Karvonsaroy
Inson huquqlari

2019-yilda Qozogʻistonda aksil-Xitoy kayfiyati kuchaydi

Kanat Altinbayev

2019-yil 26-oktabr kuni Olmaotada Qozogʻiston politsiyasi Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasiga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilarini hibsga oldi. [Ruslan Pryanikov/AFP]

2019-yil 26-oktabr kuni Olmaotada Qozogʻiston politsiyasi Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasiga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilarini hibsga oldi. [Ruslan Pryanikov/AFP]

OLMAOTA – Oʻtgan yili Qozogʻistonda Xitoyga qarshi norozilik kayfiyati kuchayib, namoyishlar, mahalliy va xitoylik ishchilar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Pekinning iqtisodiy taʼsiri tufayli xavotir va eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Ikki mamlakat qariyb 1800 km uzunlikdagi umumiy chegaraga ega, bunday sharoitda Qozogʻistonni dunyodagi ikkinchi eng yirik iqtisodiyot boʻlmish Xitoy va uning avtoritar hukumati taʼsiridan himoyalash deyarli imkonsiz.

Sentabr oyida Janaoʻzenda Pekinga qarshi mitinglar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Lada.kz. 500 ga yaqin namoyishchi markaziy maydonda toʻplanib, Xitoyga qarshi shiorlarni hayqirgan.

Aksari Qozogʻistonning boshqa shaharlaridan kelgan namoyishchilar Qozogʻistonda Xitoy zavodlari qurilishini qoralab, ish oʻrinlarining aksariyatini xitoyliklar egallashidan xavotir bildirganlar.

Aksari qozoqlardan iborat musulmon etnik ozchilik vakillari hibsda saqlanadigan qayta tarbiyalash maskani oldidagi qoʻriqxona minorasi, 31-may kuni Xitoyning Shinjon viloyatida olingan surat. [Greg Beyker/AFP]

Aksari qozoqlardan iborat musulmon etnik ozchilik vakillari hibsda saqlanadigan qayta tarbiyalash maskani oldidagi qoʻriqxona minorasi, 31-may kuni Xitoyning Shinjon viloyatida olingan surat. [Greg Beyker/AFP]

Suratda: Xitoylik etnik qozoq ayoli Sayragul Sautbayning sud jarayoni, Jarkent, 2018-yil, iyul oyi. Xitoy hukumatining taʼqibidan soʻng, Qozogʻiston unga Shvetsiyaga qochishga ruxsat bergan. [Kanat Altinbayev]

Suratda: Xitoylik etnik qozoq ayoli Sayragul Sautbayning sud jarayoni, Jarkent, 2018-yil, iyul oyi. Xitoy hukumatining taʼqibidan soʻng, Qozogʻiston unga Shvetsiyaga qochishga ruxsat bergan. [Kanat Altinbayev]

“Xitoy zavodlari barpo etiladigan boʻlsa, qozoqlar qulga aylanadilar – biz eng mashaqqatli ishni bajarib, oʻn barobar kam maosh olamiz. Oʻzimiznikilar uchun zavodlar qurishimiz kerak. Avval ham xitoyliklarsiz yashaganmiz, bundan keyin ham yashay olamiz”, deydi Oqtovdan mitingga kelgan Nuriyash Abdireyeva Lada.kz nashriga.

Oʻsha oyning oʻzida janaoʻzenliklar Xitoy bilan yaqin iqtisodiy hamkorlikka qarshi navbatdagi namoyishni oʻtkazib, “Xitoy ekspansiyaga qarshimiz!” degan shiorlarni koʻtarib chiqdilar.

Qozoq jamoatchiligi orasida Xitoyga nisbatan ishonchsizlik kuchaymoqda, deydi kommunikatsiyalar boʻyicha mutaxassis, olmaotalik Nikolay Grach. Sababi, koʻpchilik qozoqlar bugun katta kreditlarni berayotgan Pekin ertaga qarzni qimmatbaho resurslar bilan toʻlashni talab qiladi, deb hisoblaydi.

Qozogʻiston neft, oltin, uran va boshqa xomashyolarga boy.

“Bu nafaqat uglevodorodlar yoki foydali qazilma konlari, balki yer boʻlishi ham mumkin”, dedi Grach.

Xitoy manfaatlari

Bishkekda yashovchi qirgʻizistonlik iqtisodchi Iskandar Sharsheyevning aytishicha, Xitoyning qarz sirtmogʻi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun real tahdiddir.

“Xitoy hukumati Markaziy Osiyo davlatlarining qarzni toʻlashga qodir emasligini bilsa-da, yirik kreditlarni berishga tayyor”, dedi u.

“Shu bilan birga, u mazkur mamlakatlarning sudda oʻzini himoya qilish va shartnoma boʻyicha majburiyatlarini bajarmaslik kabi suveren huquqini tan olmaydi”, dedi u.

“Agar Markaziy Osiyo mamlakatlari qarzlarni qaytara olmasa, konlar va yer hududlari Xitoyga topshirilishi mumkin”, dedi u. “Mintaqadagi ayrim mamlakatlar shunday qilib boʻldi.”

Oʻz navbatida Qozogʻiston ham bu tahdidni yaxshi anglayotgan koʻrinadi.

Oʻtgan yilning sentabr oyida Qozogʻiston hukumati Xitoy taraqqiyot bankiga (XTB) 343 million AQSH dollari (133 milliard tenge) toʻlab, Nur-Sultonda yengil relsli transport (LRT) yoʻlini barpo etish uchun taqdim etilgan kreditni hisoblangan foizlari bilan muddatidan avval va toʻliq hajmda qaytardi. Bu haqda Inbusiness.kz nashri poytaxt transport mutasaddilariga tayanib xabar bergan.

Loyiha 2019-yilning dekabrida tugallanishi kerak edi, ammo oʻtgan yilning aprel oyida Nur-Sultonning oʻsha vaqtdagi hokimi Baxit Sultonov Xitoy taraqqiyot banki va shahar hokimiyati keyingi kredit transhining shartlari boʻyicha kelishuvga erisha olmaganidan soʻng, qurilish ishlari toʻxtatilganini maʼlum qilgan.

Olmaotada joylashgan Risklarni baholash guruhi direktori Doʻsim Satpayevning taʼkidlashicha, Xitoy infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish masalasida eng avvalo oʻz manfaatlarini koʻzlaydi va Qozogʻiston manfaatlarini inobatga olmaydi.

LRT loyihasi Qozogʻistonda Xitoy tovarlarini eksport qilish uchun moʻljallangan xalqaro yoʻlaklar yaratishni koʻzlovchi “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi doirasida Qozogʻistonda Xitoyning moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlarning biri edi.

Xitoy katta foydalarni vaʼda qilish bilan davlatlarni “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusiga jalb qilmoqda. Ammo, loyihaga qoʻshilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida koʻp milliard dollarlik qarzga botib qolish xavfi bor, deb ogohlantirmoqda tahlilchilar.

“Mezbon davlatlar uchun xarajatlarga sabab boʻladigan barcha narsalar – nazorat va shaffoflikning yoʻqolishi, qarzdorlik va korrupsiya koʻp hollarda Pekin uchun strategik avtivlarga aylanadi”, deyiladi Vashingtonda joylashgan Yangi Amerika xavfsizligi markazining (CNAS) oʻtgan yil aprel oyidagi hisobotida.

Taʼqib

Xitoyning ijtimoiy siyosati, shu bilan birga etnik qozoqlarning boshpana soʻrab qochish holatlari qozogʻistonliklarni gʻazablantirmoqda.

Minglab etnik ozchiliklar vakillari, jumladan qozoqlar Xitoydagi siyosiy qayta tarbiyalash maskanlarida saqlanadi.

AQSH davlat departamenti bayonotiga koʻra, 13-mart kuni Jenevadagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Qoʻshma Shtatlar “2017-yil aprel oyidan beri bir milliondan ortiq uygʻurlar, etnik qozoqlar, qirgʻizlar va boshqa musulmon ozchiliklar vakillari saqlanayotgan Shinjonda davomli va shafqatsiz inson huquqlarining buzilishi holati boʻyicha” ogohlikni kuchaytirish maqsadida qoʻshma tadbir uyushtirgan edi.

Oʻtgan yil oxirlarida rasmiy Ostona Pekinning Xitoydan Qozogʻistonga qochib oʻtgan etnik qozoq Kaisha Akanni deportatsiya qilish talabini rad etdi.

Buning oʻrniga, 23-dekabr kuni Olmaota viloyatining Jarkent sudi Kaisha Akanni “chegarani noqonuniy kesib oʻtishda” ayblab, olti oylik shartli qamoqqa hukm qildi. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qozoq xizmati xabar bergan.

Oʻtgan yil iyunda Xitoyda tugʻilgan etnik qozoq Sayragul Sautbay Qozogʻistondan Shvetsiyaga qochib oʻtgan va u yerda qochqin maqomini olgan.

42 yashar Xitoy fuqarosi Sautbay 2018-yil aprel oyida qalbaki hujjatlar bilan Qozogʻistonga oʻtgan va mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olingan edi.

U 2018-yil yoz oylarida Jarkentda boʻlib oʻtgan sud jarayonida Xitoyning Shinjon viloyatidagi musulmon ozchiliklar uchun moʻljallangan qayta tarbiyalash maskanlariga oid mudhish tafsilotlarni ochiqladi.

Rasman oʻquv markazi deb ataladigan lagerda Xitoy mafkurasi oʻrgatiladi, aslida esa u “haqiqiy qamoqxona” va u yerda 2500 dan ortiq etnik qozoqlar saqlanadi, deb aytgan u.

Sud Sautbayga shartli hukm chiqarib, uni qamoqdan ozod qildi va Xitoyga deportatsiya qilinmasligini aytdi. Oxir-oqibat, Sautbay Shvetsiyaga koʻchib ketgan.

Xitoy kuzatuvi

Bu orada Qozogʻiston boʻylab Xitoyda ishlab chiqarilgan kuzatuv kameralarining oʻrnatilishi Xitoyning bu yerlarga kirib kelishiga oid xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Oʻtgan bir necha yil davomida Qozogʻiston “Aqlli shahar” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Unga koʻra, jamoatchilik tartibini saqlash va yoʻl harakati qoidalari rioyasini taʼminlash maqsadida koʻchalarga kuzatuv kameralari oʻrnatilmoqda.

Qozogʻiston hukumati koʻrilayotgan choralarga qaramay, oʻsib borayotgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va YTH qurbonlari sonini kamaytirishga harakat qilmoqda.

Oʻtgan yil kuzda Olmaota shahriga Xitoyda ishlab chiqarilgan 400 dona videokuzatuv kameralari oʻrnatib chiqilgan.

1-yanvardan boshlab ular yoʻl harakati qoidabuzarliklarini qayd eta boshladi, deb yozgan Liter.kz nashri shahar politsiya idorasiga asoslanib. Olmaota hokimiyati joriy yilda yana 307 ta “Sergak” kamerasini oʻrnatishni rejalashtirmoqda.

Qozogʻistonliklar mamlakatda Dahua va Hikivision kompaniyalari kuzatuv kameralari ishlab chiqarayotganidan xavotirda. Bu ikki kompaniya Xitoydagi musulmon ozchiliklarga nisbatan inson huquqlarining buzilishiga koʻmaklashgani uchun AQSH sanktsiyalari ostiga tushgan.

Oʻzining kuchli texnologik imkoniyatlari bilan Xitoy Qozogʻistondagi aholi harakatlarini kuzatish imkoniga ega boʻlishi mumkin, deb ogohlantirdi Nur-Sultonlik IT-tahlilchi Yegor Melnikov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Quruq safsata!

Javob berish