VASHINGTON – Pekinning soʻnggi paytlarda Shinjonda tobora avj olib borayotgan uygʻurlar huquqlari muammosini bosti-bosti qilishga urinishi musulmonlarga nisbatan Xitoy zulmining xalqaro darajada qoralanishiga sabab boʻldi.
Xitoyning AQSHdagi elchixonasi oʻtgan hafta aksariyati musulmon boʻlgan uygʻur jamoalarining ayollari mintaqada ekstremizmning yoʻq qilinishi tufayli endi “bola tugʻadigan mashinalar” emasligi bilan maqtanib, ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan.
7-yanvar kuni elchixona oʻz tvitterida “China Daily” davlat nashrida chop etilgan maqolaga havola bergan. Unda Shinjondagi tadqiqot markazining 2018-yildan beri viloyatdagi aholi sonining oʻzgarishi haqida shu vaqtga qadar eʼlon qilinmagan hisoboti tilga olinadi.
“Shinjon aholisi diniy ekstremizm sababli farzandlar sonini cheklashga qarshi boʻlgan. Bu kabi ekstremistik mafkuraga qarshi kurash uygʻur ayollariga tugʻish yoki tugʻmaslik haqida mustaqil qaror qabul qilishga yordam berdi”, deyiladi maqolada.
“Shinjondagi uygʻur ayollari hurfikrlikka erishdilar, gender tengligi va reproduktiv salomatlik targʻiboti bilan ular “bola ishlab chiqaradigan mashina” maqomidan xalos boʻldilar”, deyiladi elchixona bayonotida.
Unga koʻra, “bu oʻzgarishlar ayrim gʻarblik olimlar va siyosatchilar (nemis tadqiqotchisi Adrian Zents nazarda tutilgan) tomonidan bir necha bor taʼkidlanganidek, uygʻur aholisini “majburiy sterilizatsiya” qilish tufayli yuz bergani yoʻq.”
Oʻtgan yili Zents tarafidan yozilgan maqolada aytilishicha, Xitoy rejimi koʻplab uygʻur ayollarini majburan sterilizatsiya qilib, tugʻish kvotasidan oʻtgan ayollarning homiladorligini toʻxtatgan.
“Shinjonda fertil yoshdagi juftliklar uchun xavfsiz, samarali va mos kontratsepsiya choralari mavjud boʻlib, ularning bu vositalardan, jumladan bachadon naychalarini bogʻlash va bachadonga qoʻyiladigan moslamalardan foydalanishga oid shaxsiy qarorlari toʻliq inobatga olinmoqda, deb yozadi “China Daily” tadqiqot markazining hisobotiga asoslanib.
“Natijada Shinjonda tugʻilish koeffitsenti 2017-yildagi 1,6% dan 2018-yilda 1% gacha pasayib, aholining tabiiy oʻsishi 1,1% dan 0,6% gacha kamaydi”, deb yozadi gazeta.
2010-yildan 2017-yilga qadar uygʻur aholisi soni 25 foizdan koʻproqqa oshdi, bu vaqt ichida mintaqadagi xanlar (etnik xitoylar) aholisi atigi 2 foizga oʻsgan, deyiladi maqolada.
“Aholi sonining majburiy nazorati”
Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan siyosatini “genotsid” deb atagan AQSH senatorlari mintaqadagi aholi soni nazorat qilinayotganini taʼkidlaganlar.
Twitter elchixonaning dastlabki xabarini “Twitter qoidalarini buzgani uchun” tafsilotlarni ochiqlamay oʻchirib tashlagan.
Amerika-Islom aloqalari kengashi Twitter maʼmuriyatini “insoniyatga qarshi jinoyatlarni nishonlash uchun” ijtimoiy tarmoqqa chiqarilgan tvitni oʻchirib tashlashga chaqirgan.
Keyinchalik elchixona xuddi shu maqolaning “Sinxua” davlat axborot agentligi chop etgan versiyasiga havola bergan, unda “Shinjondagi aholi sonining oʻzgarganini izohlovchi tadqiqot” degan yumshoqroq sarlavha ishlatilgan.
“Soʻnggi yillarda Shinjondagi yoshlar juft tanlash va nasl qoldirishda qoloq va eskirgan qarashlardan voz kechdilar. Etnik ozchilikka mansub koʻpchilik yoshlar oʻz vaqtlari va kuchlarini shaxsiy rivojlanishga sarflashni maʼqul koʻrmoqda”, deb xabar bergan Xinhua tadqiqotdan iqtibos keltirib.
AQSH rasmiylaridan biri elchixonaning “yolgʻonlari” va hisobotdagi mudhish daʼvolarga nisbatan oʻz nafratini izhor etgan.
“Aholi sonini majburiy nazorat qilish reproduktiv salomatlikka kirmaydi”, deb yozadi AQSHning xalqaro diniy erkinlik masalalari boʻyicha elchisi Sem Braunbek. “Uygʻur ayollari oʻz diniy erkinliklari va daxlsizlik huquqlaridan munosib tarzda foydalanishga loyiq.”
Zoʻravonlikni oqlashga urinish
Xitoy elchixonasining Twitter tarmogʻidagi xabarlari Pekinning Shinjondagi uygʻur va boshqa musulmon ozchiliklarga nisbatan munosabati haqidagi narrativni oʻzgartirishga qaratilgan.
Soʻnggi bir necha yil ichida Pekin milliondan ortiq musulmonlarni, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlarni “dahshatli va muntazam qonunbuzarliklar” sodir etiladigan lagerlarga majburan joylashtirgan.
Avgust oyida BuzzFeed News nashri chop etgan hisobotda ushbu maxfiy lagerlar ichida musulmonlar duch kelgan zulm, shafqatsizlik va xoʻrliklar tasvirlangan.
Dekabr oyida BuzzFeed News nashri tomonidan eʼlon qilingan boshqa maqolaga koʻra, kommunistik davlat Shinjonda 100 dan ortiq yangi hibsxonalar qurgani maʼlum boʻldi.
Pekin bu lagerlarni terrorizmga qarshi kurash va ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunarga oʻrgatish markazlari” oʻlaroq himoya qilib qiladi, ammo huquq faollariga koʻra, u yerdagi mahbuslar qiynoqlar va majburiy mehnatga duchor qilinadi.
Mehnat huquqlari himoyachilari va kuzatuvchilarning “BuzzFeed News” nashriga maʼlum qilishicha, Shinjonda majburiy mehnat shu darajada keng tarqalganki, “u yerda faoliyat olib boruvchi hech qaysi kompaniya undan xoli ekanligini ayta olmaydi”.
“Xitoy hukumati Shinjonda odamlar va suhbatlarni shu darajada qattiq kuzatadiki, fabrikalarda majburiy mehnat olib borilayotganini mustaqil ravishda aniqlash imkonsiz”, deyiladi xabarda.
“Qullik mehnati”
Koronavirus pandemiyasi natijasida, Xitoy hukumati Shinjon viloyatidagi musulmon ozchilikni shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarish zavodlarida mehnat qilishga majburlagan, deb xabar bergan edi New York Times gazetasi iyulda yuzlab video, foto va hukumat hujjatlarini dalil oʻlaroq keltirib.
Shinjondagi uygʻurlar va boshqa musulmonlar paxtani qayta ishlash fabrikalarida mehnat qilishga va paxta terishga majburlanmoqda, deydi huquqbon tashkilotlar.
AQSH Bojxona va chegara xizmati 2-dekabr kuni Shinjonda “qullik mehnati” bilan terilgan paxta importini taqiqlashini eʼlon qilgan.
Seshanba (12-yanvar) kuni Britaniya Xitoy rejimini inson huquqlarini buzishda ayblab, uning uygʻurlarga nisbatan munosabatini “vahshiylikka” tenglashtirgan va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini taqiqlashga oid yangi qoidalarni eʼlon qilgan.
Qonunbuzarlikliklar koʻlami “sanoat darajasida” boʻlgan, dedi tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.
“Biz bu yerda suhbatlashib turgan vaqtda, oʻtgan asrlarda tugatilgan dahshatli vahshiyliklar xalqaro hamjamiyatning yetakchi aʼzolaridan biri tomonidan amalga oshirilmoqda”, deb aytgan u parlamentga murojaatida.
“Bunga javob berish bizning maʼnaviy burchimizdir.”
Bu choralar shaffoflik qoidalariga boʻysunmagan korxonalarga nisbatan jarimalar joriy qilishni koʻzlovchi Birlashgan Qirollikning zamonaviy qullikka oid qonunini yanada qatʼiylashtirishni, buni davlat sektoriga joriy qilishni va Shinjondagi eksport nazoratini “shoshilinch tekshiruvdan oʻtkazishni” nazarda tutadi.
Xitoyning uygʻurlarga munosabatiga javoban 6-yanvar kuni Britaniyaning “Marks and Spencer” supermarketlar tarmogʻi oʻz kiyimlarida Shinjon viloyatidan import qilingan paxtani ishlatmaslikka vaʼda berdi.
Ikki yil avval AQSHning “Badger Sportswear” kompaniyasi Shinjondagi lagerlarda majburiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq xavotirlar sababli Xitoyning sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi “Hetian Taida” firmasidan importni toʻxtatgan.
Bu orada, oʻtgan oy fransuz futbolchisi Antuan Grizmann Xitoy hukumatining uygʻur ozchiliklarni kuzatishiga aloqador deb koʻrilgan Huawei kompaniyasi bilan “hamkorlikni darhol toʻxtatishi” haqida eʼlon qilgan.
Soʻnggi haftalar davomida tarqalgan qator xabarlardan kuch tuzilmalarining Shinjon viloyatidagi aksar musulmon ozchiliklarni kuzatish, monitoring qilish va hibsga olishda texnologiyalardan, jumladan yuzni tanish dasturidan qanday foydalanayotgani maʼlum boʻlgan.
Alibaba, Huawei va boshqa Xitoy kompaniyalari Pekinning uygʻurlar va boshqa musulmon ozchiliklarga nisbatan zulmidan oʻzlarini soqit qilishga urinsa-da, dalillar ularning bu ishga sherik ekanligini koʻrsatmoqda.
Raab Shinjonda uygʻurlarga nisbatan inson huquqlarining buzilishiga bilmasdan yoki qasddan hissa qoʻshgan yoxud undan foyda koʻrgan Britaniya kompaniyalarini taqiqlash rejalarini ochiqlagan.