Xitoyning Eron rejimi va Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) iqtisodiy manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashdagi ishtirokiga oid qoʻshimcha dalillar oshkor boʻlgan.
17-sentyabr kuni AQSH moliya vazirligi bir necha millionlab AQSH dollarini yuvgan, ularni IIPK va ittifoqdosh guruhlarga oʻtkazgan Xitoydagi tijoriy va bank tashkilotlarini boshqaruvchi tarmoqqa nisbatan sanksiyalar joriy qildi.
Xorijiy valyuta va tilla savdosi bilan shugʻullanadigan tarmoq Xitoyda yashovchi Murtazo Minaiy Hoshimiy va ikki nafar Xitoy fuqaro Yan Su Syuan va Sun Tszin tomonidan boshqarilgan, ular kompaniyalarning “hujjatdagi egalari” boʻlib, bank xizmatlari va qulayliklarini taqdim etishgan.
Bu tarmoqning nishonga olinishi umumiy manfaatlarga va dunyo boʻylab beqarorlashtirish faoliyati olib borishda hamkorlik qilib kelayotgan Eron va Xitoyga nisbatan xalqaro hamjamiyat xavotirlarini ochiqlaydi, deydi kuzatuvchilar.
Pul yuvish sohalari
Eron yashirin pul yuvish operatsiyalarini olib borish uchun Xitoy kabi ittifoqchi mamlakatlardagi kompaniyalarni va umumiy savdo-sotiq tashkilotlarini boshqarib kelgan, deydi Eron strategik tadqiqotlar markazi rahbari Gʻoziy Fayzal Husayn.
Eron bunday faoliyatlar, noqonuniy savdo, korruptsiya va kontrabandadan topadigan daromadini dunyo boʻylab “tartibsizlik keltirib chiqarishda davom etadigan” IIPK va mintaqaviy vositachi kuchlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiradi, deydi u.
Eron bilan iqtisodiy munosabatlar va investitsiyalarga ega Xitoy “Eron manfaatlarini yashiradi va himoya qiladi, pul yuvish, noqonuniy faoliyatlarda ishtirok etadi”, taʼkidladi u.
Bular “qaroqchilik mahsulotlari, brend mahsulotlari kontrabandasi va daromad yoʻlida litsenziyalanmagan soxta tovarlar ishlab chiqarishni” oʻz ichiga oladi, deydi u.
Eron pul yuvish operatsiyalarini amalga oshirish orqali sanksiyalarni chetlab oʻtish yoʻllarini izlamoqda, “ammo bunday operatsiyalarni uzoq vaqt yashirib boʻlmaydi”, deydi Husayn.
“Ular Vashington tomonidan dollarning harakatlanishiga qoʻyilgan qatʼiy nazorat, shu bilan birga boshqa mamlakatlar bilan xavfsizlik va razvedka sohalaridagi hamkorligi tufayli tezda aniqlanadi”, deydi u.
Xitoyda joylashgan tarmoqlar
Oʻtgan yili Qoʻshma Shtatlar Xitoyda joylashgan, Eron rejimiga sanksiyalardan qochish va uning vositachi kuchlarini moliyalashtirishga yordam bergan bir qator logistika kompaniyalari tarmogʻiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.
Shanxaylik Xitoy fuqarosi Shen Yong AQSH sanksiyalari ostidagi Eron Islom Respublikasining Shipping Line Group kompaniyasi ishini yuritish uchun shu tarmoq ichida yashirin faoliyat olib boruvchi soxta va xolding kompaniyalarni boshqaradi.
Shuningdek, Eron neft va neft-kimyo mahsulotlarini eksport qilishga yordam berayotgan Xitoyda faoliyat yurituvchi kompaniyalarga nisbatan ham sanksiyalar qoʻllanilishi mumkin.
Ulardan biri Honkongdagi Triliance Petrochemical Company kompaniyasi Eron milliy neft kompaniyasiga Eron neft-kimyo, neft xomashyosi va neft mahsulotlari uchun toʻlov sifatida millionlab dollar oʻtkazgan.
Kuzatuvchilarga koʻra, Xitoy hukumati Erondagi iqtisodiy rejalarni amalga oshirish yoki qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻp hollarda Eron kompaniyalarining aktivlarini muzlatmaydi va Eronga qarshi xalqaro rezolyutsiyalar qoʻllanilishini chetlab oʻtadi.
Chunki Eron savdosining qariyb uchdan bir qismi Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi, deydi ular.
Xitoy va Eron mart oyida 25 yillik shartnoma imzoladi, unga koʻra Pekin Eronga obʼektlardan foydalanish, Eron neft-gaz mahsulotlarini katta chegirma bilan olish evaziga 400 milliard AQSH dollari investitsiya kiritadi. Xitoy xuddi shu strategiyani boshqa mamlakatlarda ham oʻzining global taʼsirini oshirish uchun olib boradi .
Milliy boyliklarning sovurilishi
Bu kabi iqtisodiy hamkorliklar Eron xalqiga zarar keltiradi, ularga tegishli boyliklar faqat ekspansiyani koʻzda tutuvchi va qoʻshni davlatlar xavfsizligiga rahna solishga intiluvchi rejim tomonidan isrof qilinmoqda, deydi siyosiy tahlilchi Gʻanim al-Obid.
Shuningdek, Eron rejimi “bir necha noqonuniy manbalardan mablagʻ yigʻish maqsadida chetlab oʻtish siyosati, Xitoy va boshqa joylarda pul yuvish amaliyotini oʻtkazmoqda”, deydi u.
Shu tariqa u “oʻz shoʻbalarini iskanjasiga olib, ularni manfaatlariga yoʻnaltirishga” harakat qilmoqda, deydi al-Obid.
Eron aholisining uchdan biri ishsizlikdan aziyat chekadi, turmush darajasi va davlat xizmatlari sohasi sezilarli yomonlashgan, deydi u.
Unga koʻra, mamlakat koʻplab inqirozlar bilan kurashmoqda, ularning barchasi Eron yetakchilari amalga oshirishga va xalqaro sanksiyalar, bosimlardan himoya qilishga intilayotgan zoʻravonlik strategiyasi oqibatidir.