Karvonsaroy
Diplomatiya

Dushanbedagi AQSH elchixonasida yangi “Amerika markazi” ish boshladi

Karvonsaroy

image

AQSHning Tojikistondagi elchixonasi 25-may kuni Dushanbeda yangi Amerika markazini ochdi, u yerda tojikistonlik fuqarolar ingliz tilini yaxshilashi, yangi koʻnikmalarni oʻrganishi, oʻz dasturlarini olib borishi, filmlar tomosha qilishi va amerikaliklar bilan uchrashishi mumkin. [AQSHning Dushanbedagi elchixonasi]

DUSHANBE – Seshanba (25-may) kuni Tojikistondagi AQSH elchixonasi Dushanbeda yangi Amerika markazini ishga tushirdi. U yerda tojikistonliklar ingliz tilini yaxshilashi, yangi koʻnikmalarni oʻrganishi, oʻz dasturlarini olib borishi, filmlar tomosha qilishi va amerikaliklar bilan uchrashishi mumkin.

Zamonaviy muassasaning maydoni 700 kv. metrga teng, deyiladi elchixona bayonotida.

U toʻqqizta dastur burchagi, jumladan muhandislik mahoratini oshirishga moʻljallangan “Maker Space” innovatsion studiyasi, blogerlar va havaskor jurnalistlarning efirlari uchun medialaboratoriya, boy kutubxona va Tojikistondagi eng tezkor bepul internet bilan jihozlangan.

Amerika markazi Mirzo Tursunzoda koʻchasi, 49-uydagi “Poytaxt” savdo markazining 3-qavatida joylashgan boʻlib, seshanbadan shanbaga qadar soat 10.00 dan 19.00 gacha ishlaydi.

Amerika markazi kirish va undagi barcha dasturlarda ishtirok etish bepul.

Markazning ochilish marosimida AQSHning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommershaym hamda Tojikiston taʼlim va fan vazirining birinchi oʻrinbosari Salohiyon Muhammaddovud Qayum ishtirok etdi.

Pommershaym Amerika markazini “Amerika xalqining Tojikiston xalqiga sovgʻasi” deb atar ekan, jumladan shunday dedi: “U mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sheriklikning yorqin namunasi boʻlib, bizning “birgalikda oldinga” shiorimizni oʻzida aks ettiradi.”

“Bu markaz ingliz tilini oʻrganish, koʻnikmalarni egallash va madaniyatlar almashinuvi orqali xalqlarimizni birlashtiradi”, dedi u va barcha tojikistonlik fuqarolarini oʻz mahoratini oshirish va koʻmak hamjamiyati safiga qoʻshilish uchun Amerika markaziga taklif qildi.

“Ishonamanki, bu markazdan yetakchi sifatida oʻsish uchun foydalanasiz, zero Tojikiston kelajagi sizning qoʻlingizda” dedi u tadbirda ishtirok etayotgan tojikistonlik yoshlarga yuzlanib.

Amerika markazining ochilishi – Qoʻshma Shtatlar va Tojikiston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi nishonlanadigan kelgusi yil uchun rejalashtirilgan koʻplab tadbirlarning birinchisi, dedi Pommershaym.

Oʻzaro anglashuv

Dushanbeda yangi ochilgan Amerika markazi – Dushanbe, Xoʻjand, Isfara, Boʻxtar, Koʻlob, Xorugʻ, Gʻarm va Panjakent shaharlarida joylashgan sakkiz markazdan biri.

Tojikistondagi ilk Amerika markazi 2005-yilda Koʻlob shahrida ish boshlagan.

“Amerika markazlari – bu ijobiy oʻzgarishlar masalasida hamfikr boʻlgan faol tojikistonliklar va amerikaliklarning hamkorlikdagi tashabbusidir”, deyiladi bayonotda.

Sentabr oyida AQSH fuqarolari Amerika markazida ingliz tilidagi munozara klublarini olib borish va oʻquv dasturlarini tashkil qilish maqsadida Tojikistonga tashrif buyuradilar.

Barcha markazlar Facebook, Instagram va Twitter ijtimoiy tarmoqlarida oʻz akkauntlariga ega boʻlib, ular orqali tadbirlar jadvalidan boxabar boʻlish va ayrim virtual darslarda ishtirok etish mumkin.

Pandemiya vaqtida Amerika markazlari toʻliq virtual rejimda faoliyat olib bordi. Soʻnggi oylarda ular oflayn faoliyat turiga qaytishni boshlagan.

Bu markazlar Qoʻshma Shtatlar va Tojikiston oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni yaxshilash va tojikistonlik fuqarolarning global koʻnikmalarga ega boʻlish imkoniyatlarini oshirish uchun xizmat qiladi.

Amerika markazlari tarmogʻi – bu AQSH elchixonasining tojikistonlik fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan koʻplab dasturlaridan biridir.

“AQSH hukumati tojikistonlik talabalar, maktab oʻquvchilari va mutaxassislari uchun 25 xil almashinuv dasturlarini taklif qiladi. Shu kunga qadar AQSH hukumatining almashinuv dasturlarida 5000 dan ortiq tojikistonlik fuqaro ishtirok etgan”, deyiladi bayonotda.

AQSH koʻmagi

1992-yildan beri AQSH hukumati Tojikistonga 1,8 milliard dollar (20,5 mlrd somoniy), shu jumladan taʼlim sohasiga 100 million dollarlik (1,1 mlrd somoniy) yordam koʻrsatdi.

Soʻnggi yordamlarning biri koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash vositalarini oʻz ichiga olgan .

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) shu oy boshida Tojikiston sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga 264985 dollar (3 mln somoniy) miqdorida laboratoriya jihozlari va uskunalarini yetkazib berdi, deb xabar qiladi AQSHning Dushanbedagi elchixonasi 21-may kungi bayonotida.

“Biologik xavfsizlik shkaflari, oʻta past haroratli (-86 °C) muzlatkichlar va boshqa laboratoriya jihozlari, jumladan viruslarni tashish va saqlash vositalari, biologik xavfli moddalarni yoʻq qilish stendlari va steril filtrlar uchliklari shular jumlasidandir”, deyiladi elchixona xabarida.

Ular Sogʻliqni saqlash vazirligining Isfara, Istaravshan, Qubodiyon va Panjakent tumanlaridagi laboratoriyalari ixtiyoriga toshiriladi.

Pandemiya boshlanganidan buyon CDC tomonidan Tojikistonga begʻaraz taqdim etilgan uskunalar va laboratoriya materiallarining qiymati 584305 AQSH dollarini (6,6 mln somoniy) tashkil etgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Amerikaga rahmat, ajoyib mamlakat.

Javob berish

Mamlakatlarimiz xalqlari oʻrtasida bevosita muloqot uchun bunday markazlardan iloji boricha koʻproq ochilgani yaxshi. Doim jang qilishdan koʻra gaplashish yaxshiroqdir. Ushbu aksiya uchun amerikaliklarga katta rahmat.

Javob berish