“Nega hozir va nega bizning chegarada?”
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 27-sentyabr kuni Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligiga bergan intervyusida Eron armiyasi tomonidan oʻtkazilgan yirik harbiy mashgʻulotlar munosabati bilan shunday savol bergan.
Sovet Ittifoqi parchalanib, Ozarbayjon mustaqillikka erishganidan beri Eron oʻzining Ozarbayjon bilan shimoliy chegarasiga bunchalik yaqin joyda harbiy mashqlar oʻtkazmagan edi.
Qurʼonda tilga olingan qalʼa sharafiga “Haybar” deb nomlangan oʻquv mashqlari ham miqyosi, ham sarf-xarajatlari jihatidan yirik miqyosli boʻlib, Eronda ishlab chiqarilgan raketalarning dabdabali namoyishi bilan oʻtgan.
Oʻtgan juma (1-oktyabr) kuni Eron davlat televideniyesida mamlakat shimoli-gʻarbidagi chegaraga yaqin nishonlarni oʻqqa tutayotgan tanklar, toʻplar va vertolyotlar namoyish etilgan, deb xabar beradi AFP.
Eron va Ozarbayjon shu paytgacha oʻzaro aloqalarni saqlab turgan va seshanba kuni Eron rahbari Ali Homanaiyning Bokudagi idorasi yopilgani haqidagi xabarlarni inkor etgan boʻlsa-da, ular oʻrtasidagi ziddiyat soʻnggi oʻttiz yil ichida eng yuqori darajaga chiqqan.
Eron oʻtgan yili Togʻli Qorabogʻ bahsli hududi uchun Yerevan va Baku oʻrtasidagi 40 kunlik urushda Armaniston tarafini olgan, garchi bunday pozitsiya uning strategik, logistik yoki iqtisodiy manfaatlariga mos emasdi.
Oʻtgan yilning 10-noyabrida Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasida Rossiya homiyligida imzolangan tinchlik shartnomasi Baku uchun harbiy gʻalaba boʻldi.
Tahlilchilarning aytishicha, Armaniston tarafini olish bilan Tehron siyosiy va strategik jihatdan oʻzini xavf ostiga qoʻydi va Baku bilan savdo-sotiqda katta miqdorda pul yoʻqotdi.
Otashkesim bitimiga binoan, Yerevan bir necha oʻn yillar davomida Armaniston nazorati ostida boʻlgan Ozarbayjonning Eron bilan 700 kilometrli chegarasidagi uchastkani oʻz ichiga oluvchi bahsli hududlarning bir qismini Baku ixtiyoriga topshirdi.
Soʻnggi bir necha oy ichida Baku eronlik yuk tashuvchilar uchun Ozarbayjonga tovarlar import qilish tariflarini keskin oshirgan. Bunday qaror Eronning Ozarbayjonga nisbatan pozitsiyasiga javoban qabul qilingan boʻlishi mumkin.
Tehron 83 millionlik Eron aholisining 10 millionga yaqinini tashkil etuvchi etnik ozarbayjonlar orasida ayirmachilik kayfiyatidan anchadan beri xavfsirab keladi.
“Hayratlanarli” mashqlar
27-sentyabr kuni Aliyev oʻz mamlakati chegarasi yaqinida harbiy mashgʻulot oʻtkazgan Eronni keskin tanqid ostiga oldi.
U har qanday mamlakat oʻz chegaralari yaqinida shunday qilishga haqli ekanini tan olgan boʻlsa-da, mashgʻulot va uning tanlangan joyidan “hayratda qolganini” aytgan.
28-sentyabr kuni Tehron Ozarbayjonning xavotirlarini rad etish uchun oʻz “suverenitetiga” ishora qilgan.
Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Said Xatibzoda vazirlik saytida eʼlon qilingan bayonotda: “Mamlakatimiz shimoli-gʻarbidagi chegara hududlarida oʻtkazilgan mashgʻulotlar suverenitetga daxldor masaladir”, deb aytgan.
Tehron “oʻz milliy xavfsizligi uchun zarur deb hisoblagan barcha choralarni koʻradi”, dedi u Isroilning Ozarbayjon bilan aloqalariga ishora qilib.
Seshanba kuni Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida Eron oʻz havo kengliklarini Ozarbayjonning harbiy transport samolyotlari uchun yopib qoʻygani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqagandi. Ertasi kuni Ozarbayjonning AZAL Airlines davlat aviakompaniyasi Armaniston havo hududidan parvozlar uchun foydalana boshlashini aytgan.
Eron armiyasi mashqlari Ozarbayjon, Pokiston va Turkiya ishtirokidagi “Doʻstlik: uch birodar” deb nomlangan qoʻshma harbiy mashgʻulotdan taxminan ikki haftadan keyin oʻtkazildi.
Oxirgi 30 yil mobaynida Eron respublikasi bu davlatlar bilan pozitiv siyosiy va savdo aloqalariga ega boʻlgan.
Ammo Boku-Yerevan mojarosida Tehronning magʻlubiyatga uchragan tarafni qoʻllab-quvvatlagani va Fors koʻrfazi mamlakatlarining Isroil bilan yaqin aloqalari ortidan Eron koʻplab ittifoqchilarini yoʻqotgan.
Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining Quds kuchlari mintaqada ekspansiya siyosatini yuritib, Iroq, Livan, Yaman va Suriya hududlariga kirgan boʻlsa-da, Tel-Aviv bilan aloqalarning iliqlashuvi uchun koʻrfaz davlatlarini doimo tanqid qilib keladi.
Nochorlik va yakkalanish kuchaymoqda
Tahlilchilarga koʻra, Eron jiddiy ichki muammolarga qarshi kurashmoqda, ularning deyarli barchasi uquvsiz boshqaruv, korruptsiya, ustuvorliklardagi xatolik va notoʻgʻri rejalashtirish tufayli kelib chiqqan.
Ularning soʻzlariga koʻra, qashshoqlik oy sayin kuchaymoqda, oʻrta sinf yoʻq boʻlib ketish arafasida, ishsizlik va “stagflyatsiya” darajasi oshgan va mamlakat valyutasi erkin qulashni boshdan kechirmoqda.
Inflyatsiya Eronni, uning fuqarolari va iqtisodiyotini jiddiy holdan toydirgan.
Eron Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili inflyatsiya darajasi 58% ga yetgan – bu hozirgi rejimni hokimiyatga olib kelgan 1979-yilgi islom inqilobidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir.
Harbiy parad va mashqlar chogʻida oʻz dronlari va ballistik raketalarini namoyish qilish bilan Isroil va Turkiya qurollari bilan jihozlangan va urushda gʻalaba qozongan mamlakat – Ozarbayjonni qoʻrqitishga urinayotgan Eron rejimi oʻz xalqini yomon ahvolda qoldirdi, deydi kuzatuvchilar.
Birgina misol – Homanaiy tarafidan Erondagi COVID-19 inqirozi uchun masʼul qilib tayinlangan IIPK boʻlib, bu tuzilma vositachi sifatida oxirgi bir yarim yil ichida vaktsinalar qora bozoridan millionlab dollar ishlagan.
Burchakka taqalgan va yakkalanib qolgan Eron tobora koʻproq doʻstlar va ittifoqchilaridan ayrilib, mintaqa va butun dunyo boʻylab oʻziga dushman orttirishda davom etmoqda.