Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoy Shinjonda musulmonlar uchun 100 dan ortiq yangi hibsxonalar barpo etmoqda

Karvonsaroy

Suratda yaqinda Pekin tomonidan musulmonlarni hibsda saqlash uchun qurilgan 100 dan ortiq yangi inshootlardan baʼzilari aks etgan. [Buzzfeed]

Suratda yaqinda Pekin tomonidan musulmonlarni hibsda saqlash uchun qurilgan 100 dan ortiq yangi inshootlardan baʼzilari aks etgan. [Buzzfeed]

Xitoyning musulmon ozchiliklarga qarshi zoʻravonlik kampaniyasi yana bir karra oʻz tasdigʻini topdi – BuzzFeed News nashrining tekshiruviga koʻra, kommunistik davlat Shinjonda 100 dan ortiq yangi hibsxonalar qurgani maʼlum boʻldi.

Dekabr oyi oxirida eʼlon qilingan hisobot Eyebeam kelajak jurnalistikasi markazi, Pulitser markazi va Ochiq texnologiyalar jamgʻarmasi qoʻllovida olib borilgan turkum tadqiqotlarning toʻrtinchisidir.

BuzzFeed News xulosalari hukumatning rasmiy hisobotlari, intervyular va sunʼiy yoʻldoshdan olingan yuzlab fotosuratlarga asoslangan boʻlib, ularda zavodlar binolarining yorqin rangga boʻyalgan metall tomlari koʻzga tashlanadi.

Avgust oyidagi tekshiruv mobaynida Shinjon mintaqasida qamoqxona yoki hibsxonaga xos belgilarga ega yuzlab binolar aniqlangan boʻlib, ularning aksariyati soʻnggi uch yil ichida barpo etilgan.

Xitoydagi fabrikalarning birida niqob ishlab chiqarish bilan mashgʻul boʻlgan ishchilar, 2020-yil 29-oktabr kungi surat. Pekin Shinjondagi shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarda musulmonlarning majburiy mehnatidan foydalanish orqali COVID-19 pandemiyasidan katta foyda koʻrdi. [STR/AFP]

Xitoydagi fabrikalarning birida niqob ishlab chiqarish bilan mashgʻul boʻlgan ishchilar, 2020-yil 29-oktabr kungi surat. Pekin Shinjondagi shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarda musulmonlarning majburiy mehnatidan foydalanish orqali COVID-19 pandemiyasidan katta foyda koʻrdi. [STR/AFP]

Huquqni himoya qilish tashkilotlariga koʻra, Shinjondagi vaqtincha saqlash jamloqlarida bir millionga yaqin uygʻur, qozoq va turkiy millatga mansub boshqa ozchiliklar vakillari qamoq sharoitlarida saqlanmoqda.

Xitoy rejimi ularni “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deb taʼkidlagan, ammo faollarning aytishicha, mahbuslar qiynoqlar va majburiy mehnat bilan yuzma-yuz kelmoqda, deb xabar beradi AFP.

Yangi hisobotda aytilishicha, kamida 135 ta majmua zavod binolarini ham oʻz ichiga olgan, deb xabar beradi BuzzFeed News. Tadqiqotchilar va sobiq mahbuslarning aytishicha, “keng koʻlamdagi majburiy mehnat, katta ehtimol bilan, shu kabi binolar ichida yuz bermoqda.”

Tekshiruvlarga koʻra, hibsxonalar yoki ular yaqinidagi ishlab chiqarish quvvatlarining oʻsib borishi “ommaviy hibslar koʻlamining naqadar tez kengayib borayotganini” tasdiqlaydi.

Inson huquqlarining poymol qilinishi

AQSH, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) doxil turli mamlakat va tashkilotlar Xitoyning Shinjondagi siyosatini tanqid qilib, soʻnggi paytlarda uygʻur musulmonlarining majburiy mehnatga jalb qilinayotganini taʼkidlaganlar.

Ular Shinjonda majburiy yoki arzon ishchi kuchi bilan terilgan paxtadan xalqaro bozor uchun arzon kiyimlar ishlab chiqarishda foydalanish bilan bogʻliq tekstil taʼminoti zanjiridagi ehtimoliy huquqbuzarliklarga eʼtibor qaratganlar.

21-dekabr kuni AQSH Davlat departamenti ozchiliklar yoki boshqa shaxslarga qarshi qaratilgan choralar yoxud repressiv siyosatga aloqador va masʼul deb koʻrilgan xitoylik amaldorlarga viza berishga oid qoʻshimcha cheklovlar joriy qildi.

Mazkur chora “AQSH hukumatining Xitoy kompartiyasini (XKP) Xitoy xalqiga qarshi repressiyalari uchun javobgarlikka tortish yoʻlidagi qatʼiyatini aks ettiradi”, deyiladi AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning bayonotida.

Uning soʻzlariga koʻra, 2020-yilda Qoʻshma Shtatlar “Shinjondagi mudhish qonunbuzarliklar, Tibetga kirish cheklovlari va Gonkongga vaʼda qilingan muxtoriyatning yoʻq qilinishiga aloqador XKP rasmiylariga nisbatan viza cheklovlari va moliyaviy sanksiyalar joriy etgan”.

9-sentabr kuni 60 dan ortiq mamlakatning 321 fuqarolik jamiyati guruhidan iborat koalitsiya BMTni “Xitoy hukumatining inson huquqlarini buzishi bilan bogʻliq holatlarni koʻrib chiquvchi mustaqil xalqaro mexanizmni yaratishga” chaqirganlar.

“Human Rights Watch” tashkilotiga koʻra, hujjatga imzo chekkanlar butun Xitoy, jumladan Shinjonda inson huquqlarining tiyiqsiz buzilishiga qarshi kurashish zarurligi, shuningdek bu sohadagi Xitoy huquqbuzarliklarining butun dunyoga taʼsirini taʼkidlaganlar.

Ammo Xitoyning ozchiliklarga nisbatan zoʻravonligi toʻxtagani yoʻq. 31-dekabrda Pekin musulmon uygʻur shifokori terrorchilik aybi bilan qamoqqa olinganini tasdiqlagan.

Gulshan Abbos ikki yil avval hibsga olinib, dom-daraksiz yoʻqolgan edi, ammo yaqinlarining AQSH kongressi qoʻmitasiga xabar berishicha, 58 yashar ayol uygʻurlar himoyasi yoʻlidagi faoliyati sababli 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Majburiy mehnatni yashirish

Mehnat huquqlari himoyachilari va kuzatuvchilarning “BuzzFeed News” nashriga maʼlum qilishicha, Shinjonda majburiy mehnat shu darajada keng tarqalganki, “u yerda faoliyat olib boruvchi hech qaysi kompaniya undan xoli ekanligini ayta olmaydi”.

“Xitoy hukumati Shinjonda odamlar va intervyularni shu darajada qattiq kuzatadiki, fabrikalarda majburiy mehnat olib borilayotganini mustaqil ravishda aniqlash imkonsiz”, deyiladi xabarda.

Xitoyning aholini qashshoqlikdan xalos etishga qaratilgan dasturiga koʻra, chekka hududlardagi fermerlarning fabrikada ishlashga oʻtkazilishi “hukumatga nima sababdan ishchi oʻz uyidan uzoqda ishlayotganini yashirish imkonini beradi”.

Ammo fabrikalar majburiy saqlash majmualarining ichida joylashgan boʻlsa, “ishchilar u yerda oʻz ixtiyori bilan ekaniga ishonish qiyin”.

Tekshiruvlarga koʻra, Xitoyning aksar fabrikalari lagerlar ichida yoki yonida joylashgan. AQSHdagi “C4ADS” nodavlat tadqiqot instituti bunday kompaniyalardan 1500 tasini aniqlagan.

Xitoy hukumatining qashshoqlikka qarshi kurash kompaniyasi doirasida nochorlikda yashayotgan ozchiliklar vakillari ish joyi mavjud boʻlgan hududlarga koʻchiriladi, ammo tadqiqotchilarga koʻra, bu dasturlar majburiy mehnatni yashirish vositasidir.

Buyuk Britaniyadagi iqtisodiyot va biznes tadqiqotlari markazi (CEBR) maʼlumotlariga koʻra, dunyoning aksar iqtisodiyotlari koronavirus pandemiyasi tufayli katta talafotlar koʻrgan bir paytda, Xitoy 2028-yilga borib (avval taxmin qilinganidan besh yil avvalroq) dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanishi kutilmoqda.

Xitoyning jahon bozoridagi ulushi texnologik sanoat va shaxsiy himoya vositalari savdosi ortidan tobora oʻsib bormoqda.

Pandemiyadan foyda koʻrishni maqsad qilgan Xitoy kasallik avj olishi ortidan yuzaga kelgan taqchillik oʻrnini toʻldirish uchun niqob kabi shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishga zoʻr berdi. Yilning birinchi yarmida narxlar va talabning ortishi tufayli 73 mingdan ortiq, jumladan, aprel oyining oʻzida 36 mingta kompaniya niqob ishlab chiqaruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Bu kabi choralar doirasida Xitoy rasmiylari Shinjon hududidagi musulmon ozchiliklar vakillarini himoya vositalari ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlashga majburlaganlar. Bu haqda New York Times nashri videolavha tayyorlagan boʻlib, unda yuzlab videotasvirlar, fotosuratlar va rasmiy hujjatlar dalil oʻlaroq keltirilgan.

Hibsda saqlash va mafkuraviy tarbiya

Hukumatning mehnat dasturlarida ishlashdan bosh tortish “oʻta mushkul”, deb aytgan Shinjondagi inson huquqlari buzilishini oʻrgangan Avstraliya strategik siyosati instituti BuzzFeed News nashriga.

Bunga sabab, ularning “hibsda saqlash va siyosiy tarbiya vositalari bilan oʻrab olingani”, deyiladi xabarda.

Sobiq mahbuslar va xitoy tilidagi OAVga koʻra, dastur ishtirokchilari qatʼiy nazorat va doimiy kuzatuvda, boʻysunmaslik holatlarida lagerlarga yuborilishi yoki boshqa yoʻllar bilan jazolanishdan qoʻrqib yashashga majbur.

Ishdan keyin ular “vatanparvarlik darslarida” ishtirok etishi lozim, ular xitoy tilini majburan oʻrganish va XKPga ommaviy maqtovlar aytishni oʻz ichiga oladi.

Sentabr oyida Xitoy hukumati “ortiqcha ishchi kuchini koʻchirish” dasturiga bir yil ichida 2,76 milliondan ortiq kishi jalb qilingani haqida xabar bergan edi.

Ishchilarga tekstil, oziq-ovqat sanoati korxonalari, kushxona, shuningdek, paxta terimi kabi qishloq xoʻjaligiga oid ishlar taklif etilmoqda.

Bu dasturlarda necha kishi ishlayotgani, qanchasiga kam maoshi berilayotgani va qanchasi yomon sharoitlarda majburan mehnat qilayotgani haqida aniq raqamlar yoʻq, lekin “BuzzFeed News” olib borgan tergovga koʻra, bu raqamlar katta va tobora oʻsib bormoqda.

AQSH mehnat vazirligiga koʻra, 100 mingga yaqin uygʻur va boshqa etnik ozchiliklar vakillari majburiy mehnatga jalb qilingan, AQSHda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi esa majburiy mehnatning “juda keng miqyosda” ekanini aytmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar shunday lagerlarni qurib, yahudiy, slavyan va boshqa millatlarni qirgan. Xitoyda ham xuddi shu narsa sodir boʻlmoqda, XXR musulmonlari qatliom qilinyapti...

Javob berish

Tojiklarga oʻxshab yerlarimizni qarz evaziga berib yubormaylik

Javob berish

Xitoy Markaziy Osiyo va Qozogʻistonni iqtisodiy qarz sirtmogʻiga solmoqda. Keyin esa bizni Pokiston va Afrika qismati kutyapti. Qoʻshma Shtatlarda nimaiki yuz berayotgan boʻlsa, uning ortida Pekinning qoʻli bor. Hamma musulmon mamlakatlar, jumladan Qozogʻiston ham hammasi “yaxshi” deb koʻrsatyapti. Shunga qaramay, hukumat Xitoy hukumati qoʻli ostida Shinjondagi lagerlarda musulmonlar boshdan kechirayotgan qiynoqlar, majburiy mehnat va zoʻrlashlar haqida bilishadi. Xitoy fashizmini toʻxtatish kerak.

Javob berish