ISTANBUL – Dushanba (9-dekabr) kuni Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Amerika delegatsiyasi “Osiyo yuragi” Istanbul jarayonining 8-vazirlar anjumani doirasida muzokara oʻtkazdilar. Bu haqda Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.
“Osiyo yuragi” Afgʻonistonga yordam berish boʻyicha koʻp millatli platforma boʻlib, unga 2011-yilda asos solingan.
Ismatulla Ergashev (Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili), Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha AQSH davlat kotibi yordamchisining birinchi oʻrinbosari Elis Uells va Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Idris Zamon oʻz mamlakatlari delegatsiyalariga rahbarlik qildilar.
Muloqot chogʻida Afgʻoniston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi savdo hajmini kengaytirish, Afgʻonistonni tiklash yoʻlidagi hamkorlik va mintaqaviy integratsiya jarayonida Afgʻonistonning ishtiroki kabi mavzular muhokama etildi.
Delegatsiyalar Oʻzbekiston va Afgʻoniston aloqalarini mustahkamlash uchun muntazam ravishda uch tomonlama maslahat uchrashuvlarini oʻtkazib turishga kelishib oldilar.
Oʻzbekiston uzoq yillardan beri Afgʻonistonga yordam berib kelmoqda – Afgʻonistonning birinchi xalqaro temir yoʻli, Oʻzbekistonda afgʻonistonlik talabalarga taʼlim berish va Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr uzatish liniyasining barpo etilishi shular jumlasidandir.