Xavfsizlik

Rossiya Ochiq osmon kelishuvini bir necha bor buzish bilan uning istiqboliga soya solmoqda

Karvonsaroy va AFP

image

2020-yilning 9-may kuni Ikkinchi jahon urushida nemis fashizmi ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini nishonlash chogʻida Kreml va Qizil maydon uzra parvoz qilayotgan Rossiyaning Tupolev Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyotlari. [Yuriy Kadobnov/AFP]

NATO ittifoqchilari va Yevropa Ittifoqi Rossiya rejimini 1992-yilgi Ochiq osmon toʻgʻrisidagi shartnomaga rioya qilishga chaqirmoqda. Vashington Kreml tarafidan koʻp bor buzilgan mazkur shartnomadan chiqishini eʼlon qilgan.

AQSHning kelishuvdan chiqish qarori yaqin olti oy ichida kuchga kirmaydi, bu Moskvaga oʻzgarish uchun vaqt beradi, dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

“Rossiya koʻp yillardan beri shartnomaga zid ravishda, jumladan Kaliningrad uzra va Gruziya bilan chegara hududlarida parvozlarni cheklab kelgan”, dedi u. 22-may kuni.

Rossiya shartnomaga toʻla amal qilishga qaytadigan boʻlsa, AQSH kelishuvdan chiqish masalasini qayta koʻrib chiqishi mumkin.

image

Rossiya qurollanishga doir asosiy xalqaro bitimni buzuvchi yadroviy raketani uchirishga qodir boʻlgan “Iskander-M” raketa majmuasini Polsha va Litva oʻrtasidagi Rossiya hududiy forposti – Kaliningraddagi otryadga koʻchirmoqda. [Rossiya Mudofaa vazirligi]

“Shartnoma oʻz mohiyatiga koʻra uni imzolagan barcha tomonlarga, ularning hajmidan qatʼi nazar, shaffoflik, oʻzaro anglashuv va hamkorlikning yuqori darajasini taʼminlashga qaratilgan edi”, dedi AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo 21-may kungi bayonotida.

“Ammo, Rossiyaning Ochiq osmon kelishuvi talablarini bajarishi va uni buzishi shartnomaning asosiy funktsiyasi boʻlgan ishonchni mustahkamlash tizimiga putur yetkazdi va ishonchsizlik paydo qilib, milliy xavfsizligimizga tahdidni kuchaytirdi – AQSHning undagi ishtiroki maqsadga muvofiq boʻlmay qoldi”, dedi u.

Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sergey Ryabkov esa bu iddaolarga yengiltaklik bilan munosabat bildirgan.

“(AQSH prezidenti Donald) Tramp maʼmuriyati qoʻqqisdan Rossiyani Ochiq osmon kelishuvidan artilleriya va raketa hujumlari uchun foydalanishda ayblagan paytda Moskva kabinetlari va shtablari kuchli qahqaha yangramoqda”, dedi u 22-may kuni Rossiya birinchi kanalida.

Biroq, Rossiyaning mazkur kelishuvni bir necha bor buzgani esa aslo hazil emas.

Takroriy qoidabuzarliklar

Sovuq urush tugashi bilan bir qator davlatlar raqiblarning jangovar harakatlarini kuzatib borish va kutilmagan noxush hodisalar yoki asossiz shubhalardan qochish maqsadida Ochiq osmon kelishuvini imzolashga kelishgan edilar.

U 1992-yilda imzolanib, 2002-yilda kuchga kirgan va uni imzolagan 35 mamlakatga, jumladan AQSH va Rossiyaga bir-birlarining hududlari boʻylab qurolsiz kuzatuv parvozlarini amalga oshirishga ruxsat berdi.

“Qoʻshma Shtatlar oʻz ittifoqchilari va sheriklari bilan shartnoma boʻyicha majburiyatlarini bajarib kelgan boʻlsa, Rossiya yillar davomida shartnomani qoʻpol va doimiy tarzda turli yoʻllar bilan buzib kelgan”, dedi Pompeo.

“Rossiya esa qurollar nazoratiga oid koʻplab majburiyatlarini bir necha bor buzgan”, dedi u Rossiyaning “shartnomani qoʻrqitish va tahdid vositasiga aylantirib olganini” taʼkidlab.

“Rossiya bu shartnomadan oʻz qoʻshnilariga qarshi tajovuzini oqlashga qaratilgan tashviqotini qoʻllab-quvvatlash uchun foydalanmoqda va uni AQSH va bizning ittifoqdoshlarimizga qarshi harbiy maqsadlarda ham qoʻllashi mumkin”, deyiladi AQSH Mudofaa vazirligining 21-may kungi bayonotida.

“2017-yildan beri Amerika Qoʻshma Shtatlari Rossiyani Kaliningrad viloyati orqali parvoz masofalarini 500 km gacha cheklash va Gruziya-Rossiya chegara hududlaridan 10 km masofada parvozlardan voz kechish toʻgʻrisidagi shartnomani buzishda ayblagan”, deyiladi bayonotda.

Rossiyaning Gruziya-Rossiya chegarasi boʻylab Ochiq osmon parvozlariga ruxsat berishdan bosh tortishi – 2008-yilda Kremlning Abxaziya va Janubiy Osetiya viloyatlarini bosib olishi bilan bogʻliq.

“Rasmiy Moskva Rossiya tomonidan bosib olingan Gruziyaga qarashli Abxaziya va Janubiy Osetiya chegaralari boʻylab 10 kilometr masofada kuzatuv parvozlariga ruxsat berishdan bosh tortdi va bu bilan Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar mustaqil davlatlardir, degan yolgʻon daʼvolarni ilgari surishga urinmoqda”, deyiladi Pompeoning bayonotida.

“Yaqindagina, 2019-yil sentyabr oyida Rossiya yirik harbiy mashgʻulotlar chogʻida parvozni rad etish bilan, shartnomaga koʻra taʼminlanishi kerak boʻlgan shaffoflikka putur yetkazdi va shartnomani buzdi”, deb qoʻshimcha qildi Mudofaa vazirligi oʻz bayonotida.

AQSHning yuqori martabali harbiylari va razvedka idoralari rasmiylari Kremlning “Ochiq osmon” shartnomasini suisteʼmol qilayotgani haqida doimiy ravishda ogohlantirmoqda. Bu haqda 21-may kuni AQSHning qurol-yarogʻ nazoratiga doir siyosatiga rahbarlik qiluvchi Milliy xavfsizlik kengashining sobiq bosh direktori Tim Morrison “New York Times” nashridagi maqolasida maʼlum qilgan.

“Masalan, Mudofaa razvedka boshqarmasi rahbari Rossiya ushbu shartnomadan “muhim infratuzilma, bazalar, portlar va bizning barcha obyektlarimiz haqidagi misli koʻrilmagan razvedka manbalarini” olish uchun foydalanayotgani haqida Kongressni ogohlantirgan”, deb yozadi u.

“AQSH strategik qoʻmondonligi qoʻmondonining ogohlantirishicha, bu shartnoma “Rossiyaning AQSHga qaratilgan razvedka maʼlumotlarini toʻplashning muhim tarkibiy qismiga aylangan”, deya qoʻshimcha qilgan Morrison.

“Ochiq osmon” shartnomasi ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashi kerak edi, deb yozgan u. “Harbiy razvedka maʼlumotlarining faol toʻplanishi bitimning maqsadi boʻlmagan.”

Bitimlarni buzish tarixi

Bu Kremlning qurollarni nazorat qilish boʻyicha xalqaro shartnomadagi majburiyatlarini buzishi bilan bogʻliq birinchi holat emas.

Oʻtgan yil oktabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat qurolli kuchlari ishtirokidagi yadroviy urush simulyatsiyasi mashqlarida ishtirok etgan.

“Rossiya chegarasidagi keskinlikning kuchayishi” munosabati bilan oʻtkazilgan “Grom - 2019” (Yashin-2019) simulyatsiya mashqlarida termoyadroviy raketalar sinovdan oʻtkazilgan.

Xorijiy davlatlar qurolli kuchlari ishtirokisiz oʻtgan harbiy oʻyinlar Rossiya va Qoʻshma Shtatlarning 1987-yilgi Oʻrta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yoʻq qilish boʻyicha (INF) shartnomadan chiqishi ortidan oʻtkazilgan. Bu shartnoma 500 dan 5500 kilometrgacha uchadigan yadroviy va anʼanaviy raketalardan foydalanishni cheklaydi.

Avgust oyida Qoʻshma Shtatlar Rossiya uzoq yillar davomida uning shartlarini buzib kelganini taʼkidlab, ushbu tarixiy bitimni rasman tark etgan.

“Shartnoma amal qilishdan toʻxtaganiga Rossiyaning yakka oʻzi javobgar”, deb bayonot berdi NATO Moskvani oʻrta masofaga uchuvchi oddiy va yadroviy raketalardan foydalanishni cheklaydigan hujjatning buzilishida ayblab.

INF bitimi Rossiya va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida qurollanishga oid ikkita eng muhim shartnomadan biridir. Ikkinchi muhim hujjat – Strategik hujum qurollarini qisqartirishga oid yangi shartnoma (yangi START) hisoblanadi va u ikki mamlakatning yadroviy qurollari zaxirasini sovuq urush davriga oid cheklovdan quyida ushlab turadi.

Ammo, bu bitim ham 2021-yilda tugaydi va uni uzaytirish uchun tomonlarda siyosiy xohish-iroda yetarli emasga oʻxshaydi.

Oʻtgan yilgi raketalar sinovi, INF bitimining oʻz nihoyasiga yetishi va “Ochiq osmon” shartnomasining ham barbod boʻlayotgani – oʻzini tinchlikparvar mamlakat deb taʼkidlashiga qaramay, Moskvaning hech qanday dalilsiz “yengilmas” deb maqtagan bir qator qurollarini agressiv tarzda sinovdan oʻtkazayotgan paytga toʻgʻri kelmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1
Siyosat * Majburiy 1500 ta belgi qoldi (1500 max)

Shuning uchun Rossiyaga bir-ikkita yaxshigina sanksiyalarni qoʻllash kerak

Javob berish