Karvonsaroy
Diplomatiya

Xitoyda taʼqib qilinayotgan etnik qozoqlar Qozogʻistondan boshpana soʻramoqdalar

Kanat Altinbayev

Atrofi tikanli toʻsiq bilan oʻralgan Xitoyning gʻarbiy Shinjon hududidagi turarjoy majmuasiga oʻrnatilgan Xitoy bayrogʻi, 2019-yil 4-iyun kuni olingan surat. Bu hududda videokuzatuvlar va ommaviy hibslar avj olgan. (Greg Beyker/AFP)

Atrofi tikanli toʻsiq bilan oʻralgan Xitoyning gʻarbiy Shinjon hududidagi turarjoy majmuasiga oʻrnatilgan Xitoy bayrogʻi, 2019-yil 4-iyun kuni olingan surat. Bu hududda videokuzatuvlar va ommaviy hibslar avj olgan. (Greg Beyker/AFP)

OLMAOTA – Qozogʻiston Xitoydagi etnik ozchiliklarga qarshi bosimdan qochib kelayotgan va panoh izlab chegaradan oʻtgan etnik qozoqlarni oʻz hududiga qabul qilmoqda.

30-oktabr kuni Qozogʻiston hukumati Xitoydan qochib kelgan ikki nafar etnik qozoq – Kaster Musaxanuli va Murager Aliuliga boshpana berdi. Bu haqda advokatlardan biri – Baurjon Azanovga tayanib, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi xabar bergan. Ularning arizalari boʻyicha yakuniy qaror hali eʼlon qilinmagan.

30 yashar Musaxanuli va 25 yashar Alimulining 14-oktabr kuni Olmaotada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanda aytishicha, ular oktabr oyi boshlarida Xitoyning Shinjon viloyati Emin okrugidan yoʻlga chiqishgan va bir necha kun ichida chegarani kesib oʻtishgan. Yigitlar sharqiy Qozogʻistonning Zaysan tumaniga kelib, u yerdan Olmaotaga qarab yoʻl olganlar.

Qochoqlar deportatsiya xavfi ostida chegarani noqununiy kesib oʻtganini tan olgach, Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) ularni qoʻlga oldi.

Sayragul Sautbay Jarkentdagi sud jarayoniga yetib keldi, 2018-yil 13-iyul kuni olingan surat. (Kanat Altinbayev)

Sayragul Sautbay Jarkentdagi sud jarayoniga yetib keldi, 2018-yil 13-iyul kuni olingan surat. (Kanat Altinbayev)

Sautbayning sudidan keyin jurnalistlardan yogʻilgan savollarga javob bermasdan ketayotgan xitoylik diplomat, 2018-yil 13-iyul kuni Jarkentda olingan surat. (Kanat Altinbayev)

Sautbayning sudidan keyin jurnalistlardan yogʻilgan savollarga javob bermasdan ketayotgan xitoylik diplomat, 2018-yil 13-iyul kuni Jarkentda olingan surat. (Kanat Altinbayev)

Ular Pekin hukumati Shinjondagi mahalliy turkiyzabon musulmon aholini taʼqib qilishi oqibatida oʻz oila aʼzolarini tashlab qochishga majbur boʻlganini aytmoqda.

Hukumat “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deb ataydigan Shinjondagi lagerlarda aksariyati musulmon boʻlgan etnik ozchiliklardan iborat bir million odam saqlanmoqda, deb xabar beradi AFP.

Ularga Xitoy davlat madhiyasi, Xitoy tili va davlat mafkurasi majburan oʻrgatilmoqda. Pekinning iddao qilishicha, Shinjondagi choralar terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Musaxanulining soʻzlariga koʻra, u “lagerda saqlangan” va soqchilar tomonidan kaltaklangan. Alimuli esa, u yerdagi qoʻrquv va xorlik muhitini tasvirlab bergan.

Shinjondan dahshatli faktlar

Mazkur holat 2018-yilda qalbaki hujjatlar bilan Qozogʻiston chegarasini kesib oʻtgan 42 yashar Xitoy fuqarosi Sayragul Sautbayning hikoyasiga oʻxshab ketadi.

Etnik qozoq, Xitoy kommunistlar partiyasi aʼzosi, bolalar bogʻchasi mudiri boʻlgan Sautbay 2018-yil aprel oyida Xitoydan Qozogʻistonga qochib oʻtgan va Qozogʻiston rasmiylari tomonidan qoʻlga olingan.

Eri va farzandlari Qozogʻistonga koʻchib ketganidan keyin Xitoy hukumati uni Qozogʻiston foydasiga josuslik qilayotganlikda ayblab, lavozimidan ozod qilgan, hujjatlarini olib qoʻygan va unga qarshi tergov boshlagan.

Sautbayning soʻzlariga koʻra, Xitoy hukumatining taʼqibi tufayli uning hayoti xavf ostida qolgan.

Oʻtgan yil yoz oylarida Jarkent sudi unga nisbatan shartli hukm chiqardi, hibsdan ozod qildi va Xitoyga deportatsiya qilinmasligini aytdi. Sud vaqtida Sautbay bir necha oy davomida ishlagan lager haqida kutilmagan maʼlumotlarni oshkor qilgan.

Rasman taʼlim markazi deb nomlangan lagerda Xitoy mafkurasi oʻrgatiladi, aslida esa u “haqiqiy qamoqxona”, dedi u.

U yerda 2500 dan ortiq etnik qozoqlar saqlanadi, hududda esa shu kabi bir nechta muassasa mavjud, deb qoʻshimcha qildi u.

Oxir-oqibat Qozogʻiston hukumatidan oilasi bilan Shvetsiyadan boshpana topgan Sautbayning soʻzlariga koʻra, migratsiya xodimlari unga boshpana berilishi Xitoyni gʻazablantirishi mumkinligini aytishgan. Bu haqda AFP nashri xabar bergan.

Dengizga chiqish yoʻli boʻlmagan Qozogʻiston Pekinning trillion dollarlik “Bir kamar - bir yoʻl” deb nomlangan savdo va infratuzilmaviy loyihasida oʻzini “tugun” sifatida koʻrmoqda.

Xalqaro tanqidlar

Xitoy nafaqat qozoqlarga, balki qirgʻizlarga nisbatan ham repressiv siyosat olib bormoqda, dedi oʻzi ham bir necha yil avval Xitoydan qochib kelgan, ayni damda Olmaotada yashovchi inson huquqlari faoli Serikjan Bilash.

“Bu ikki xalq zinhor oʻta dindor boʻlmagan, ammo bu Xitoyning aksilterror saʼy-harakatlar doirasida ularni hibsga olishiga toʻsiq boʻlmadi”, dedi u.

Qozogʻiston fuqaroligini olgan va Shinjonga qarindoshlarini koʻrgani borgan sobiq xitoyliklar ham hibsga olingan, deb qoʻshimcha qildi Bilash.

Xalqaro hamjamiyat Pekinning Shinjondagi siyosatini muntazam ravishda tanqid qilib kelmoqda.

13-mart kuni Qoʻshma Shtatlar BMTning Jenevadagi qarorgohida “Shinjonda inson huquqlarining davomli va qoʻpol ravishda buzilayotgani toʻgʻrisida xabardorlikni oshirishga qaratilgan” tadbirni tashkil etgan. 2017-yil aprel oyidan beri Xitoyning ushbu mintaqasida bir milliondan ortiq uygʻurlar, etnik qozoqlar, qirgʻizlar va boshqa musulmon ozchiliklar vakillari hibsga olingan”, deyiladi AQSH davlat departamenti bayonotida.

Amerika Qoʻshma Shtatlari Kanada, Germaniya, Gollandiya va Buyuk Britaniya bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotini ushbu huquqbuzarliklarga ustuvor masala sifatida eʼtibor qaratishga chaqirdi.

Buyuk Britaniyaning BMTdagi 23 davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan 29 oktabr kungi bayonotida ham Pekindagi inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyat tanqid ostiga olingan.

Bayonotda “ommaviy hibslarga oid ishonchli xabarlar, madaniy va diniy marosimlarni cheklash choralari, etnik uygʻurlarga qaratilgan nomutanosib ravishdagi ommaviy kuzatuvlar va inson huquqlarining poymol qilinishi bilan bogʻliq boshqa holatlar yuzasidan” xavotir bildirilgan.

“Xitoy hukumati uygʻurlar va boshqa musulmon jamoalari aʼzolarini oʻzboshimchalik bilan hibsga olishni zudlik bilan toʻxtatishi lozim” deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Fashistlar, natsistlar, bularning hammasi 90-yillarda boshlangan. Natsizmdan nafratlanaman. Bu ketishda musulmonlar qullar kabi bir-birlarini yoʻq qiladilar. Goʻyo xitoyliklar farishtadek oq, jin ursin !!!

Javob berish