning oxirida yosh bolasi va ikkinchi farzandiga homilador holida eri bilan birga Suriyaga ketgan.

“Bu voqea Suriyaga 150 tacha qozogʻistonlik ketganidan keyin yuz berdi”, deydi Igubayeva Karvonsaroy bilan suhbatda. “Erim ikkovimiz u yerda musulmonlar uchun muhim voqealar sodir boʻlyapti deb oʻylaganmiz. Biz u yerga borib, Islomni, paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v) qanday yashaganini oʻrganishni, arab dunyosini koʻrishni, u yerda yashashni, musulmonlardek kiyinishni xohlagan edik.”

Bu oila besh yil davomida Suriyaning ID boshqaruvida boʻlgan Al-Raqqa tumanida, Iroqning Mosul shahrida va baʼzan kichik qishloqlarda yashagan.

Oʻsha davr mobaynida Igubayeva juda koʻp oʻlim, shafqatsizlik va Islom taʼlimotiga zid hodisalarga guvoh boʻlgan.

Eri oʻldirilgach, ikki nafar farzandi bilan kurdlar jamlogʻiga borgan, u yerdan 2019-yilning may oyida Qozogʻiston hukumatining tashabbusi bilan Oqtovga olib kelingan.

“Qarindoshlarim va qoʻshnilarim oldida uyalar edim”, deydi u. “U yerga ketganlar, ayniqsa ayollarga nisbatan munosabat ular bir necha marta turmushga chiqishi haqida mish-mishlar sababli juda yomon edi.”

Boshqa ayollarga koʻmaklashish

Oʻtgan yili iyul oyida Igubayeva Instagram tarmogʻida akkaunt ochdi va Suriyadagi hayoti, eri, bolalari va nima uchun Qozogʻistonga qaytishni xohlagani haqida postlar yoza boshladi.

U kuzatuvchilari qanday munosabatda boʻlishidan xavotirda edi, ammo uning xavotirlari asossiz boʻlib chiqdi.

“Ayrimlar menga shaxsiydan xabar yuborib, ularning qarindoshlari ham Suriyada ekanligini aytib, ularni tanimaysizmi deb soʻrar edi, baʼzilar esa Jusan operatsiyasi haqiqatdan ham oʻtkazilganmi-yoʻqmi bilishni xohlardi, ammo hech kim meni tanqid va haqorat qilmadi”, deydi Igubayeva.

“Men bu videoloyihada ishtirok etishni istadim, chunki kurdlar jamlogʻida qolib ketgan doʻstlarim bor. Mening hikoyam sababli, ehtimol ularning vatandoshlari Suriyadagi vaziyat ayollar uchun qoʻrqinchli ekanligini, ular urushdan charchaganliklarini tushunib yetar va ular ham uylariga qaytarilar”, deydi u.

Igubayeva reabilitatsiya jarayonining ahamiyati va undan keyin qanday imkoniyatlarga ega boʻlish mumkinligini Markaziy Osiyolik tomoshabinlar bilan boʻlishishni xohlagan.

Ayni damda Igubayeva SARMOda koʻngilli boʻlib ishlamoqda, u yerda ogʻir vaziyatga tushib qolgan ayollarga va Suriyada yaqinlarini yoʻqotgan qozogʻistonliklarga yordam bermoqda.

Markaziy Osiyoliklar repatriatsiyasi

Qozogʻiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Suriyadan oʻz fuqarolarini qaytarishni boshlagan ilk davlat boʻldi.

“Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida 188 ta ayol vataniga qaytarilgan boʻlib, ularning jangarilar orasidagi hayotiy tajribasi boy empirik materialni taqdim etadi.

2019-yildan beri Iroq va Suriyadan qozogʻistonliklar, asosan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish boʻyicha beshta “Jusan” operatsiyasi amalga oshirilgan.

“Umumiy hisobda 700 dan ortiq fuqarolar repatriatsiya qilindi”, deb aytgan Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yerjan Ashikbayev 8-yanvar kuni Vashingtondagi Atlantika kengashi mezbonligida oʻtgan videomuloqotda.

Vataniga qaytarilganlar orasida 490 nafar yosh bola, 187 ayol va “barchasi terrorchilikda ayblanib, jazoga tortilgan 33 nafar erkak” bor, deydi u.

Yaqinda amalga oshirilgan “Jusan-5” operatsiyasida toʻrt erkak, bir ayol va yetti nafar bola Qozogʻistonga qaytarildi. Bolalarning ikkitasi yetim qolgan.

Boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ayrim fuqarolarini qaytarganlar, bunda ayollar va erkaklardan koʻra, bolalarga ustuvorlik berilgan.

Oʻzbekiston Suriya va Iroqdan uchta alohida operatsiya bilan 318 nafar ayol va yosh bolani vataniga qaytardi, deb xabar bergan edi Oʻzbekistonning Qoʻshma Shtatlardagi elchisi Javlon Yakubov mart oyida AQSH jamoat teleradioeshittirish xizmatiga.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga koʻra, 16-mart kunidagi charter reys bilan Iroqdan 79 nafar qirgʻizistonlik bola vataniga olib kelingan. Ularning onalari Iroqdagi qamoqxonada qolishgan.

Yanvar oyidan beri Tojikiston 200 dan ortiq ayollar va bolalarni Suriyadagi kurdlarga qarashli jamloqlardan vataniga qaytarishga urinmoqda, deb xabar bergan Quvaytdagi Tojikiston elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Karvonsaroy nashriga.

Turkmaniston ID safiga qoʻshilgan fuqarolar soni yoki u yerdan qaytib kelganlar haqida maʼlumot bermagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500