Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoy Shinjonda eksport uchun shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishda majburiy mehnatdan foydalanmoqda

Karvonsaroy va AFP

Xitoyning Szyansu provinsiyasi Nantun shahridagi zavodda yuz niqoblari tikayotgan ishchilar, may oyi. Pekinning bahsli mafkuraviy dasturi doirasida Shinjonda kamida 17 ta shu kabi korxona shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarish uchun etnik musulmonlarni majburiy mehnatga jalb qilgan. [STR/AFP]

Xitoyning Szyansu provinsiyasi Nantun shahridagi zavodda yuz niqoblari tikayotgan ishchilar, may oyi. Pekinning bahsli mafkuraviy dasturi doirasida Shinjonda kamida 17 ta shu kabi korxona shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarish uchun etnik musulmonlarni majburiy mehnatga jalb qilgan. [STR/AFP]

LONDON – Xitoy hukumati Shinjon mintaqasidagi musulmon ozchiliklarni koronavirus pandemiyasidan jabrlangan mamlakatlarga sotish uchun moʻljallangan niqoblar (kabi shaxsiy himoya vositalarini) ishlab chiqaradigan zavodlarda ishlashga majburlamoqda. Bu haqda “Nyu-York Tayms” videohisobotida maʼlum qilingan boʻlib, nashr yuzlab video, fotosuratlar va rasmiy hujjatlarni dalil oʻlaroq keltirgan.

Maqolada yozilishicha, pandemiyadan oldin Shinjonda bu kabi vositalarni faqat toʻrtta kompaniya ishlab chiqargan. Butun dunyo boʻylab tarqalishda davom etayotgan pandemiya sabab bunday mahsulotlarga talab ortib borishi bilan ularning soni 51 taga yetgan va shulardan kamida 17 tasi asosan musulmon ozchilikka mansub ishchilar mehnatidan foydalangan, deyiladi 19-iyul kungi maqolada.

Xitoy hukumatining rasmiy bayonotlari va targʻibot videolavhalarida aytilishicha, Shinjonda himoya vositalarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq bandlik dasturi “mahalliy aholiga kambagʻallikni yengib, toʻkis hayot kechirishiga” yordam beradigan “ishchilar almashinuvi dasturi” doirasida amalga oshirilmoqda, deyiladi maqolada.

Aslida esa holat umuman boshqacha. Bu Pekinning soʻnggi bir necha yil ichida bir milliondan ortiq musulmon, jumladan etnik qozoq va qirgʻizlarni qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirish va keyinchalik ularni jamiyatga qaytarishga oid saʼy-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

22-dekabr kuni Gonkongda Xitoydagi uygʻur va qozoq millatiga mansub ozchiliklarini qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan namoyish ishtirokchilari. [Entoni Uolles/AFP]

22-dekabr kuni Gonkongda Xitoydagi uygʻur va qozoq millatiga mansub ozchiliklarini qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan namoyish ishtirokchilari. [Entoni Uolles/AFP]

“Tayms” nashrining videolavhasida uygʻurlar uchun ajratilgan zavoddagi turar joy binolarining sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlari aks etgan. Nashrga koʻra, uygʻur ishchilari muassasa ichida har hafta mafkuraviy darslar, shuningdek, mandarin tili kurslariga qatnashga majbur.

Muxbirlardan birining aytishicha, bu zavodlar ishchilari “oʻz ixtiyori bilan mehnat qilayotgani yoʻq”. Pekin ularga nisbatan majburiy choralar qoʻllamoqda va xalqaro huquqqa koʻra, bu majburiy mehnatning bir turi hisoblanadi.

“Inson huquqlarining nomaqbul va qoʻpol tarzda buzilishi”

Yakshanba (19-iyul) kuni Buyuk Britaniya hukumati Shinjon mintaqasidagi etnik va diniy ozchiliklar, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlarga nisbatan “oʻta xavotirli” munosabati uchun Xitoy rejimini “inson huquqlarini nomaqbul va qoʻpol tarzda buzishda” ayblab chiqqan.

Bundan tashqari, dushanba (20-iyul) kuni AQSH Savdo vazirligi uygʻur ozchiliklarining inson huquqlarini poymol qilishga aloqador 11 Xitoy korxonasini qora roʻyxatga kiritib, ularga Amerika mahsulotlaridan foydalanishni taqiqladi.

Aholisining aksari musulmon boʻlgan mintaqalarda ommaviy hibslar va ayollarni majburiy bichish bilan bogʻliq holatlar xalqaro darajadagi eʼtiborni taqozo qilmoqda, dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.

“Shunisi aniqki, inson huquqlarining nomaqbul va qoʻpol tarzda buzilishi yuz bermoqda va bu oʻta xavotirli”, dedi u Bi-bi-siga.

“Hisobotlar va ulardagi insonlar bilan bogʻliq jihatlar biz uzoq vaqt davomida guvohi boʻlmagan narsalarni eslatmoqda. Va bular oʻzini jiddiy qabul qilishlarini istaydigan xalqaro hamjamiyatning yetakchi aʼzosi tomonidan sodir etilmoqda”, dedi u.

Shu oy boshida Qoʻshma Shtatlar Xitoyning yuqori lavozimli amaldorlaridan “mudhish” qonunbuzarliklarga chek qoʻyishni talab qilib, ularga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi.

Yaroqsiz jihozlarni pullash

Uygʻurlar mehnatidan foydalanish Xitoy hukumati yoki kompaniyalari koronavirus pandemiyasi davrida nosoz tibbiy jihozlar eksportidan daromad koʻrishga urinayotgan bir vaqtda sodir boʻlmoqda.

Masalan, Xitoydan keltirilgan sifatsiz himoya vositalari Afgʻonistondagi koʻplab shifokorlar hayotini xavf ostida qoldirgan, deydi rasmiylar. Pokistonda COVID-19 bemorlarini davolayotgan tibbiyot xodimlarining kasallikni yuqtirishi va vafoti bilan bogʻliq qator holatlar ortidan kasalxonalar Xitoyda ishlab chiqarilgan himoya vositalarini qoʻllashdan voz kechgan.

Xitoydan kelgan shu turdagi mahsulotlar nuqsonli ekani aniqlanganidan soʻng, Markaziy Osiyo mamlakatlari COVID-19 uchun test toʻplamlarini oʻzlarida ishlab chiqarishga harakat qilmoqdalar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xitoy inson huquqlarini poymol qilmoqda...

Javob berish

Shinjon nima boʻpti, Rossiyada har kuni kaltaklar va tahqirlanishga duchor boʻlayotgan Markaziy Osiyolik millionlab qullar bor, butun dunyo jim qarab turibdiku

Javob berish