Karvonsaroy
Xavfsizlik

Eron Turkmanistonni Qorabogʻ mojarosiga maxfiy aralashuvda ayblab yomonotliq qilishga urinmoqda

Jumaguli Annayev

Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi janglarda tomonlar oʻz pozitsiyalarini himoya qilib turgan paytda frontda patrul nazorati olib borayotgan arman askari. [Aris Messinis/AFP]

Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi janglarda tomonlar oʻz pozitsiyalarini himoya qilib turgan paytda frontda patrul nazorati olib borayotgan arman askari. [Aris Messinis/AFP]

ASHXOBOD – Armaniston-Ozarbayjon nizosi davom etar ekan, Eron Turkmanistonning urush hududiga Afgʻoniston orqali yollanma jangarilarning olib oʻtilishi bilan bogʻliq yashirin fitnadagi ishtiroki haqida dezinformatsiya tarqatib, Ashxobodning jiddiy eʼtiroziga uchradi.

Eronning “Azariha” nashri 15-oktabr kuni oʻz Telegram-kanalida Turkmaniston va AQSH Afgʻonistondan Ozarbayjonga jangarilar olib oʻtishga yashirincha koʻmaklashmoqda, degan asossiz daʼvoni eʼlon qilgan.

“Azariha” bu haqda Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining (IIPK) kiberxavfsizlik boʻlimidagi manbalarga tayanib xabar bergan.

“Afgʻon jangarilarining olib oʻtilayotgani toʻgʻrisidagi xabar haqqoniy chiqishi uchun forsiyzabon Telegram kanali An-124-100 yuk samolyotining Bagrom (Afgʻoniston) shahridan Bokugacha marshrutini joylagan”, deydi turkmanistonlik jurnalist va Eron boʻyicha mutaxassis, familiyasi xavfsizlik vajidan oshkor qilinmagan Ogʻajuma.

18-oktabr kuni Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi janglar chogʻida frontni qoʻriqlayotgan arman askarlari. [Aris Messinis/AFP]

18-oktabr kuni Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi janglar chogʻida frontni qoʻriqlayotgan arman askarlari. [Aris Messinis/AFP]

“Xaritada 14-oktabr kuni neytral maqomga ega Turkmaniston ustidan uchib oʻtgan yuk samolyoti koʻrsatilgan”, dedi u Karvonsaroyga.

Xabarda Ashxobod va Vashingtonni xalqaro terrorizmga aloqador deb koʻrsatish uchun ularning bu parvozga yashirincha izn bergani haqidagi asossiz ayblovlar bor, deydi Ogʻajuma.

“(Fors tilidagi xabarda) AQSH va Turkmaniston bevosita ayblanmagan boʻlsa-da, unda bu mamlakatlarning transport operatsiyasida ishtirok etayotganiga yaqqol ishora bor”, dedi Ogʻajuma.

“Soxta xabarlar”

“Bagromdagi aviabazani AQSH boshchiligidagi koalitsiya kuchlari nazorat qiladi. Shu tariqa, xabarda amerikaliklar (goʻyoki) afgʻon jangarilarining Togʻli Qorabogʻ mintaqasiga joylashtirilishida ishtirok etayotganiga ishora qilingan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Qoʻshma Shtatlarning xalqaro koalitsiya nazoratidagi bazada Ukrainada ishlab chiqarilgan transport samolyotidan (An-124-100) foydalanishi ham xabarning haqiqatdan yiroq ekanligini tasdiqlaydi.

“Bu soxta xabar Eronning barcha raqiblari va dushmanlarini yomonotliq qilib, ularning xalqaro maydondagi obroʻsiga putur yetkazishga qaratilgan”, dedi Ogʻajuma.

Xabarda, shuningdek, Turkmaniston oʻzining hech qanday urushda ishtirok etmasligini koʻzda tutuvchi chorak asrlik neytralitetini buzgani haqida gap boradi. Turkmanistonning betaraflik maqomi 1995-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolutsiyasi bilan mustahkamlab qoʻyilgan.

Tehronning bu dezinformatsion urinishlari “behuda”, dedi oʻz ismini oshkor qilmaslikni soʻragan Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

“Turkmaniston chorak asr davomida betaraflik tamoyillariga sodiqligini isbotlab boʻlgan”, deydi u.

Fors tilidagi xabarni Armaniston harbiy portalining Telegram-kanali qayta chop etgan, deb xabar beradi Turkmen.news.

Fitnalar tarixi

Tehron dunyoning turli mamlakatlariga qarshi qaratilgan dezinformatsion kampaniyalarda birinchi bor ishtirok etayotgani yoʻq.

Shu haftaning oʻzida Eron rejimi 3-noyabr kuni oʻtadigan prezident saylovlari oldidan AQSHdagi saylovchilarni qoʻrqitishga uringani maʼlum boʻlgandi.

Eron rejimi “saylovchilarni qoʻrqitish” va “odamlar orasida sarosima qoʻzgʻash” maqsadida amerikaliklarga atayin “soxta” elektron maktublar joʻnatgan, deb bayonot berdi AQSH milliy razvedkasi rahbari Jon Retkliff.

Tehron shuningdek, jinoyatchilarning AQSH tashqarisidan ham qalbaki byulletenlar yuborishi mumkinligi haqida videolavha tarqatgan, deb qoʻshimcha qildi u.

Shu yil boshida epidemiyaga qarshi kurashni eplolmaganidan eʼtiborni chalgʻitish maqsadida Eron rejimi AQSHning COVID-19 virusini yaratgani haqidagi fitna nazariyalarini yoyinlashga urindi.

AQSH hukumati fevral oyida virusdan jabrlangan Eronga yordam taklif qildi, ammo uni qabul qilish va Eron xalqiga yordam berish oʻrniga, Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy taklifni rad etdi va uni Erondagi virus inqirozini ogʻirlashtirishga qaratilgan “yashirin chora” degan yana bir fitna nazariyasini tarqatdi.

Iyul oyida Eron rejimi, shuningdek, uzoq vaqt davom etgan tabiiy gaz mojarosida Xalqaro arbitraj sudi tomonidan Turkmaniston foydasiga chiqarilgan qarorni oʻz manfaatiga moslab talqin qilishga uringan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Eron toʻrtta mamlakatga boʻlinishi kerak: Fors davlati, Janubiy Ozarbayjon, Shimoliy Turkmaniston va Belujiston.

Javob berish