Karvonsaroy
Tahlil

Sillasi qurigan va moliyaviy ogʻir ahvolda qolgan Eronning kelajakdagi ichki gʻalayonlarga tayyor emasligi aytilmoqda

Babak Dashti

image

19-noyabr kuni oʻz eʼtirozini bildirish uchun norozilik namoyishiga toʻplangan eronliklar. [Fatme Nasr/ ISNA / AFP]

Eronlik kuzatuvchilarning fikricha, mintaqaviy amaliyotlar tufayli zaiflashgan va moliyaviy jihatdan ogʻir ahvolda qolgan Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) Eron rejimiga qarshi navbatdagi keng koʻlamli qoʻzgʻolonni bostirishga qodir boʻlmay qolgan.

Bahsli saylovlar ortidan kelib chiqqan noroziliklar 2009-yilgi “Yashillar harakati” bilan mamlakatni larzaga keltirgan boʻlsa, 2019-yil noyabr oyida benzin narxining keskin koʻtarilishi bilan bogʻliq umummilliy norozilik namoyishlari IIPK tarafidan ommaviy ravishda bostirilgan.

Benzin bilan bogʻliq noroziliklarini bostirar ekan, IIPK va unga qarashli yarim harbiylashtirilgan guruh – ichki xavfsizlikni taʼminlovchi Bosij qarshilik kuchlari 1500 ga yaqin namoyishchini oʻldirgan va minglab odamlarni hibsga olgan.

12-aprel kuni Yevropa Ittifoqi nomi chiqqan uchta qamoqxona va sakkiz nafar Eron xavfsizlik xizmati rasmiysini, jumladan, IIPK qoʻmondoni Husayn Salamiyni 2019-yilgi tazyiqlar sabab qora roʻyxatga kiritgan.

image

2020-yil yanvar oyida oʻn minglab eronliklar koʻchalarga chiqib, rejim rahbarlarining isteʼfosini talab qilganlar. [Fayl]

image

2021-yilning yozida Eronning Xuziston viloyatida “Qurgʻoqchilik, ishsizlik, kasalliklar... Xuziston – Eronning oʻgay farzandi emas” degan yozuvni koʻtarib olgan namoyishchilar. [Mehr News]

Bayonotda Salamiy “inson huquqlarining jiddiy buzilish holatlari uchun masʼul” deb topilib, uning qoʻmondonligi ostidagilar “2019-yil noyabrda Erondagi norozilik namoyishlarini bostirish uchun halokatli kuch ishlatib, qurolsiz namoyishchilarning oʻlimiga va jarohatlanishiga sabab boʻlgani” aytiladi.

Oʻshandan beri Eron boʻylab namoyishchilar muntazam ravishda koʻchalarga chiqib, suv, ish va vaksinalar kabi asosiy huquqlarini talab qilgan va rejimning tashqi rejalarni ichki iqtisodiyotdan ustun qoʻyish siyosatini qoralab kelmoqda.

Eronning kelajak hayotida ayrimlari juda keng miqyosli boʻlishi kutilayotgan noroziliklar yuz berishi ehtimoldan yiroq emas.

Ammo IIPKning Quds kuchlari (IIPK-QK) mintaqadagi harbiy amaliyotlar uchun shunchalik koʻp mablagʻ va resurslar sarfladiki, ularning qarshi turish va bostirish qobiliyati moliyaviy qiyinchiliklar va sanktsiyalar tufayli jiddiy tarzda cheklangan.

Zoʻriqqan IIPK

Soʻnggi oʻn yil davomida IIPK oʻz kuch va resurslarining katta qismini Suriya, Livan, Iroq va Yamandagi mintaqaviy operatsiyalarga sarflab, harbiy hozirligini mustahkamlashga intildi.

Buning oqibatida Eronning ichki harbiy va kuch tuzilmalari ommaviy noroziliklar oldida ojiz qolishi va ularni bostirishga qodir boʻlmasligi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

“Eron oʻzi uchun yaratgan mintaqaviy tahdidlarga qarshi IIPKning harbiy va moddiy texnik resurslarini keng miqyosda sarfladi”, deydi Eron xavfsizligi boʻyicha tahlilchi Kamron Parvareshxa.

Suriya, Livan, Yaman va Iroqdagi faol ishtirokini saqlab qolishdan tashqari, Tehron endi Ozarbayjon bilan chegaradagi harbiy hodisalarni diqqat bilan kuzatib borishi kerak, dedi u.

Iyul oyi oʻrtalarida Eronning suv va neftga boy viloyati boʻlmish Huziston (undan beshta yirik daryo, jumladan, Eronning eng uzun Karun daryosi ham oqib oʻtadi) aholisi kuchli qurgʻoqchilik tufayli kelib chiqqan suv tanqisligidan norozi boʻlib, namoyishga chiqqan.

Bunga javoban hukumat rasmiylari avvaliga namoyishlarni inkor etgan boʻlsa, keyinroq namoyishchilarni bostirish uchun kuch yubordi.

Namoyishlar davomida bir nechta ishtirokchi otib oʻldirilgan.

“Xalqning muammolari hal etilmasdan qolar ekan, hamma narsa boʻlishi mumkin”, dedi 9-noyabr kuni Eron parlamenti vakili Masʼud Pezeshkian.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet Eron hukumatini Huziston viloyatidagi surunkali suv tanqisligi muammosini hal qilish uchun “tezkor choralar koʻrish”ga chaqirdi.

Bu ish noroziliklarni bostirish uchun kuch ishlatmay, keng qamrovli hibslarsiz amalga oshirilishi kerak, degan u iyul oyida ilk namoyishlar boshlanganida.

“Hukumat koʻp yillik beparvolik tufayli yuzaga kelgan xalq gʻalayonlari emas, halokatli suv inqirozining Huziston aholisi hayoti, salomatligi va farovonligiga taʼsiri haqida oʻylashi kerak”, dedi u.

“Men oʻtgan hafta sodir boʻlgan oʻlim va jarohatlar, shuningdek, keng koʻlamli qamoqqa olishlar va hibslardan jiddiy xavotirdaman”, deb qoʻshimcha qildi u.

Daromadning kamayishi

Eron xavfsizlik kuchlari norozilik namoyishlarini bostirishdan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklab, ular haqida yolgʻon maʼlumotlarni tarqatgani ham maʼlum, deydi kuzatuvchilar.

Ammo xalqaro sanksiyalar natijasida ularning repressiv qobiliyati pasaygan, deydi ular, bu sanksiyalar tufayli daromadning sezilarli darajada pasayganiga ishora qilib.

Eron tashqi savdosi hajmi 2019-yildagi 46 milliard dollardan 2020 yilda 28 milliard dollarga kamaydi, joriy yilda esa bu raqam 18 milliardga teng boʻlishi kutilmoqda.

Xorijiy investorlar, xususan, Yevropa kompaniyalari Eronni tark etgan.

Tehronlik iqtisodchi Mojgan Gʻaribga koʻra, “Eron rasmiylari va hukumatga aloqador diniy arboblar Eron neft eksportidan jahon bank tizimini chetlab oʻtgan holda pul ishlashga muvaffaq boʻlgan”.

“Ammo bu bayonotlar shunchaki shior, xolos”, deydi u. “Eron budjetining asosiy manbai hisoblangan neft daromadi keskin kamaygan”.

“Hatto Tehronning ittifoqchilari hisoblangan davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoy ham Eron bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda koʻplab muammolarga duch kelishmoqda”.

Bank sanksiyalari tufayli Eron hatto oʻzi kuchli taʼsir oʻtkaza oladigan Iroqqa elektr energiyasi eksport qilish boʻyicha majburiyatlarini ham bajara olmadi, deb qoʻshimcha qildi Gʻarib.

Sanksiyalar bosimi, xususan, Eronga qurol sotishga qarshi sanksiyalarning uzaytirilishi Eron xavfsizlik kuchlari uchun qoʻsh muammoga aylandi.

Bir tarafdan, IIPK kuchlariga bu vazifani bajarish uchun moliyaviy manbalar yetishmasa-da, Eron rejimining ekspansiyaviy siyosatini davom ettirish uchun mintaqa davlatlariga koʻp sonli IIPK jangarilari yuborilgan.

Boshqa tarafdan, tahlilchilar Eronning mintaqadagi 10 yillik agressiv siyosati va hukumatga qarshi davom etayotgan xalq noroziliklaridan soʻng, Eronda “arab bahori” kabi ichki qoʻzgʻolonlar uchun shart-sharoit paydo boʻlgani haqida ogohlantirmoqda.

Ularning aytishicha, Eron rejimi resurslar tanqisligi tufayli bunday norozilik namoyishlarini bostirishga unchalik tayyor emas.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500