Karvonsaroy
Energiya

Turkmaniston va Afgʻoniston yangi temiryoʻl, energetika va kommunikatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻydi

Karvonsaroy va AFP

image

Afgʻonistonning Oqina shahridan Andxoʻy shahriga qatnovchi ilk poyezd, 14-yanvar, Oqina. 20 vagonlik poyezdga Turkmanistonning eksport mahsulotlari ortilgan. Uzunligi 30 kilometrlik temiryoʻli uchastkasi qurilishiga Turkmaniston bosh-qosh boʻlgan. [Afgʻoniston prezident saroyi (ARG) / Facebook]

ASHXOBOD – Turkmaniston va Afgʻoniston yangi transport, elektr va kommunikatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻydilar, deb xabar berdi payshanba (14-yanvar) kuni Turkmaniston urush tufayli vayron boʻlgan Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklashdagi roliga eʼtibor qaratib.

Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining bayonotlariga koʻra, ikki mamlakatni bogʻlaydigan yangi temiryoʻl tarmogʻi, yangi elektr uzatish va optik tolali aloqa liniyasining ochilish marosimida Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov telekoʻprik orqali ishtirok etishgan.

Turkmanistondagi Kerki shahrini Afgʻonistonning Shibirgʻoni bilan bogʻlaydigan 500kV kuchlanishli, 153 km elektr uzatish liniyasi qisman Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladigan Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston (TAP) energetika loyihasining ilk bosqichi hisoblanadi.

Turkmaniston elektr energiyasini qabul qilishi koʻzda tutilayotgan shaharlar qatorida Afgʻonistonning toʻrtinchi eng yirik shahri Mozori Sharif ham bor, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

image

14-yanvar kuni turkman va afgʻon rasmiylari Afgʻonistonning Oqina shahridan Andxoʻyga olib boruvchi temir yoʻlining 30 kilometrlik uchastkasini ochib berdilar. Temiryoʻl qurilishiga Turkmaniston bosh-qosh boʻlgan. [Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi]

Kengaytirilgan temiryoʻl

Afgʻoniston va Turkmaniston 2016-yil oxiridan beri temiryoʻl orqali bogʻlangan boʻlib, uning soʻnggi uchastkasi Afgʻoniston chegarasidagi Oqina aholi punktidan 30 km janubda joylashgan Afgʻonistonning boshqa bir shahri – Andxoʻygacha choʻzilgan.

Turkmaniston tashqi siyosat mahkamasi xabariga koʻra, temiryoʻlning ochilish marosimida “Turkmanistonning eksport mahsulotlari yuklangan 20 vagonlik poyezd Oqina stantsiyasidan Andxoʻy shahri tomon yoʻlga chiqqan”.

Yangi optik tolali aloqa liniyasiga oid xabarda aytilganidek, Afgʻoniston aloqa vaziri Maʼsuma Xavari bu loyihani Afgʻonistonda “elektron hukumat” va internetga ulanishni rivojlantirishga yordam beradigan loyiha sifatida yuqori baholagan.

Aloqa liniyasi Turkmanistondagi Imomnazar bojxona punktini Afgʻonistondagi Oqina bilan, Turkmanistondagi Sarhadobodni esa Afgʻonistondagi Turgʻundiy bilan bogʻlaydi.

Turkmaniston saxovati

Turkmaniston Afgʻoniston bilan integratsiyalashuvga qaratilgan loyihalarga 1,25 milliard dollar (4,4 milliard manat) sarfladi, degan edi oʻtgan yil noyabr oyida Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov.

Meredov shuningdek, bu yil Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) tabiiy gaz quvurining Afgʻonistondagi uchastkasi qurilishini boshlash rejalashtirilayotganini aytgan.

Moliyalashtirish va xavfsizlikka oid muammolar sabab ancha vaqt ortga surib kelingan quvur loyihasi qurib bitkazilgach, uning uzunligi 1840 kmga yetadi va Turkmanistonning ulkan Galkinish gaz konidan yiliga 30 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gazni tranzit qiladi.

Turkmanistonlik tahlilchilarning aytishicha, quvur foydalanishga topshirilgach, Turkmaniston gaz eksport qilish uchun qoʻshimcha kanalga ega boʻladi, Afgʻoniston esa oʻziga tegishli gaz ulushini olishdan tashqari, yiliga 1 milliard dollar (3,5 milliard manat) daromad qiladi va uni boshqa mamlakatlarga yetkazish ortidan 12000 kishini ish bilan taʼminlaydi.

Bu loyiha Janubiy Osiyoda energiya tanqisligini kamaytirishga yordam berib, oʻzi oʻtgan toʻrt mamlakat uchun daromad keltirishi kutilmoqda. Uni foydalanishga topshirish muddati bir necha bor kechiktirilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500
Captcha *