Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qirgʻizistonda Rossiyaning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini joylashtirish masalasi shubha ostiga olindi

Kanat Altinbayev

Dekabr oyida Rostov viloyatida oʻtgan mashqlar chogʻida suratga olingan Rossiyaning S-400 havo mudofaasi tizimi. [Rossiya mudofaa vazirligi]

Dekabr oyida Rostov viloyatida oʻtgan mashqlar chogʻida suratga olingan Rossiyaning S-400 havo mudofaasi tizimi. [Rossiya mudofaa vazirligi]

BISHKEK – Qirgʻiz tahlilchilari Rossiyaning Qirgʻiziston hududida havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirish niyatiga shubha bilan qaramoqdalar.

Uskunalarni Qant yaqinidagi Rossiya aviabazasiga oʻrnatish rejalashtirilmoqda, dedi Qirgʻiziston Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshligʻi oʻrinbosari Nurlan Kiresheyev. Bu haqda 14-fevral kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi qirgʻiz xizmati xabar bergan.

Poytaxtdan 20 km uzoqlikda joylashgan Qant shaharchasidagi Rossiya aviabazasi Rossiya, Qirgʻiziston, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston va Tojikistondan tarkib topgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) doirasida 2003-yildan beri faoliyat koʻrsatib keladi. Bazada 500 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmatchilar joylashtirilgan.

Xabarda aytilishicha, Kiresheyev bu haqda Rossiya mudofaa vaziri oʻrinbosari Nikolay Pankov deputatlarga Moskvaning ayni rejalari haqida soʻzlab bergan kuni maʼlum qilgan.

Issiqkoʻlning janubiy sohili, 2018-yilning iyul oyi. Ushbu hudud yaqinida ekotizim uchun xavfli boʻlgan Rossiya harbiy mashqlari oʻtkaziladi. [Kanat Altinbayev]

Issiqkoʻlning janubiy sohili, 2018-yilning iyul oyi. Ushbu hudud yaqinida ekotizim uchun xavfli boʻlgan Rossiya harbiy mashqlari oʻtkaziladi. [Kanat Altinbayev]

Havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlari, shuningdek, uchuvchisiz uchar qurilmalar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning oʻtgan yil iyun oyida Qirgʻizistonga tashrifi chogʻida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo (SHHT) davlat rahbarlarining sammitida imzolangan kelishuvlar doirasida joylashtiriladi.

Bu voqea Moskva Qirgʻizistondagi harbiy hozirligini kengaytirishga urinayotgan bir paytda yuz bermoqda.

2019-yil mart oyida Bishkekka qilgan avvalgi safari chogʻida Putin Qirgʻiziston rasmiylarini Qantdagi Rossiya bazasini 60 gektarga kengaytirishga koʻndirgan. Qirgʻiziston janubida Rossiyaning ikkinchi harbiy bazasini ochish mavzusi ham koʻtarilmoqda.

Namoyishchilar mart oyida Qirgʻizistonga tashrifi chogʻida Putinning ushbu mamlakatga nisbatan qattiqqoʻl siyosatiga nisbatan oʻz noroziliklarini bildirgan edilar.

Putin kelishidan bir kun avval namoyishchilar “qotil” va “bosqinchi” deb yozilgan plakatlar ushlab, Bishkekdagi Rossiya elchixonasi oldida toʻplangan va Rossiyani Qantni tark etishga chaqirgan edi.

“Bu yerda raketalar nega kerak?”

“Men bu yerda raketalar nima uchun kerakligini tushunmayapman, goʻyo kimdir Rossiya bazasiga hujum qilmoqchidek”, deydi bishkeklik siyosatshunos Askat Dukenbayev.

Sobiq qirgʻizistonlik diplomat, bishkeklik Murat Konokbayevga koʻra, Rossiya mamlakat shimolidagi xavfsiz hisoblangan Chuy viloyatida harbiy kuchlarni mustahkamlashda davom etmoqda. Shimolda, xususan xavfsizlikka real tahdid mavjud boʻlgan Botken viloyatida esa Moskva oʻz bazasini joylashtirishga shoshilmayapti.

“2019-yilning may oyida Botkentda Suriyadan kelgan terrorchilar qoʻlga olingan”, dedi u oʻshanda Knews.kg nashrida tilga olingan ikki qirgʻizistonlikni nazarda tutib. Maqolada aytilishicha, R. B. va R. U. ismli bu shaxslar Qirgʻizistonga qaytishdan avval Suriyada ekstremistlar safida jang qilgan.

1990-yillar oxiridagi voqealarni eslaylik, oʻshanda Botkentda Oʻzbekiston islom harakati (OʻIH) jangarilari va harbiylarimiz oʻrtasida toʻqnashuv yuz bergan edi”, deb qoʻshimcha qildi Konokbayev.

“Nima uchun Rossiya aynan kerakli joyda xavfsizlikni kuchaytirmaydi?”, deb savol berdi Konokbayev.

Kreml Markaziy Osiyoda eʼlon qilingan maqsadlardan tashqari, oʻz strategik manfaatlarini ham koʻzlamoqda, dedi u va Suriyadagi ruslarning xatti-harakatlarini bunga misol qilib keltirdi. Rossiya qurolli kuchlari u yerga 2015-yilda prezident Bashar al-Asadni qoʻllab-quvvatlash va u yerda oʻrnashib qolish uchun borishgan.

“Rossiya Suriyada koʻzlagan maqsadlariga erishgan boʻlsa-da, u yerdan oʻz askarlarini olib chiqib ketishga shoshilmayapti”, dedi u. “Putin Rossiya armiyasi u yerda mamlakat uchun kerakli boʻlgan muddatgacha qolishini ochiq bayon qildi."

“Xorijiy davlatlardagi harbiy hozirlik doim taʼsir, nazorat va oʻz maqsadi yoʻlida strategik masalalarni hal qilishda mahalliy hukumatga bosim oʻtkazish uchun qoʻllanilgan”, dedi u. “Bu Qirgʻiziston milliy xavfsizligi masalasidir.”

Rossiyaning harbiy bazalari Qirgʻizistonni Kreml raqiblarining nishoniga aylantirmoqda, deb ogohlantirdi bishkeklik yurist, “Mustaqil Qirgʻiziston” onlayn guruhi aʼzosi Ulan Jumaliyev.

“Bizni xavf ostiga qoʻyishmoqda. Hatto Rossiyaning birodari sanalgan Belarus ham Rossiyaning havo mudofaasi va boshqa boʻlinmalarini joylashtirishdan bosh tortdi”, dedi u.

Ekologik oqibatlar

Qirgʻizistonliklar avval ham Rossiyaning bu mamlakatdagi harbiy faoliyatidan, ayniqsa, Issiqkoʻl atrofida Rossiya harbiy mashgʻulotlarining tabiatga taʼsiridan norozi boʻlishgan. Togʻ yonbagʻridagi koʻl Qirgʻizistonning birinchi raqamli turistik maskani hisoblanadi.

Suvosti kemalariga qarshi qurollarni sinaydigan 945-Rossiya bazasi 1943-yildan beri aholining sevimli koʻlida torpedolarni sinovdan oʻtkazib keladi.

Shu bilan birga, Rossiya Issiqkoʻlning janubiy qirgʻoqlarida ham harbiy mashgʻulotlar oʻtkazadi. Ekologlar va mahalliy aholining soʻzlariga koʻra, bu koʻlning oʻziga xos ekotizimiga katta ziyon yetkazmoqda.

Mashqlar chogʻida roʻy bergan portlashlar tufayli atrof-muhitga zararli moddalar tarqaladi, deydi bishkeklik muhandis-ekolog, “MoveGreen” ekologik harakati xodimasi Baxtigul Stakeyeva.

Portlashlar joyida kraterlar paydo boʻladi, yon-atrofdagi tuproq va oʻsimliklar vayron boʻladi”, degan edi u 2018-yilda. “Zaharli moddalar, tuproq, suv va hayvonot olamiga yetadigan ziyondan tashqari, shovqinli ifloslanish muammosi ham bor.”

Mahalliy ekotizim harbiy mashqlarsiz ham oʻta nozik, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qirgʻizlar, Qrimni hargiz esdan chiqarmang! U yerda rus bazasi bor edi! Oqibatda ruslar Qrimni bosib olishdi! Garchi ular 1975-yildagi mavjud chegaralarni tan olish toʻgʻrisidagi Xelsinki bitimiga imzo chekishgan boʻlsa ham! Ular 1994-yilda Budapesht memorandumini ham imzolashgan, unda Rossiya Ukraina sarhadlarini muhofaza qilish majburiyatini olgan edi! Ular oʻzlari imzolagan bu kelishuvlarga tupurib qoʻyishdi! Ruslar AQSH va Xitoy xavfli deb qoʻrqitadilar, oʻzlari esa ulardan ham battar, ochiqdan-ochiq va surbetlik bilan yerlarini tortib olishmoqda! Ruslarga mustamlakalar kerak, ular mustamlakalarga oʻrganib qolishgan, chunki ularsiz qashshoqlikka yoʻliqadilar. 30 yildan beri bunga guvoh boʻlib kelyapmiz! Bazalari joylashgan yerlarga ular oʻz “maslahatlari” bilan kirib kelaveradilar.

Javob berish

Vatniklarni [Putin tarafdorlarini] quvib solish kerak. Qalmiq va Jeyenbekov – Kremlni emib yotgan va oʻz xalqining kelajagini sotayotgan fohishalar.

Javob berish

Ha, Rossiya bazasi u yerda kimga ham kerak. Xitoy va ID jangarilari mamlakatga bostirib kirsa, qirgʻizlar kimga yalinarkin?! Javob aniq - [yuz yil avval boʻlganidek Rossiyadan yordam soʻrashadi

Javob berish

Qirgʻizistondagi Rossiya aviabazasi yopilishi kerak.

Javob berish

Lyublino metro politsiyasi nima qilayotganini koʻring. https://www.youtube.com/watch?v=Nn6N2eLPK_4

Javob berish

Haydab chiqaring ularni qirgʻz birodarlar, ular razil va razilligicha qoladi.

Javob berish

Endi ruslar “ISHID oʻzining qiruvchi samolyotlari bilan Qirgʻizistonga hujum qilishi mumkin” degan boʻlmagʻur gaplarini boshlaydi.

Javob berish