Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Tojikiston va Afgʻoniston koʻpriklar yordamida iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda

Karvonsaroy

Afgʻoniston-Tojikiston chegarasidagi Quyi Panjdagi ochilish marosimida koʻprik ustidan oʻtayotgan piyodalar, 2007-yil 26-avgust. Koʻprik qurilishini Qoʻshma Shtatlar moliyalashtirgan. Ogʻaxon taraqqiyot tarmogʻi Tojikistonni Afgʻoniston bilan bogʻlaydigan yana oltita koʻprik qurilishini moliyalashtirgan. [AFP/STR fotosi]

Afgʻoniston-Tojikiston chegarasidagi Quyi Panjdagi ochilish marosimida koʻprik ustidan oʻtayotgan piyodalar, 2007-yil 26-avgust. Koʻprik qurilishini Qoʻshma Shtatlar moliyalashtirgan. Ogʻaxon taraqqiyot tarmogʻi Tojikistonni Afgʻoniston bilan bogʻlaydigan yana oltita koʻprik qurilishini moliyalashtirgan. [AFP/STR fotosi]

Oʻtgan haftada eʼlon qilingan bayonotga koʻra, Ogʻaxon jamgʻarmasi Tojikiston, Afgʻoniston va Yevropa Ittifoqi (YI) mutasaddilariga tojik-afgʻon iqtisodiy hamkorligini kengaytirishda koʻmaklashish uchun loyihaning boshqaruv qoʻmitasini taʼsis etgan.

Qoʻmita Mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyot imkoniyatlari va hamkorligini qoʻllab-quvvatlash (SCORED) shafeligida faoliyat olib boradi.

Boshqaruv qoʻmitasi mintaqaviy hamkorlik va transchegaraviy iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan har yilgi birlashmadir.

U transchegaraviy koʻpriklar va yoʻllarni rivojlantirish hamda ularning xavfsizligini taʼminlash masalasi bilan shugʻullanadi.

Bundan tashqari, qoʻmita iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyatlar topish umidida Tojikiston-Afgʻoniston chegarasidagi viloyatlarning oʻzaro hamjihatligini taʼminlaydi.

Ogʻaxon jamgʻarmasiga koʻra, SCORED budjeti 20 million yevroni tashkil etadi.

Shundan 15 mln. yevro Yevropa Ittifoqiga tegishli. Bu haqda YIning oʻtgan haftadagi bayonotida maʼlum qilingan. Unda 2017-2022-yillarda amalga oshirilishi rejalangan ishlar ochiqlangan.

Bu kabi iqtisodiy hamkorlik Afgʻonistonni mintaqadagi tijorat bilan bogʻlashi barobarida, ekstremizmga yoʻl ochadigan tushkunlikni bartaraf etishga yordam beradi.

Tojikiston Afgʻonistonni qoʻllab-quvvatlayotgan yagona mamlakat emas. Uni tinch iqtisodiy taraqqiyotga yoʻnaltirishga Afgʻoniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyodagi boshqa ikki davlat ham hissa qoʻshgan.

Turkmaniston Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) tabiiy gaz quvurini qurmoqda va Afgʻonistonga elektr energiyasi eksport qilmoqda. Afgʻonistonga olib boruvchi temir yoʻl barpo etgan Oʻzbekiston ham oʻz qoʻshnisini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi .

Yordam koʻprigi

Chegaralararo integratsiyaga oid saʼy-harakatlar doirasida oʻtgan hafta Tojikiston va Afgʻoniston rasmiylari videoanjuman orqali Panj daryosi boʻylab koʻprik qurish rejalarini muhokama qilishdi, deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.

Tojikiston transport vazirligining maʼlum qilishicha, qurib bitkazilajak koʻprik Tojikistonning Xatlon viloyati Farxor tumanidagi Kokul aholi punktini Afgʻonistonning Taxor viloyatidagi Oyxonim qishlogʻi bilan bogʻlaydi.

Videoanjumanda Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim, Afgʻoniston iqtisodiyot vaziri Karima Hamed Faryobiy, Ogʻaxon taraqqiyot jamgʻarmasi rasmiylari hamda Tojikiston va Afgʻoniston viloyatlari rasmiylari ishtirok etishdi.

Ogʻaxon jamgʻarmasi Ogʻaxon taraqqiyot tarmogʻiga qarashli tashkilot hisoblanadi.

Tojikiston transport vazirligi maʼlumotlariga koʻra, koʻprikning uzunligi 180 metrni tashkil qiladi. Uning qachon qurib bitkazilishi maʼlum qilinmagan.

Tojikiston hukumatiga koʻra, Ogʻaxon taraqqiyot tarmogʻi oltita tojik-afgʻon koʻprigi qurilishini, AQSH hukumati esa bittasini moliyalashtirgan.

Shuningdek, Ogʻaxon taraqqiyot tarmogʻi chegara hududidagi afgʻonlarga Tojikistonda bepul tibbiy yordam olish imkoniyatini beradigan shartnomani moliyalashtirmoqda va afgʻonistonliklarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash ustida ishlamoqda.

Shifokorlarning aytishicha, Tojikiston bilan taxminan 1300 km uzunlikdagi umumiy chegarada joylashgan qishloqlarda yashovchi afgʻonlarga davolanish uchun Afgʻoniston ichkarisiga borishdan koʻra, chegarani kesib oʻtish osonroq.

Bu kelishuv 2017-yilda Tojikiston shifoxonasi ogʻir jarohatlangan 11 afgʻon askarini davolab, ularning 10 nafarini qutqarib qolganida muhim ahamiyat kasb etgan edi.

Garchi 2020-yilda COVID-19 tufayli chegaralar yopilishi ortidan shartnoma vaqtincha toʻxtab qolgan boʻlsa-da, u hanuzgacha amalda, deydi Togʻli Badaxshon avtonom viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbari Farid Muzaffarov.

Ogʻaxon jamgʻarmasi va Yevropa Ittifoqi Afgʻoniston va Tojikistonning chegara tumanlarida iqtisodiy rivojlanish va integratsiyani ragʻbatlantirish maqsadida SCORED loyihasini moliyalashtirmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500