VASHINGTON – Kreml platformalar va taktikalar kombinatsiyasi internet orqali yolgʻon maʼlumotlarni koʻpaytirish uchun bir-birini mustahkamlaydigan ekotizimni yaratish maqsadida beshta “dezinformatsiya ustuni”dan foydalanmoqda, deyiladi AQSH hukumatining chorshanba (5-avgust) kungi hisobotida.
“Kreml informatsiyadan qurol sifatida foydalanishga oid yondashuv doirasida bu taktika va platformalarni joriy qilayotgani uchun bevosita javobgardir”, dedi AQSH Davlat departamentining xorijiy tashviqotni oʻrganish va unga qarshi kurashga masʼul boʻlgan Global hamjihatlik markazi.
Kreml “oʻzining dezinformatsiya harakatlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi zararli kiberhujumlarni amalga oshirish uchun oʻz tashviqot kanallari, razvedka xizmatlari va vakolatli shaxslariga katta mablagʻ sarflab, bu kabi yolgʻon va chalkashtiruvchi gap-soʻzlarni yoyinlash uchun yangiliklar saytlari yoki tadqiqot institutlari niqobidagi ommaviy axborot vositalaridan foydalanmoqda”, deyiladi hisobotda.
Eng ommabop mavzulardan biri – koronavirus pandemiyasi boʻlib, Rossiya saytlari COVID-19 AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi yoki filantropga aylangan milliarder Bill Geyts tomonidan yashirincha tarqatilgani haqidagi asossiz gap-soʻzlarni faol targʻib qilib kelmoqda.
Tadqiqotda keltirilgan misollarning birida “Strategik madaniyat fondi” nomli onlayn-nashrga ishora qilingan boʻlib, u “gʻarblik marginal nazariyalar tarafdorlari va konspirologlar”ni targʻib qilgan va xorijda sheriklik aloqalarini shakllantirgan.
“Bu proksi-saytlar qandaydir maʼlumot chop etadigan boʻlsa, uning qayerdan chiqqanini aniqlab boʻlmaydi”, dedi Global hamjihatlik markazi rahbari Lea Gabriyel.
“Rossiya bu kabi turli proksi-saytlarga mansubligini yashirishga harakat qiladi va bu ularning samaradorligini oshiradi”, dedi u jurnalistlarga.
“Internetda bu saytlarni oʻqiyotgan oddiy odam ularning aslida Rossiya dezinformatsiyasi ekanligini bilmasligi mumkin”.
Dezinformatsiya ustunlari
Hisobotda “Rossiya dezinformatsiyasining besh ustuni” tilga olingan.
“Ularning birinchisi – hukumatning rasmiy kommunikatsiyalari; ikkinchisi – davlat tomonidan moliyalashtiriladigan global xabarlar; uchinchisi – proksi-manbalarni yetishtirish; toʻrtinchisi – ijtimoiy tarmoqlardan qurol sifatida foydalanish va beshinchi ustun – kiberdezinformatsiyadir”, dedi Gabriyel.
Bu platformalar va taktikalar uygʻunligi – turli elementlar bir-birini qoʻllab-quvvatlaydigan ekotizimni shakllantiradi, dedi u.
“Turli xil elementlarning oʻzaro taʼsiri yolgʻon gap-soʻzlarni kuchaytiradigan OAV multiplikativ effektini hosil qiladi”, deb qoʻshimcha qildi u.
“Ushbu ekotizim ham dezinformatsiya manbalarini, ham tashviqotni – hukumatning rasmiy bayonotlarini, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalarini, proksi-saytlar, botlar, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta personajlarni, dezinformatsiyaga oid kiber-amaliyotlar va boshqalarni, shuningdek, ushbu kanallar foydalanadigan turli xil taktikalarni ifodalaydi, deyiladi xabarda.
Hisobotda Strategik madaniyat jamgʻarmasidan tashqari, boshqa oltita proksi-sayt va tashkilotlar ham tilga olingan boʻlib, ular “Rossiya bilan aniq aloqador boʻlgan ekotizim ustunlari va butunlay rad etilishi kerak boʻlgan manbalar oʻrtasidagi oraliq maqomni egallagan.”
Ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi: bir talay marginal gʻoyalar mualliflari va konspirologlari boʻlgan Kanadaning Global Research sayti.
“Novoye vostochnoye obozreniye” – Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining soxta akademik nashri boʻlib, asosan Yaqin Sharq, Osiyo va Afrikaga qaratilgan dezinformatsiya va tashviqot bilan shugʻullanadi.
News Front – Qrimda joylashgan, gʻarblik auditoriya uchun “muqobil maʼlumot manbasini” taqdim etish iddaosidagi, Kreml bilan bogʻliq dezinformatsiya va tashviqot vositasi.
“Tahlil va razvedka” (boshqa nomi – SouthFront) – harbiy va xavfsizlik masalalarini yorituvchi, Rossiyada roʻyxatga olingan koʻp tilli dezinformatsion sayt.
Katexon – oʻz sayti orqali faol tarzda aksilgʻarb dezinformatsiyasi va tashviqotini tarqatuvchi Moskvadagi soxta tahlil markazi, besh tilda faoliyat yuritadi, Rossiya davlati va razvedkasi bilan yaqqol aloqador shaxslar tomonidan boshqariladi.
Va nihoyat Geopolitica.ru sayti – rus ultramillatchilarining gʻarblik va boshqa auditoriyaga moʻljallangan dezinformatsiya va tashviqot platformasi.
Aprel-iyun oylarida Tvitter foydalanuvchilari ushbu yettita saytdagi materiallarni 173 marta retvit qilganlar yoki ulashganlar, deyiladi tadqiqotda.
Unga koʻra, Tvitterda shubhali materiallar bilan bogʻliq faoliyatning asosiy manbai Rossiya emas, Britaniya boʻlib chiqqan.
Nishonda – Markaziy Osiyo
Saytlarning yolgʻon maʼlumotlar tarqatishi, jumladan koronavirus AQSH tomonidan sunʼiy yaratilgani haqidagi tashviqoti “Rossiyaning Qoʻshma Shtatlar, uning ittifoqchilari hamda sheriklarining xalqaro birdamligi va nufuziga putur yetkazish, demokratik institutlarning ahamiyatini shubha ostiga qoʻyish kabi umumiy maqsadlariga xizmat qiladai”, deyiladi xabarda.
Ilgari Kreml bu kabi choralarni Markaziy Osiyoga ham yoʻnaltirgan.
9-iyul kuni Rossiyaning “Vzglyad” onlayn nashri TASS agentligiga asoslanib, Qozogʻistonda koronavirusdan koʻproq oʻlimga sabab boʻlayotgan “nomaʼlum pnevmoniya” tarqalgani haqida maqola chiqargan. TASS Rossiya hukumatiga tegishli axborot agentligi hisoblanadi.
“Vzglyad” saytining ayrim tashrifchilari Kremlning “trollar fabrikasi”ga xos ritorik uslubda Qozogʻiston haqida haqoratli fikr-mulohazalar qoldirishgan.
Ularning koʻpchiligi “yangi virus” manbai AQSH moliyaviy koʻmagida tashkil etilgan Olmaotadagi markaziy referens-laboratoriyasi ekanligini iddao qilganlar.
Ertasiga, 10-iyul kuni Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatda “nomaʼlum virus” tarqagani haqidagi xabarlar yolgʻon ekanligi haqida bayonot bergan.
10-iyul kuni Jenevada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida JSSTning sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha dasturi ijrochi direktori Maykl Rayan bu xabarlarni rad etar ekan, Qozogʻistondagi pnevmoniya katta ehtimol bilan koronavirus tufayli kelib chiqqanini taʼkidlagan.
Shuningdek, payshanba (6-avgust) kuni Tvitter hukumatning siyosiy kun tartibini ilgari surish uchun ishlatiladigan “davlatga qarashli OAV” materiallariga qarshi kurash boʻyicha yangi choralar haqida eʼlon qildi. Bu bevosita Rossiya va Xitoyga tegishli asosiy OAVga taʼsir qiluvchi qadam boʻldi.
Rossiya dunyodagi befoyda chala davlat.
Javob berishFikrlar 1